Mahalladagi xotin-qizlar faoli eʼtibor qaratishi kerak bo‘lgan jihatlar

05:10 - 8 May Yangiliklar
57

Mahallalarda xalqimizning tinchligi va farovonligini mustahkamlash, oilalarda sog‘lom maʼnaviy muhitni yaratish, yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da samarali amalga oshirish, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, bizning qanday buyuk tarix va merosga ega ekanimizni anglab, ana shu bebaho boylikni qadrlab, zamon bilan hamnafas yashaydigan va qadam tashlaydigan, mamlakatimiz taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan yetuk shaxslar sifatida shakllantirish, ayniqsa, yoshlarda mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda mahalla faollarining taʼsiri g‘oyat muhimdir.

ness image

Mahalladagi xotin-qizlar faoli, avvalo, mahallaning past-balandini yaxshi biladigan, tashkilotchi, muayyan hayotiy tajribaga ega bo‘lgan va o‘z axloq-odobi bilan aholi o‘rtasida obro‘-eʼtibor qozongan insonlar bo‘lishi lozim. Har bir inson axloqi orqali o‘zining jamiyatdagi o‘rnini anglaydi, hayotining mazmunini belgilab oladi. Shuning uchun ham axloq masalasi qadim zamonlardan buyon donishmandlar, jamoat va davlat arboblarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari xodimlarini shakllantirish bugungi kunning eng zarur talablaridan biridir. Chunki muomala va xulq-atvor madaniyatini faqatgina dono so‘zlar bilan shakllantirib bo‘lmaydi. Mahallada o‘sayotgan har bir yigit-qiz, avvalo, o‘zlaridan katta avlod vakillarining yurish-turishi, xatti-harakati va muomalasiga taqlid qilgan holda voyaga yetadi. Shuningdek, yoshlarning axloq-odobi uchun butun mahalla ahli masʼul hisoblanadi. Zero, mahallada yoshlarning har bir xatti-harakati barchaning diqqat markazida bo‘ladi. Mahalladoshlarning har bir yosh taqdiriga javobgarligi, ular uchun kuyinishi, yurish-turishini nazorat qilishi barkamol shaxsni tarbiyalab yetishtirishning muhim sharti hisoblanadi. Xulqi va odobi go‘zal, har tomonlama namunali farzand mahallaning obro‘si, noqobil, axloqi nomaqbul avlod esa mahalla shaʼni uchun dog‘ hisoblanadi.

Mahalladan yurtga, dunyoga taniqli insonlar yetishib chiqsa, butun mahalla ahli g‘ururlanadi, boshini baland ko‘taradi. Aksincha, “falon mahallada mana bunday xunuk ish bo‘libdi”, degan gap esa barchaning boshini xam qiladi, hamiyatiga tegadi. Shu sababdan ham mahalla tartib-qoidalariga barchaning amal qilishi shart sanaladi. Qadimda kimda-kim bularga rioya qilmasa, u mahallada o‘tadigan tadbirlarga, to‘y-maʼrakalarga taklif etilmagan. Agar axloqqa zid harakat qilib, kibr-havo bilan qo‘ni-qo‘shni va mahalla ahli anʼanalarini oyoqosti qilsa yoki boshqalarga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lsa, bunday kimsa mahalladan chiqarib yuborilgan.

Bugungi mahallalarimiz erkin va hur fikrlilik asosida rivojlanmoqda. Har bir fuqaro u yerda o‘tkaziladigan tadbirlar, tashkiliy-tarbiyaviy ishlar yuzasidan o‘z nuqtayi nazari, qarashlari, taklif va tavsiyalarini ochiq bildirish huquqiga ega. Chunki erkin fikr faqatgina mahalla muhitining emas, balki butun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning maʼnaviy poydevorini tashkil etadi. Mahalla ahlining maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalasida bir-birlariga maslahat berishlari ham har jihatdan foydalidir.

Mahalladagi xotin-qizlar faoli o‘z faoliyati davomida oilalar va xotin-qizlar bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladi. Maʼlumki, muomala har qanday odam, jamiyat faoliyatining zaruriy sharti hisoblanadi.

Quyidagilar mahalladagi xotin-qizlar faolining muomala va xulq-atvor madaniyatiga zid holatlar hisoblanadi:

— dimog‘dorlik, manmanlik va qo‘pollik;

— kinoyali, dag‘al tarzda tanbeh berish;

— gapirganda inson qadr-qimmatini tahqirlovchi piching va qochiriq so‘zlar ishlatish;

— mast holda muloqotga kirishish;

— yolg‘on gapirish yoki noto‘g‘ri maʼlumot berish;

— fuqarolar ustidan turli ig‘vo, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirish hamda ularning qadr-qimmati va shaxsini tahqirlovchi boshqa harakatlarga yo‘l qo‘yish;

— kiyinish madaniyatida shaxsiy namuna bo‘la olmaslik.

Shunday ekan, donishmandlar tomonidan aytilgan, tarix va zamon sinovlaridan o‘tgan muomala madaniyatining quyidagi umumiy qoidalarini yodda tuting:

  1. Odob va ehtiyotkorlik bilan muomala qilish orqali hamma maqsadlar ro‘yobga chiqadi, yopiq eshiklar ochiladi. Muloyimlik bilan aytilgan so‘zlar ko‘ngilga rohat baxsh etadi. Ochiq chehra va shirinso‘zlik do‘stlik va muhabbatga dalil bo‘ladi. Shuning uchun hamma bilan odobga rioya etib muomala qiling, ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘ling.
  2. Bir narsadan xafalanib, achchig‘ingiz kelib turgan vaqtda hech kim bilan so‘zlashmang, g‘azabingiz bosilguncha sabr qiling. Odamlarning kamchiliklarini kechiring, har ishda fikr qilish va eʼtibor berishni unutmang.
  3. Odamlarga aralashmay bir chetda turmang. Kim uchrasa, tekshirmay-netmay darhol og‘iz-burun o‘pishib do‘st bo‘lib ketmang. Har ishda hur fikrli, to‘g‘riso‘z bo‘ling, tilingiz va dilingiz bir bo‘lsin.
  4. Qo‘pol kishilarning muomalasiga yaxshi muomala bilan javob qaytaring. Kishilarga qilgan muomalangiz siz ulardan kutgan muomaladan har holda yuqori darajada bo‘lishiga harakat qiling.
  5. O‘zingizdan kichiklarni xo‘rlamang, aqlingiz va martabangiz bilan maqtanmang, balki o‘z martabangiz va boshqalarning martabalarini yaxshi tushunib, har kimning o‘ziga munosib muomala qiling.
  6. Hamsuhbatingiz go‘zal muomala qilishini istasangiz, avval o‘zingiz unga go‘zal muomala qiling: “Odamlar meni yoqtirmasalar, yoqtirmay qo‘ya qolsinlar, nima ishim bor”, demasdan, balki ular bilan do‘st bo‘lish yo‘llarini izlang, kishilarga muhabbatli bo‘ling.
  7. Xalqqa yaxshi ishlarni so‘zlang, yomon ishlarni yashiring. Odamlar bilan muomalangiz shunday bo‘lsinki, hayotligingizda sizni sevsinlar.
  8. Juda zarur bo‘lib qolgan vaqtdagina xalqdan yordam so‘rash mumkin, boshqa vaqtda xalqning ustiga yuk bo‘lib turish to‘g‘ri emas. Shuning uchun xalqqa o‘z og‘irligingizni solmang, uning moliga xiyonat qilmang, o‘zingiz ishlang, mehnat qiling, rizq-ro‘zingizni o‘z mehnatingiz bilan toping.
  9. Bir ishni bajarishga ahd qildingizmi, so‘zingiz ustidan chiqing, vaʼdangizda turing. Kim bilan do‘st bo‘lsangiz, do‘stlikka sodiq bo‘ling. Odamlarning shodliklaridan shodlaning, qayg‘ularidan qayg‘uring. O‘zingiz yoqtirmagan narsani boshqalarga ravo ko‘rmang.
  10. Jamiyat manfaati uchun xizmat qiling, bu yo‘lda sarflagan vaqtingizga achinmang, chunki boshqalarni sevish, ularga yordam berish, kamchiliklarini tuzatish ulug‘lik va odamiylik belgisidir. 
Chop etish