AQSH jamiyatida xotin-qizlarning qo‘llab-quvvatlanishi va qadriyatlaridagi transformatsiyalar

09:17 - 13 Aprel Yangiliklar
234
ness image

 

Tarixiy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, AQSH qadriyatlariga jamiyatda yuz bergan turli madaniy assimilyatsiya jarayonlari va innovatsiyalar kuchli taʼsir ko‘rsatgan. Amerika jamiyatida anʼanaviy va diniy qadriyatlar ulug‘langan holda asta-sekin anʼanaviy qarashlardan voz kechish, liberal eʼtiqodlar tomonga siljish yorqin namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayon uzoq yillardan beri davom etib, aholi xulq-atvori, jamiyatdagi turli og‘ishlar, elektoratning siyosiy xohish-istaklari kabilarda aks etmoqda.

G‘arb iqtisodiyotida ayollarga imkoniyat yaratish va ularni erkin qilish birinchi AQSHda boshlandi. XXI asrning boshlariga kelib, AQSH ishchi kuchining 46 foizini ayollar tashkil etdi va bu ulush o‘sishda davom etmoqda. Bugungi kunda ayollarning 60-65 foizi, erkaklarning 74 foizi mehnat bozorida band hisoblanadi[1]. Taqqoslash uchun 2006 yil boshida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ayollar bandligi 56 foizni tashkil etgan[2].

Mamlakatdagi ayollarning salohiyatidan foydalanish yo‘nalishida olib borilayotgan xatti-harakatlar AQSH hukumati o‘z taraqqiyotining kuchli manbai sifatida xotin-qizlar salohiyatini tan olishini yaqqol namoyon qilmoqda[3]. 2022-yilda qonun chiqaruvchi va shtat gubernatorlari bo‘lgan ayollarning soni yuqori natijani ko‘rsatdi. 2022-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar natijasida Qo‘shma Shtatlardagi qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyatiga rekord miqdordagi siyosatchi ayollar saylandi[4]. Amerikada o‘sib kelayotgan yosh avlod xotin-qizlar gubernator yoki senator bo‘lganini ko‘rib ulg‘ayishmoqda. Bu esa kelajakdagi jamiyatni gender adolat masalalarida yana-da adolatliroq bo‘lishiga xizmat qiladi.

Amerikadagi nufuzli ayollar nodavlat notijorat tashkilotlari orasida Ayollar Milliy Tashkiloti, “Amerikaning tanlovi” nomli reproduktiv huquqlar va abort bo‘yicha Milliy Harakat Ligasi, Amerika rejalashtirilgan ota-onalik federatsiyasi, Fuqarolik erkinliklari Amerika Ittifoqi, Amerika qora tanli ayollari sog‘lig‘ini saqlash imperativi, Xotin-qizlar kampaniyalari Forumi, Milliy siyosiy ayollar guruhi va boshqalar o‘z o‘rniga ega. Mazkur tashkilotlar faoliyati orqali amerikalik xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari shakllanishida, o‘ziga bo‘lgan bahosining ortishida hamda jamiyatda bajarishi lozim bo‘lgan rollarini o‘zi erkin tanlashida hissa qo‘shib kelmoqda.

Ushbu jarayonda alohida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Ayollar harakati o‘z faoliyati natijasida jamiyatda va xotin-qizlar orasida yangi qadriyatlarni shakllantirish, ommaviy ongning tuzilishi va yangi siyosiy makonni to‘ldirish kabi vazifalarni bajarishda davom etmoqda. Siyosiy partiyalar anʼanaviy ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolar sohasida qarama-qarshilikka berilib ketgan paytda yangi talablarni ilgari surgan mazkur harakat yangi voqeliklarni yuzaga keltirdi. Xotin-qizlar harakatining eʼtiborli jihati shundaki, u jamiyat ichidan, yaʼni quyidan shakllanib chiqqan bo‘lib, hukmronlik qilayotgan siyosiy partiyalarning faoliyatiga, qarorlariga o‘z taʼsirini ko‘rsata oldi hamda jamiyatdagi xotin-qizlarning huquqlari, imkoniyatlarini kengaytirishga erishdi. Shu o‘rinda AQSH jamiyatidagi ayollarning to‘rtdan uch qismi Xotin-qizlar harakati faoliyati natijasida so‘nggi 25 yil ichida ayollarning jamiyatdagi mavqei va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari yaxshilanganini tan olishdi[5]. Ular dam olish kunlarini oila davrasida o‘tkazishi, o‘z hayotiy maqadlari va qarorlarini tanlash huquqi taʼminlanganini, ish faoliyatida moslashuvchan jadvallardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lganini, xotin-qizlarni imtiyozli ishga qabul qilish va lavozimga ko‘tarish holatlari ko‘payganini alohida taʼkidlashgan.

Amerikadagi qadriyatlar transformatsiyasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda sezilarli o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rish mumkin. Mazkur o‘zgarishlar ko‘p holatlarda jamiyatning o‘z rivojlanishi natijasida kelib chiqmoqda. Sotsiolog Bill Makinturf 25 yil davomida yuz bergan o‘zgarishlarni sharhlar ekan, ijtimoiy kayfiyatdagi farqlar o‘zgaruvchan Amerikaning yangi va hayratlanarli portretini chizganini tan olgan. Uning taʼkidlashicha, asosiy qadriyatlardagi o‘zgarishlarning asosiy sabablari jamiyatdagi insonlarning siyosiy bo‘linishlari, pandemiya asorati va o‘n yilliklar davomidagi iqtisodiy kelajakka bo‘lgan ishonchning pasayishi bilan izohlanadi[6]. Shu o‘rinda Gellap institutining amerikaliklar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovi natijalarida ham ayrim o‘zgarishlar qayd etilganini ko‘rish mumkin. Jumladan, Qo‘shma Shtatlarda dindorlik darajasi asta-sekin pasayib borayotgani namoyon bo‘ldi. Respondentlarning atigi 48 foizi din ularning hayotida juda muhim rol o‘ynashiga ishonadi. Bu 1952-yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘sha paytda din 75 foiz amerikaliklarning hayotida juda muhim o‘rin egallagan. So‘rovda qatnashgan respondentlarning 30 foizigina so‘nggi haftada cherkov, masjid yoki sinagogaga tashrif buyurganliklarini aytishdi, bu ham 40 yillardan beri so‘rovlar tarixidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi[7].

Bugungi kunda amerikaliklarning milliy xarakterini belgilab bergan vatanparvarlik, din, oila, farzandlar kabi qadriyatlar ular uchun o‘z maʼnosini yo‘qotayotgani ko‘zga tashlanmoqda. O‘tgan chorak asrda ahamiyati ortgan yagona ustuvor qadriyat esa pul va moddiyat bo‘lib qolmoqda[8]. Mazkur ko‘rsatkichlarni The Wall Street Journal nashri va Chikago universitetining NORC siyosiy bo‘lmagan tadqiqot tashkiloti o‘tkazgan so‘rov natijalari tasdiqlaydi. Tadqiqotda qayd etilishicha, bundan atigi 25 yil avval — 1998-yilda jurnal bu savollarni birinchi marta berganida, respondentlarning 70 foizi vatanparvarlik ular uchun “juda muhim” ekanini aytgan. Hozir respondentlarning atigi 38 foizi shunday fikrdaligi maʼlum bo‘ldi. Dinning qadr-qimmatini tan olgan amerikaliklar miqdori 62 foizdan 39 foizga, oilada farzand bo‘lishini majburiy deb biluvchilar ulushi esa 59 foizdan 30 foizga kamaygani aniqlandi.[9]

Amerika orzusining o‘zi ko‘proq maʼnaviy meʼyorlar bilan emas, balki moddiy meʼyorlar bilan o‘lchanishini inobatga olsak, birinchi navbatda, uy-joy, mashina, oziq-ovqat mo‘l-ko‘lchiligi va ularning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ni nazarda tutish holati ustunlik qilishi tabiiydir. Bu borada amerikaliklar o‘zlariga sodiq qolishmoqda.

Anʼanaviy qadriyatlarning, ayniqsa, yoshlar uchun tobora kamroq joziba kasb etishi kelajakda ham ularning ahamiyati kamayishidan dalolat beradi. 30 yoshgacha bo‘lgan so‘rov ishtirokchilarining atigi 23 foizi vatanparvar va farzandli bo‘lish shaxsan ular uchun juda muhim ekanini taʼkidlagan. Mazkur yosh toifasidagi respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi dinni jiddiy qabul qilmaydi.

Amerikaliklar erkin yashashni qadrlashadi va o‘z hayotiga hukumatning aralashuvini hamda nazoratini yoqtirishmaydi. Bu holat Mustaqillik Deklaratsiyasida ham o‘z aksini topgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSH aholisining aksariyati hukumat biror-bir o‘ziga xos qadriyatlarni targ‘ib qilmasligi kerak, deb hisoblaydi. 2008 yilgacha bo‘lgan davrda AQSHda anʼanaviy qadriyatlarni qadrlash hamda ularni saqlab qolish g‘oyasi ustunlik qilgan. 2009 yildan boshlab esa latent tarzda fikrlar taqsimoti o‘zgara boshladi. Bu o‘zgarishlar Demokratik partiya vakili AQSHning o‘sha davrdagi prezidenti B.Obamaning siyosati bilan bevosita bog‘liq. Masalan, u kechki abortlar va bir jinsli nikohlarni qonuniylashtirish tarafdori bo‘lgan edi.

Mamlakatda kuzatilgan iqtisodiy inqirozlar va tanazzullarning tajribasiga qaramay, AQSH fuqarolari kelajakka umid bilan qaraydilar, Xudo ularni xafa qilmasligiga, farovonlikka erishish uchun harakat qilish kerakligiga ishonadilar. Hayotning noqulay tomonlarini qabul qilmaslik, ularni yengishga harakat qilish, yaʼni faollik amerikaliklarning ajoyib xususiyati sifatida namoyon bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, AQSH siyosatida ayollar taʼsirining o‘sishi ularning ijtimoiy faollik hamda taʼlim darajasining ortishi bilan bog‘liq. Amerika tajribasi shuni ko‘rsatadiki, siyosat ayolga muhtoj, xotin-qizlar esa o‘z manfaatlarining siyosatda aks etishiga ehtiyoj sezishadi. Chunki hayotning barcha jabhalari, yaʼni fan, huquq, tadbirkorlik, taʼlim, sport, sanʼat, harbiy soha Amerika ayollari hayotining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar xalqaro maydonda demokratik qadriyatlarning yetakchisi va himoyachisi sifatida namoyon bo‘lsa-da, fuqarolarning huquqlarini amalga oshirish bilan bog‘liq muayyan muammolari mavjud. Ular erkaklar va ayollar o‘rtasidagi gender tengligi masalalarida adolatni o‘rnatish orqali mazkur muammolarni yechish yo‘lidan borishmoqda. Turli taʼsirlar va o‘zgarishlarga qaramay kelajakka intilish, umid va moddiy farovonlik g‘oyasi Amerikaliklar mafkurasidagi doimiy va eng muhim qadriyatlar sifatida saqlanib qolayotganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birgalikda, bugungi kunda amerikaliklarning milliy xarakterini belgilab bergan vatanparvarlik, din, oila, farzandlar kabi qadriyatlar ular uchun o‘z maʼnosini yo‘qotayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

 

 

Strategik tahlil va prognozlashtirish bo‘limi xodimi

Nururllayeva U.N. tayyorladi

 

Adabiyotlar ro‘yxati

1.           Foroohar R. Myth and Reality // Newsweek. 2006. Febr. 2

2.           Jenschini v zakonodatelnoy i ispolnitelnoy vlasti SSHA posle promejutochnix viborov. https://www.golosameriki.com/a/women-in-us-politics/6895411.html

3.           Mujchini v Yevrope zarabativayut na 15% bolshe jenschin. https://vz.ru/news/2006/2/24/23666.html

4.           Shvedova N. A. Jenschini v SSHA: mexanizm gendernogo ravenstva. https://cyberleninka.ru/article/n/zhenschiny-v-ssha-mehanizm-gendernogo-ravenstva

5.           Shmelev B. Anatomiya glavnix sennostey SSHA. https://svpressa.ru/politic/article/367368/


[1] Foroohar R. Myth and Reality // Newsweek. 2006. Febr. 27

[2] Mujchini v Yevrope zarabativayut na 15% bolshe jenschin. https://vz.ru/news/2006/2/24/23666.html

[3] Shvedova N.A. Jenschini v SSHA: mexanizm gendernogo ravenstva. https://cyberleninka.ru/article/n/zhenschiny-v-ssha-mehanizm-gendernogo-ravenstva

[4] Jenschini v zakonodatelnoy i ispolnitelnoy vlasti SSHA posle promejutochnix viborov. https://www.golosameriki.com/a/women-in-us-politics/6895411.html

[5] Shvedova N.A. Jenschini v SSHA: mexanizm gendernogo ravenstva. https://cyberleninka.ru/article/n/zhenschiny-v-ssha-mehanizm-gendernogo-ravenstva

[6] Shvedova N. A. Jenschini v SSHA: mexanizm gendernogo ravenstva. https://svpressa.ru/politic/article/367368/

[7] Shvedova N. A. Jenschini v SSHA: mexanizm gendernogo ravenstva. https://svpressa.ru/politic/article/367368/

[8] Shmelev B. Anatomiya glavnix sennostey SSHA. https://svpressa.ru/politic/article/367368/

[9] Shmelev B. Anatomiya glavnix sennostey SSHA. https://svpressa.ru/politic/article/367368/

Chop etish