KONSTITUTSIYA – INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARI GAROVI

Konstitutsiya (lotincha "constitutio" - tuzish, o‘rnatish, belgilash) – davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolati, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradigan asosiy qonun.
Dunyodagi ilk davlat Dajla va Frot daryolari oralig‘ida joylashgan Shumerlar davlati – Mesopotamiyaning ham o‘z qonunlari bo‘lgan. U Xammurapi qonunlari deb atalgan.
O‘tgan qariyb 50 asr ichida yer sayyorasida yuzlab davlatlar barpo etildi: Chin imperatorligi, Turk hoqonligi, Somoniylar davlati, Xorazm xonligi, Vizantiya, Rim, Usmoniylar imperiyasi, Temuriylar davlati, Yevropa Ittifoqi va h.
Har bir barpo etilgan davlatning o‘z siyosiy-ijtimoiy hayotini tartibga soluvchi qonunlari bo‘lgan: Chingizxon “Yasoqlar”i, Mangu yorliq, Temur “Tuzuklar”i, Domostroy, Bill o pravax (huquqlar to‘g‘risida Bill), Rim huquqi, Habeas Corpus Act.
Xususan, o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi sohibqiron Amir Temur avvalgi davr mutafakkirlari, davlat arboblarining siyosiy qarashlarini, shu jumladan, “Yasoqlar”, “Mangu yorliq” singari davlat boshqaruviga oid hujjatlarni chuqur o‘rgangan va "Tuzuklar" nomli qonun-qoidalar to‘plamini yaratgan.
Bu xarizmatik, keng dunyoqarashga ega, bilimli inson o‘z davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun eng birinchi navbatda siyosiy-harbiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan.
"Tuzuklar" o‘z davrining Konstitutsiyasidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yirik sharqshunos olim Logofet eʼtirof etganidek, "Turkistonda G‘arbiy Yevropadan 500-yil oldin Konstitutsiya vujudga kelgan".
"Tuzuklar"da inson omiliga oliy qadriyat sifatida qaralgan: "Raiyat xonavayron qilinsa, davlat xazinasi kambag‘allashadi, bu esa o‘z o‘rnida saltanatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi".
Xalqning farovon turmush kechirishini taʼminlash mamlakatning iqtisodiy-siyosiy qudratini oshirishga hizmat qilishini buyuk sarkarda teran anglagan.
“Tuzuklar” Sharq mamlakatlari tamadduniga xos konstitutsiyaviy hujjat bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo xalqlari ijtimoiy hayotida kuchli rol o‘ynagan.
Yevropada qabul qilingan ilk konstitutsiya "Xartiya volnostey" (Erkinliklar Xartiyasi) deb ataladi. U 1215-yilda Angliyada qabul qilingan.
Konstitutsiyaviy ahamiyatga molik hujjatlar sirasiga AQSHning 1776-yilda qabul qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi” va Fransiyaning 1789-yilda qabul qilingan “Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi”ni misol qilish mumkin.
Tomas Jefferson, Jorj Vashington hamda Benjamin Franklin imzo chekkan Mustaqillik Deklaratsiyasida ilk bor "Xalq davlat hokimiyatning yagona manbaidir" degan konstitutsiyaviy qoida mustahkamlangan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan.
Milliy asoslarga tayanadigan va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga hamohang O‘zbekiston Konstitutsiyasi murakkab tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi va xalqimizning mustaqillik yo‘lidagi ko‘p asrlik intilishlarining mahsulidir.
Konstitutsiyamiz insoniyat tomonidan to‘plangan ilg‘or tajriba, Platon, Aristotel, Erazm Rotterdamskiy, Tommazo Kampanella, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Sharl Monteskye, Djon Lokk kabi buyuk mutafakkirlarning ulkan ilmiy-falsafiy merosiga tayanadi.
Xususan, Sharl Monteskyening "Qonunlar ruhi", Djon Lokkning “Inson salohiyati namunalari”, Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, Tommazo Kampanellaning “Quyosh shahri” asarlarida inson huquqlariga hurmat, hokimiyat vakolatlarini taqsimlash tamoyillari, adolatli jamiyat, odil hukmdor g‘oyalari ilmiy asoslab berilgan.
Bosh qomusimiz Baqtriya, Parfiya, So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Turk hoqonligi davlatchiligi anʼanalari, buyuk mutafakkirlarimizning falsafiy tafakkuri, xalqimizning qadriyatlari, intilishlari va ko‘p asrlik orzu-niyatlarini mujassam etadi.
Konstitutsiyamizning yaratilishi yo‘lidagi birinchi tarixiy qadam – milliy o‘zligimiz ramzi bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilishidir. Davlat tili to‘g‘risida muhim huquqiy qoidalar Bosh Qomusimizning 4-moddasida aks etgan:
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.
Konstitutsiya davlatning siyosiy-huquqiy asosi, fuqarolarning huquq va erkinliklarining garovidir. Shu o‘rinda Amir Temurning “Kuch - adolatda”, “Qonuniylik adolat o‘rnatishning asosiy shartidir”, “Hukmdorning har bir amri, farmoni — to‘ra va tuzuk, odat va qonun-qoidalarga tayangan bo‘lishi kerak” kabi o‘lmas g‘oyalari Bosh Qomusimiz va milliy taraqqiyot tamoyillariga mushtarak ekanligini eslatib o‘tish joiz.
Konstitutsiyada bayon etilgan ideallarni hayotga tatbiq etish yo‘li davomli va masʼuliyatli jarayon. Qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga asoslangan fuqarolik jamiyatini barpo etishda, demokratik huquq va erkinliklarni yana-da takomillashtirish va himoya qilishda uning ahamiyati beqiyosdir.