Jamiyat hayotida diniy va dunyoviy qadriyatlarning o‘rni
Qadriyat atamasi arabcha “qadr” so‘zidan olingan bo‘lib, qimmatli, foydali degan maʼnoni anglatadi. Inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha narsalar, masalan, erkinlik, tinchlik, adolat, ijtimoiy tenglik, maʼrifat, haqiqat, yaxshilik, go‘zallik, moddiy va maʼnaviy boyliklar, anʼana, urf-odat va boshqalar qadriyatlar hisoblanadi.
“Qadriyatlar, – deb yozadi O.Musurmonova – avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan va maʼlum jamiyatlar va ijtimoiy guruhlarda uzoq vaqt davomida takrorlanib keladigan ijtimoiy va madaniy merosdir”.
Qadriyatlar amal qilish qamroviga ko‘ra, shaxsiy, oilaviy, jamoaviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, asosiy manba sifatida tayanishiga qarab esa diniy va dunyoviy qadriyatlarga bo‘linadi.

Dunyoviy qadriyatlar – inson va jamiyat rivojlanishida umumiy ahamiyatga ega bo‘lgan, millat, din, irq va ijtimoiy mansublikdan qatʼi nazar, barcha insonlarga tegishli maʼnaviy-axloqiy, ijtimoiy va madaniy tamoyillardir. Ular sivilizatsiya jarayonida shakllangan va davomiy evolyutsiyaga duch kelgan umuminsoniy qadriyatlar sifatida qaraladi. Dunyoviy qadriyatlar sekulyar qadriyatlar deb ham ataladi. Sekularizatsiya jarayoni diniy qadriyatlarning insonlar hayotida asosiy o‘rin egallamasligi bilan alohida ahamiyatga ega jarayon hisoblanadi.
Dunyoviy qadriyatlar – diniy taʼlimotlar yoki eʼtiqodlarga suyanmasdan, inson farovonligi, oqilona fikrlash va axloqiy turmush tarziga yo‘naltirilgan tamoyillardir. Ular jamiyat taraqqiyoti va insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
“Dunyoviy qadriyatlar” atamasi falsafa va ijtimoiy fanlar doirasida paydo bo‘lgan bo‘lib, uning asl maʼnosi sekulyarizm va gumanizm tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq. Buyuk fransuz inqilobi davri (1789–1799)da sekulyarlik g‘oyalari keng tarqalgan bo‘lib, dindan mustaqil inson huquqlari, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlar ilgari surilgan.
Falsafada dunyoviy (sekulyar) qadriyatlar (bu yerda asosan aql nazarda tutilmoqda)ni ustun qo‘yadigan oqim namoyondalari ratsionalistlar, diniy qadriyatlarni ustun qo‘yuvchi insonlar irratsionalistlar sifatida baholanadi.
XIX va XX asrlarda Jon Styuart Mill, Iogann Gotlib Fixte, Immanuil Kant kabi mutafakkirlar inson huquqlari, erkin fikrlash va ijtimoiy tenglik masalalarini muhokama qildilar. XX asrda Jan-Pol Sartr, Erix Fromm va Yurgen Habermas kabi faylasuflar dunyoviy qadriyatlarning demokratiya, huquq va inson kamolotidagi rolini tadqiq qildilar. Sotsiolog olim Max Veber esa sekulyar qadriyatlarni shakllantirishda ratsionallikning o‘rni yuqori ekanligi, insonlar hayotida diniy qarashlardan ko‘ra ratsional, yaʼni real hayot bilan yashash ustuvorlik kasb etishini taʼkidlagan.
Fanda “dunyoviy qadriyatlar” tushunchasi XX asrda sotsiologiya, falsafa va siyosatshunoslik sohalarida aniq taʼriflana boshladi. Jumladan, YUNESKO hujjatlarida inson huquqlari, madaniy xilma-xillik va tinchlikni taʼminlashda dunyoviy qadriyatlarning ahamiyati taʼkidlangan.
Dunyoviy qadriyatlar bir nechta asosiy yo‘nalishlarga bo‘linadi:
· axloqiy qadriyatlar: insonparvarlik, bag‘rikenglik, adolat va masʼuliyat;
· ijtimoiy qadriyatlar: tenglik, demokratiya, so‘z erkinligi;
· maʼnaviy va madaniy qadriyatlar: bilim, fan, sanʼat va madaniy xilma-xillikni qadrlash;
· ekologik qadriyatlar: tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish.
Dunyoviy qadriyatlarning asosiy tamoyillari:
1. Inson huquqlari va erkinliklari. Har bir shaxs o‘z qadr-qimmatiga ega bo‘lib, uning huquqlari hurmat qilinishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham inson shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilangan.
2. Adolat va qonun ustuvorligi. Jamiyatda qonunlar barcha uchun teng va adolatli bo‘lishi, ularning ustuvorligi taʼminlanishi kerak.
3. Tinchlik va bag‘rikenglik. Millatlar, dinlar va madaniyatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va totuvlikni taʼminlash muhimdir. O‘zbekistonda ko‘p millatli xalqning tinch-totuv yashashi uchun huquqiy va ijtimoiy-siyosiy asoslar mustahkamlanmoqda.
4. Bilim va maʼrifat. Ilm-fan va taʼlimga intilish jamiyat taraqqiyotining asosidir. O‘zbekistonda diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
5. Oila va jamiyat. Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, uning mustahkamligi va maʼnaviy qadriyatlari jamiyat barqarorligiga xizmat qiladi. Milliy qadriyatlar va oila mavzusidagi tadqiqotlarda ham bu masalaga alohida urg‘u berilgan.
Turkiya Respublikasida diniy va dunyoviy qadriyatlarning inson hayotidagi ahamiyati haqida bir qator ilmiy izlanishlar olib borilgan. Xususan, Ismoil Demirezen Sharqdagi mamlakatlarda sekulyar qadriyatlarning rivojlanishi milliy qadriyatlarning ahamiyati kamayib ketishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidlaydi.
Sotsiolog olim Kemal Shanning fikricha, Turkiyada sekulyar qadriyatlarning rivojlanishi zamonaviylik, ateizm g‘oyalariga yo‘g‘rilishi natijasida anʼanaviy qadriyatlarga putur yetishiga olib kelishi mumkin.
Altintashga ko‘ra, dunyoviylik – dinning ijtimoiy tuzilmadagi obro‘ va kuchini yo‘qotishi, g‘ayritabiiy hodisalarni tabiiy va dunyoviy hodisalar sifatida qabul qilish, inson ongini diniy va metafizik aloqalardan ozod qilish, dinni vijdon masalasiga aylantirishdir.
Ilohiyotshunos olim Ismoil Ekinji esa ko‘chadagi eng johil va dogmatik dindorlarga ham taʼsir qilgan sekulyarizatsiya zamonaviylikning muqarrar natijasi sifatida maydonga chiqqanini butun ijtimoiy gumanitar fanlarda baxsli masala sifatida baholaydi.
Shaxsda dunyoviy qadriyatlarning juda yuqori o‘rin egallashi quyidagi salbiy holatlarni yuzaga keltirishi mumkin:
– axloqiy qadriyatlarda bo‘shliqlarning vujudga kelishi, axloqqa nisbatan nisbiy yondashuvlarning ko‘payishi;
– shaxsiy manfaatlarning jamoa manfaatlaridan ustun qo‘yilishi;
– shukronalik xissini kamayib ketishi, norozilik kayfiyatining kuchayib borishi;
– anʼanaviy qadriyatlar, xususan oilaviy qadriyatlarning butunlay o‘zgarib ketishi;
– kosmopolitizm (vatansizlik) g‘oyasining avj olishi;
– “Ommaviy madaniyat”ning normal holat sifatida qabul qilinishi.
Dunyoviy qadriyatlar va din
Dunyoviy qadriyatlar aksariyat hollarda diniy qadriyatlar bilan o‘zaro uyg‘unlikda faoliyat yuritadi. Masalan, Islom, Xristianlik va Buddizm kabi jahon dinlari ham insonparvarlik, adolat, bag‘rikenglik va ilmga intilish kabi qadriyatlarni targ‘ib etadi. Biroq, dunyoviy qadriyatlar huquqiy va falsafiy jihatdan dindan mustaqil ravishda ham qaraladi, bu esa ularni universal tushuncha sifatida ko‘rishga imkon beradi.
Tasavvuf taʼlimotida ham dunyoviy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan bo‘lib, Baxouddin Naqshbandning “Naqshbandiya tariqati” Dil ba yoru, dast ba kor (Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin), degan tamoyilga asoslanadi. Bunda yashayotgan foniy dunyo (o‘tkinchi)ni deb, haqiqiy dunyo (inson vafot etganidan keyin ruhining yaratganning oldiga borishi)ni unutmasligi kerakligi aks ettiriladi.
N.Z.Madaminova fikricha: “Diniy va dunyoviy qadriyatlar uyg‘unligidagi meʼyorlarning buzilishi diniy va dunyoviy qadriyatlarning qadrsizlanishi, yaʼni odamlarning axloqiy va akseologik jihatdan tanazzulga uchrashiga olib keladi”.
Dunyoviy qadriyatlar jamiyatning barqarorligi va insonlar o‘rtasidagi hamjihatlikni taʼminlashda muhim o‘rin tutadi. Ular milliy, diniy va madaniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashib, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Hojiyev Rasulbek Boynazar o‘g‘li
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti
katta ilmiy xodimi, PhD