Demografik barqarorlik konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

12:53 - 27 Sentabr Yangiliklar
500

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga mo‘ljallangan demografik barqarorlik konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Konsepsiya mamlakatda demografik barqarorlikni taʼminlashning maqsadi, vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, qisqa va o‘rta muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi.

ness image

Konsepsiya demografik barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olib, demografik barqarorlik – demografik o‘zgarishlarni prognoz qilish, ularning oqibatlarini tushunish va inson huquqlarini inobatga olgan holda aniq maʼlumotlarga asoslangan siyosiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Demografik vaziyat – demografik jarayonlar holati, aholining umumiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilovchi jamiyat rivojlanishining obyektiv ijtimoiy-iqtisodiy qonuniyatlarining muayyan tarzda namoyon etilishidir. Demografik dividend – aholi yosh tarkibining o‘zgarishi, birinchi navbatda, mehnatga layoqatli yoshdagi aholining ulushi mehnatga layoqatsiz yoshdagi aholining ulushidan yuqori bo‘lgan vaziyat bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy o‘qish salohiyatidir. Demografik “imkoniyatlar darchasi” – mamlakat demografik rivojlanishida mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushining eng yuqori bo‘lgan davri. 

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga mo‘ljallangan demografik barqarorlik konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida demografik vaziyatning joriy holati, rivojlanish tendensiyasidan tashqari hozirda mavjud muammolar xususida ham so‘z bordi.

O‘zbekiston MDH dagi eng yuksak demografik salohiyatga ega davlat hisoblanib, 2021-yilda mintaqa aholisining 11,9 foizi va Markaziy Osiyo mintaqasining 46,7 foizi mamlakatimiz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yaʼni O‘zbekiston aholisi yuqori surʼatda ko‘payayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Biroq shunga qaramay O‘zbekistonda shu paytgacha demografik konsepsiya ishlab chiqilmagan edi.

Bunga sabab – demografiya sohasida salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmaydi, yagona demografik siyosat yurituvchi idora mavjud emas. Demografik jarayonlarni tahlil qilish va o‘rganish bilan bog‘liq funksiya va vazifalar qator vazirlik va idoralarning nizomlariga kiritilgan bo‘lsa-da, ularni yagona koordinatsiya qiluvchi organ mavjud emas. Demografik jarayonlarni tahlil qiluvchi akademik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy taʼlim muassasalari deyarli yo‘q. Ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar yetarli emas, xalqaro tashkilotlar, xorijiy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan tizimli hamkorlik yetarlicha o‘rnatilmagan.

Demografik barqarorlik konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Konsepsiya demografiya sohasiga oid normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalarini rivojlantirishda demografik imkoniyatlarni hisobga olish, oila institutini mustahkamlash va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholining ichki va tashqi migratsiya hamda urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish boshqa qator masalalarda o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatishi haqida taʼkidlab o‘tdi.

“O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan demografik barqarorlik Konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash” yuzasidan o‘tkazilgan muhokamalar hamda taqdim etilgan taklif va tavsiyalar saralanib, hujjatga ilova qilinadi.

 

Mazkur muhokamada quyidagi vazirlik va idora vakillari ishtirok etdi:  

·       O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi; 

·       O‘zbekistop Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respulikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti; 

·       O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi.

Chop etish