Xalqaro konferensiya tashkil etildi
Toshkentda "O‘zbekistonda demografik dividenddan foydalanish: inson kapitalini rivojlantirish orqali ayollar va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish" mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. UNFPA, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari va ekspertlar O‘zbekistonning demografik ustunligidan foydalanish strategiyalarini o‘rganish uchun yig‘ildilar.
UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszada ushbu demografik imkoniyatning O‘zbekiston uchun barqaror taraqqiyot yo‘lida muhim palla ekanligini ta‘kidladi. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova esa ayollar va yoshlarning salohiyatini rivojlantirish jamiyat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri ekanligini qayd etdi.