DEMOGRAFIK HOLAT
Mazkur to‘plamda Davlat statistika qo‘mitasining ma‘lumotlariga asosan O‘zbekiston Respublikasidagi demografik holatni ifodalovchi ko‘rsatkichlar, aholining umumiy daromadlari hamda ro‘yxatga olingan jinoyatlarning statistik tahlili keltirilgan. Ma‘lumotlar 2021-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida taqdim etilgan[1].

DEMOGRAFIK HOLAT
(2021-yil yanvar-sentabr)
O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisining soni 2021-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, 35 079,2 ming kishini tashkil etib, yil boshidan 520,3 ming kishiga yoki 1,5% ga ko‘paydi.
Jumladan, shahar aholisi soni 17 829,6 ming kishi (jami aholi sonidagi ulushi 50,8 %)ni, qishloq aholisi soni 17 249,6 ming kishi (49,2 %)ni tashkil etdi.
Tug‘ilish
2021-yilning 9 oyi davomida 670,7 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 nafar aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 25,8 promilleni tashkil etdi hamda 2020-yilga nisbatan 1,8 promillega oshganligi kuzatildi (2020-yilda 24,0 promilleni tashkil etgan).
Vafot etganlar
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida 132,1 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, har 1000 aholiga o‘lim koeffitsiyenti 5,1 promilleni tashkil etdi.
Vafot etganlarning o‘lim sabablari – qon aylanish tizimi kasalliklaridan
81,8 ming, boshqa kasalliklardan 15,0 ming, o‘simtalardan 10,4 ming, baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan 8,2 ming, nafas olish a‘zolari kasalliklaridan 6,9 ming, ovqat hazm qilish a‘zolari kasalliklaridan 5,5 ming, yuqumli va parazitar kasalliklardan 4,3 ming kishini tashkil etdi.
5,8 mingta 1 yoshgacha go‘daklar o‘limi qayd etilgan bo‘lib, har 1000 nafar tirik tug‘ilganga go‘daklar o‘limi koeffitsiyenti 8,9 promilleni tashkil etdi.
Go‘daklar o‘limining sabablari – perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan 3,5 ming, nafas olish a‘zolari kasalliklaridan 1,1 ming, boshqa kasalliklardan 0,9 ming, yuqumli va parazitar kasalliklardan 0,1 ming, tug‘ma anomaliyalardan 0,1 ming, baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan 0,1 ming, ovqat hazm qilish a‘zolari 0,04 ming go‘dakni tashkil etdi.
Nikohlar
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida 206,7 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lib, har 1000 nafar aholiga nikoh koeffitsiyenti 7,9 promilleni tashkil etgan hamda 2020-yilga nisbatan 0,7 promillega oshganligi kuzatildi (2020-yilning yanvar-sentabr oylarida 7,2 promilleni tashkil qilgan).
Ajrashishlar
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida 29,0 mingta ajrashish qayd etilgan bo‘lib, har 1000 nafar aholiga nikohdan ajrashishlar koeffitsiyenti 1,1 promilleni tashkil etgan hamda 2020-yilga nisbatan 0,3 promillega oshganligi kuzatildi (2020-yilning yanvar-sentabr oylarida 0,8 promille bo‘lgan).
Migratsiya. 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida 203,9 mingta ko‘chib kelganlar qayd etilgan bo‘lib, har 1000 nafar aholiga ko‘chib kelish koeffitsiyenti 4,4 promilleni tashkil etgan hamda 2020-yilga nisbatan 0,4 promillega oshganligi kuzatildi (2020-yilning yanvar-sentabr oylarida 4,0 promilleni tashkil qilgan).
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida 222,2 mingta ko‘chib ketganlar qayd etilgan bo‘lib, har 1000 nafar aholiga ko‘chib ketish koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil etgan hamda 2020-yilga nisbatan 0,5 promillega oshganligi kuzatildi (2020-yilning yanvar-sentabr oylarida 4,3 promille bo‘lgan).
AHOLISINING UMUMIY DAROMADLARI
( 2021-yil yanvar-sentabr)
2021-yilning yanvar-sentabr holatiga ko‘ra, aholining umumiy daromadlari 371,3 trln. so‘mni tashkil etdi.
Iste‘mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur‘ati 110,4 %ni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahrida (20760,1 ming so‘m) hamda Navoiy (17238,3 ming so‘m), Buxoro (13144,4 ming so‘m), Toshkent (11940,8 ming so‘m) va Xorazm (11430,2 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi. Aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi eng quyi ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (8018,2 ming so‘m), Farg‘ona (8076,9 ming so‘m), Namangan (8413,1 ming so‘m) va Qashqadaryo (8908,5 ming so‘m) viloyatlarida qayd etildi.
2021-yilning yanvar-sentabr holatiga ko‘ra, aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi 108,3% ni tashkil etdi, 2020-yilning yanvar-sentabr holatiga esa bu ko‘rsatkich 98,0% ni tashkil etgan edi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Xorazm (14,0%), Farg‘ona (11,7%) va Toshkent (11,2%) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Toshkent shahar (0,2%), Sirdaryo (4,7%), Jizzax (6,6 %), Andijon (6,8%), Navoiy (7,3%), Qashqadaryo va Surxondaryo (7,9%) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (8,1%) aholi jon boshiga real daromadlari o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibi
Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi, asosan, umumiy daromadlar tarkibida 64,8% ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 26,2% ni tashkil etuvchi transferlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.
Hududlar bo‘yicha aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning (yollanma ishchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) eng yuqori ulushi Jizzax (76,8%) viloyatida kuzatildi. Aksincha, Xorazm va Samarqand viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) sezilarli ulushni tashkil etadi.
Mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning umumiy daromadlar tarkibidagi ulushi 64,8% ni tashkil etdi.
Mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur‘ati 2020-yilning mos davriga nisbatan 120,2% ni tashkil etdi hamda aholi umumiy daromadlari nominal hajmining 13,3% o‘sishini ta‘minladi.
Joriy davrda yollanma ishchilar daromadlarining o‘sish sur‘ati 117,4% ni tashkil etib, aholi umumiy daromadlari nominal hajmining 4,7% o‘sishini ta‘minladi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibida yollanma ishchilarning daromadlari 26,1% ni tashkil qildi. Yollanma ishchilar daromadlarining eng yuqori nominal o‘sish sur‘ati Toshkent shahri (123,7%) hamda Toshkent viloyatida (119,6%), Qashqadaryo (118,0%), Xorazm (117,8%) va Samarqand (116,1%) viloyatlarida qayd etildi.
Joriy davrda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarining o‘sish sur‘ati 122,2% ni tashkil etib, aholi umumiy daromadlari nominal hajmining 8,6% o‘sishini ta‘minladi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibida mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlari 38,7% ni tashkil qildi. Hududlarda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Jizzax (55,8%), Buxoro (48,0 %) va Andijon (45,1%) viloyatlarida kuzatildi.
Aksincha, Toshkent shahri va Qoraqolpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich o‘rtacha respublika darajasidan past bo‘lgan. Mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning asosiy ulushi Samarqand (10,9%), Toshkent (10,7%) va Andijon (9,4%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Kamroq ulushga ega bo‘lgan hududlar Sirdaryo viloyati (2,4%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3,3%) hamda Navoiy (5,1%) viloyati hisoblanadi.
Mol-mulkdan olingan daromadlar 8,4 trln. so‘mni tashkil etdi.
Joriy davrda mol-mulkdan olingan daromadlar aholi umumiy daromadlari hajmining 0,6 % o‘sishini ta‘minladi. Aholining umumiy daromadlari tarkibida mol-mulkdan olingan daromadlar ulushi 2,2 % ni tashkil etdi.
Mol-mulkdan olingan daromadlar hajmining uchdan ikki qismi ulushi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 54,8 %ni tashkil etdi. Navoiy (13,5%), Toshkent (7,6 %) va Farg‘ona (4,6 %) viloyatlari keyingi yuqori ulushga ega bo‘lgan
hududlar hisoblanadi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan mol-mulkdan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur‘ati 127,1% ni tashkil etdi. Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘sish sur‘ati Navoiy viloyati (152,2%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (147,7%) qayd etildi.
Aholining umumiy daromadlari hajmida transfertlarning ulushi 26,2 %ni tashkil etdi. 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida transferlardan olingan daromadlarning 37,5 % ijtimoiy transfertlardan olingan daromadlar tashkil qilgan bo‘lsa, 62,5 % boshqa joriy transfertlardan olingan daromadlar tashkil qildi.
Ijtimoiy transfertlar tarkibida pensiyalar eng ko‘p ulushni (78,6%) tashkil qilgan bo‘lsa, nafaqalar – 19,8%, stipendiyalar – 1,6 % ni tashkil etdi. 2020-yilning mos davri ma‘lumotlari bilan taqqoslaganda pensiyalarning o‘sish sur‘ati 116,0%, nafaqalarning o‘sish sur‘ati 137,7% ni tashkil etdi.
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 7,2 trln. so‘m miqdorida nafaqa va moddiy yordamlar ajratildi. Shundan 40,6% byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar va 59,4% respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
2021-yilning yanvar-sentabr oylari bo‘yicha boshqa joriy transferlar tarkibiga kiruvchi respublika tashqarisidan kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining nominal o‘sish sur‘ati 142,7% ni tashkil etdi. Aholining umumiy daromadlari tarkibidagi ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3% punktga ko‘tarildi. Ushbu daromadlarning o‘zgarishi aholi umumiy daromadlari nominal qiymatining 6,0% o‘sishini ta‘minlab berdi.
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida boshqa joriy transfertlar 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida aholining umumiy daromadlari tarkibida respublika tashqarisidan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining eng yuqori ulushi
Xorazm (26,4%) va Samarqand (24,8%) viloyatlarida kuzatildi. Shuningdek, Andijon (21,7%), Surxondaryo (20,9%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (20,1%), Namangan va Buxoro (18,6 %), Qashqadaryo (18,3%) va Farg‘ona (17,9 %) viloyatlarida respublika darajasidan yuqori ulushni tashkil etdi.
Aholining umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi 60,6% ni tashkil etdi. Kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning hududiy aholi umumiy daromadlaridagi ulushi turlicha, eng yuqori ulush Jizzax viloyatida (71,2%) kuzatildi. Eng kam ulush esa Toshkent shahrida (49,8%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (52,5%), Navoiy (57,9%) va Farg‘ona (60,1%) viloyatlarida qayd etildi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BO‘YICHA O‘RTACHA OYLIK NOMINAL HISOBLANGAN ISH HAQI
2021-yil yanvar-sentabr oylarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchi, qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari xodimlarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqlari har bir iqtisodiy faoliyat turlarida turlicha farqlanadi.
O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qo‘shimcha to‘lovlar, mukofot pullari, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, konpensatsiya va ishlamagan vaqti uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori dinamikasi, so‘mda
Ma‘lumot uchun: Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga 2021- yil davomida 1-fevral va 1 sentabrdan 2 marotaba o‘zgartirish kiritildi hamda 822,0 ming so‘mga yetkazildi.
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston Respublikasida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2 972,6 ming so‘mni tashkil etdi, 2020-yilning mos davriga nisbatan 15,1% ga o‘sgan.
Sanoat sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlarisiz) o‘rtacha oylik ish haqi 3 643,1 ming so‘mni tashkil etib, 2020- yilning mos davriga nisbatan 4,5% ga o‘sgan.
Qurilish sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 4 135,4 ming so‘mni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 31,4% ga o‘sgan.
Savdo sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 2 913,5 ming so‘mni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 14,0% ga o‘sgan.
Tashish va saqlash sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 3 838,3 ming so‘mni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 16,1% ga o‘sgan.
Axborot va aloqa sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 5 285,7 ming so‘mni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 22,7% ga o‘sgan.
Moliyaviy va sug‘urta faoliyati sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 7 619,8 ming so‘mni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 31,1% ga o‘sgan.
Ta‘lim sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 2 224,7 ming so‘mni tashkil etib, 2020- yilning mos davriga nisbatan 14,7% ga o‘sgan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) o‘rtacha oylik ish haqi 2 111,5 ming so‘mni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 17,3% ga o‘sgan.
HUQUQBUZARLIK
( 2021-yil yanvar-sentabr)
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida respublikada jami 73416[2] ta jinoyat qayd etilgan. Ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni bo‘yicha har 10,0 ming aholiga nisbatan 21,1 ta jinoyat to‘g‘ri kelmoqda.
Ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni hududlar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni Toshkent shahrida (16378 ta), Farg‘ona (13656 ta), Toshkent (8017 ta) va Andijon (4959 ta) viloyatlarida, eng kam ro‘yxatga olingan jinoyatlar Jizzax (1954 ta), Navoiy (1900 ta) va Xorazm (1876 ta) viloyatlarida kuzatilgan.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatlar Toshkent shahrida – 194,3% ga, Farg‘ona – 116,7% ga, Namangan – 112,0% ga, Sirdaryo – 98,7% ga, Toshkent – 81,8% ga, Andijon – 74,6% ga, Surxondaryo – 73,8% ga, Jizzax – 73,5% ga, Navoiy – 73,4% ga, Buxoro – 72,4% ga, Qashqadaryo – 71,4% ga, Samarqand – 61,2% ga, Xorazm viloyatlarida – 16,2% ga va Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 72,9% ga ko‘paygan.
2021-yilning yanvar-sentabr oylarida barcha xizmat yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 50,0%i (36690 ta) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar hisoblanib, 25,6%i (18784 ta) uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar, 21,1%i (15477 ta) og‘ir jinoyatlar, 3,3%i (2465 ta) o‘ta og‘ir jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Oxirgi 3 yilda ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni 2,9 barobar oshgan, agar
2019-yilning yanvar-sentabr oylarida jinoyatlar 25344 ta bo‘lsa, 2021-yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 48072 taga ortgan.
Sodir etilgan jinoyatlarning darajalari bo‘yicha hududlar kesimida tahlil qilinganida, jami sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarning asosiy qismi 17,5%i Farg‘ona viloyati, 17,3%i Toshkent shahri, 13,0%i Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Navoiy (2,8%) va Xorazm viloyatlari esa past ko‘rsatkich (2,8%)ga ega. Og‘ir jinoyatlarning asosiy qismi Toshkent shahri – 25,2%, Farg‘ona – 14,7% va Toshkent viloyati – 9,5% hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Past ulush Sirdaryo (2,3%), Navoiy viloyatlari (2,5%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (3,1%) kuzatilmoqda. O‘ta og‘ir jinoyatlar asosan Toshkent shahri - 21,4 %, Toshkent viloyati – 14,8% va Samarqand viloyati – 13,4% hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Nisbatan kichik ulush Navoiy – 2,0%, Jizzax viloyatlarida – 2,4% va Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 2,5% ga to‘g‘ri kelmoqda.
Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning turlari bo‘yicha tahlil qilinganida, respublikada 15213 ta firibgarlik (jamiga nisbatan 20,7%), 22085 ta iqtisodiyot sohasida, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar (30,1%), 12484 ta o‘g‘rilik (17,0%), 3550 ta o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish (4,8 %), 3296 ta giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar (4,5%), 1944 ta bezorilik (2,6%), 1808 ta poraxo‘rlik (2,5%), 879 ta qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (1,2%), 661 ta talonchilik (0,9%), 346 ta qasddan odam o‘ldirish va odam o‘ldirishga urinish (0,5 %), 266 ta nomusga tegish va nomusga tegishga urinish (0,4%), 240 ta bosqinchilik (0,3%), 231 ta tovlamachilik (0,3%) va 10413 ta boshqa turdagi jinoyatlar (14,2%) ro‘yxatga olingan.
Jinoyat sodir etgan shaxslar soni 50529 kishini tashkil etdi. Ularning asosiy qismi Farg‘ona viloyati (9190 nafar), Toshkent shahri (6569 nafar) va Toshkent viloyati (6240 nafar) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jinoyat sodir etgan ayollar 5997 nafar yoki jamiga nisbatan 11,9 % ni tashkil etgan.
Jinoyat sodir etgan shaxslarning yoshi jihatidan tahlil qilinganida, jami jinoyat sodir etgan shaxslar 50529 nafardan iborat bo‘lib, shundan 31 yosh va undan kattalar 62,2% ni (31444 nafar), 25-30 yoshdagilar 19,5% ni (9852 nafar), 18-24 yoshdagilar 15,4% ni (7781 nafar) va 13-17 yoshdagilar 2,9% ni (1452 nafar) tashkil etgan.
Jinoyat sodir etgan ayollar soni 5997 nafarni tashkil etdi. Jinoyat sodir etgan ayollarning asosiy 1375 nafari Farg‘ona, 658 nafari Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlariga 589 nafardan to‘g‘ri kelgan. Eng past ko‘rsatkichga esa Sirdaryo (107 nafar) va Xorazm (100 nafar) viloyatlari ega.
Sodir etilgan jinoyatlarning har 10 ming nafar aholiga nisbatan eng yuqori darajasi Toshkent shahrida 58,3 kishi, Farg‘ona viloyatida 35,5 kishi, Toshkent viloyatida 27,6 kishi, Sirdaryo viloyatida 24,1 kishiga to‘g‘ri kelgan. Xorazm viloyatida esa eng kam ko‘rsatkich bo‘lib, 9,9 kishiga to‘g‘ri kelgan. 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 830 nafarga ko‘paygan. 230 nafari 13-15 yoshdagilar, 1222 nafari – 16-17 yoshdagilarni tashkil etgan. Jinoyat sodir etgan shaxslarning yoshi bo‘yicha 31 yosh va undan katta yoshdagilar 62,2%, 25-30 yoshlilar – 19,5%, 18-24 yoshlilar – 15,4% va 13-17 yoshlilar – 2,9% ni tashkil etadi. Jinoyat turlari bo‘yicha 31 yosh va undan katta yoshdagilar orasida sodir etilgan jinoyatlarning 19,0 %i firibgarlik, 12,1 %i o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish. 25-30 yoshli jinoyatchilar orasida firibgarlik – 17,5%, o‘g‘irlik – 13,1%, bezorilik – 6,1% ni tashkil etgan. 18-24 yoshlilar orasida o‘g‘irlik – 24,0 % va firibgarlik – 11,2%
Sodir etgan voyaga yetmaganlarning soni 1452 nafarga yetdi, bu esa umumiy sodir etgan jinoyatlarning 2,9% ini tashkil etdi.
Voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etganligi hududlar kesimida tahlil qilinganida, Farg‘ona viloyati (526 nafar) yetakchi o‘rinni egallamoqda. Keyingi o‘rinlarni Toshkent (161 nafar) va Namangan viloyatlari (138 nafar) egallagan. Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarning eng past ko‘rsatkichi Navoiy (28 nafar), Jizzax (19 nafar), Sirdaryo (17 nafar) viloyatlariga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (20 nafar)ga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘quvchilar soni 1243 nafarni tashkil etdi. Hududlar kesimida ularning eng ko‘pi Farg‘ona (471 kishi), Toshkent viloyatlari (125 kishi) va Toshkent shahriga (101 kishi) to‘g‘ri keldi.
Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarning 102 nafarini ishlamaydigan va o‘qimaydigan voyaga yetmaganlar tashkil etib, umumiy sonining 7,0% ini tashkil etdi. Ularning soni bo‘yicha Toshkent (36 nafar), Qashqadaryo viloyati (13 nafar), Andijon viloyati (10 nafar) va Toshkent shahri (13 nafar) yetakchilik qilmoqda.
Avval jinoyat sodir etgan 5495 nafar shaxsning 99 nafari takroran o‘ta xavfli jinoyat sodir etgan, 400 nafari 3 va undan ortiq marta jinoyat sodir etgan, 186 nafari guruh bo‘lib jinoyat sodir etgan.
[1] Statistik tahlil davlat statistika qo‘mitasi ma‘lumotlari asosida tayyorlangan.
[2] ulardan 629 ta jinoyat Transportda jamoat xavfsizligini ta‘minlash boshqarmasi (TJXTB) tomonidan ro‘yxatga olingan.
Strategik tahlil va prognozlashtirish bo‘limi tomonidan tayyorlandi