Kiberzo‘ravonlikdan himoyalanish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?

04:52 - 2 May Yangiliklar
50

Ushbu tavsiyalar kim uchun mo‘ljallangan?

Siz opa-singillar uchun. Biz onlayn zo‘ravonlik va kiberzo‘ravonlik o‘zi nima ekanligini sizga maʼlum qilmoqchimiz va raqamli makonda qanday xavfsiz bo‘lish haqida xabar bermoqchimiz.

ness image

Baʼzi taʼriflarni bilib olishimiz lozim!

Xotin-qizlarga qarshi qaratilgan zo‘ravonlik – bu ayollarga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlik bo‘lib, “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiya (CEDAW) va boshqa xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan inson huquqlarining buzilishidir. Bu ayollarga nisbatan genderga asoslangan zo‘ravonlik deb atalib, shaxs ayol ekanligi sababli unga qarshi qaratilgan bo‘ladi.

 

Zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy taʼsir o‘tkazish yoki bunday taʼsir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik).

Taʼqib etish — jabrlanuvchining xohish-irodasiga qarshi, uning ikki yoki undan ortiq marta qarshilik ko‘rsatganligiga yoxud ogohlantirganligiga qaramay sodir etiladigan, jabrlanuvchini qidirishda, u bilan og‘zaki, telekommunikatsiya tarmoqlari vositasida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali yoki boshqa usullarni qo‘llash yo‘li bilan muloqotga kirishishda, uning ish, o‘qish va (yoki) yashash joyiga borishda ifodalangan hamda jabrlanuvchida o‘z xavfsizligi uchun xavotirlik qo‘zg‘atadigan harakatlar (2019-yil 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi).

Ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik) – bu axborot texnologiyalari (mobil telefonlar va smartfonlar, Internet, ijtimoiy tarmoqlar, platformalar yoki elektron pochta)dan foydalanish orqali, qisman yoki umuman sodir etilgan, ayollarga taʼsir qiladigan zo‘ravonlik harakatlaridir.

 

 Eslatma! Zo‘ravonlikning raqamli muhitda sodir etilganligi – huquqbuzarlikning og‘irligini kamaytirmaydi!

Xotin-qizlarga qarshi qaratilgan zo‘ravonlikning barcha boshqa shakllari singari, kiberzo‘ravonlik ham inson huquqlarining buzilishi, tengsizlik natijasidir!

 

Kimlar kiberzo‘ravonlikka uchramoqda?

Aslida barchamiz kiberzo‘ravonlikdan jabr ko‘rishimiz mumkin!

Kiberzo‘ravonlikning sabablari genderga asoslangan zo‘ravonlikda tengsizliklar va kamsitishlar bo‘lganligi sababli, ayollar va qizlar kiberzo‘ravonlikka duchor bo‘lishi ehtimoli ko‘proq bo‘ladi va undan jiddiyroq azob chekishadi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida 23% ayol hayoti davomida kamida bir marotaba bo‘lsa ham Internetda zo‘ravonlikka yoki tegajog‘likka duch kelgan. Har o‘ninchi ayol 15 yoshdan boshlab internetda zo‘ravonlikning baʼzi shakllariga duchor bo‘lgan.

Ayollar taʼlim, yosh, kasb, genderga asoslangan kamsitishning ko‘p va bir-biriga o‘xshash shakllariga duch kelishadi. Shuningdek, oynai jahonda faol bo‘lgan va taniqli ayollar – jurnalistlar, sanʼatkorlar, rassomlar, yozuvchilar, olimlar va/yoki faollar kiberzo‘ravonlikka ko‘proq duchor bo‘lishadi. Ular istalgan vaqtda kiberjinoyatlarning bevosita nishoniga aylanishi mumkin.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 15-24 yoshdagi yoshlarning 94 foizi Internetdan foydalanadi. UNICEF tomonidan bir million yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, global miqyosda yoshlarning 70%dan ortig‘i kiberzo‘ravonlikka duch kelmoqda. Turkiyada kiberzo‘ravonlikka eng ko‘p duchor bo‘lgan shaxslar 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlar ekan.

 

Kiberzo‘ravonlikni kimlar sodir etadi?

Kiberzo‘ravonlik sodir etgan shaxs ayolning sobiq yoki hozirgi turmush o‘rtog‘i/sherigi, qo‘shnisi, hamkasbi/tengdoshi, qarindoshi yoki umuman begona shaxs bo‘lishi mumkin.

Kiberzo‘ravonlik sodir bo‘lgani uchun biz aybdor emasmiz! Bu jinoyat jazolanishi kerak, albatta!

Garchi jinoyatchilar turli xil taktika va vositalardan foydalansalar ham, ularning barchasining maqsadi bitta – hijolat qilish, kamsitish, qo‘rqitish, sukut saqlashga majbur qilish.

 

Kiberzo‘ravonlik qanday yuzaga keladi?

Kiberzo‘ravonlik harakatlari ijtimoiy media platformalari, xabar almashinuvi ilovalari, forumlar, o‘yin chatlari, elektron pochta kabi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladi.

Jinoyatchilar, odatda, nazoratni o‘z qo‘llarida saqlab qolishga qatʼiy qaror qilishadi va raqamli texnologiyalar bu maqsadda foydalanadigan ko‘plab vositalardan biridir.

Agar huquqbuzarni siz haqingizda juda ko‘p maʼlumotga ega deb hisoblasangiz, u bu maʼlumotni qurilmalaringizni kuzatish, hisoblaringizga kirish, joylashuvingizni kuzatish yoki Internetda mavjud bo‘lgan maʼlumotlarni to‘plash orqali olishi mumkin.

 

Keling, ushbu mavzuni bir nechta misollar bilan ko‘rib chiqaylik.

Kiberzo‘ravonlik ko‘plab ko‘rinishlarga ega. Baʼzi turlardan biri kibertaʼqibdir. U “stalking”, “taʼqib qilish” deb ham ataladi.

Kibertaʼqib – bu Internet yoki boshqa elektron ilovalar va platformalardan foydalanadigan shaxsni uning irodasiga qarshi kuzatuvi bo‘lib, zarar yoki og‘ir stressni keltirib chiqaradigan xatti-harakatlar.

Bizning harakatlarimizni “klaviatura tutuvchi” yoki “kiylogger”lar kabi josus dasturlar orqali kuzatish mumkin. Foydalanuvchi o‘zi bilmagan holda uning harakati (har bir tugmacha bosilishi)ni yozib oladigan josus dasturlar mavjud.

Yana bir keng tarqalgan turi – bu onlayn-taʼqiblar. Mana bir nechta misollar:

  • jinsiy mazmundagi xabarlarni elektron pochta orqali tarqatish;
  • raqamli platformalarda tajovuzkor xabarlar, jismoniy va/yoki jinsiy zo‘ravonlik tahdidlarini tarqatish.

Zo‘ravonlikning ko‘pincha bolalik va o‘smirlik davrida uchraydigan yana bir ko‘rinishi – onlayn-bezorilik yoki kiberbulling. Kiberzo‘ravonlik – raqamli texnologiyalardan foydalangan holda bezorilik qilishdir. Bu ijtimoiy tarmoqlarda, xabar almashish platformalarida yoki chatlarda mobil telefonlar orqali sodir bo‘lishi mumkin. Buning maqsadi qo‘rqitish, g‘azablantirish yoki maʼlum bir shaxslarni sharmanda qilishdan iborat.

Eng jiddiy oqibatlarga olib keladigan yana bir turi – shaxsning rasmlarini ularning roziligisiz tarqatish. Tasvirlarni roziliksiz tarqatish – materiallarda tasvirlangan shaxslarning roziligisiz intim xarakterdagi fotosuratlari va videolarini onlayn tarqatish.

Huquqbuzar, odatda, ayolning sobiq turmush o‘rtog‘i bo‘lishi mumkin. Munosabatlar yaxshi, iliq paytida fotosuratlar yoki videolarni saqlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Ushbu tasvirlar munosabatlarni tugatmaslik yoki boshqa talablar uchun tahdid sifatida ishlatilishi mumkin. Jinoyatchilar sobiq turmush o‘rtog‘i yoki sherik bo‘lishlari shart emas, umuman begona odam ham bizning kompyuterlarimizga/hisoblarimizga kirishi va tahdidlarni amalga oshirish uchun rasmlarimizdan foydalanishi mumkin.

 

Shaxsning roziligisiz shaxsiy maʼlumotlardan foydalanish doksing bo‘lib (shaxsiy akkauntlarni buzish, parollarni o‘g‘rilash va h.k.), maxfiylikka tajovuz hisoblanadi.

Misollar:

  • bizning roziligimizsiz fotosuratlarimiz va videolarimizdan foydalanish, yaʼni bunday materiallarni olish, ishlatish, manipulyatsiya qilish va tarqatish;
  • shaxsiy maʼlumotlarni, shu jumladan, (jinsiy) tasvirlarni, audio va video yozuv maʼlumotlarni shaxsning roziligisiz yozib olish va tarqatish;
  • shaxsiy maʼlumotlarmizdan foydalangan holda bizning nomimizdan profil yaratish;
  • “Doksing”ni amalga oshiruvchi ruxsatimiz va roziligimizsiz shaxsiy maʼlumotlarimizni qidirishi, yig‘ishi va nashr etishi;
  • qarindoshlarimiz, do‘stlarimiz, hamkasblarimizga shaxsimizga nisbatan tuhmat qilish orqali murojaat qilishi, xijolat qilishi yoki ularni haqorat qilish.

 

Kiberzo‘ravonlikning oqibatlari qanday?

Kiberzo‘ravonlikka duch kelganimizda, biz “g‘azab, nochorlik, zaiflik, shaxsiy xavfsizligimiz haqida tashvishlanish, qo‘rquv va qayg‘u”ni boshdan kechirishimiz yoki “oilamiz va do‘stlarimiz bu haqida bilib qolishi”dan qo‘rqishimiz mumkin. Biz boshdan kechirgan zo‘ravonlik oqibatida o‘zimizni ayblashimiz yoki zo‘ravonlik yuzasidan hech narsa qila olmasligimiz yoxud vaziyatni hech qanday tarzda o‘zgartirib bo‘lmaydi, degan qarorga kelishimiz mumkin. Qo‘shimcha ravishda hattoki ijtimoiy media akkauntlarimizni o‘chirib tashlashimiz yoki internetdan foydalanishni butunlay to‘xtatishimizga sabab bo‘lishi mumkin.

Kiberzo‘ravonlik natijasida ayollar, qoida tariqasida, qo‘rquv, tashvish va tushkunlikni boshdan kechiradi. Bu ularni tarmoq muhitidan chiqishga majburlaydi. Bu ko‘pincha zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan odamlarning kasbiy faoliyati va daromad olishiga taʼsir qiladi hamda ularning harakatchanligini cheklaydi. Ayollar va qizlar o‘rtasida zo‘ravonlikning onlayn shakllari psixologik, ijtimoiy va reproduktiv sog‘ligi uchun salbiy oqibatlarga olib keladi va oflayn muhitda jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlariga aylanish ehtimoli mavjud.

   

Xavfsizligingizni qanday taʼminlay olasiz?

Onlayn zo‘ravonlikning qurboniga aylanganingizda yoki uning taʼsiri ostida bo‘lganingizda go‘yo hamma narsa nazoratdan chiqib ketgandek tuyulishi, bunday holatda siz umuman hech narsa qilishning iloji yo‘q deb hisoblashingiz mumkin. Biroq o‘zingizni qo‘lga olishingiz va amalga oshirishingiz mumkin bo‘lgan choralar bor:

 

O‘zingizga ishoning!

Siz o‘zingizga ishonishingiz va zo‘ravonlik qurboni bo‘lganingizni anglashingiz, bu aslo sizning aybingiz emasligi, aksincha, ularning harakati noto‘g‘riligini unutmang! Har doim o‘zingizni ayblamasligingiz kerakligini eslatib turing hamda zo‘ravonlikni hech qanday holatda oqlab bo‘lmasligini unutmang!

Eslatma! Zo‘ravonlik holatidan so‘ng paydo bo‘lgan his-tuyg‘ular, ehtiyojlar va harakatlar har bir kishida har xil bo‘lishi mumkin!

Siz do‘stlaringiz, oila aʼzolaringiz yoki o‘zingiz ishonadigan odamlardan biriga sodir bo‘lgan holat haqida aytib berishingiz mumkin. Kimga ishonishni faqat o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku, axir! Siz psixologlar, advokatlar yoki axborot xavfsizligi sohasidagi mutaxassislardan maslahat olishingiz mumkin.

 

Sevimli mashg‘ulot turi bilan shug‘ullaning!

Siz har kuni o‘zingizga biroz vaqt ajratishingiz, o‘zingiz va ijtimoy tarmoqlar o‘rtasida masofa yaratishingiz shart. O‘zingiz yoki do‘stlaringiz bilan hamkorlikda kayfiyatni ko‘taradigan mashg‘ulot bilan shug‘ulanishingiz mumkin.

 

Maʼlumotlarni to‘plang!

O‘zingiz duch kelgan kiberzo‘ravonlik holatlariga oid maʼlumotlarni yig‘ing. Qonuniy usullarga murojaat qilganingizda, sizga bu dalillar kerak bo‘ladi. Shuningdek, ushbu dalillar sizning ahvolingizni yaxshiroq baholashga va xavfsizligingizni rejalashtirishga yordam beradi.

Skrinshotlar qilishni unutmang!

Agar siz shikoyat qilishga qaror qilsangiz…

Siz qanday huquqlarga ega ekanligingizni bilishingiz kerak. Huquqiy qoidalar bilan tanishish uchun siz shu ish bilan shug‘ullanadigan advokatlardan yordam olishingiz mumkin. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari yoki prokuraturaga ariza topshirishingiz mumkin. Barcha tegishli dalillar oldindan to‘planganiga ishonch hosil qiling. Agar siz bu haqida tegishli organlarga xabar berishga qaror qilsangiz, ishonchli odamdan ushbu harakatlar paytida sizga hamroh bo‘lishini so‘rang. Agar zo‘ravon sizning hamkasblaringizdan biri bo‘lsa, bu haqda ish joyingizda xabar berishingiz mumkin (odob-axloq komissiyalari, kasaba uyushmasi va boshqalar).

 

Shaxsiy maʼlumotlaringizning himoyasi va shaxsiy hayotingiz daxlsizligi sizning asosiy huquqlaringiz ekanini unutmang!

 

Raqamli xavfsizligingiz uchun tavsiyalar

 

Parollaringiz qanchalik ishonchli va xavfsiz?

Parollarni vaqti-vaqti bilan o‘zgartiring va eng ko‘p ishlatiladigan, oson topiladigan raqamli parollardan (“12345” kabi) foydalanmang.

Postlaringizda raqamli platformalardagi xavfsizlikka oid maʼlumotlaringiz bilan ochiqlamang.

Barcha platformalarda bir xil paroldan foydalanish ham xavfsizlikka to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, sizning parollaringiz shaxsiy maʼlumotlar hisoblanadi va siz ularni do‘stlaringiz, oila aʼzolaringizga ishonib aytishingiz noo‘rin.

Shikoyat mexanizmlaridan foydalanasizmi?

Agar siz Internetda zo‘ravonlikka duch kelsangiz, voqea sodir bo‘lgan platformaning shikoyat mexanizmidan foydalanishingiz mumkin. Shu yo‘l orqali raqamli platformalar siz va boshqa barcha foydalanuvchilar uchun xavfsizroq bo‘lishini taʼminlashingiz mumkin.

Shikoyat mexanizmlaridan foydalanganda ehtiyot bo‘lish lozim, chunki shikoyatni to‘g‘ri ko‘rib chiqish uchun uni tegishli rukn ostida yuborish kerak bo‘ladi. Misol uchun, kimdir Instagramda sizni siz tanigan odam nomidan fotosuratlaringiz yordamida akkaunt yaratgan bo‘lsa, siz “Spam” rukniga shikoyat qilmaysiz, buning o‘rniga, siz “Akkaunt haqida xabar berish” (Report Account)ni tanlashingiz va avval uni “Noo‘rin” (Inappropriate) deb belgilashingiz kerak. Shundan so‘nggina “Kimdir o‘zini boshqa birov deb tanishtirmoqda” rukniga shikoyat jo‘natib (It‘s pretending to be someone else), “Men/men bilgan odam/mashhur shaxs yoki jamoat arbobi” (Me/Someone I know/A celebrity or public figure) degan variantlardan birini tanlab jo‘natishingiz lozim.

 Xavfsizlik sozlamalarini o‘rnatdingizmi?

Raqamli platformalar aʼzosi sifatida ro‘yxatdan o‘tishda kiritilgan elektron pochta manzilingiz yoki telefon raqamingizni ko‘rish vakolatiga ega shaxslarni tanlashingiz mumkin. Bundan tashqari, siz ro‘yxatdan o‘tgan platformadagi qidiruv natijalari orasida sizga oid maʼlumotlarni ko‘rsatish mumkinligi bo‘yicha ruknni tanlashingiz mumkin. Siz hatto baʼzi platformalarda “yuz orqali aniqlash” kabi funksiyalarni o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Buning uchun, ro‘yxatdan o‘tgan platformaning xavfsizlik sozlamalarini o‘rganishingiz kifoya. Platformada ro‘yxatdan o‘tganingizda ushbu platformada biror o‘zgarish boshlanishidan oldin xavfsizlik sozlamalarini o‘rnatganingiz maʼqul.

 Ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqdingizmi?

Ko‘pgina raqamli platformalar ikki bosqichli autentifikatsiya xususiyatiga ega. Agar siz ushbu xususiyatdan foydalansangiz, akkauntingizga yangi qurilma kirmoqchi bo‘lsa, har doim sizga kod yuboriladi. Bu sizning qurilmangiz yoki brauzeringizni o‘zgartirganda akkauntingizga xavfsiz kirishingizni taʼminlaydi.

 Jamoat joylarida xavfsizligingizga eʼtibor berasizmi?

Jamoat joylarida bo‘lganingizda, iloji bo‘lsa, begonalar ham kirishi mumkin bo‘lgan umumiy ulanishlar o‘rniga o‘zingizning Internet aloqangizdan foydalaning. Kompyuteringiz uchun internetga ulanish kerak bo‘lganda, siz hatto mobil telefoningizni modem (kirish nuqtasi) sifatida ishlatganingiz maʼqul. Shuningdek, jamoat joylarida kompyuterda qidiruv tizimlari uchun o‘z akkauntingizdan foydalanganingizda barcha platformalardan chiqishni va brauzer tarixini tozalashni unutmang.

Siz uchinchi shaxslarga vakolat berganmisiz?

Raqamli platformalardagi ilovalarga kirish yoki ushbu ilovalarning baʼzi funksiyalaridan foydalanish uchun maʼlum platformalardagi akkauntingizdan foydalansangiz, xavfsizlik muammolari paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, Google, Facebook yoki X (Twitter) akkauntingizdan foydalanish o‘rniga, obuna bo‘lgan platformangiz uchun yangi profil yaratishingiz kerak. Agar siz ushbu platformalarda ruxsat bergan shaxslaringizni tekshirsangiz va kerak bo‘lmaganlar uchun avtorizatsiyani o‘chirib qo‘ysangiz yaxshi bo‘ladi.

 Joylashuvingiz haqida maʼlumot almashasizmi?

Agar siz zo‘ravonlikka duchor bo‘lishim mumkin deb o‘ylasangiz, ijtimoiy tarmoqlarda qayerda yashashingiz haqidagi maʼlumotni tarqatmaslikka harakat qiling.

Qurilmangizda sizga tanish bo‘lmagan ilova o‘rnatilganmi?

Telefoningiz va kompyuteringizni tekshiring va o‘zingiz o‘rnatmagan barcha ilovalarni o‘chirib tashlang. Ushbu ilovalarni qurilmalaringizga sizni tomosha qilayotgan va kuzatayotgan odamlar o‘rnatishi mumkin.

Sizni allaqachon kuzatayotgani yoki kuzatish uchun maxsus dasturlar o‘rnatishmaganiga aminmisiz?

Siz elektron pochta orqali olgan xabarlar har doim ham to‘g‘ri maqsadda yuborilmaydi. Agar siz elektron pochtadagi havolani bosgan bo‘lsangiz yoki biror hujjatni yuklab olgan bo‘lsangiz, ularda viruslar yoki zararli dasturlar, shuningdek, kompyuteringizdan barcha maʼlumotlarni to‘playdigan dasturlar bo‘lishi mumkin. Elektron pochtada zararli dastur mavjudligini tushunish uchun, birinchi navbatda, yuborilgan elektron pochta manzilini va biriktirilgan fayl formatini tekshiring.

Fishing muammosi haqida qanchalik xabardor ekaningizni kuyidagi havola orqali tekshiring: https://phishingquiz.withgoogle.com

Do‘stlaringiz xavfsizligi uchun nima qilishingiz mumkin?

  1. Agar yaqinlaringiz yoki tanishlaringiz kiberzo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bo‘lsa, ularga yordam tariqasida ijtimoiy tarmoqlarda shikoyat funksiyasidan foydalanishingiz mumkin.
  2. Siz kiberzo‘ravonlikka duchor bo‘lgan do‘stingizga yoki boshqa shaxsga qo‘llab-quvvatlash xabarini yuborishingiz mumkin, shunda ular yolg‘iz emasliklarini bilishadi.
  3. Huquqbuzar tanish odam bo‘lishi mumkin. Bunday holda, agar siz zo‘ravonni oqlay boshlayotganingizni his qilsangiz, fikringizni qayta ko‘rib chiqing, zo‘ravonlikni oqlash uchun hech qanday asos yo‘qligini hech qachon unutmang.
  4. Siz salbiy maʼnodagi so‘zlar va jinsiy qarashlarga xayrixoh bo‘lmasligingiz, ularni qabul qilmasligingiz, shuningdek, ularni tarqatmasligingiz, ular bilan bo‘lishmaslingingiz kerak!
  5. Xabarlaringiz va postlaringizda belgilagan odamlaringizning maʼlumotlaridan foydalanganligingiz uchun ruxsat oling! Siz o‘z postlaringizga kimnidir belgilash chog‘ida o‘zgalarga xavfsizlik borasida muammolar yaratishingiz mumkinligi haqida unutmang!

Ishonch telefonlari: 112, 1102.

Chop etish