Ajdodlar merosi har doim barhayot

10:23 - 10 Fevral Yangiliklar
1323
Kecha 9-fevral kuni Respublikamiz bo‘ylab, o‘z asarlarida 28 mingta so‘zni ishlata olgan bugungi kunda ham ijodi, falsafasi dolzarb bo‘lgan bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi keng nishonlandi. Bayram dasturlari hamon davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot institutida ham mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyondalari, shoir, adib va davlat arboblari Alisher Navoiy 580-yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy kecha tashkil etildi.
ness image

Badiiy kechada institut direktori, professor Egamberdiyeva Nodira Melibayevna kirish so‘zida adiblarimizning ilm-fan, ijod hamda davlat arbobi ijodiga qaratilayotgan eʼtibor borasida olib borgan ishlari ayniqsa Alisher Navoiyning yurti, fuqarolari mafaatlarini himoya qilganliklari, tinch osuda hayot kechirishlari yo‘lidagi sayi-harakatlarini qisqacha gapirib berdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Navoiyshunos olima Dilnavoz Yusupovaning Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi bo‘yicha o‘z ilmiy-nazariy qarashlari nuqtai-nazaridan olib borgan chiqishlari davra suhbati ishtirokchilarida chuqur taasurotlar qoldirdi. So‘ngra, institut ilmiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, professor Aynisa Musurmonova ham ajdodlarimizning boy madaniy meʼrosi xaqida yig‘ilganlarga maʼlumot berdi.

So‘ngra adabiy badiiy davra suhbatiga Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining ijodkori Nurbek Mamatov o‘zining aktyorlik mahoratini namoyish etdi. Bu esa, yig‘ilganlarga estetik zavq berdi.

Ijodkorlarning chiqishlaridan ilhomlangan institutimizning olimalaridan filologiya fanlari doktori To‘ychiyeva Gulxumor Ummataliyevna va filologiya fanlari doktori Holiqova Mohira Kundibayevnalar tomonidan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlar ijodlaridan namunalar o‘qib berdi.

Tadbir so‘nggida Toshkent davlat sanʼat va madaniyat institutining yosh maqomchilar ansambli ishtirokchilari o‘z chiqishlari bilan mushoira kechasiga yana-da fayz bag‘ishladi.

 

“Mahalla va oila” ilmiy

tadqiqot instituti

matbuot xizmati 

Chop etish