INFANTIL OTA-ONALARNING PSIXOLOGIK BELGILARI
2018-yilda ota-ona va farzand munosabatlarining psixologik va ijtimoiy tabiatini o‘rganishga qaratilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ota-onalarning ijtimoiy infantilizmi bolalarda deviant xulq-atvor shakllarini shakllantiruvchi omil sifatida baholangan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, deviant xatti-harakatlarning u yoki bu shakliga moyil bo‘lgan bolalarning 90,3 foizi ota-onalaridan birida yoki ikkalasida infantilizm ko‘rinishlari mavjud bo‘lib chiqqan. Mualliflar, shuningdek, ijtimoiy infantil ota-onalardan bolalarga ortiqcha e‘tibor tajovuzkorlik, o‘ziga qaramlik xulq-atvori va boshqalarda namoyon bo‘lishi qo‘zg‘atuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi, degan xulosaga kelishdi.
2024-yilda o‘tkazilgan yana bir tadqiqotga ko‘ra, ikkala ota-onadan ajralish jarayoni va infantilizm hamda irodaviy fazilatlarning namoyon bo‘lish darajasi o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganib chiqdi. Tadqiqot natijalariga muvofiq, infantilizmni insonning psixologik rivojlanishining yetuk emasligi: bolalik, soddalik, o‘z harakatlari uchun javobgarlikni boshqalarga o‘tkazish namoyon bo‘lishi aniqlandi.
Infantil ota-onalarga mas‘uliyatsizlikni namoyon etuvchilar, voyaga yetmagan kattalar sifatida qaraladi. O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, infantil ota-onalarda quyidagi 12 ta belgi mavjudligi isbotlangan:
1. Egosentrizm va e‘tiborga muhtojlik. Infantil ota-onalar o‘zlarining ehtiyojlari va istaklarini bolaning ehtiyojlaridan ustun qo‘yishga moyildirlar. Ular o‘z rolini anglamasdan, doimiy ma‘qullash va qo‘llab-quvvatlashni talab qilishlari mumkin.
2. Emotsional beqarorlik, reaktivlik. Infantil ota-onalar kayfiyatning o‘zgarishi, impulsivlik va o‘z g‘azabini boshqara olmaslikka moyil bo‘ladilar. Bola hech qachon ota-onadan nima kutishini bilmaydi, bu esa oilada xavotirlanish muhitini yaratadi.
3. Mas‘uliyatdan qochish, o‘z aybini boshqalarga yuklash. Bunday tipdagi ota-onalar o‘z harakatlari va qarorlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lmaydi.
4. Xulq-atvorning tartibsizligi, uzoq muddatli rejalar tuza olmaslik. Infantil ota-onalar ko‘pincha “hozir va shu yerda” tamoyili biln yashaydilar. Shu bois, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishadi va o‘zlarini va bolalarini ta‘minlashda qiynaladilar.
5. Bola bilan raqobatlashish. Ota-onalar o‘z farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va ilhomlantirish o‘rniga ular bilan doimiy e‘tiborda bo‘lish, muvaffaqiyat qozonish va o‘z xulq-atvorini ma‘qullash uchun raqobatlashishi mumkin.
6. Chegaralarning yo‘qligi va rolning o‘zgarishi. Infantil ota-onalar o‘zlarini farzandlarining do‘stlari yoki tengdoshlari kabi tutishga harakat qilishadi. Ular bola bilan uning yoshiga mos kelmaydigan muammolar haqida gaplashishadi yoki uning vakolatiga kirmaydigan qarorlar qabul qilishni so‘rashadi.
7. Manipulyatsiyaga moyillik. Ota-onalar o‘z maqsadlariga farzandini yaxshi ko‘rishdan to‘xtash yoki ular bilan muloqot qilishni rad etish kabi tahdidilar orqali erishishadi.
8. Kategoriklik, murosasizlik. Infantil ota-onalar faqat o‘zlariga quloq soladilar, farzandlarining nuqtayi nazarlarini tan olmaydilar, o‘zlarini doim haq deb biladilar.
9. Bolalarning shaxsiy “chegaralarini” buzish. Infantil ota-onalar farzandlari nimani xohlayotganini, qanday munosabat farzand ruhiyatiga salbiy ta‘sir qilishini inobatga olmaydi.
10. Empatiya ko‘rsata olmaslik va shafqatsizlik. Bunday ota-onalar uchun bola ko‘pincha shaxsiy ishlari va umuman, hayotida to‘siq bo‘ladi.
11. Boshqa odamlarning fikriga bog‘liqlik. Infantil ota-onalar o‘z farzandining shaxsiy xususiyatlarini hisobga olmasdan, an‘anaviy standartlarga moslashishga majbur qiladi.
12. Bolaning ehtiyojlarini e‘tiborsiz qoldirish. Ba‘zan bu farzandlarning ovqatlanishi, dam olishi va gigiyenasiga e‘tibor bermaslikda namoyon bo‘ladi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti
Qoryog‘diyev Sherzod Shuxrat o‘g‘li
tomonidan tayyorlandi