Jinsiy tarbiya darslari kerakmi?

11:29 - 6 Yanvar Yangiliklar
2243
Bola voyaga yetarkan, uning organizmida jismoniy o‘zgarishlar jarayoni kuzatilishi tabiiy. Shu bois bolada muayyan yosh davrlarida jinsiy hayot mavzusi haqidagi to‘liq va sifatli maʼlumot, bilim va ko‘nikmalarga muhtojlik seziladi. O‘z vaqtida shu talab sifatli axborot manbayi orqali qondirilmas ekan, bo‘shliq o‘z-o‘zidan nojoiz manbalardan olingan maʼlumot bilan to‘ldiriladi.
ness image

Oliy Majlis Senati hamda Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva tarbiya fani doirasida barcha taʼlim muassasalarida jinsiy tarbiya darslari o‘tilishini maʼlum qilgan edi. “Yosh qizlar ginekologga murojaat qilmasligi kerak, degan stereotiplar mavjud. Biz uchun jinsiy tarbiya mavzusi yopiq hisoblanadi. Hatto, ko‘plab ota-onalar farzandlari bilan bu mavzuda suhbatlashishmaydi. Ammo bu — xato. Aslida jinsiy tarbiyani bolalikdan boshlashimiz kerak. So‘zma-so‘z aytib bermasak ham, bularning barchasini bolalarga tushuntirib berishimiz kerak. O‘quv dasturlarini tuzishda tarbiya berish bilan cheklanmay, vaziyatning boshqa nozik tomonlariga ham eʼtibor qaratish zarur”, degan edi Senat raisi.

Xo‘sh, bu borada mutaxassislarimiz qanday fikrda? Bugun o‘sib kelayotgan yosh avlodga bunday darslar­ning o‘tilishidan maqsad nima? Darslar Yevropa andozalari asosida olib boriladimi yoki?..


Nozik savollarga jo‘yali javoblar kerak

Munavvara YOQUBBEKOVA, filologiya fanlari doktori:

— O‘sha kungi bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bolalar bog‘chasidan tortib, to oliy taʼlimgacha jinsiy tarbiyadan taʼlim berilishi zarurligi haqida fikr bildirildi. Bu fikr ota-onalar, tarbiyachi ustozlar uchun eng nozik, eng og‘riqli, eng muhim muammoga qaratilgani bilan qizg‘in muhokama va bahslarga sabab bo‘lishi tabiiy. Farzandi tarbiyasi bilan sidqidildan shug‘ullanayotgan har bir ota-ona bu haqda jiddiy bosh qotirgani, yo‘l-yo‘riq izlagani shubhasiz. Axir har bir inson tug‘ilgandan boshlab, voyaga yetguniga qadar jinsi bilan bog‘liq muhim bilimlarga ega bo‘lishi kerak. U aynan jinsi bilan bog‘liq muammo va tahdidlarga duch kelishi mumkinligidan boxabar bo‘lishi zarur. Bu o‘zini anglashning muhim nuqtasi, shaxs sifatida tarkib topishning muhim bandidir.

Olimlarning fikricha, farzandimiz 2-3 yoshli bo‘lgandan boshlab unga qadam-baqadam jinsiga oid parvarish va tarbiyani boshlash muhim ahamiyatga ega ekan. Bu xil tarbiyaning mazmuni va mundarijasi, meʼyori va muddati qanday bo‘lishi kerakligini bilish uchun esa ota-onalar nazariy va amaliy bilimlar, ko‘rsatmalarga muhtojlik sezishlari aniq.

Shu maʼnoda jinsiy tarbiyaga doir mutaxassislarning uzluksiz taʼlim doirasidagi maxsus tadqiqot va ishlanmalariga ehtiyoj bor. Zero, bu borada yo‘l qo‘yilgan xatolar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali foydali maʼlumotlar bilan bir qatorda, axloq va odobga zid axborotlar ham kirib kelmoqda. Yoshlarimiz bunday tahdidlarga qarshi mustahkam bilim hamda eʼtiqod himoyasiga ega bo‘lishlari uchun ular yetarli darajada axloqiy va jinsiy tarbiya olishlari juda muhim.


Yoshlarni yo‘ldan ozdiradimi yoki muammolarning oldini oladi?

Barno SULTONOVA, jurnalist:

— Men bu yerda yoshlarni yo‘ldan ozdiradigan biror noto‘g‘ri narsani ko‘rmayapman. Qizlarning to‘ydan oldin ginekolog ko‘rigiga borishi atrofdagilarda shubha-gumon uyg‘otayotgani va shunday shubha-gumon uyg‘onmasligi uchun onalar qizlarini ko‘rikka olib borolmay, kasalliklarni o‘tkazib yuborayotgani va bular og‘ir oqibatlarga olib kelayotgani yolg‘onmi? Yoki qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh to‘xtamayotgani-chi? Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan keyin nega bolalar nosog‘lom tug‘ilishi haqida gapirishning, tibbiy nuqtayi nazardan tushuntirishning nima yomon tomoni bor?

Yaqinda bir qarindoshimizning qizi katta farzandi bir yoshga yetmasdan homilador bo‘lib qoldi. Ona tug‘ayotgan payti ko‘p qon yo‘qotgani bois, o‘zining ham, chaqaloqning ham hayoti xavf ostida qoldi. Unga shu paytgacha hech kim bolalar tug‘ilishi orasida kamida uch yil oraliq saqlanishi maqbulligini o‘rgatmagan. Ona shunchaki “saqlan” deb ayta olishi mumkin. Agar shu masala tibbiyot tili bilan, masalan, “saqlanish o‘zi nima, organizmga qanday foydasi bor, qancha paytda organizm o‘zini tiklab oladi”, degan fikrlar to‘liq tushuntirilsa, yosh onada to‘g‘ri tushuncha shakllangan bo‘lardi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 21 yoshli qizning hali turmush qurmay turib farzandli bo‘lgani va farzandini sotayotgan vaqtda qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar tarqaldi. U qiz nima uchun bunday holga tushdi? Bu qizga hali na maktabda, na oliy taʼlim muassasasida jinsiy tarbiya berilmagandi-ku, xo‘sh, u qanday qilib adashdi? Agar shu qizga maktabdan jinsiy hayot nima, uning turmushga chiqquncha bo‘lgan zararlari haqida tushuntirilganda o‘zini-o‘zi ehtiyot qilarmidi, balki? Bir nikohsiz bolani dunyoga keltirmasmidi?

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida ayollar uchun bir necha yopiq guruh bor. Juda ko‘p anonim ayollardan, yosh kelinlardan ginekologiyaga oid savollar bo‘ladi. Hamma o‘z bilganicha, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Afsuski, anonim savol beruvchilar orasida jinsiy tarbiya nima ekanligini bilmagan, shu bois oilasi buzilish arafasida turganlari bor. Oilaning buzilish sabablaridan biri jinsiy hayotga tayyorgarlikning yo‘qligi ekanligini ham tan oladigan vaqt allaqachon yetmadimikan?

Jinsiy tarbiya darslaridan maqsadni men shunday talqin qilaman: venerik kasalliklarning oldi olinadi, qizlardagi ginekologik kasalliklarga barvaqt barham beriladi, xavfsiz homiladorlik, istalmagan homiladorlik va uning oldini olish, o‘sma kasalliklari va o‘sma oldi kasalliklari­ning oldini olish, o‘smirlar reproduktiv salomatligi — balog‘at ostonasida turgan yoshlarning murakkab va fiziologik o‘zgaruvchanligiga vaqtida eʼtibor qaratiladi.


Tarbiyaning muhim shakli

Oynisa MUSURMONOVA,

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor:

— Jinsiy tarbiya — tarbiyaning muhim shakllaridan biri bo‘lib, shaxs kamolotida muhim rol o‘ynaydi. U tarbiyaning bugun yo kecha paydo bo‘lgan emas, balki qadimiy shakllaridan biri hi­soblanadi. Qadim-qadimdan jinsiy tarbiya komponentlari vaziyatli, zaruratli, bosqichma-bosqichli tamoyillar asosida yoshlar ongiga singdirib borilgan.

Oilada jinslar taʼlimi va tarbiyasida bobo-buvilar, ota-onalar asosiy tarbiyachi hisoblangan. Tarbiyaning bu shakliga alohida urg‘u berilmagan holda kundalik hayot taqozosi bilan pand-nasihat, xalq qadriyatlari misolida tarbiyalangan. Maqsad millat, avlodlar, nasl salomatligini taʼminlash, nogiron farzandlar tug‘ilishi, oilaviy ajrimlar­ning oldini olish, millat genofondini saqlashdan iborat bo‘lgan. Oddiy bir misol, momolarimiz zax joyda o‘tirgani qo‘ymas edi, “o‘rningdan tur, bolam, mumkin emas, kasal bo‘lasan”, “qishda yupun yurmagin, ertaga ona bo‘lasan”, “og‘ir yuk ko‘tarmagin”, “erta turishga odatlangin”, “tanangni toza saqlagin” va boshqa jinsiy tarbiya mazmuni bilan bog‘liq nasihatlarni berishar edi.

Bundan tashqari, yangi kelinchaklar, ona bo‘lgan yosh ayollarning tug‘ruqdan keyin qirq kun chilla saqlashi, issiq kul ustida yotqizilishi, bellarini bog‘lab, nimcha kiyishga majbur qilish, yosh onani maxsus tayyorlangan, bolaning qornini og‘ritmaydigan, sutni ko‘paytiradigan taomlar bilan boqish, tunda tashqariga chiqarmaslik kabi odatlar ayollarning barcha tana aʼzolarining sog‘lomligini saqlash, sog‘lom farzand­lar tug‘ilishiga zamin yaratishga qaratilgan.

Yoki o‘g‘il bolalar ichadigan, nos yoki tamaki chekadigan bo‘lsa, kattalar: “o‘g‘lim, ertaga sen ota bo‘lishing kerak, sog‘lom nasl qoldirasan, bu illatga berilmagin, uning zarari juda katta” deb ayti­shardi. Ko‘rdingizmi, bularning hammasi azal-azaldan qo‘llanilib kelinayotgan tarbiya bo‘lib, ular o‘z navbatida jinsiy tarbiyaning o‘ziga xos bir qismi hisoblanadi.


Faqat balog‘at yoshidagina berilmaydi

Dunyo keskin rivojlanmoqda, tabiiy narsalar ustidan notabiiy narsalar hukm­ronlik qilmoqda. Bu, albatta, yoshla­rimizning jinsiy taʼlimi va tarbiyasiga taʼsir etishi oddiy aksioma. Shuningdek, mamlakatimiz mustaqillik tufayli dunyoga chiqdi, dunyo ahlining O‘zbekistonga qiziqishi kundan kunga oshmoqda va ularning tarbiya borasidagi ijobiy tajri­basi bilan bir qatorda salbiy jihatlari ham kirib kelishi tabiiy. Shu sababli biz mutaxassislar yoshlarga tarbiyaning boshqa qirralari bilan bir qatorda jinsiy tarbiya saboqlarini berishimiz ayni kunda hayotiy zaruratga aylandi, deyish mumkin.

Jinsiy tarbiya yigit-qizlarning faqat balog‘at yoshidagina berilmaydi, u keng qamrovli tushuncha. Negizida gigiyenik qoidalarga rioya etish, fiziologik jihatdan yurish-turish tartib-qoidalariga amal qi­lish, to‘g‘ri kiyinish, ovqatlanish, mehnat qilish, dam olish, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish, nutq texnikasi, o‘g‘il va qiz bolalarning o‘zaro munosabat hamda muloqot madaniyatiga rioya etishi va ularni maʼnaviy, jismoniy, tibbiy sog‘lom ota-­onalikka tayyorlash kabi masalalar yotadi.

Shuni ham taʼkidlamoqchimanki, bugun ko‘p joylarda “jinsiy taʼlim” degan atama ishlatilmoqda. Biroq buni “jinsiy taʼlim va tarbiya” deb atasak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, jinsiy taʼlimsiz tarbiya, jinsiy tarbiyasiz taʼlim bo‘lishi mumkin emas. Uni yoshlar ongiga singdirish esa oilada va taʼlim tizimining barcha bo‘g‘inlarida amalga oshirilmog‘i zarur.


Darslar milliy qadriyatlarimiz bilan hamohang bo‘ladi.

Jinsiy tarbiya darsining maqsadi jinslarni ijtimoiylashtirish, sog‘lom turmush tarzi asosida ularni oilaviy hayotga tayyorlash, yoshlarni o‘z jinsiga monand fiziologik, tibbiy-maʼnaviy, ijtimoiy-ruhiy bilim, malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish demakdir.

Yoshlarga jinsiy taʼlim-tarbiya berishda, birinchi navbatda, milliy xususiyatlar, milliy, umuminsoniy qadriyatlarni inobatga olgan holatda shakllantirishga alohida eʼtibor berish hamda zamonaviylikka asoslanmoq ham zarur. Chunki har bir masalaga zamon talabi nuqtayi nazaridan yondashmoq zarur, bu jamiyat taraqqiyotining talablaridan biridir. Bundan tashqari, shaxsning yosh va psixologik xususiyatlariga mos ravishda bir nechta bosqichga bo‘lgan holda (bog‘cha yoshidagi bola, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, o‘smir va o‘spirinlar, balog‘at yoshi va talaba-yoshlar) ong, tafakkuriga bosqichma-bosqich singdirib borilishi kerak. Agar bolaning yosh davrlariga qarab taʼlim-tarbiyaning mazmuni shakllantirilsa, biz kutgan samara albatta bo‘ladi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, darslarni milliy maʼnaviy qadriyatla­rimiz, urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, dunyoqarashimizdan uzoqlashmagan holda (Yevropa tajribasini shunday olib kelib dars o‘tish yoki ularning ko‘rgazma qurollaridan dars jarayonida to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish mumkin emas!) olib borish maqsadga muvofiqdir. Yaʼni, jinsiy taʼlim-tarbiya sharqona parda ostida shakllantirilmog‘i zarur.


Kamola AHMEDOVA

Chop etish