O‘zbekiston axborot agentligi biz haqimizda
Xalqimiz azaldan oilani muqaddas qadriyat bilgan. Yoshlarning mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yishiga, oila qurishiga jiddiy eʼtibor qaratgan. Barcha imkoniyatlarni ishga solib bo‘lsa-da, oilaga darz ketishiga sira yo‘l qo‘yilmagan.
Keyingi yillarda milliy anʼana va qadriyatlarimiz, ayniqsa mahallaga eʼtibor kuchaygani, xonadonlardagi muammolarni batafsil o‘rganish borasidagi ishlar turli ajrimlarning oldini olish, yoshlarning oila munosabatlariga jiddiy yondashishiga zamin yaratmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mana bir yildirki, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti ish olib bormoqda. Jamiyatda "Obod va xavfsiz mahalla" tamoyiliga asoslangan tizimni to‘laqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlashdagi ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faollikni oshirishga oid konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish mazkur institut vazifalaridan sanaladi.
O‘tgan vaqt mobaynida bu yo‘nalish bo‘yicha xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 46 ta qisqa muddatli ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirilmoqda. Institut olimlari ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakatimizning bir qator hududlarida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish, jumladan, so‘rovnoma tuzish, xatlov o‘tkazishda faol ishtirok etdi. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohaga oid bir necha qarorlariga takliflar tayyorlab berildi. Mahalla va oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit, jamoatchilik vakillari - ish beruvchilar, mahalla kadrlar tayyorlash va taʼlim faoliyati sifatiga baho berish, yangi ish joylarini tashkillashtirish, mehnat taqsimotiga tayyorgarlik va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, oila va turmush doirasidagi hamda xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatlar profilaktikasi, aholi o‘rtasida tomorqadan unumli foydalanish borasida Andijon, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida tegishli sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazildi. Mavzu yuzasidan ko‘plab taxliliy materiallar tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etildi.
Mahalla raislari va fuqarolar o‘rtasida munosabatlarni avtomatlashtirish va murojaatlar yuritish jarayonini qulaylashtirishga mo‘ljallangan “Mahalla” mobil ilovasi yaratildi. “Ayollar daftari”ni yuritish, gender tenglikni taʼminlash bo‘yicha bir qator ijtimoiy roliklar tayyorlandi. Ushbu ijtimoiy roliklar ommaviy axborot vositalari orqali mahallalar, oilalarga taqdim etildi.
Institut tomonidan “Oila maʼnaviyati” konseptining elektron tezaurus lug‘ati, “Oila, mahalla va gender tengligi” mavzusida badiiy asarlarning elektron korpusi, “Baxtiyor oila” veb-portali yaratildi. Mazkur media mahsulotlar nainki yurtimiz, balki xorijliklarning o‘zbek qadriyatlari xususidagi bilimini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, o‘zbek oilasi tarixining elektron muzeyi veb-sayti bosh sahifasining dizayni ishlab chiqildi. “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan 36 ta uslubiy qo‘llanma yaratilib, nashrga tavsiya etildi. Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga oid konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “2020-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirish milliy strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar bo‘yicha demografik statistikani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Oiladagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ularni
aniqlash va chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturiga amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga taqdim etildi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatida oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish va Urgut, Samarqand, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida va Samarqand shahrida erta turmush va uning oldini olish maqsadida tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, Samarqand viloyati hokimligiga taqdim etildi.
Mahallalar va oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit, tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlar, shu jumladan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish masalasi ham institut ilmiy jamoasining doimiy eʼtiborida bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan topshiriq bo‘yicha “Mahallabay ishlashning yangi modeli” loyihasi yaratildi. Shu bilan birga, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi vazirlik va tashkilotlar tomonidan takliflar asosida qayta ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga yuborildi.
“Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal etishning yangi tizimini joriy qilish bo‘yicha “Mahalla konsepsiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. 2021-2025 mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish strategiyasi loyihasi ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qo‘llab-qukvvatlash vazirligiga taqdim etildi. Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar, yig‘ilishlar tashkil etish, bugungi kun talabiga mos tarzda ularni onlayn o‘tkazish, shuningdek, ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini oshirib borish, o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi oila va mahalla tuzilmasining ilmiy asoslarini takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA
Рус
Eng



