Zamonaviy dunyoda oilaviy an‘analarni qanday saqlab qolish mumkin?

05:33 - 5 May Yangiliklar
23

Texnologik taraqqiyot, urbanizatsiya jarayoni va turmush tarzining tezlashuvi ijtimoiy hayotga katta ta‘sir ko‘rsatmoqda. Bu holat ijobiy tendensiyalar bilan birga muqaddas qadriyatlar sanalmish mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, mas‘uliyat va vafodorlik kabi an‘analarning zaiflashishiga olib kelmoqda. Bugungi kunda oilaviy an‘analarni saqlab qolish masalasi har qachongidan ham muhimroq. Bu nafaqat ajdodlarga hurmat, balki oilalarni birlashtirish va kelajak avlodlarga qadriyatlarni yetkazish usuli hamdir.

Oilada mavjud tartib-qoidalar – jamiyat va davlat intizomining poydevoridir. Abdurauf Fitrat o‘zining “Oila va oila boshqarish tartiblari” asarida shunday yozgan edi: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik esa shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muntazam bo‘ladi”.

ness image

Oilaviy an‘analar nima va ular nima uchun kerak?

Oilaviy an‘analar avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan odatlardir. Bu bayramlar, oilaviy marosimlar, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish usullari va hatto, maxsus an‘anaviy taomlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Lekin eng muhimi – bu shunchaki harakatlar emas, balki oilaviy o‘ziga xoslik timsollaridir.

Masalan, Shvetsiyada “fike” an‘anasi mashhur bo‘lib, ushbu odat oila va do‘stlarni birlashtiradigan bir finjon qahva va tort uchun rejalashtirilgan tanaffusdir. Ushbu marosim maroqli hordiqni ta‘minlashdan tashqari, ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi va yaqinlar bilan dam olishga imkon beradi.

An‘analarni saqlash nima uchun muhim?

Psixologlarning nashr etilgan tadqiqotlariga ko‘ra (Missuri universiteti psixologi Sara X.Madden; Rochester universitetida M.Uriel va B.Lourens), an‘analarni saqlash oiladagi psixologik muhitga ijobiy ta‘sir ko‘rsatishi va oilaviy rishtalarni mustahkamlashini aniqlagan. Farzandlarimizga oilaviy urf-odatlarni o‘rgatar ekanmiz, biz ularga nafaqat ota-bobolari haqida bilim, balki vatanga, millatga nisbatan daxldorlik hissini shakllantiramiz.

An‘analar oilaviy munosabatlarning ijobiylashishiga yordam beradi va bolalar tarbiyasiga ta‘sir qiladi. Navro‘z, Hayit bayramlari va tug‘ilgan kun tadbirlarida butun oila jamlanadi va aynan shu lahzalar bir umrlik hissiy xotiralarni tuhfa etadi.

Qadimgi an‘analarni qanday saqlash kerak?

  1. Muntazamlik muvaffaqiyat kaliti. Har qanday an‘ana muntazamlik tufayli bizgacha yetib keladi. Agar siz yakshanba kuni dasturxon atrofida yig‘ilishga yoki ma‘lum bayramlarda o‘zgacha narsa qilishga odatlangan bo‘lsangiz, bu ritmni buzmang. Bu dam olish kunlari oilaviy kechki ovqat yoki birgalikda an‘anaviy taomlarni tayyorlash kabi oddiy narsa bo‘lishi mumkin.
  2. An‘analarga bolalarni jalb qilish. An‘analarni saqlab qolishda yosh oila a‘zolarining ishtiroki muhimdir. Bolalarning jarayondagi ishtiroki va undan zavqlanishi an‘analarning davomiyligini ta‘minlaydi. Zero, qush uyasida ko‘rganini qiladi.
  3. Oila tarixini yarating. Oila shajarasi, oilaviy fotoalbomlar orqali yosh avlod o‘zlarining ajdodlari, ularning hayot tarzi va an‘analari haqida ma‘lumotga ega bo‘ladi.
  4. Texnologik imkoniyatlardan foydalaning. Dunyoning turli burchaklarida yashovchi oila a‘zolari odatiy uchrashuvlarni guruh suhbatlari, video qo‘ng‘iroqlar orqali amalga oshirishi mumkin. Masalan, Janubiy Koreyada ayrim oilalarda muhim voqealarni nishonlash uchun virtual kechki ovqatlarni o‘tkazish, ya‘ni “on-line” tarzda bo‘lsa-da, oila a‘zolari dasturxon atrofida yig‘ilib, videoqo‘ng‘iroqlarni yoqish an‘anasi keng tarqalgan.

 

Turli mamlakatlardagi oilaviy an‘analarga misollar

  • Yaponiya. Omatsuri – nafaqat an‘analarni hurmat qiladigan, balki oilalarga bir joyga to‘planib, bayram quvonchini baham ko‘rishga imkon beradigan mavsumiy festivaldir.
  • Italiya. Oilaviy yakshanba kechki ovqatlari ko‘pchilik italyan oilalarida diniy marosim ko‘rinishida kuzatiladigan an‘ana bo‘lib, u yerda bir necha avlod katta dasturxon atrofida to‘planadi.

 

Eslatma: maqola mavzusiga oid ma‘lumotlar bilan Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash portali” – https://oilaqadriyat.uz/ orqali tanishishingiz mumkin.

 

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti II bosqich tayanch doktoranti

G‘ulomqodirov Eldorjon tomonidan tayyorlandi

Chop etish