Vyetnam xotin-qizlari qadriyatlarining o‘zgarish jarayoni
Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan Vyetnam Sotsialistik Respublikasining noyob anʼanalari turli qabilalarning madaniyati va urf-odatlari qorishmasining natijasidir. Mamlakatda 54 ta millat, 53 ta kichik etnik guruhlar yashaydi. Ularning aksariyatini (88 foiz) kin qabilasiga mansub vyetnamliklar tashkil etadi[1]. Vyetnamdagi birinchi dinlar buddizm, konfutsiylik va daosizm xalqning urf-odatlari, qarashlari va qadriyatlarining shakllanishida muhim o‘rin egallagan. Jumladan, oilaviy qadriyatlarning qaror topishida ularning o‘rni ahamiyatlidir. Tarixan davlat hududida kuchli sivilizatsiyalarning paydo bo‘lishi va parchalanishi, Xitoy, Mo‘g‘uliston kabi kuchli qo‘shnilarining bosimi mazkur holatning asosiy sababi hisoblanadi.

Bugungi kunda globallashuv, G‘arb madaniyati va modernizatsiya jarayoni mamlakatdagi ijtimoiy munosabatlar va qadriyatlarga o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda. Bu o‘zgarishlar ko‘p holatda aholining ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari, erkaklar va xotin-qizlarning jamiyatdagi, oiladagi rollarining transformatsiyasida namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda mamlakatni yana-da modernizatsiya qilish vazifalari milliy qadriyatlar kontekstida davlat yetakchiligida qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Maʼlumki, Vyetnam jamiyatining tuzilishi ko‘pgina Sharq mamlakatlari singari “oila – jamoa – mamlakat” o‘qi bo‘yicha tuzilgan. Bu erda oila jamiyatdagi asosiy ijtimoiy institut rolini o‘tagan holda ustuvor milliy urf-odatlar va qadriyatlarni o‘zida mujassam etib keladi. Ammo mazkur jarayonni boshqarishda xukumat va uning mafkurasi muhim o‘ringa ega.
X1X asrning o‘rtalaridan boshlab vyetnamliklar milliy qadriyatlarining o‘zgarish jarayoni tezlashayotgani, ayrim anʼanaviy qadriyatlarning yemirilishi kabi hodisalar yuzaga kelishi natijasida vujudga kelgan modernizatsiya muammolari bosimi va anʼanaviy qadriyatlar tizimlarini yo‘qotish oldidagi qo‘rquv tufayli Vyetnamda milliy urf-odatlar, eʼtiqodlar hamda dinlar rollarining kuchaytirilishiga eʼtibor qaratildi. Millatning maʼnaviy birligiga intilayotgan Vyetnam Sotsialistik Partiyasi (VSP) anʼanaviy milliy qadriyatlarni davlat doktrinasiga kiritdi. Shuningdek, u muloqot va bag‘rikenglik sari intilib, diniy siyosatda qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. 1980-yillardan boshlab xalq eʼtiqodlarining keng yoyilishi va mashhur bo‘lishi hamda aholining aksariyati anʼanaviy dinlarga, ruhlarga, xudolarga va ona maʼbudaga (45,3 foiz) sig‘inishining ortishi kuzatildi[2]. Sh u bilan birgalikda Vyetnam xalqining kelib chiqishi borasidagi afsonalarda ayolning erkak bilan teng huquqga egaligi muhim ahamiyatga ega[3].
Mustaqil Vyetnam tarixida birinchi marta “Dinlar va xalqlarning anʼanaviy eʼtiqodlari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi muhim voqea bo‘ldi. Bu yerda hozirda 16 ta din va eʼtiqod rasman ro‘yxatga olingan[4]. 2004-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 81 foizi u yoki bu dinga eʼtiqod qilmasligi aytilgan bo‘lsada[5], ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, eʼtiqod qiluvchilar ulushi aslida ko‘proqni tashkil qiladi[6]. 2007-yil holatiga ko‘ra, mamlakatda katoliklik, kaodai, buddizm, islom, protestantizm va xoaxao dinlari asosiy hisoblangan[7]. Mazkur dinlar va eʼtiqodlarda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni borasidagi fikrlar muhim ahamiyatga ega. Chunki davlat tomonidan olib borilayotgan milliy qadriyatlarni saqlab qolish siyosati tufayli jamiyatda dinlarga eʼtiqod darajasi ortib bormoqda. Shuni taʼkidlash kerakki, ko‘plab konfessiyalar va eʼtiqodlar o‘zlarining muayyan faoliyatida dindorlashtirish, yaʼni turli sekta hamda eʼtiqodlarning ko‘payishi, ushbu sektalarga din maqomini berish istagi kabi hodisalar tufayli kelishmovchiliklarga duch kelishmoqda. Bu holat, albatta, mamlakatdagi qadriyatlar tizimiga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi.
Vyetnamning jahon hamjamiyatiga tobora faol integratsiyalashuvi birinchi navbatda iqtisodni rivojlantirish muammolarini hal etishga majbur qiladi. Boshqaruvning bozor tamoyillari jamiyatning barcha sohalariga, shu jumladan, madaniyati va ijtimoiy munosabatlariga ham kirib boradi. Mamlakatning JSTga aʼzo bo‘lishi va birinchi navbatda ASEAN doirasida mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi uning bozor mexanizmlari tizimiga integratsiyalashuvi jarayonini jadallashtirdi[8]. Mazkur holat mamlakatdagi xotin-qizlar huquqlari va ijtimoiy holatini yaxshilash, ularni qo‘llab-quvvatlash ehtiyojini yuzaga keltirdi.
Jamiyatda xotin-qizlar huquqlarining taʼminlanishi masalasida Vyetnam xotin-qizlar ittifoqining (VWU) o‘rni muhim ahamiyatga ega. U ayollarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini ifodalovchi, himoya qiluvchi ijtimoiy-siyosiy tashkilot sifatida 1930-yilda tashkil topgan bo‘lib, turli o‘zgarishlardan so‘ng (“Ozod qiluvchi ayollar ittifoqi”, “Imperializmga qarshi ayollar ittifoqi”, “Demokratik ayollar ittifoqi”, “Milliy najot uchun ayollar ligasi”) 1950-yillarda Milliy xotin-qizlar kongressi sifatida qayta shakllantirildi. Mazkur tashkilot mahalliy Vyetnam Vatan fronti tashkiloti, shuningdek, Xalqaro Demokratik Ayollar Federatsiyasi (WIDF) va ASEAN Xotin-qizlar Tashkilotlari Konfederatsiyasi (ACWO) kabi xalqaro tashkilotlari bilan ayollarni qollab-quvvatlash masalalarida hamkorlikda faoliyat olib boradi[9].
Hukmron partiya ishining katta qismi ayollarni kundalik hayotdagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida shaxsiy o‘sishini rag‘batlantirishga, “teng va yaxshiroq jamiyat”ni qurishga yo‘naltirilgan edi. Ayollardan ham davlat, ham diniy taʼlimotlar dorasida mukammal bo‘lish talab qilindi. Ammo oila va el-yurtni boshqarish masʼuliyati bilan to‘lib-toshgan xotin-qizlarning barchasi ham mazkur mukammallik talablariga to‘laqonli javob bera olmagan. Konfutsiy taʼlimotiga ko‘ra, ayollik, farzandlik tuyg‘usi, milliy mafkura harakatlarini yetarli darajada gavdalantira olmagan xotin-qizlar o‘z oilasining isnodi hisoblanardi. Partiya, shuningdek, ayollarni yangi siyosiy sohalarda rahbarlik lavozimlariga jalb qilish uchun VWU bilan hamkorlik qildi. 1968-yilda qabul qilingan davlat tashkilotlari xodimlarining kamida 30 foizini ayollar tashkil etishini talab qiluvchi nizomga ko‘ra, xotin-qizlar va ularning alohida manfaatlari Vyetnam siyosiy maydoniga tobora ko‘proq jalb qilindi. Ularni ijtimoiy himoya qilish maqsadida oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalar uchun milliy boshpanalar tashkil etish amaliyoti olib borildi.
Bugungi kunda Vyetnam jamiyatida xotin-qizlar o‘ziga xos o‘ringa ega. Gender tenghuquqliligi, jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy holatini yaxshilash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan mafkuraviy darajada keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ulardan biri xotin-qizlarning ijobiy qiyofasini yaratish orqali ayollarni ruhlantirish, ijtimoiy mavqeʼini yaxshilashdan iborat. So‘nggi yillarda mamlakat tarixida o‘chmas iz qoldirgan malikalar va hukmdor ayollar siymosiga atalgan ko‘plab ilmiy-ommabop adabiyotlar nashr yetilgani bunga misol bo‘ladi. Ularga “Vyetnam tarixidagi imperator ayollar” (Faxm Chong Xanga), “Nguyon xonadoniga tegishli imperator ayollar, joriyalar va malikalar” (Nguyon Dak Sun), “Vyetnam tarixidagi mashhur ayollar”, “Vyetnam imperatorlari va hukmdorlari shaxsiy hayotidan hikoyalar” kabi asarlar kiradi[10].
Maʼlumki, Vyetnamda 1958 – 1963-yillar davomida aholi o‘sishi eng yuqori (3,1-3,6 promille) darajani namoyon qilgan. “Oilani rejalashtirish”, aniqrog‘i, tug‘ilishni nazorat qilish siyosati, bir tomonidan, aholi sonining o‘sishini jilovlagan bo‘lsa, boshqa tomondan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish uchun ham imkoniyatlari ortishiga olib keldi. 1990-yillarda mamlakatda olib borilgan oilani rejalashtirish va mehnat migratsiyasi jarayonining jadallashuvi tufayli mamlakatda aholining o‘sish ko‘rsatkichlarida pasayish holati namoyon bo‘ldi (1-rasm). So‘nggi 20 yil ichida o‘rtacha 1 promille darajasida barqaror saqlanib kelmoqda. Ammo aholining qarish muammosi dolzarbligicha saqlanib qolmoqda.
1-rasm. Vyetnamda 1980-2023-yillarda aholi o‘sishi (promille)
Oilani rejalashtirish siyosati targ‘ibot va tashviqot ishlaridan tashqari maʼlum bir sanksiyalarni ham nazarda tutgan. Jumladan, mamlakatda ikki bola tug‘ilishi tavsiya yetilgan holda uch va undan ko‘p farzand ko‘rgan partiya aʼzolari, davlat xizmatchilariga nisbatan maʼlum sanksiyalar qo‘llanilgan. Ammo tug‘ilish darajasining pasayishiga taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa omillar ham mavjud bo‘lib, ularga iqtisodiy farovonlikning pastligi, katta shaharlardagi xotin-qizlarning kech turmush qurishi holatlari misol bo‘ladi. Bu holat Vyetnamdagi shaharlashgan hududlarda yashovchi xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi va kasbiy o‘sishga intilishi ularning nikohga kech kirishlariga va oilaviy qadriyatlariga taʼsir ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.
Maʼlumot o‘rnida:
2022-yil oxirida Vyetnam aholisi 100 195 275 kishini tashkil qildi. 2022-yilda aholi taxminan 1 109 758 kishiga ko‘paydi. Yil boshida Vyetnam aholisi 99 085 517 kishini tashkil etganini hisobga olsak, yillik o‘sish 1,12 foizni namoyon qildi. Erkaklar soni 49 544 275 (49.4 foiz), ayollar soni esa 50 651 000 tani (50,6 foiz) tashkil etmoqda.[11]
Vyetnam jamiyatida ham o‘g‘il, ham qiz farzandi bor ota-onalar eng baxtli ota-onalar, degan g‘oya keng tarqalgan. Ko‘pchilik tomonidan qoralansada, ayrim oilalarda o‘g‘il farzand ko‘rish istagi suitsid, abort qilish, oiladagi tazyiq va zo‘ravonlik kabi holatlarga olib kelishi hanuzgacha uchrab turadi[12].
Oilaviy munosabatlarda erkak va otaning qarindoshlarini ko‘proq qadrlash tarixan ustunlik qilgan. Shunga ko‘ra, azaldan oilalarda bobo va buvilar “ichki” (ota tomonidan) va “tashqi”ga (ona tomonidan) ajratilgan, ularni bildiruvchi alohida atamalar ishlatilgan. Ammo endilikda nuklear oilalarning paydo bo‘lishi hamda huquqlar tengligi masalalarining oldingi o‘rinlarga chiqishi bilan bobo va buvilarning huquqlari har ikki tomonda “tenglashtirilmoqda”[13].
So‘nggi o‘n yilliklarda sanoatning faol rivojlanishiga qaramay, qishloq xo‘jaligi Vyetnam iqtisodiyotining asosiy tarmog‘i hisoblanadi. 2019-yil maʼlumotlariga ko‘ra, Vyetnam aholisining 34,4 foizi shaharlarda va 65,6 foizi qishloqlarda yashaydi.[14] Mamlakat aholisining 50 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boradi. Vyetnam eksporti va milliy byudjet daromadlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari muhim o‘rin tutadi – hosilning qariyb 70 foizi chet elga sotiladi. Qishloq xo‘jaligining YAIM dagi ulushi esa 21 foizni tashkil etadi[15]. Mamlakatda katta bo‘sh er maydonlarida qishloqlardagi ishsiz aholining bandligi qishloq xo‘jaligini rivojlantiruvchi yana bir omildir. Qadim zamonlardan beri Vyetnamning anʼanaviy hunarmandchilik qishloqlari hududning mashhur ijtimoiy-iqtisodiy birliklaridan bo‘lib kelganini alohida taʼkidlash joiz.
Vyetnam qishloqlarida uy xo‘jaligidagi mehnat taqsimoti erkakning oiladagi ustunligini qo‘llab-quvvatlaydi. Tadqiqotchi Bui T.X. tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, qishloq ayollarining 12,8 foizi, erkaklarining 87,2 foizi o‘zini oilaning boshlig‘i sifatida qayd etgan[16]. Uy xo‘jaligida erkaklar ulushi ayollarga nisbatan yuqori bo‘lishining sababi zamonaviy Vyetnamning anʼanaviy ijtimoiy tuzilishi bilan bevosita bog‘liq. Shu bilan birga, vyetnamliklarning o‘zi uchun qishloq oilasi xotin-qizlar huquqlarini kamsituvchi ijtimoiy tizim sifatida gavdalanmaydi. Chunki bu oilalardagi mehnat taqsimotida ayol bir vaqtning o‘zida iqtisodiy va madaniy vazifalarni bajaradi, er esa ishlab chiqarish va tadbirkorlikni boshqargan holda oilaning uy-ro‘zg‘or ishlarida ham ishtirok etadi. Tuong Bin Xip qishlog‘idagi uy xo‘jaliklari hayotini o‘rgangan tadqiqotchining tahlillariga ko‘ra, 98,9 foiz holatlarda oilalardagi rollar taqsimoti o‘zgarmagan va anʼanaviyligicha saqlanib qolmoqda[17].
Xulosa qilib aytganda, Janubi-Sharqiy Osiyodagi bir qator boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi Vyetnamda ham globallashuv “madaniy” mahalliylashtirish jarayoni orqali, yaʼni global madaniyat milliy o‘zlik elementlarini inobatga olgan holda va milliy madaniyatning originalligini saqlash orqali sezilarli o‘zgarishlar bilan qabul qilinmoqda. Mamlakat milliy madaniyatining qo‘shni davlatlar taʼsiridan chiqmoqda va vaqt o‘tishi bilan milliy anʼanalar, eʼtiqodlarning o‘rni, ahamiyati ortib borishi anʼanaviy madaniyatning yangi qiyofasi shakllanishiga olib keladi, deya tahmin qilish mumkin. Bu jarayonda xotin-qizlar rollarining o‘zgarishi shaharlashgan hududlardan boshlanadi. Qishloq hududlari anʼanaviy turmush tarzi va qadriyatlarining asosi sifatida ko‘p jihatdan o‘zining milliyligini saqlab qolmoqda.
Strategik tahlil va prognozlashtirish bo‘limi
Nurullayeva U.N.
Adabiyotlar ro‘yxati
- BuiV.H. — Transformatsiya sotsialnix roley v traditsionnix remeslennix derevnyax v sovremennom Vyetname// Chelovek i kultura. – 2022. – № 6. – S. 18 - 31. https://nbpublish.com/library_read_article.php?id=39062
- General Statistics Office of Vietnam. "Completed Results of the 2019 Vietnam Population and Housing Census". — Statistical Publishing House (Vietnam), 2019. — ISBN 978-604-75-1532-5.
- Jan Dodd, Mark Lewis, Ron Yemmons The Rough Guide to Vietnam 4 — 2003 – R. 509.
- Kerry Walters Atheism: A Guide for the Perplexed 2010 — P. 11.
- Michael Martin. The Cambridge Companion to Atheism —2006 — R. 57.
- Philip Taylor. Goddess on the Rise: Pilgrimage and Popular Religion in Vietnam. University of Hawai‘i Press. https://www.jstor.org/stable/j.ctvsrhb6
- Kak vse ustroyeno: semeyniye traditsii Vyetnama. https://letidor.ru/psihologiya/kak-vse-ustroeno-semeynye-tradicii-vetnama.htm?full
- Naseleniye Vetnama. https://countrymeters.info/ru/Vietnam
- Novakova O.V. Nasionalniye sennosti, vizovi modernizatsii i religioznaya situatsiya vo Vyetname v XXI veke. https://cyberleninka.ru/article/n/natsionalnye-tsennosti-vyzovy-modernizatsii-i-religioznaya-situatsiya-vo-vietname-v-xxi-veke
- Religiya vo Vetname: komu vetnamsi veryat i poklonyayutsya. https://kstrip.ru/
- Selskoye xozyaystvo vo Vyetname. https://ru.wikipedia.org/wiki/
- 1Sokolov A. Vyetnamskaya kultura v usloviyax globalizatsii. https://www.ayk.gov.tr/wp-content/uploads/2015/01/SOKOLOV-Anatoliy-98.pdf
- Soyuz jenschin Vyetnama – Vietnam Women‘s Union. Vikipediya. site:wiki5.ru
- Suchkova Ye.V. Obraz vetnamskoy jenschini v mifax i istorii Vetnama. Oykumena. 2010. № 1 S. 35.
- Syunnerberg M.A. Jenschini v istorii Vetnama. S 267. https://cyberleninka.ru/article/n/zhenschiny-v-istorii-vietnama
[1]Philip Taylor. Goddess on the Rise: Pilgrimage and Popular Religion in Vietnam. University of Hawai‘i Press. https://www.jstor.org/stable/j.ctvsrhb6
[2] Philip Taylor. Goddess on the Rise: Pilgrimage and Popular Religion in Vietnam. University of Hawai‘i Press. https://www.jstor.org/stable/j.ctvsrhb6
[3] Suchkova Ye.V. Obraz vyetnamskoy jenschini v mifax i istorii Vyetnama. Oykumena. 2010. № 1 S. 35.
[4] Novakova O.V. Natsionalniye sennosti, vizovi modernizatsii i religioznaya situatsiya vo Vyetname v XXI veke. https://cyberleninka.ru/article/n/natsionalnye-tsennosti-vyzovy-modernizatsii-i-religioznaya-situatsiya-vo-vietname-v-xxi-veke
[5] Michael Martin. The Cambridge Companion to Atheism —2006 — R. 57.
[6] Jan Dodd, Mark Lewis, Ron Emmons The Rough Guide to Vietnam 4 — 2003 – R. 509.
Kerry Walters Atheism: A Guide for the Perplexed 2010 — P. 11.
[7] Religiya vo vyetname: komu vyetnamsi veryat i poklonyayutsya. https://kstrip.ru/
[8] Sokolov A. Vyetnamskaya kultura v usloviyax globalizatsii. https://www.ayk.gov.tr/wp-content/uploads/2015/01/SOKOLOV-Anatoliy-98.pdf
[9] Soyuz jenschin Vyetnama – Vietnam Women‘s Union. Vikipediya. site:wiki5.ru
[10] Syunnerberg M.A. Jenschini v istorii Vyetnama. S 267. https://cyberleninka.ru/article/n/zhenschiny-v-istorii-vietnama
[11] Naseleniye Vyetnama. https://countrymeters.info/ru/Vietnam
[12] Kak vse ustroyeno: semeyniye traditsii Vyetnama. https://letidor.ru/psihologiya/kak-vse-ustroeno-semeynye-tradicii-vetnama.htm?full
[13] Kak vse ustroyeno: semeyniye traditsii Vyetnama. https://letidor.ru/psihologiya/kak-vse-ustroeno-semeynye-tradicii-vetnama.htm?full
[14] General Statistics Office of Vietnam. "Completed Results of the 2019 Vietnam Population and Housing Census". — Statistical Publishing House (Vietnam), 2019. — ISBN 978-604-75-1532-5.
[15] Selskoye xozyaystvo vo Vyetname. https://ru.wikipedia.org/wiki/
[16] BuiV.H. — Transformatsiya sotsialnix roley v traditsionnix remeslennix derevnyax v sovremennom Vyetname// Chelovek i kultura. – 2022. – № 6. – S. 18 - 31. https://nbpublish.com/library_read_article.php?id=39062
[17] BuiV.H. — Transformatsiya sotsialnix roley v traditsionnix remeslennix derevnyax v sovremennom Vyetname// Chelovek i kultura. – 2022. – № 6. – S. 18 - 31. https://nbpublish.com/library_read_article.php?id=39062