Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
“Oila institutini rivojlantirishda qadriyatlarning o‘rni: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti.
Xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mazkur yo‘nalishdagi xalqaro tajribani hamda ekspertlar fikrini o‘rganish asosida oila institutini yana-da rivojlantirish, sohada faoliyat yuritayotgan rahbar va mutaxassis kadrlarning oila qadriyatlari masalalari bo‘yicha kasbiy kompetentligini oshirish, sohaga innovatsiyalar, ilm-fan yutuqlarini implementatsiya qilish, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida oila institutini milliy va umuminsoniy qadriyatlar vositasida yana-da rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
Konferensiya ishtirokchilari: xalqaro konferensiyada mahalliy hamda xorijiy davlatlar yetakchi ekspertlari, mutaxassis olimlari, Respublika vazirlik va idoralari vakillari, respublikamiz OTM muassasalari professor-o‘qituvchilari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etishdi. Yaponiya, Malayziya, Rossiya, Bolgariya, Belorussiya, MDH va Yevroittifoq vakillari ishtirok etishdi.
Darhaqiqat, mustaqillikka erishgach, oila, xotin-qizlar va yoshlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yana-da mustahkamlash, bandligini taʼminlash, kambag‘allikning oldini olish, hayotdan xursandlik hissini shakllantirish, davlat va jamiyat taraqqiyotida xotin-qizlarning faolligini oshirish, bilim olishlari, kasb egallashlari, tadbirkorlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning turli sohalarda qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy faolligini oshirish, gender tengligini taʼminlash kabi qator masalalarga oid 100 ga yaqin huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonida belgilab berilgan 7 ta yo‘nalish va 100 ta maqsadning beshinchi “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” yo‘nalishi bo‘yicha 71–78 maqsadlarning mohiyati ham oilaning maʼnaviy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan. 69-maqsad esa “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash” masalalaridan iboratdir.
Darhaqiqat, BMT Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentyabrdagi yig‘ilishida 15-mayni “Xalqaro oila kuni” sifatida 1994-yildan boshlab nishonlash g‘oyasi bo‘yicha qaror qabul qilingan bo‘lib, bizning mamlakatimizda ham mazkur kun 1994-yilning 15-mayidan buyon muntazam ravishda nishonlanib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-aprelda 15-may – “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Farovon oila sari” g‘oyasini targ‘ib qiluvchi kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Mazkur dasturning 15-bandida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddi va vazirliklar hamda idoralar bilan hamkorlikda “Oila institutini mustahkamlashda qadriyatlarning o‘rni: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur xalqaro konferensiyada oila institutini mustahkamlashda ijtimoiy mehnat munosabatlarining o‘rni, O‘zbekistonda oila institutini rivojlantirishning ijtimoiy mexanizmlari, oilani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – Yevropa Ittifoqining mehnat bozori siyosati, Yevropa qadriyatlarining oila institutiga taʼsiri, Yangi O‘zbekistonda oilaning maʼnaviy takomilida qadriyatlarning o‘rni, jamiyat taraqqiyoti va farovonligida gender tengligi hamda inson huquqlarining ahamiyati, Yaponiyadagi zamonaviy oila nazariyalari kabi masalalarga bag‘ishlangan 20 ga yaqin maʼruzalar tinglandi. Shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan bahs-munozara va savol-javoblar o‘tkazildi hamda oila institutini rivojlantirishda qadriyatlarning o‘rnini milliy va xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadan o‘rin olgan maqolalar to‘plam holida nashr ettirildi.
Mazkur xalqaro konferensiyada 18 ta doklad va taqdimotlar eshitildi. Shundan, 11 ta maʼruza – xorijiy olim, ekspert, xalqaro mutaxassislar tomonidan taqdim etildi. Jumladan:
Kikuta Xaruka xonim (Sapporo, Yaponiya) – Xokkaydo Gakuen universitetida professor bo‘lib faoliyat yuritadi.
Yaponiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari uyushmasi aʼzosi hisoblanadi. 2002-yildan buyon O‘zbekiston madaniy antropologiyasini tadqiq qilib keladi.
Kikuta Xaruka xonim “Yaponiyada zamonaviy oila nazariyalari” mavzusida maʼruza qildi.
Majena Breza xonim – Belgiyadagi SOCIEUX+ markazining ijtimoiy himoya bo‘yicha rivojlanish va texnik maslahatchisi, iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Majena ijtimoiy himoya bo‘yicha Yevropa va xalqaro darajadagi davlat boshqaruvi sohasida tajribaga ega bo‘lgan katta mutaxassis. SOCIEUX+ dan oldin u Polshaning Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligida departament direktori bo‘lib ishlagan va u yerda keksalar uchun ijtimoiy siyosatga yo‘naltirilgan qator natijador loyihalarni boshqargan. 2014-2019-yillarda u Yevropa Ittifoqi va Xitoy ijtimoiy himoyasini isloh qilish loyihasining doimiy xalqaro eksperti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Varshava Iqtisodiyot maktabida fan nomzodi ilmiy darajasini olgan.
Majena Breza - “Oilani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – Yevropa Ittifoqining mehnat bozori siyosati” mavzusidagi taqdimotini havola etdi.
Ketrin Barme xonim – SOCIEUX+ markazining mehnat va bandlik yo‘nalishlari bo‘yicha koordinatori.
U Osiyo va Lotin Amerikada MOT, VPP, YUNISEF, FAO Jahon banki va MFSRda insonlarga, ayniqsa o‘ta zaif va ijtimoiy himoyaga muhtojlarga nisbatan kamsitish shakllarga barham berish, ularga munosib ish joylarni va mehnat sharoitlarni yaratish masalalari bo‘yicha ekspert sifatida ishlagan.
Ketrin Barme – “Oilani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – Yevropa Ittifoqining mehnat bozori siyosati” mavzusida maʼruza qildi.
Anna Iosifovna Yaschuk xonim – Belarusiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasining dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi.
U Belarus ayollar ittifoqi jamoat birlashmasining boshqaruv aʼzosi. Ilmiy qiziqishlari: demografiya, ijtimoiy siyosat, oila siyosati.
Anna Yaschuk – “Oilalarda gender tengligini taʼminlash va demografik masalalarning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida maʼruza qildi.
Janob Irvan Nadzif bin Maxpul – Malayziya Xotin-qizlar, oila va jamiyatni rivojlantirish vazirligi qoshidagi Aholi va oilani rivojlantirish milliy kengashi Tadqiqotlar, aholi va oila bilan ishlash departamenti direktori. Statistik fanlar bo‘yicha nomzod.
U 2004-yildan hozirgi vaqtgacha aholi va oilani rivojlantirish milliy kengashida - aholini o‘rganish va so‘rovnomalarini ishlab chiqish, uni amalga oshirish, aholi bilan bog‘liq turli masalalar bo‘yicha manfaatdor tomonlar va jamoatchilikka yordam ko‘rsatish, davlat va xususiy sektorlardagi mutaxassislar, talabalar va jismoniy shaxslarga demografiya va aholi bo‘yicha treninglar o‘tkazish uchun javobgardir.
Irvan Nadzif bin Maxpu – konferensiya jarayonida “Malayziya oilalarning farovonligini baholash” mavzusida maʼruza qildi.
Yelena Burmiskaya xonim – “The Green Light for the Civil Initiatives” (“Fuqarolik tashabbsulari uchun yashil chiroq” fondi) direktori.
10 yil davomida inson huquqlari va demokratiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi, jumladan: siyosat tahlili, fuqarolik va jinoiy sudlov, harbiy xizmatchilarning huquqlari, bolalar va xotin-qizlar, qariyalar huquqlari, mahalliy hamjamiyatni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlar. Inson huquqlarini taʼminlash borasidagi faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini faoliyatini nazorat qilish va boshqarish sohasida 15 yildan ortiq tajribaga ega.
Yelena Burmiskaya – "Yevropa Ittifoqiga kirish munosabati bilan hamda Yevropa qadriyatlarini Bolgariyadagi oila institutida o‘zgarishlari" mavzusida maʼruza qildi.
Akjemal Kerimbayevna Durdiyeva xonim – Turkmaniston Xotin-qizlar uyushmasi markaziy kengashi raisi, Turkmaniston Kasaba uyushmalari milliy markazi raisi.
Akjemal Durdiyeva – “Oila va xotin-qizlarninig huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy- siyosiy faolligini oshirish” mavzusida maʼruza qildi.
Svetlana Yuryevna Barsukova xonim – (Rossiya Federatsiyasi) sotsiologiya fanlari doktori, Milliy tadqiqot universiteti – Oliy iqtisodiyot maktabi sotsiologiya kafedrasi professori.
S. Yu. Barsukova “Rossiya Dunyosi, Sotsiologiya. Etnologiya” jurnalining bosh muharriri.
Siyosiy konyuktura markazi maʼlumotiga ko‘ra, u 2021-yil Rossiya Federatsiyasining eng nufuzli sotsiolog – amaliyotchilarining 15 taligiga kiritilgan.
Ilmiy qiziqishlari – iqtisodiy sotsiologiya, norasmiy iqtisodiyot, qishloq kabi sohalari.
Svetlana Barsukova – “Markaziy Osiyoning g‘arbiylashgan yoshlari: anʼanaviy to‘ylarga munosabati” (Moskvalik talabalar misolida) mavzusidagi taqdimotini havola etdi.
Gabriyela Alvarez Minte xonim – BMTning Aholishunoslik jamg‘armasini Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy boshqarmaning gender bo‘yicha maslahatchisi.
Gabriyella xonim o‘z taqdimotida - gender tengligi va insonlar, shu jumladan, ayollar va qizlarning huquqlari borasidagi taraqqiyot qanchalik adolatli, xavfsiz va faravon oila, jamiyat barpo etishning muvaffaqiyatiga erishish haqida so‘zladi. Oilada xotin-qizlarga nisbatan mavjud bo‘lgan zo‘ravonlik turlarini ko‘rib chiqish, oiladagi haq to‘lanmaydigan ishlar, parvarish qilishning adolatsiz yuki, zararli amaliyotlar, kamsitishlar tufayli noqulay ahvolga tushib qolgan va ularni bartaraf etish uchun cheklovlarni qanday hal qilish mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdi.
Gabriyela Minte – “Jamiyat taraqqiyoti va faravonligida gender tengligi va inson huquqlarining ahamiyati” mavzusida maʼruza qildi.
Saodat Olimova xonim – “Sharq” ilmiy-tadqiqot markazi diretori, falsafa fanlari nomzodi (Tojikiston).
Saodat Olimova sotsiolog, Tojikiston Fanlar akademiyasini Falsafa va huquq institutining ilmiy xodimi.
S.Olimova Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, YUNISEF, BMTTD, YUNESKO, XMT va boshqalar buyurtmasi bo‘yicha ilmiy loyihalarning maslahatchisi bo‘lib ishlagan.
Saodat Olimova – “Oilaviy qadriyatlar Tojikiston yoshlari qadriyatlari tizimida” (jahon qadriyatlari natijalari bo‘yicha) mavzusida maʼruza qildi.
Nazgul Turdubekova xonim – “Bolalar huquqlari ximoyachilari ligasi” jamoat fondi direktori (Qirg‘iziston).
N.Turdibekova – Qirg‘iziston Respublikasi Jog‘orku Keneshi Toragasi huzuridagi Ayollar va bolalar huquqlari va gender tengligi bo‘yicha va QR Hukumati huzuridagi nogironlar kengash aʼzosi.
Yevropa Ittifoqi ko‘magida “Qirg‘iziston bolalari uchun qulay muhit yaratish” loyihasini direktori edi.
Nazgul Turdubekova – konferensiya ishtirokchilariga “Oilaviy munosabatlar doirasida bola huquqlarini himoya qilish” mavzusida maʼruza qildi.
Barcha maʼruza bilan ishtirok etgan xorijiy ekspertlar tomonidan oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish borasida o‘z fikr-takliflarni bildirdi. Shu bilan birga, konferensiya yuqori darajada tashkillashtirilib, o‘tkazilganini taʼkidlab o‘tishdi.
Shu bilan birga konferensiya ishida Misr, Latviya, Ozarbayjon, Tojikiston va Qozog‘iston mamlakatlarining 14 nafar soha mutaxassislari hamda ekspertlari onlayn tarzda ishtirok etishdi.