“Oila institutini rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
Tashkilotchilar:
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti.

Taklif etiladigan tashkilotlar: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Davlat boshqaruv akademiyasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti singari bir qator universitetlar, siyosiy partiyalar va boshqa hamkor tashkilotlar.
Konferensiyaning maqsadi – oila institutini mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, bu borada faoliyat olib borayotgan amaliyotchi mutaxassis hamda ekspertlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, oila institutini mustahkamlashda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyati yuzasidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish, aholi o‘rtasida farovon oila g‘oyasini targ‘ib qilish, mazkur masalalar bo‘yicha xalqaro tajriba almashish, ularning natijalari asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Oila azal-azaldan o‘zbek xalqi uchun eng muqaddas qadriyatlardan biri hisoblangan. Respublikamizda bugungi kunda 9,5 millionga yaqin oilalar istiqomat qilib[1], ularning safiga har yili 300 mingdan ortiq yangi oilalar qo‘shilmoqda[2]. Mazkur oilalarning har biri jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida davlat muhofazasida bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosati milliy va umuminsoniy qadriyatlarning zamonaviy oila barqarorligidagi o‘rnini oshirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, joriy yilning 30-aprel kuni referendum asosida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilaning har bir aʼzosining huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlatning oila bilan bog‘liq siyosatida ijtimoiy davlat sifatida vazifalarini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
15-may – “Xalqaro oila kuni” Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993-yildagi rezolyutsiyasi bilan eʼlon qilingan hamda 1994-yildan boshlab butun dunyoda doimiy tarzda nishonlanib keladi. O‘zbekistonda mazkur sanani keng miqyosda nishonlash 2016-yildan boshlab anʼana tusiga kirdi hamda har yili anʼanaviy xalqaro konferensiyalar o‘tkazilib kelinmoqda. Bu yilgi xalqaro konferensiya ham mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, farovon va baxtli oilalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bir qismi hisoblanadi.
Ushbu konferensiyada ham Misr, Yaponiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi xorijiy mamlakatlardan 10 dan ortiq xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, yetuk tadqiqotchilar ishtirok etdi. Xususan, Misr Ijtimoiy birdamlik vazirligining Oilani rivojlantirish masalalari bo‘yicha boshqarmasi bosh direktori Narmin Ahmad Mansur xonim, Yaponiyaning Syova ayollar universiteti dotsenti Noriko Sudzuki xonim, Qozog‘iston Ijtimoiy taraqqiyot vazirligi huzuridagi “Qozog‘iston ijtimoiy taraqqiyot instituti” boshqaruvi raisi o‘rinbosari, siyosat fanlari doktori Kaydarova Asem xonim, Turkiya Respublikasi Kayseri viloyati Erchiyes universiteti Oila huquqi kafedrasining professori janob Murat Dog‘an, Turkmaniston Respublikasi Xotin-qizlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Durdiyeva Akdjemal xonimlar globallashuv davrida oilalarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutining transformatsiyasi sharoitida qadriyatlarning o‘rnini oshirish bo‘yicha o‘z maʼruzalarini taqdim etishdi.
“Oila institutini rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada
- “Milliy va global o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan oila”,
- “Bola rivojlanishida oilaning o‘rni”,
- “Oila institutini mustahkamlashda qonunchilikning o‘rni”,
- “Misrda oila rivojlanishi va ajrashish masalalari to‘g‘risida”,
- “Turkmaniston Respublikasida oila va xotin-qizlarninig huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash”,
- “O‘zbek oilalarining ijtimoiy-psixologik muammolari”,
- “Oila institutining transformatsiyasi: asosiy xususiyatlar – Qozog‘iston tajribasi”,
- “Oila institutini rivojlantirishda milliy tarbiyaning o‘rni”,
- “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda diniy qadriyatlarning o‘rni” singari 15 dan ortiq maʼruzalar tinglanib, uning so‘ngida munozarali savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaga taqdim etilgan 100 ga yaqin maqolalar to‘plam shaklida nashr ettirildi.
“Oila institutini rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishida ishtirok etayotgan xorijiy ekspertlar haqida
M A ʼ L U M O T
Misr
Narmin Axmad Mansur - Misr Ijtimoiy birdamlik vazirligi huzuridagi Oila ishlari departamenti bosh direktori.
Narmin Ahmad Mansur xonim oilalarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maslahat markazlarning faoliyatiga masʼul hisoblanadi.
U profilaktik va terapevtik yo‘nalishda ish olib boradi.
Narmin xonim bevosita muammolarni hal qilishda yordamga muhtojlarni vakolatli organlarga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.
Narmin Axmad Mansur xonim “Oila milliy va global o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan” mavzusida maʼruza qildi.
Nagva Xalil - Misr ijtimoiy va kriminologik tadqiqotlar milliy markazi professori, Ayollar milliy kengashining aʼzosi.
Nagva Husayn Nagva Husayn Xalil xonim katta hayotiy va kasbiy tajribaga ega.
Kommunikatsiya va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha mutaxassis.
"Ikkinchi jahon urushidan keyingi Misr jamiyatining muammolari" mavzusida doktorlik darajasini olgan.
2011-yilgacha Ijtimoiy va kriminologik tadqiqotlar milliy markazi direktori lavozimida ishlagan.
2011-yili Misr ijtimoiy ishlar va sug‘urta vaziri lavozimida ishlagan. Nagva xonim mustaqil vazirlardan biri bo‘lib, shuningdek, Vazirlar Mahkamasida faoliyat yurituvchi ikki ayoldan biri hisoblangan.
Nagva Husayn Xalil xonim “Misrda oila rivojlanish va ajrashish masalalari to‘g‘risida” mavzusida maʼruza qildi.
Birlashgan Arab Amirliklari
Rim Abdulla Al Falasi - Onalik va bolalik masalalari bo‘yicha Oliy Kengash Bosh kotibi.
Rim Abdulla Al Falasi Onalik va bolalik masalalari bo‘yicha Oliy Kengashning Bosh Kotibi hisoblanadi.
Shu bilan birga, U davlatning nufuzli qo‘mita va Kengashlarni aʼzosi hisoblanadi. Jumladan:
- Birlashgan Arab Amirliklarni gender tenglik masalalari Kengashi aʼzosi;
- BMTning 2016-2018-yillarda “Har bir ayol, har bir farzand” shiordagi yuqori darajali maslahat guruhi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan;
- Abu-Dabida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar masalalari bo‘yicha Vasiylik Kengashini aʼzosi;
- Pedagogik fakultetini Maslahat Kengashi hamda Oliy Ko‘mitani aʼzosi;
- Birlashgan Arab Amirliklarni Universitetining pedagogik fakultetini beshinchi xalqaro konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha eng faol aʼzolaridan bo‘lgan.
Shuningdek, Rim Abdulla Al Falasi xonim - Fatima bint Mubarak nomdagi onalik va bolalik masalalari bo‘yicha tadqiqot markazining Maslahat Kengashi Raisi hisoblanadi.
Rim Abdulla Al Falasi xonim “Anʼanalar va zamonaviylik uyg‘unligi: Birlashgan Arab Amirliklarida oila institutiga nazar” mavzusida maʼruza qildi.
Yaponiya
Noriko Sudzuki - Tokiodagi xotin-qizlar Syova universitetining boshlang‘ich taʼlim kafedrasi dotsenti.
Noriko Sudzuki xonim taʼlim bo‘yicha magistr darajasiga ega.
U Jakartadagi OISCA bolalar bog‘chasi direktorlarni hamda Shanxay Yapon bolalar bog‘chasi OISCA maslahatchisi.
Shuningdek, Indoneziya bolalar bog‘chalari tarbiyachilari uyushmasining maslahatchisi hisoblanadi.
Noriko Sudzuki xonim “Bola rivojlanishida oilaning o‘rni” mavzusida maʼruza qildi.
Qozog‘iston Respublikasi
Kaydarova Asem Serikkaziyevna - Qozog‘iston Ijtimoiy taraqqiyot vazirligi huzuridagi “Qozog‘iston ijtimoiy taraqqiyot instituti” boshqaruvi raisi o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori.
Asem Kaydarova 2003-yilda Al-Farabi nomidagi Qozoq Milliy universitetining tarix fakultetini tamomlagan.
2007-yilda fan nomzodi darajasini olgan, 2010-yilda “Qozog‘iston Respublikasida milliy g‘oyaning shakllanishi (siyosiy tahlil)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Xalqaro munosabatlar, milliy g‘oya va mafkura, milliy birdamlik va yoshlar siyosatiga oid 70 dan ortiq ilmiy ishlanmalar va milliy maʼruzalar muallifi.
U haqdagi maʼlumotlar Qozog‘iston olimlari ensiklopediyasiga kiritilgan.
“Qozog‘iston Mustaqilli-gining 25 yilligi” va “Respublika Konstitutsiyasining 25 yilligi” munosabati bilan mukofotlangan.
Kaydarova Asem Serikkaziyevna xonim “Oila institutining transformatsiyasi: asosiy xususiyatlar – Qozog‘iston tajribasi” mavzusida maʼruza qildi.
Turkmaniston Respublikasi
Akdjemal Durdiyeva - Turkmaniston Respublikasi Xotin-qizlar ittifoqi.
Markaziy Kengashi raisi.
Akdjemal Durdiyeva 2003-yilda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetini tamomlagan.
20 yillik professional tajribaga ega.
2021-yilgacha Dashoguz viloyati hokimining taʼlim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2021-yildan buyon Milliy kasaba uyushma markazi va Turkmaniston Xotin-qizlar ittifoqi markaziy kengashi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
2021-yili “Turkmaniston Mustaqilligining 30 yilligi” yubiley medali bilan taqdirlangan.
Akdjemal Durdiyeva xonim “Turkmaniston Respublikasida oila va xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash” mavzusida maʼruza qildi.
Turkiya
Murat Dog‘an - Turkiya jumhuriyati Kayseri viloyati Erchiyes universitetining “Oila huquqi” kafedrasi professori.
Murat Dogan 1990-yil Anqara universiteti Huquq yo‘nalishi-ning bakalavriati, 1993-yil Saljuq universiteti Xususiy huquq mutaxassisligi bo‘yicha magistartura bosqichini tamomlagan.
1999-yil “Fuqarolik huquqi” ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va 2011-yilda professor unvoniga ega bo‘ldi.
U 2005-yildan buyon Turkiya Respublikasi Erchiyes universitetida turli lavozim-larda faoliyat yuritdi.
2020-yildan hozirgi paytgacha Erchiyes universiteti “Xususiy huquq” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni paytda Turkiya ilmiy va texnik tadqiqotlar maslahat kengashining “Olimlar dasturlarini qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishi aʼzosi hisoblanadi.
“Turkiyada qarz qonunlari”, “Ijara huquqida davolar”, “Qarz huquqiga oid baʼzi sud hukmlari” nomli ilmiy asarlari chop etilgan.
Xalqaro ilmiy jurnal va konferensiyalarda oila masalalariga oid bir qator maqolalari milliy va xorijiy nashrlarda eʼlon qilingan.
Murat Dog‘an janoblari“Turk huquqida ajrashish sabablari hamda oiladagi zo‘ravonlikning ajrashishdagi o‘rni” mavzusida maʼruza qildi.
Ozarbayjon Respublikasi
Aliyeva Kamila Agadadash qizi - Ozarbayjon Respublikasi Oila, ayollar va bolalar davlat qo‘mitasining Oila masalalari bo‘yicha boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari.
Kamila Aliyeva oiladagi nizolar, nikoh va ajrim, erta nikoh, oiladagi zo‘ravonlik, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish masalalarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha 15 yillik tajribaga ega.
Ular xorijiy konferensiyalarda, xotin-qizlarning hayotini barcha jabhalarida gender tengligini taʼminlash, jumladan, tadbirkorlik faoliyatida faolligini oshirish, qarorlar qabul qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar va treninglarda ishtirok etib kelmoqda.
Xalqaro tashkilotlarning sertifikatlari, boshqarmani faxriy yorliqlarni qo‘lga kiritgan.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Muvaffaqiyat uchun” medali bilan taqdirlangan.
Aliyeva Kamila xonim “Oila jamiyatning fundamental asosi sifatida” mavzusida maʼruza qildi.
Tojikiston Respublikasi
Subxonov Akbardjon Idrisovich - Iqtisodiyot va demografiya instituti “Demografik tadqiqotlar” bo‘limi mudiri.
Akbardjon Subxonov Iqtisodiyot fanlari nomzodi. Demografiya sohasida 20 yillik tajribaga ega.
Xorijiy ixtisoslashtirilgan markazlarda, yaqin va uzoq xorijdagi maktablarda (Qohira demografik markazi, Rossiya Federatsiyasi demografik tadqiqotlar instituti, Koreya statistika instituti, Rossiya Federatsiyasining Oliy iqtisodiyot maktabi, Malta aholisining qarishi xalqaro instituti, va boshqalarda) salohiyatini oshirishga qaratilgan taʼlim dasturlarda ishtirok etgan.
“Spectrum 5” versiyasi yordamida nikoh va ajralish, tug‘ilish, aholi migratsiyasi, aholini prognozlashtirish masalalarini professional tarzda o‘rganadi.
Subxonov Akbardjon janoblari “Oila institutini mustahkamlash demografik rivojlanish omili sifatida” mavzusida maʼruza qildi.
[1] https://t.me/statistika_rasmiy/2587
[2] https://api.stat.uz/api/v1.0/data/tuzilgan-nikohlar-soni-jami?lang=uz&format=pdf