Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning tarixiy va zamonaviy modellari (xorijiy tajriba)
Mohira Xoliqova,
O‘zbekiston Respublikasi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi
huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i, falsafa doktori, dotsent
Demokratiya xalq uchun xalq tomonidan
amalga oshiriladigan xalq hokimiyatidir.
Avraam Linkoln
Tabiiy, aqliy va jismoniy qobiliyatlari
bir xil bo‘lganlarning barchasi tabiatan tengdirlar
hamda ular teng huquq va imtiyozlardan foydalanishi lozim.
Jon Lokk
Uy va kema asosi mustahkam,
boshlagan ishlaring adolatli bo‘lmog‘i zarur.
Suqrot

Demokratik davlatda mahalla fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida katta ahamiyatga ega. Demokratik tamoyillar asosida davlatchilikni barpo qilar ekanmiz, bu o‘rinda xorijiy mamlakatlarning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil etish bo‘yicha tarixiy va zamonaviy tajribasini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
Jahon amaliyotida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning ingliz-sakson, kontinental, gibrid (aralash) modellari ajralib turadi. Birinchi model Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya kabi ingliz-sakson huquqiy tizimiga ega bo‘lgan mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lsa, ikkinchisi kontinental Yevropada, frankofon Afrikada, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqda taraqqiy etgan. O‘zini o‘zi boshqaruvning gibrid modeli Rossiya, Belarus kabi MDH hududiga oid mamlakatlarga xoslik kasb etadi.
Xorijiy davlatlarda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish davlat boshqaruvi tizimiga qanchalik qo‘shilganligi va uning avtonomligi darajasiga qarab xilma-xil shakllarga ega, xususan, anglo-sakson mamlakatlarida mahalliy yoki munitsipal boshqaruv tushunchasi qo‘llaniladi, Yaponiyada “mahalliy avtonomiya”, Fransiyada - hududiy detsentralizatsiya. Maʼlumki, “munitsipalitet” so‘zi lotincha “municipium” so‘zidan kelib chiqqan. Bu Rim tarixining respublika davrida o‘zini o‘zi boshqarish huquqidan foydalangan shaharlarning nomi edi.[1] Shu o‘rinda mahalliy parlamentarizm “local councils” modelining amalga oshishi haqida so‘z yuritish mumkin.
Yevropa mamlakatlaridagi mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish institutlari tarixiy anʼanalari mahalliy hamjamiyatlarning hayoti va faoliyatini tashkil etish va tartibga solishning deyarli barcha modellarini o‘zida mujassam etadi.
Yevropa davlatlarida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish g‘oyalarining rivojida 1831-yildagi Belgiya Konstitutsiyasi muhim rol o‘ynagan. Unda jamoaviy boshqaruvga oid maxsus modda mavjud bo‘lib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bilan bir qatorda to‘rtinchi hokimiyat - jamoa hokimiyati tan olingan.
Yevropada o‘rta asrlardan boshlab Fransiya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Belgiya kabi davlatlarda shahar tipidagi aholi hududlarining kengayishi o‘z-o‘zini tashkil etish tuzilmalarining shakllanishiga va avtonom faoliyatiga olib keladi. O‘rta asrlarda maʼlum majburiyatlarni bajarish sharti bilan o‘zini o‘zi boshqarish huquqidan va o‘z imtiyozlarini jamoaviy himoya qilish huquqidan foydalangan holda, o‘zaro yordam qasamyodi bilan bog‘langan shahar aholisi birlashmalari kommunalar deb nomlangan. “Davlat ichidagi davlat” sifatida kommunalar saylanadigan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning shakllanishi natijasida ixtiyoriy uyushmadan jamoatchilik uyushmasiga aylanadi.
Mahalliy boshqaruvning ingliz-sakson tizimi Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan. Britaniya mahalliy boshqaruv tizimining evolyutsiyasi uzoq tarixga ega. Bu tizim shahar va jamoalarga (obschinalar) mahalliy masalalarni hal qilishda imtiyozlar bergan qirollik xarityalari asosida rivojlandi. Bunday shaharlar o‘zlarining maʼmuriy organlarini tuzish, kooperativ mulkka ega bo‘lish huquqiga ega edilar. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tamoyili Buyuk Britaniyaning qonunchiligi tomonidan tan olingan. Mamlakat parlamenti tomonidan mahalliy boshqaruv organlarining barcha darajalari o‘rtasidagi munosabatlar iyerarxiyadan ko‘ra ko‘proq hamkorlikka o‘xshaydi. Angliyada "pablik" (public) atamasi qo‘llaniladi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining maxsus tuzilmasi Greater London (Katta London) 32 munitsipal birlik (boroughs) va the City of London kabi maʼmuriy tuzilmalarga bo‘lingan. Mamlakatda 2010-yilda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risida qonun (Local Government Act) qabul qilingan.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida mahalliy boshqaruvga oid taun (town – shahar) va taunshiplar (township – shaharcha) mavjud. Taunshiplar kichik fuqarolik bo‘linmalari hisoblanadi (minor civil divisions). Hududiy hamjamiyat hayotining eng muhim masalalari bu yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya orqali umumiy yig‘ilishlarda, referendumlarda hal etiladi. Taunship, odatda, departament yoki boshqaruv kengashi nazorati ostida ishlaydi. Taunship sudya, yo‘l komissari, ekspert, politsiya xodimi va inspektordan tarkib topadi. Baʼzi hollarda taunshiplar o‘zlarining mahalliy kutubxonalarini tashkil etadilar, keksalar, yoshlar va nogironlarga xizmat ko‘rsatadilar, shuningdek, fuqarolarga tez yordam hamda fuqaroning vafoti munosabati bilan maʼraka tadbirlari, qabriston xizmatlari ko‘rsatiladi. 2002-yilda mamlakatning shimoliy shtatlarida 16504 taunship faoliyat olib borgan.[2]
Amerikada mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni tartibga solishning o‘ziga xos unsurlaridan biri shundaki, bu yerda mahalliy organlarning huquqiy maqomining eng muhim elementi gomrul (ingl. Home Rule - “uy boshqaruvi huquqi”) - fuqarolarning davlatning bir qismining (maʼmuriy bo‘linmasining) mamlakatning markaziy hukumat tomonidan markazlashtirilmagan davlat boshqaruvini o‘z maʼmuriy hududida amalga oshirish vakolati, yaʼni munitsipal xartiyalardir.[3] Munitsipalitetlarning bunday xartiyalarini qabul qilish va o‘zgartirish huquqi ham konstitutsiya, ham shtat legislaturasi (qonun chiqaruvchi organ) tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan belgilanishi mumkin. Hozirgi vaqtda aksariyat shtatlar o‘z munitsipalitetlarining barchasi yoki baʼzilari uchun o‘zini o‘zi boshqarish xartiyalarini qabul qilgan. Ilk Home Rule 1851-yilda Ayova shtatidagi munitsipalitetlarga berilgan.
Daniyaning poytaxti Kopengagenda o‘zini o‘zi boshqaradigan tuzilma Xristianiya shahri joylashgan.
Fransiyada XIX asrda hokimiyatning mahalliy vakillik organlarini tashkil etish jarayoni detsentralizatsiya deb nomlandi. Fransuzlar o‘zini o‘zi boshqarishni "la decentralisation administrative" (administrativ detsentralizatsiya), "les libertes locales" (mahalliy erkinlik) deb atashgan. [4]
Fransiya Konstitutsiyasining 72-moddasida (1958-yilda qabul qilingan) mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tuzilmalari, departamentlar, kommunalar, ularning maqomlari, huquqlari, tamoyillari haqida so‘z boradi.[5] 2015-yil holatiga ko‘ra bu yerda 36000 dan ortiq kommunalar mavjud bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun intercommunalite tarmog‘i yaratilgan.
Shuningdek, Yevropaning ko‘pgina davlatlarida mavjud kommuna, munitsipiya, obschinalarni mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning shakli tariqasida keltirish mumkin.[6] Shuningdek, sindik, metropoliya, prefekturalar mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish xususiyatlarini namoyon etadi.
Hindiston Konstitutsiyasining 40-moddasida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish haqida so‘z boradi. Mazkur moddada davlat qishloq panchayatlarini tashkil etish va ularga o‘zini o‘zi boshqarish bo‘linmalari sifatida faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan vakolatlarni berish choralarini ko‘rishi kerakligi belgilangan.[7]
Ispaniyada davlatning hududiy tashkil etilishi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni tashkil etish masalalari mamlakat konstitutsiyasi tomonidan konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solishning xususiyatlaridan biri bo‘lgan “avtonomiya” tushunchasi kontekstida ko‘rib chiqiladi. Ispaniya konstitutsiyasining 137-moddasida davlatning tashkiliy-hududiy tuzilishi belgilangan. Mahalliy tuzilmalar munitsipiya, provinsiya, komarka (comarca), avtonom jamoalarni o‘z ichiga oladi.
Germaniyada mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning bazaviy birligi obschinalar (Gemeinden) barcha hududlarda faoliyat olib boradi[8]. obschinalar fuqarolar tomonidan saylanadigan vakillik organlari kengashlari (Der Ortsbeirat) tomonidan boshqariladi. Boshqaruvning burgomistr, landrat, magistrat, kreystag kabi modellari mavjud.
G‘arbdagi zamonaviy mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish subsidiarlik bilan bog‘liq. Uning mohiyati shundan iboratki, qaror qabul qilish funksiyasi, agar iloji bo‘lsa, ushbu qarorlar taʼsir qiladigan darajaga eng yaqin tuzilmaga berilishi kerak. Agar mahalliy jamoalar o‘z muammolarini kompetent tarzda hal qila olsalar, yuqori hokimiyat organlari ushbu qarorlarni qabul qilishni o‘z zimmasiga olishga haqli emas. Qarorlarni qabul qilish vakolatli organi bilan qarorning taʼsir doirasi o‘rtasidagi maʼmuriy masofa qanchalik qisqa bo‘lsa, shuncha maqsadga muvofiq deb topilgan.
Umuman olganda, Yevropaning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimlari quyidagi atributlarga ega:
- mahalliy hokimiyat organlarining maqomi va vakolatlari ularning kafolatlarini taʼminlovchi milliy konstitutsiyalarda mustahkamlangan;
- mahalliy hokimiyat organlari juda keng spektrdagi funksiyalarni bajaradi;
- mahalliy hokimiyat organlarining milliy hukumat tuzilmalariga integratsiyasi;
- o‘zini o‘zi boshqarish organlari va davlat boshqaruvining turli darajalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik;
- o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat organlariga o‘z birlashmalari va boshqa institutlar orqali siyosiy taʼsir qilish imkoniyati.[9]
Demokratik davlatlarda mahalliy fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida turli xil fuqarolik tashabbuslari (grajdanskiye initsiativi) katta ahamiyatga ega.
Zamonaviy dunyo mamlakatlarida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining (munitsipalitet, kommuna, prefektura, obschina va b.) vakolatlari spektral xarakterga egaligi bilan tavsiflanadi:
- shaharsozlik va qurilishni rejalashtirish (arzon uy-joy qurish va yer siyosati, kasalxonalar, maktablar, uylar, bolalar bog‘chalari, qariyalar uchun uylar va boshqalarni qurish);
- jamoat transporti, yo‘l kommunikatsiyalari;
- kommunal mulkni boshqarish va kommunal xizmat (ko‘chalarni tozalash; kanalizatsiya, gaz, isitish, elektr, suv taʼminoti);
- jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish (fuqarolik mudofaasi; favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish; jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalarini o‘rnatish, yong‘in xavfsizligi va b.);
- taʼlim masalalari (maktabgacha, boshlang‘ich va o‘rta taʼlim, qayta tayyorlash, immigrantlar uchun kurslar, inklyuziv taʼlim);
- tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, birinchi tibbiy yordam;
- yosh onalar, bemorlar va qariyalar uchun uyda parvarish qilish;
- obodonlashtirish;
- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish choralarini ko‘rish;
- savdo xizmatlari ko‘rsatish;
- oziq-ovqat nazorati;
- matbuot, radio, televideniye;
- kam taʼminlanganlarga yordam ko‘rsatish;
- ishsizlarni ish bilan taʼminlash xizmati;
- madaniyat va sport masalalari;
- mahalliy soliqlarni tayinlash va undirish;
- ijtimoiy sug‘urta;
- qabristonlarni saqlash;
- teatr, muzeylar, galereyalar, kutubxonalar, bog‘lar va dam olish maskanlari.
[1] Volmann X. Reformi mestnoy politicheskoy sistemi i mestnogo samoupravleniya: Velikobritaniya, Fransiya, Shvetsiya i Germaniya // Publichno-pravoviye issledovaniya. — 2007. — T. 2.
[2] http://www.census.gov/govs/www/gid2002.html "Township Governments 16,504"
[3] https://en.wikipedia.org/wiki/Home_rule.
[4] Serebrennikov V.P. Mestnoye upravleniye i samoupravleniye Fransii. Minsk, 1981. S. 11.
[5]https://www.conseil-constitutionnel.fr/sites/default/files/as/root/bank_mm/constitution/constitution_russe_version_ aout2009.pdf.
[6] Gizo F. Istoriya sivilizatsii v Yevrope. M., 2007.
[7] Constitution of India. New Delhi: Gob. of India publ., 1980. P.421.
[8] http://sbiblio.com/biblio/archive/starcev_gos/04.aspx
[9] Fenenko Yu.V. Munitsipalniye sistemi zarubejnix stran: pravoviye voprosi sotsialnoy bezopasnosti. M.: MGIMO-Universitet, 2004. - 401 s.