“O‘zbek xotin-qizlarining davlatchilik tariximizdagi o‘rni va xizmatlari” mavzusidagi ilmiy yig‘ilish
Joriy yilning 9-avgust sanasida bo‘lib o‘tgan mazkur ilmiy yig‘ilishda so‘nggi yillarda jadal rivojlanishni boshdan kechirayotgan tarix fanida qo‘lga kiritilayotgan ilmiy natijalar asosida o‘zbek xotin-qizlari eng qadimgi zamonlardan buyon oiladan tashqari davlat va jamiyat hayotining barcha yo‘nalishlarida o‘zlariga yarasha o‘rin tutgani, o‘tmishda davlat boshqaruvi, harbiy faoliyat, yurt himoyasi, mulkchilik, qurilish, ishbilarmonlik, homiylik, taʼlim-tarbiya, adabiyot, din kabi sohalarda o‘zbek ayollari ko‘rsatgan faoliyatiga oid maʼruzalar muhokama qilindi.

Tadbirda o‘zbek ayolining qadr-qimmati, qadimgi ashyoviy manbalarda aks etgan ayol timsoli, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni, kiyinish madaniyati, zeb-ziynatlar va ularning falsafasi, Qo‘qon malikasi Ming oyim va uning kelini Nodira begimning maʼrifat, iqtisodiy hayot va davlat boshqaruvidagi faoliyati, xotin-kizlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini oshirish, maorifni rivojlantirishda ko‘rsatgan homiyligi, bunyodkorlik ishlari, yangicha fikrlovchi jadid ayollarning matbuotdagi chiqishlari, xususan gender tenglikni taʼminlash, ayollarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga hamda ularning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish jarayonlariga bevosita daxldor ekanliklari taʼkidlandi.
Muhokamalarda, shuningdek, jamiyatda ayollarning barcha sohalarda o‘rnini mustahkamlash jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim omili ekanligini inobatga olib, ilmiy yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan 3 ta muhim yo‘nalishda quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:
BIRINCHI YO‘NALISH
Xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish, ularni qadrlash va eʼzozlash
➢ Uch ming yillik o‘zbek davlatchiligi tarixida ayollarga bo‘lgan munosabat, turli davrlar oshib saqlanib qolgan xotin-qizlarni qadrlash va eʼzozlash bilan bog‘liq milliy tarbiya, urf-odat hamda anʼanalarni chuqur o‘rganish;
➢ o‘tmishda davlat boshqaruvi, harbiy soha, yurt himoyasi, mulkchilik, hunarmandchilik, qurilish, ishbilarmonlik, homiylik, taʼlim-tarbiya, adabiyot, din kabi sohalarda o‘zbek ayollari olib borgan faoliyatni ochib beruvchi badiiy, hujjatli va animatsion filmlar yaratish;
➢ O‘zbekiston rivojlanishining hozirgi bosqichida xotin-qizlarning siyosatdagi faolligi tarixini o‘rganish, ushbu masalada chuqur ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish;
➢ mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh olima ayollar orasidan istiqbolli va tashabbuskor ayollarni tanlab olish va kadrlar zaxirasini yangilab borish, ular bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish;
➢ oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ulushi va ilmiy salohiyatini yuksaltirish, olima ayollar sonini oshirish choralarini ko‘rish.
IKKINCHI YO‘NALISH
Xotin-qizlar bilan olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish
➢ 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 253-bandiga muvofiq, xotin-qizlarning taʼlim olishiga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yana-da oshirish maqsadida xotin-qizlarning davlatlatchilik tarixida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro forumlar, mintaqaviy konferensiyalar, seminar-treninglar tashkil etish;
➢ Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining barcha darajadagi tuzilmalaridagi masʼullari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari imkoniyatidan xotin-qizlarning tarixiy tafakkurini shakllantirishda oqilona foydalanish, ushbu yo‘nalishda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish;
➢ mamlakatimizda xotin-qizlar bilan olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “O‘zbek xotin-qizlarining davlatchilik tariximizdagi o‘rni va xizmatlari”ga doir tadqiqot materiallarini umumtaʼlim maktablari, o‘rta maxsus va oliy taʼlim muassasalari o‘quvchi va talabalari uchun tarix fanidan tayyorlanayotgan yangi avlod darsliklariga kiritish.
UCHINCHI YO‘NALISH
Xotin-qizlarining ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash
➢ xotin-qizlarning davlatchilik tarixida tutgan o‘rni va xizmatlarini yoritishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-kuvvatlash;
➢ yurtimizda xotin-qizlar hayoti, faoliyati va boy ijodiy merosini o‘rganish yo‘nalishida ilmiy tadqiqot institutlari, shu jumladan oliy taʼlim muassasalariga davlat ijtimoiy buyurtmalari, grantlarini ajratish;
➢ YUNESKO tashkiloti ko‘magida gender tenglikka erishish,
xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tarixiga bag‘ishlangan xalqaro forumlar, mintaqaviy konferensiyalar, seminar-treninglar tashkil etish;
➢ davlat arxivlari, muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan xotin-qizlar hayoti va ijodiga oid tarixiy manbalar elektron platformasini yaratish va ushbu yo‘nalishdagi innovatsion g‘oyalar, loyiha va ishlanmalarni joriy etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
➢ ayollar tomonidan tashkil etiladigan yirik hajmdagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash orqali olima ayollar ilmiy tadqiqotlarini rag‘batlantirish;
➢ mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatidan hamda rivojlangan mamlakatlarning tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilikning fikrini o‘rganish.