Mediatsiya nizolarni bartaraf etishning progressiv usuli sifatida

Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay.
Imom Buxoriy
Audiatur et altera pars
(Pust i drugaya storona budet uslishana).
Qadimgi yunon aforizmi
Barcha manfaatlar ichida eng go‘zali –
yaxshi tarbiya olgan insondir.
Epikur
XXI asr ko‘nikmalari yo‘lida hamkorlik tashkiloti (Partnership for 21st Century Skills) tomonidan XXI asrda insoniyatning barcha sohada muvaffaqiyatli faoliyati uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar qatorida quyidagi ijtimoiy kompetensiyalar sanab o‘tilgan:
- Peshqadamlik ko‘nikmalari;
- Shaxslararo va muammolarni hal qilish ko‘nikmalari yordamida boshqalarga taʼsir ko‘rsatish va ularni maqsad sari yo‘naltirish;
- Boshqalar bilan tegishli va mahsuldor tarzda ishlash;
- Guruhlarning jamoaviy aqliy qobiliyatidan zarur hollarda foydalanish;
- Yangilik kiritish va ish sifatini oshirish maqsadida madaniyatlar orasidagi tafovutni bartaraf etish va turlicha nuqtayi nazarlardan foydalanish;
- Tolerantlik.
Ushbu muhim kompetensiyalar qatoridan yuzaga kelgan nizoni taraflarning o‘zaro roziligi asosida uchinchi shaxs ko‘magida hal qilish usuli - mediatsiya (lotincha “medium”, yaʼni “vositachi” so‘zidan olingan) ham o‘rin olgan.
Mediatorlar xulqining Yevropa kodeksida “Mediatsiya - bu ikki yoki undan ortiq tomon ushbu tomonlarga nizoni sud qarorisiz kelishuv tartibida hal etishga yordam berish uchun uchinchi tomon - vositachini jalb qilishga rozilik berish orqali o‘tadigan istalgan jarayon”, deya taʼrif berilgan.
Mediatsiya - hayotdagi turli xil nizolarni tinchlik, muzokara va murosa yo‘li bilan hal etishning progressiv texnikasi sifatida insonning shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy hodisa.
Mediator (vositachi) holis, betaraf shaxs bo‘lib, tomonlarga yuzaga kelgan nizolarning o‘zaro manfaatli yechimini topishga ko‘maklashadi.
Bu jarayonda nizolashayotgan tomonlar uchun zarur shart-sharoitlar taʼminlangan holatda o‘zaro munosabatlarni (oilaviy, kasbiy, ijtimoiy) saqlab qolishga va hamkorlik qilishga imkoniyat yaratiladi.
Mediatsiya deyarli har qanday nizolarda qo‘llanilishi mumkin. (Mediatsiya o‘tkazishning imkoniyati yo‘qligini bildiruvchi nomediabellik holatlari bundan mustasno. Masalan, madaniy xususiyatlar, sud pretsedentining mavjudligi, jismoniy zo‘rlik, nizoning ko‘psubyektli ekanligi, uchinchi shaxs manfaatlari ifodasi, ruhiy kasalliklar mavjudligi va h.).
Mediatsiya jarayoni quyidagi sohalarga tatbiq etilishi mumkin:
- fuqarolik-huquqiy munosabatlari;
- oilaviy munosabatlar;
- biznes munosabatlari;
- taʼlim munosabatlari;
- ijtimoiy-mehnat munosabatlari.
Uning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra ular muhokama qilmoqchi bo‘lgan masalalarni aniqlab olishlari mumkin.
Mediatsiya - juda moslashuvchan jarayon, uning yo‘nalishi har doim tomonlarning shaxsiy ehtiyojlariga muvofiq o‘zgarishi mumkin.
Zamonaviy ko‘rinishdagi mediatsiya XX asrning o‘rtalarida AQSH, Buyuk Britaniyada tarkib topgan.
Bugungi kunda mediatsiya nizolarni hal etishning eng keng tarqalgan alternativ usuli hisoblanadi. Hozirgi paytda u fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida deyarli barcha rivojlangan davlatlar amaliyotida qo‘llanadi.
BMT xalqaro savdo huquqi bo‘yicha maxsus Komissiyasi tomonidan kommersiya sohasida nizolarni bartaraf etish maqsadida mediatsiya bo‘yicha namunaviy qonun ishlab chiqilgan.
Yevropa Ittifoqida mediatorlarning faoliyatini tartibga soluvchi bir qator meʼyoriy hujjatlar mavjud.
30dan ortiq Yevropa tashkilotlari ekspertlari tomonidan mediatorlar xulqining Yevropa kodeksi ishlab chiqilib, qabul qilingan (European Code of Conduct for Mediators).
Undan tashqari 2008-yildan “Mediatsiyaning ayrim aspektlari bo‘yicha Yevropa direktivasi” amal qiladi.
G‘arb davlatlarida mediatsiyaga ikkita yondashuvni kuzatish mumkin:
Sudya tomonlarga mediator hizmatiga murojaat qilishni taklif qiladi (AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Germaniya);
Majburiy mediatsiya, yaʼni sudgacha nizolarni bartaraf etishning mediativ usulining majburiyligi (Yaponiya, Argentina).
Xususan, AQSHda nizolarni hal qilishning milliy instituti tashkil etilgan va u mediatsiyaning yangi usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Buyuk Britaniyada betaraf vositachilar ishtirokida yarashtirish tartibi hamda maxsus telefon xizmati ham mavjud.
Germaniyada mediatsiya instituti adliya tizimi tarkibida faoliyat olib boradi. Mediatorlarning bevosita sudlarda ish olib borishi potensial sudlashuvlar sonini kamaytirishga hizmat qiladi.
2010-yilda Rossiyada "Uchinchi shaxslar ishtirokida nizolarni hal etishning muqobil jarayonlarini tartibga solish to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingan.
2011-yilda Qozog‘iston Respublikasida "Mediatsiya to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingan.
Shuningdek, Singapur, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Koreya, Hindiston kabi mamlakatlarda mediatsiya instituti tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Chet davlatlarning ijobiy tajribasi O‘zbekistonda fuqarolarni va tashkilotlarni qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish darajasini oshirishga hizmat qiladigan nizolarni bartaraf etishning muqobil usuli sifatida mediatsiyani tatbiq etish va rivojlantirish istiqbollari haqida fikr yuritishga imkon beradi.
Bugungi kunda mediatsiya instituti O‘zbekistonning milliy qonunchilik tizimidan munosib o‘rin oldi. O‘zbekiston Respublikasining "Mediatsiya to‘g‘risida"gi qonuni 2018-yilning 12-iyunida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi va 2019-yilning 1-yanvaridan kuchga kirdi.
Uning maqsadi – mamlakatimizda nizolarni, xususan, ijtimoiy mehnat, oilaviy va biznes-tadbirkorlik sohasidagi nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish, nizolashuvchi taraflarning nizolarini mustaqil, o‘zaro foydali shartlar asosida hal etish imkoniyatini topishga ko‘maklashishdan iborat.
Mediatsiya jarayonining asosiy tamoyillariga quyidagilar kiradi:
- konfidensiallik (maxfiylik);
- ixtiyoriylik;
- shaffoflik;
- taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi;
- mediatorning mustaqilligi, xolisligi va betarafligi;
- o‘zaro hurmat.
Mediatsiyani amalga oshirish natijasida taraflar nizoni bartaraf etish bo‘yicha umumiy fikrga kelgan taqdirda, ular o‘rtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi. Mediativ kelishuv shartlari bajarilmagan taqdirda, taraflar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etishi mumkin.
Mediatsiya kelishuvga asoslangan jarayon bo‘lib, unda nizo tomonlari ixtiyoriy ravishda betaraf uchinchi shaxs yordamida nizoni tartibga solish imkonini beradigan konsensusni topishga intiladi. Betaraf uchinchi shaxs – mediator sudya emas va kelib chiqqan nizo yuzasidan hech qanday mustaqil qaror qabul qilmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur qonunning amaliyotga tatbiq etilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, mahalla va oila institutini mustahkamlashning yana bir huquqiy kafolati bo‘lib hizmat qiladi.
Mohira Xoliqova,
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti
katta ilmiy xodimi, falsafa doktori, dotsent