#Maʼlumot
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti “Oila huquqi va gender tengligi” bo‘limi tomonidan 2021-yil yanvar-dekabr oylarida bajarilgan ishlar bo‘yicha
HISOBOT

Hisobot davrida bo‘lim tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 367-sonli qarorida belgilangan 7 ta asosiy faoliyat yo‘nalish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi:
I. Fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Bo‘lim tomonidan 4 ta qisqa muddatli ilmiy-tadqiqot loyiha bajarildi:
1. “Oilada zo‘ravonlikni oldini olish kompleks sotsiologik tadqiqoti”
2. “O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda ijtimoiy shartnomani qo‘llashning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy asoslarini shakllantirish muammolari”
3. “Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish holati samaradorligini yana-da oshirish masalalari”
4. “Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik holati, uning kelib chiqish sabablari va tendensiyasi, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning barvaqt oldini olishning ilmiy asoslari”
II. Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Quyidagi ilmiy-ommabop, uslubiy qo‘llanma, monografiya va risolalar tayyorlandi hamda nashr qilindi:
Ø “Baxtlilik o‘lchovi” hamda “Inson baxti va oilaviy hayot” nomli risolalar;
Ø “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga psixologik yordam ko‘rsatish”, “Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish”, “Ijtimoiy shartnomani qo‘llashning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy asoslari”, “Oila-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish uslublari”
Ø Bo‘lim ilmiy xodimlari tomonidan jami 40 ta maqola xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-ommabop gazeta va jurnallarda, internet saytlarida, ilmiy to‘plamlarda nashr etildi. (3.4-shakl ilova qilinadi.)
III. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
1. O‘zbekistonda ilk marotaba oilalarning baxtlilik indeksi
va uning nazariy-metodologik asoslari yaratildi. Buni aks ettirgan “Baxtlilik o‘lchovi”, “Inson baxti va oilaviy hayot” nomli risolalar chop etildi.
2. “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi”da bo‘lgan ayollar uchun “Reabilitatsiyadan so‘ng oilaga qayta moslashish” mavzusida amaliy tavsiyanoma ishlab chiqildi.
3. Qizlarning iste‘dodlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish hamda rahbar-kadr sifatida jamiyatga tayyorlash bo‘yicha “Bibixonim maktabi” namunaviy o‘quv dasturi tayyorlandi.
4. Zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni tuzatishning namunaviy dasturi ishlab chiqildi.
IV. Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etildi:
1. “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasida Oila institutini yana-da mustahkamlash konsepsiyasi” loyihasi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 25-iyundagi SQ-325-IV-son qarori asosida “Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqildi.
Quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga takliflar tayyorlandi va tegishli tashkilotlarga taqdim etildi:
Ø “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga;
Ø Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2020-yil 17-dekabrdagi 03/1152-sonli xati bilan “Barcha mehnat migrantlari va ularning oila a‘zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiya” va Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Uy xizmatchilari uchun munosib mehnat to‘g‘risidagi 189-sonli Konvensiya”siga qo‘shilish bo‘yicha asosnoma tayyorlandi.
Ø Uchinchi shaxslarning oila ishlariga aralashuvi yuzasidan Oila kodeksiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan tahliliy material tayyorlandi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga taqdim etildi.
Ø O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 25-iyundagi SQ-325-IV-son qarori ijrosini ta‘minlash bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 2021-yil 12-iyuldagi TN-121/07-21-sonli nazorat rejasining 9/3.4 bandida berilgan Oilaviy psixologlar xizmatini rivojlantirish, uning huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritilishi topshirig‘i yuzasidan takliflar tayyorlandi va Oliy Majlis Senatiga hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Vazirligiga taqdim etildi.
V. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, shuningdek, ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Ø 2021-yil 23-fevralda “Gender tadqiqotlari va ularni tashkil etishning metodologik asoslari” mavzusida ilmiy seminar;
Ø 2021-yil 31-mayda “Oilaviy huquqiy munosabatlarda gender tengligi” mavzusida konferensiya
Ø 2021-yil 11-oktyabrda – “Xalqaro qizlar kuni” mavzusida konferensiya;
Ø 2021-yil 10-dekabrda “Oila huquqining dolzarb masalalari” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyalarda ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar tegishli tashkilotlarga taqdim etildi va konferensiya materiallari to‘plamlari nashr etildi.
VI. O‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi ta‘lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish
Joriy yilning 25-mart kuni Italiyaning “Nikoh va nikohgacha bo‘lgan masalalar bo‘yicha konsultantlar uyushmasi” ("Centro La Famiglia") bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat doirasida 23-iyul kuni onlayn shaklida uyushma tomonidan “Oilada zo‘ravonlikning oldini olish” bo‘yicha ishlab chiqilgan metodika taqdimot qilindi, 13-sentyabr kuni Italiyada huquq tizimi va sud huquq amaliyoti, tuzilayotgan nikoh shartnomalarining mazmuni va amaliyoti, nikohdan ajralish tartibi va sudgacha ajrim masalalarini hal qilish, ajralish paytida er va xotinning mulkiy nizolarni hal etish tartibi masalalari bo‘yicha on-layn shaklida seminar-trening o‘tkazildi.
VII. Ommaviy axborot vositalarida, jumladan, televidenie va Internet jahon axborot tarmog‘ida ilmiy tadqiqotlar natijalarini keng yoritish, shuningdek, aholining mahalla va oila institutlarini mustahkamlashdagi ijtimoiy faolligini oshirishda ishtirok etish
Hisobot davrida institutning rasmiy saytida (www.moiti.uz) 14 ta yangilik, huquqshunos tavsiyalari, maslahatlari joylashtirildi.
Institutning telegramdagi rasmiy kanalida jami 6 ta foydali maslahatlar qo‘yildi.
Hisobot davrida ilmiy tadqiqot natijalari ommaviy axborot vositalarida 12 marotaba (O‘zbekiston24 – 3 marotaba, YoshlarTV – 1 marotaba, Oilaviy – 1 marotaba, My 5 – 5 marotaba, SevimliTV – 1 marotaba, IshonchTV – 1 marotaba) yoritildi.
Bo‘limning 2 nafar ilmiy xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021-yil 10-noyabrdagi №09-3258-sonli xati ijrosini ta‘minlash maqsadida 2021-yil 29-noyabr – 11-dekabr kunlari Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida so‘nggi 2 yilda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qabul qilingan 30 dan ortiq qonun, farmon, qaror va normativ-huquqiy hujjatlar hamda davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida va hududlarga tashrifi mobaynida sohaga oid belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati, ularni amalga oshirish mehanizmlarini ishlab chiqishga va keng ommaga tadbiq etish uchun fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma‘naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar uchun seminar-treninglar o‘tkazildi.
Bo‘lim boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Pezidenti Administratsiyasining 2021-yil 10-noyabrdagi №09-3258-sonli xati asosida
2021-yil 15-20-noyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Uchko‘prik, Buvayda va Yozyovon tumanlarida, 29-noyabr – 4-dekabr kunlari Andijon viloyatining Izboskan, Andijon, Oltinko‘l, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida, Samarqand viloyatining Jonboy, Pastdarg‘om, Payariq tumanlari, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shahrida ishchi guruh tarkibida mahallalardagi 12 ta salbiy holat bo‘yicha uyma-uy o‘rganishlar o‘tkazildi.