Ijtimoiy shartnoma kambag‘allikni kamaytirish mexanizmi sifatida

12:31 - 21 Oktabr Yangiliklar
3726
Qashshoqlikni tugatish, kambag‘allikka qarshi kurashish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash texnologiyalariga hukumat tomonidan ijtimoiy shartnomalarga ko‘proq eʼtibor qaratish zarurligi mamlakat rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 8-oktyabr kuni “Jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tilga olindi.
ness image

Shu bilan birga, yoshlar va xotin-qizlar yo‘nalishlari bo‘yicha “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” ro‘yxatlarini shakllantirish jarayonida ijtimoiy shartnoma tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqligi ham belgilab qo‘yildi. Aholini qo‘llab-quvvatlashning bunday shakli Yevropaning ko‘plab rivojlangan davlatlarida oqilona yo‘lga qo‘yilgan va ko‘pgina oilalar va alohida shaxslarni inqirozdan olib chiqish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega. Bugungi kunda dunyo amaliyotida ijtimoiy shartnomaga qiyin iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan kishilarning ushbu vaziyatdan chiqib ketishini rag‘batlantiradigan mexanizm sifatida qarash shakllangan. Ushbu mexanizmning mohiyati davlat va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro harakatlarning yakka tartibidagi yo‘nalishini belgilash maqsadida tuzilgan bitimdir.

Muayyan mamlakatda keng qamrovli shiddatli islohotlar davrida (ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda) aholining kattagina qismining maʼlum vaqt oralig‘ida ijtimoiy-iqtisodiy holatining tushib ketishi, kambag‘allik darajasining ortishi tufayli jamiyat hayotida keskinlik, noroziliklarning ortishi kuzatiladi. Ushbu holatda ijtimoiy shartnomalar tizimi jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlaydigan va bo‘lishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarni oldini olishning kafolati sifatida namoyon bo‘ladi.

Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi: “Ijtimoiy shartnoma” o‘zi nima? Uning asosiy tamoyillari nimalardan iborat? Nima uchun bu masalaga hukumat doirasida bu darajada katta eʼtibor qaratilmoqda?

Klassik shakldagi “ijtimoiy shartnoma” tushunchasi Tomas Gobbs, Jon Lokk va Jan Jak Russo tomonidan talqin etilgan. Ularning nuqtai-nazaricha. ijtimoiy shartnoma fuqarolarning mulk huquqi va xavfsizligini yoki jamiyat neʼmatlarini taqsimot tengligini o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan meʼyor hisoblangan.

Ijtimoiy shartnomalar maxsus adabiyotlarda ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi bir-birlariga bo‘lgan huquq va majburiyatlar to‘g‘risidagi rasmiy va norasmiy kelishuvlar to‘plami sifatida belgilanadi. (Makarkin, 2011, McCandless, 2018).

Zamonaviy talqinda. ijtimoiy shartnoma - bu kambag‘al fuqaro bilan ijtimoiy taʼminot muassasalari o‘rtasida unga va uning oilasiga davlat tomonidan ijtimoiy to‘lovlarni naqd to‘lovlar, ijtimoiy xizmatlar yoki eng muhim tovar (yoqilg‘i, oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, dori-darmon) shaklida berish bo‘yicha o‘zaro majburiyatlar to‘g‘risidagi bitim.

Rossiyalik tadqiqotchi V.A.Vasilyev nuqtai-nazaricha (Vasilyev V.A. Identifikatsiya problemi bednosti v sovremennix rossiyskix usloviyax: sotsiologicheskiy analiz. M., 2004. S 24) “kambag‘allik diskursi” - demografiya, jamoat tartibi, shuningdek, shaxsiy xavfsizlik va davlatning siyosiy barqarorligiga tahdid, kambag‘allikni umumbashariy muammoga aylanish muammosi sifatida tavsiflanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining maʼlumotiga ko‘ra (2020-yilning 1-iyul holatiga), O‘zbekiston aholisining 12-15 foizi, yaʼni 4-5 millioni kambag‘al. Bu esa ularning har yettinchisidan biri kambag‘al ekanligini bildiradi. Bunday holda, ijtimoiy shartnoma kambag‘al oilalar va qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan, o‘z muammolarini mustaqil ravishda o‘zi hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, aksariyat hollarda jamiyatning iqtisodiy hayotida o‘z o‘rnini topa olmaydigan, ko‘pincha o‘zlarini taʼminlashga qodir bo‘lmagan va davlatdan faqat moddiy yordam kutayotgan fuqarolarga qaratilishi lozim bo‘ladi.

Ijtimoiy shartnomaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- ijtimoiy tizimdan yetarlicha mustaqillikka ega bo‘lish va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish uchun benefitsiar (ko‘mak oluvchi) va uning bevosita sotsial muhiti (oilasi) ni ijtimoiy va kasbiy qayta integratsiyalashuviga imkon berish;

- kishining eng yaqin oila aʼzolari, jumladan, farzandlarining bunday masʼuliyatni ertaroq anglashi va o‘z zimmalariga olishiga imkon berish;

- davlat o‘z fuqarolari oldida majburiyatlarga ega bo‘lishi va uni bajarishini, fuqarolarning o‘zlarini ham jamiyatga kuchli yordam ko‘rsatishlari zarurligini ularga tushuntirish;

- qisqa muddatlarda munosib uy-joyga ega bo‘lish, tibbiy yordam, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali fuqaroning jamiyatga barqaror integratsiyasini taʼminlash;

- yaqin istiqbolda kishini to‘liq mustaqil qilish, xususan, munosib haq to‘lanadigan ishga joylashtirish.

O‘zbekiston sharoitida ijtimoiy shartnoma tajribasini innovatsion texnologiya sifatida tadbiq etish zaruriyatidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, u holda bu mexanizmning mazmun-mohiyati, tamoyillari, vazifa va funksiyalari ilmiy-metodologik jihatdan tadqiq etilishi, normativ-huquqiy asoslari qisqa fursatlarda ishlab chiqilishi, bu borada ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, eksperiment (tajriba sinov) asosida mamlakatimizning ayrim hududlarida joriy etish masalalari kun tartibiga chiqmoqda.

Xorijiy davlatlarning ijtimoiy shartnomalar borasidagi tajribalarini tahlil qilish orqali jamoatchilikda ijtimoiy shartnoma texnologiyasining mazmuni to‘g‘risida muayyan tasavvurni shakllantirish maqsadida bu faoliyatni qanday tashkil etish to‘g‘risida qisqacha maʼlumot berishni maʼqul ko‘rdik.

Ijtimoiy shartnoma kelishuviga muvofiq, aholini ijtimoiy himoya qilish organi (tegishli huhuddagi) davlat ijtimoiy yordamini ko‘rsatishni o‘z zimmasiga oladi va benefitsiar (ko‘mak oluvchi) lar shartnomada nazarda tutilgan ijtimoiy moslashuv dasturining tadbirlarini amalga oshirish majburiyatlarini o‘z zimmalariga oladilar. Ijtimoiy shartnoma orqali davlat kambag‘allikdan chiqish uchun faol va kuchli rag‘batga (motivga) ega bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shunday qilib, ijtimoiy shartnoma kam daromadli odamlarning ijtimoiy qobiliyati va salohiyatini faollashtirishga yordam beradi. Shartnomaning maqsadi kam daromadli fuqarolarga doimiy mustaqil daromad manbalari orqali yuqori turmush darajasiga erishishda ko‘mak berishdir.

Ijtimoiy shartnoma asosida davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatishning yangi texnologiyasi, ushbu yordamni ko‘rsatishning amaldagi tartibidan farqli o‘laroq, qiyin hayotiy vaziyatdan chiqish uchun fuqaroning faol harakatlarini ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, bu yangi texnologiyani o‘zini o‘zi boshqarish organining bevosita ishtirokisiz amalga oshirish mumkin emas. Ijtimoiy shartnoma keng tadbiq qilingan davlatlarda ushbu dasturni amalga oshirish natijalari tuman (shahar), o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlarining faoliyatini baholashda hisobga olinadi.

Ijtimoiy shartnomalar tizimini qo‘llashdan kutilayotgan natijalar quyidagilar:

- davlat tomonidan ijtimoiy yordam oluvchilarning mehnat qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish;

- kambag‘al, kam taʼminlangan, qiyin iqtisodiy vaziyatga tushgan fuqarolarning turmush darajasi va sifatini ko‘tarish;

- kam taʼminlangan oilalar aʼzolarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish;

- ko‘mak oluvchilarning ijtimoiy javobgarligini kuchaytirish, ularning qaramlikka bo‘lgan xulq-atvor motivlarini kamaytirish.

Bunday majburiyatlarga qandaydir haq to‘lanadigan ishlarni bajarish yoki qo‘shimcha taʼlim olish, masʼuliyatli ijtimoiy xulq-atvorlar kiradi.

Davlat ijtimoiy yordamini ko‘rsatishning yangi texnologiyasini tatbiq etishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

- ixtiyoriy ishtirok etish;

- ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish majburiyati;

- ijtimoiy shartnoma shartlarini belgilashda individual yondashuv;

- ijtimoiy yordam ko‘rsatishning maqsadli xususiyati.

Rossiya Federatsiyasida ijtimoiy shartnoma bitimi tuzish sharoitida o‘rtacha oilaviy daromadlari jon boshiga hududdagi o‘rtacha daromadning yarmi yoki undan kam bo‘lgan farzandli oilalar, mehnatga layoqatli, lekin ishlamaydigan farzandlari bo‘lgan va nogironligi bor bo‘lgan oilalar kiritiladi. Ijtimoiy moslashishga mo‘ljallangan maqsadli nafaqa miqdori hududdagi aholi jon boshiga tushadigan eng kam yashash darajasi bilan ijtimoiy shartnoma tuzgan fuqaro oilasining jon boshiga o‘rtacha daromadlari o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

Ijtimoiy moslashuv uchun manzilli nafaqa tayinlash uchun fuqaro yashash joyidagi ijtimoiy himoya organiga belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi, oilaviy va moddiy ahvoli to‘g‘risidagi so‘rov varaqasini to‘ldiradi. Arizaga oiladagi barcha voyaga yetgan shaxslarning yozma ravishdagi roziligi ilova qilinishi lozim bo‘ladi.

Ijtimoiy himoya organlari xodimlari ariza beruvchi fuqaro bilan suhbat davomida “Suhbat varaqasi” ni to‘ldirishadi. Unga ariza bilan murojaat etuvchining oiladagi muammolari, qiyin hayotiy vaziyatdan chiqish imkoniyatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlari kiritiladi. Aholini ijtimoiy himoya qilish organi fuqaro tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tekshirib ko‘rishi talab etiladi.

Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar qo‘shimcha tekshiruv (komissiya so‘rovi) yordamida tekshirilishi mumkin, natijada kambag‘al oilaning yashash sharoitlarini moddiy-maishiy o‘rganish bo‘yicha dalolatnoma tuziladi.

Fuqarolarning arizasi, oilaviy va moddiy ahvol bo‘yicha so‘rovnoma, suhbat varag‘i va moddiy-maishiy tekshirish dalolatnomasi asosida ijtimoiy himoya organi xodimlari ariza beruvchining ishtirokida ijtimoiy shartnomani amal qilish davrida oilaning ijtimoiy moslashuv dasturini ishlab chiqadilar.

Olingan natijalar asosida har bir oila aʼzosiga, shu jumladan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy moslashuv uchun manzilli nafaqalar tayinlanadi va to‘lanadi. Odatiy ijtimoiy nafaqa, uning miqdoridan qatʼiy nazar, yiliga bir oydan olti oygacha bo‘lgan muddatga oilaga tayinlanadi.

Ijtimoiy shartnoma 6 oylik muddatga tuziladi. Ijtimoiy himoya organlari xodimlari uni amalga oshirishning barcha bosqichlarida ijtimoiy shartnomani nazorat qilib boradilar, fuqarolar va ularning oila aʼzolari tomonidan shaxsiy ijtimoiy moslashuv dasturining bajarilishini tekshirib borishadi, natijalarga ko‘ra ko‘rilgan choralar samaradorligini baholaydilar.

Ijtimoiy moslashishga mo‘ljallangan maqsadli nafaqa: shaxsiy yordamchi yoki dehqon (fermer) xo‘jaligini rivojlantirish (shaxsiy yordamchi yoki dehqon (fermer) xo‘jaligini yuritish uchun chorva mollari, parrandalar, boshqa mol-mulk sotib olish); yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish; hayotning minimal ehtiyojlarini taʼminlash (oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, dori-darmon va boshqalar); kasbiy qayta tayyorlash; bolani maktabgacha taʼlim muassasasida saqlash uchun to‘lov; ijtimoiy moslashuvning individual dasturida ko‘rsatilgan boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin.

Xulosa qilib aytish mumkinki, ijtimoiy shartnomani mamlakatimizda aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandligini taʼminlash, kasbiy qayta tayyorlash, nochor iqtisodiy vaziyatdan chiqarish va bu borada ratsional qarorlar qabul qilishning mexanizmi sifatida amaliyotga tadbiq etish davri keldi.

Nodira EGAMBERDIYEVA,

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot

instituti direktori

Sobir XODJAYEV,

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot

instituti, bo‘lim boshlig‘i

Chop etish