Tilanchilik "kasbmi" yoki biznes?
"Maxalla va oila" ilmiy- tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, psixologiya fanlarinomzodi R.Ismaylovaning Tilanchilik "kasbmi" yoki biznes? mavzusidagi maqolasi Mahalla gazetisining №35 soni 18 sahifasida chop ettirildi.

Tilanchilik “kasb”mi yoki biznes?
Bugun har birimiz serqatnov transport yo‘llari yoqasida qo‘lida chaqalog‘i bor ayollar, yosh o‘g‘il-qizlar moddiy yordam, xayr-sadaqa so‘rab turganiga guvohmiz. Ularning ayrimlari haqiqatdan ham muhtojlikni boshidan kechirayotganlar bo‘lsa, ayrimlari tilanchilikni mehnat qilmay daromad topish manbaiga aylantirishgan.
Buni qarangki, tilanchilikni “kasb”ga aylatirganlarning aksariyati go‘yoki o‘zini saqovday ko‘rsatib, odamlarning rahmdilligiga sabab bo‘lmoqda. Aslida esa... Bir safar taksi haydovchisi ana shunday tilanchilarga qattiq gapirgandi, ular so‘kib qochishdi.
Xavotirlisi, bugungi kunda bu muammo “biznes”ga ham aylanib bo‘ldi. Ko‘pincha bunday biznes uchun voyaga yetmagan o‘smirlar yoki uysiz odamlar jalb qilinadi.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2018-yil birgina Toshkent shahrida tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi 5000 nafardan ortiq kishi aniqlangan. Mazkur shaxslarning 4 mingdan ortig‘ini xotin-qiz, shu jumladan, 3 ming nafardan ortig‘ini yosh bolali ayol, 100 nafarga yaqinini nogironligi bo‘lgan erkak hamda 500 nafarga yaqinini keksa yoshdagilar tashkil qilgan.
Bunday holatlarga barham berish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 9-yanvar kuni tilanchilik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun imzolanib, tilanchilik qilish qonunan taqiqlandi.
Mazkur “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning 271-moddasiga asosan, aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek, ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 1883-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 1271-moddasi tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Eʼtiborlisi, ushbu qonun qabul qilingach, ommaviy axborot vositalarida, internet saytlarda qator maqolalar, munosabat va ko‘rsatuvlar tayyorlandi. Hatto shahar ko‘chalari tilanchilardan tozalandi. Biroq shunga qaramasdan shaharlarda tilanchilik davom etib kelmoqda. Achinarlisi, yo‘llarda tilanchilik qilishni odat qilib olganlar nafaqat o‘z hayoti, balki transport vositalari harakatlanishiga ham xavf tug‘dirmoqda.
Xo‘sh, ularga nisabatan kim chora ko‘radi? Ichki ishlar xodimlari, profilaktika inspektorlari ularni metro yoki shahar ko‘chalaridan bir ikki marta haydab yuborar, lekin bu haydalgan tilanchilar boshqa joyga borib yana o‘z kasbini davom ettiraveradi-ku!
Bolalar va keksa kishilar, xotin-qizlarning tilanchilik qilishlari sabablari orasida, birinchi navbatda, tabiiy ravishda qashshoqlik turadi. Rossiyada o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlarda tilanchilarning 85 foizi aynan shu sababni ko‘rsatganlar. Atrof-muhit yoki oilaning salbiy taʼsiri (masalan, qarindoshlarning ichkilikbozligi yoki oiladagi zo‘ravonlik), ota-onalar tomonidan nazoratning yo‘qligi, o‘z farzandlarini tilanchilikka majburlashi, ijtimoiy institutlar funksiyalarining yetarli emasligi, aholi daromadlarining pastligi, yaxshi ishning yetishmasligi – bularning barchasi tasvirlangan hodisaning paydo bo‘lishini belgilovchi omillardir.
Eng dolzarb masala, bu – tilanchilar qo‘lida yurgan chaqoloqlar, go‘daklar, maktabgacha yoshdagi bolalar. Xo‘sh, bu bolalar kimning farzandi, ularning tug‘ilganligi xaqida guvohnomasi bormi, go‘daklarning birlamchi ehtiyojlari qondirilyaptimi? Bu yosh onalar qayerdan, qanday qilib tilanchiga aylanib qoldi? Ularning yashash manzillarida nega mutasaddi tashkilotlarning masʼullari bu ayollarning tilanchilik bilan shug‘ullanishidan bexabar? Aslida, tilanchilik qilishga ahd qilib ko‘chaga chiqqan shaxslar bilan alohida tuzatish dasturlari asosida ishlarni qaysi davlat tashkiloti tashkil etadi? Savollar ko‘p, javoblar esa...
Shunisi maʼlumki, tilanchilik har zamonda ham ijtimoiy muammo bo‘lib kelgan. Toki ijtimoiy institutlar aholi, xususan, ishlamaydigan oilalar bilan to‘g‘ri, maqsadli ishlashni yaxshilamaguncha, fuqarolar daromadi oshmaguncha, manipulyatsiya qilish oson bo‘lgan mehribon odamlar bor ekan, jamiyatda tilanchilik holati o‘sib, rivojlanib boraveradi. Shu bois uni tubdan hal qilish uchun nafaqat jinoiy va maʼmuriy, balki ijtimoiy usullar yordamida keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Birinchi navbatda, tilanchilik bilan shug‘ullanuvchilarning ijtimoiy, maishiy va kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish qobiliyatini tiklash zarur. Ularni yashash, uy-joy bilan ham taʼminlash lozim. Jamiyatga qo‘shilish maqsadida o‘ta og‘ir sharoitda qolgan odamlarni esa ijtimoiy moslashuv va mehnat reabilitatsiyalariga joylashtirish lozim.
Bundan tashqari, maʼmuriy tuzilmalar tomonidan amalga oshiriladigan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tibbiy yordam ko‘rsatish, og‘ir sharoitda bo‘lgan shaxslarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini ijtimoiy himoya qilish, jamoat tartibini mustahkamlash, ish o‘rinlarini yaratish zarur.
Shahar ko‘chalarida tilanchilar muammosini hal qilish uchun davlat dasturlarini ishlab chiqish bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi va jamoat tashkilotlari birgalikda ishlashi kerak. Negaki, bugungi kunda tilanchilik noqonuniy daromadning o‘ziga xos turiga aylandi. Va uni yo‘q qilish uchun harakatlarni birlashtirish kerak.
Raʼno ISMAYLOVA,
psixologiya fanlari nomzodi,
Mahalla va oila ilmiy tadqiqot
instituti katta ilmiy xodimi.