Amir Temur – xarizmatik rahbar va milliy davlatchilik timsoli
Mohira Xoliqova,
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti
Mahalla institutini mustahkamlash bo‘limi boshlig‘i,
falsafa doktori, dotsent
O‘zidan mangu xotira qoldiradigan
insonlar uchun tug‘ilish chinakam baxtdir.
Perikl

Amir Temur o‘rta asrning buyuk davlat arbobi, markazlashgan davlat asoschisi, mohir va iqtidorli sarkarda, harbiy sohaning yirik bilimdoni, ilm-fan va madaniyat homiysidir.
U 1336-yil 09-aprelda Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan. Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik, otasi amir Tarag‘oy esa barlos urug‘ining oqsoqollaridan va Chig‘atoy ulusining eʼtiborli beklaridan bo‘lgan hamda yilda bir marotaba Ili daryosi bo‘yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyida muttasil qatnashgan.
Bu xarizmatik rahbar, yuksak tafakkur, keng dunyoqarashga ega inson o‘z davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun eng birinchi navbatda harbiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘tkazdi. Ular zaminida avvalgi davr donishmandlarining tajribasi, aql-idroki, g‘oyalari mujassam edi, ayniqsa, taraqqiyot uchun yagona davlat, o‘zaro totuvlik, fuqarolarga qulay mulkiy va huquqiy sharoit yaratishga, ayniqsa savdo-sotiqni rivojlantirishga alohida eʼtibor berildi.
U Movarounnahrni yagona davlatga birlashtirish bilan cheklanmadi, balki uning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va maʼnaviy asoslarini shakllantirib, dunyoda analogi yo‘q, buyuk saltanat darajasiga ko‘tardi.
Qariyb 30ga yaqin davlatni birlashtirgan Temuriylar saltanatiga maʼnaviy salohiyati, siyosiy barqarorligi, iqtisodiy samaradorligi va harbiy qudrati borasida o‘sha davrning birorta davlati tenglasholmaydi.
Amir Temur o‘rta asrlar ijtimoiy voqeligiga xos mental-kognitiv xususiyatlar, odat va udumlar doirasida faoliyat yuritgan bo‘lsada, irqi, millati, dini va kelib chiqishidan qatʼi nazar insonlarning bir butun hududda yashashi mumkinligi to‘g‘risidagi "yagona makon" kosmopolitik g‘oyasining ilk tashabbuskori bo‘lgan. Uning saiʼ-harakatlari tufayli Osiyo va Yevropa davlatlari tarixda ilk bor yagona geografik - siyosiy makonda ekanligini his etdilar.
Amir Temurning bag‘rikengligi, tolerantligi alohida eʼtirofga molik va u ushbu g‘oyaga asos solgan davlat rahbarlaridan hisoblanadi. Uning Yevropa qirollarga yo‘llagan maktublarida "Siz savdogarlaringizni biz tomonlarga yuborsangiz, toki biz ularni barcha izzatlarni o‘rniga qo‘yib kutib olaylik. Bizning savdogarlarimiz Siz tomonlarga borsalar va ularga ham shunday izzat-ikrom ko‘rsatsalar. Ular xavf-xatarsiz, to‘siqsiz yo‘l yursinlar. Dunyoni savdogarlar farovon qiladilar" - deya taʼkidlangan.
G‘arb va Sharq tamaddunining konvergensiyasi yuz bermagan, diniy, siyosiy zamirda urushlar avj olgan davrlarda tamaddunlararo pozitiv aloqalar o‘rnatilishi o‘ta mushkul edi. Amir Temur davlatlararo munosabatlarni siyosiy-diplomatik shartnomalar orqali mustahkamlashni Yevropa qirolliklariga taklif etgan va bu muammoni diplomatik yo‘sinda hal etishga uringan. Zamonaviy diplomatiyada uning bu hatti-harakatlari "Qo‘l cho‘zish siyosati" deb atalmoqda. Ushbu harakat mahsuli o‘laroq ulkan saltanat bilan jahonning barcha yirik davlatlari, shu jumladan, Yevropa mamlakatlari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatilgan va bu o‘z navbatida iqtisodiyot va madaniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan.
U Ispaniya va Kastiliya qiroli Enrike III, Angliya qiroli Genrix I, Fransiya qiroli Karl VI saroylariga elchilar yo‘lladi, ayni paytda o‘z saroyida Kastiliya, Ispaniya, Fransiya, Xitoy davlatlarining elchilarini va vakillarini qabul qildi. Ioann Fransisk (xristian davlati elchisi) shunday yozadi: "Amir Temur fors, arab va turk tillarini biladi. U islom huquqshunosligida shu qadar kuchliki, hech bir musulmon olimi u bilan munozara qilishga qodir emas. U ulamo va shoirlarga katta hurmat ko‘rsatadi". Karl VI tomonidan Amir Temur nomiga 1403-yilda yo‘llangan maktubda Fransiya qirolligi bilan Amir Temur davlati o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish masalalari qayd etilgan. Maktubdan ko‘rinib turibdiki, qirollik fuqarolari Amir Temur davlati hududiga erkin kirish huquqiga ega bo‘lgan [4].
Amir Temur avvalgi davr mutafakkirlari, davlat arboblarining siyosiy qarashlarini, shu jumladan, “Yasoq”, “Mangu yorliq” singari davlat boshqaruviga oid hujjatlarni chuqur o‘rgangan va "Tuzuklar" nomli qonun-qoidalar to‘plamini yaratgan. "Tuzuklar" o‘z davrining konstitutsiyasidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yirik sharqshunos olim Logofet eʼtirof etganidek, "Turkistonda G‘arbiy Yevropadan 500-yil oldin konstitutsiya vujudga kelgan". "Tuzuklar"da inson omiliga oliy qadriyat sifatida qaralgan: "Raiyat xonavayron qilinsa, davlat xazinasi kambag‘allashadi, bu esa o‘z o‘rnida saltanatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi". Xalqning farovon turmush kechirishini taʼminlash mamlakatning iqtisodiy-siyosiy qudratini oshirishga xizmat qilishini buyuk sarkarda teran anglagan.
Ingliz tarixchisi Garold Lemb: "U Aleksandr Makedonskiy kabi qirolning o‘g‘li yoki Chingizxon kabi qudratli urug‘ dohiysining merosxo‘ri emasdi. Yengilmas Aleksandr dastlabki harbiy yurishlarida o‘z xalqidan, yaʼni makedonlardan foydalandi, Chingizxonning ortidan uning mo‘g‘ullari ergashdilar. Temur esa o‘z atrofiga odamlarni to‘plashiga to‘g‘ri keldi. Temur hech bir taʼrifga sig‘maydi. U varvarlar dohiysi Attila kabi Rimni izlamadi, ammo o‘z Rimini barpo qildi", deb yozgan.
Ko‘hna tarix ko‘p hukmdorlarni ko‘rgan bo‘lsada, "adolatli davlat rahbari" degan nom ularning barchasiga ham nasib etmagan. Ulug‘ hukmdor saltanatini adolat va qonun-qoidaga tayanib boshqargan. "Tuzuklar"da bitilganidek, "Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi". Nemis lingvisti va tarixchisi Georg Veber (Georg Weber): "Temur sarkardalik, davlatni boshqarish va qonunchilik sohasida buyuk talantga ega edi", deydi [1].
"Tuzuklar"da birlashgan qudratli davlatning harbiy-siyosiy va axloqiy qoidalari, buyuk sarkardaning mamlakatni boshqarish, davlat tizimi, harbiy sanʼatga oid qarashlari aks etadi: "Saltanatim martabasini qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, unga ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi". Nemis olimi Fridrix Shlosser o‘zining "Jahon tarixi" asarida: "Baxtiyor jangchi, jahongir, qonunshunos bo‘lish bilan birga o‘zida, Osiyoda kam uchraydigan taktik va strategik bilimlarni ifodaladi", deb yozadi [3].
Amir Temur va temuriylarning ayollarga bo‘lgan ehtiromi va muruvvatini alohida taʼkidlab o‘tish joiz. Amir Temur o‘zining suyukli rafiqasi Bibixonim sharafiga Samarqandda jome masjid qurdirdi. Hind sultonlaridan temurzoda Shohjahon rafiqasi Mumtoz Mahal begim uchun qurdirgan Toj-Mahal - dunyo moʻjizalaridan biriga aylangan.
"Kuch adolatda" shiori butun davlat hududida axloqiy va maʼnaviy mezonga aylangan. Shu o‘rinda bobokalonimizning “Kuch — adolatda”, “Qonuniylik adolat o‘rnatishning asosiy shartidir”, “Qonunning yo‘qligi — kufr va zolimlikka olib keladi”, “Hukmdorning har bir amri, farmoni — to‘ra va tuzuk, odat va qonun-qoidalarga tayangan bo‘lishi kerak” kabi o‘lmas g‘oyalari bugungi tinchlik va taraqqiyot tamoyillariga mushtarak ekanligini eslatish joiz. Tuzuklarda “Saltanatimning u chetidan bu chetigacha biror bolakay boshida bir lagan tilla ko‘tarib o‘tadigan bo‘lsa, bir donasiga ham zarar yetmaydigan tartib va intizom o‘rnatdim” deb taʼkidlangan.
Amir Temur davlat, jamiyat hayotida bo‘lib o‘tadigan har bir muhim reja oldidan kengash o‘tkazar va unga nafaqat sarkardalar, temurzodalarni, balki din va ilm-fan arboblarini ham taklif etgan.
Amir Temurning “Kam ahamiyatli va birinchi marta jinoyat sodir etish, kechirim va adolat istaganlar uchun kechirimlidir”, degan uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosati amaldagi qonunchiligimizda keng qo‘llaniladigan Oliy Majlis Senatining “Amnistiya to‘g‘risida”gi qarorlar hamohangdir.
Amir Temurning madaniy-bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyos. Poytaxt-shahar Samarqandni yer yuzining madaniy-meʼmoriy va ilmiy-maʼnaviy markazlaridan biriga aylantirilishi, Shohruxiya, Shahrisabz shaharlarining tiklanishi, uning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jomeʼ masjidi, Go‘ri Amir, Ahmad Yassaviy, Zangi ota maqbaralari, Oqsaroy, Shohi Zinda, Bog‘i Chinor, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht singari o‘nlab meʼmoriy obida va bog‘lar shular jumlasiga kiradi.
Amir Temur va uning avlodlari saiʼ-harakatlari bilan qurilgan aholi punktlari, sanoqsiz madrasalar, masjidlar, saroylar, bozorlar, qalʼalar, kanallar, yo‘llar, ko‘priklar, meʼmorchilik durdonalari dunyo madaniyatining uzviy qismidir. Sohibqironning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, degan so‘zlari yuqoridagi fikrga dalildir.
U ilm-fan, maʼnaviyat ahliga alohida eʼtibor ko‘rsatgan. Bolaligidanoq ilmning etagini mahkam ushlab, aksar vaqtini olimlar, shoirlar va ulamolar davrasida o‘tkazgan. “Men oz vaqt ichida ko‘p narsa qilishga harakat qilaman, har bir damni mazmundor bo‘lishini istayman, ko‘p vaqt ichida oz ish qilguvchilarni xush ko‘rmayman”, deya taʼkidlagan. Ko‘plab tarixiy manbalarda sohibqironning Nuʼmoniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Alouddin Koshiy, Hofiz Sheroziy, Sultoniya yepiskopi Ioann kabi ilm-maʼrifat vakillariga muruvvat ko‘rsatilganligi aytib o‘tilgan. Mashhur tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, "Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rardi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib, izzatu ikromini unga izhor qilardi".
Amir Temur ilm-fanning falakiyot, riyoziyot, handasa, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta eʼtibor berdi. Bu haqda fransuz sharqshunosi Lui-Matye Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda isteʼdodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi” [2].
Alisher Navoiyning “Majolis-un nafois” asarida hukmdorning qahriga uchrab, jazodan qochib yurgan Abdulqodir ismli kishining Qurʼon oyatlari tilovatida betakror ekanini ko‘rib, Amir Temur uning gunohidan kechgani, ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun sharoit yaratgani eʼtirof etiladi.
Milliy g‘urur timsoli bo‘lgan buyuk bobomizning jahon miqyosida xotirasini abadiylashtirish yo‘lida YUNESKO tomonidan 1996-yil "Amir Temur yili" deb eʼlon qilindi. O‘sha yil aprel oyida YUNESKOning Parijdagi rezidensiyasida "Temuriylar Renessansi" deb nomlangan ko‘rgazma va "Temuriylar davrida fan, madaniyat va taʼlimning ravnaq topishi" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu bejiz emas edi. Amir Temur olti asr muqaddam Osiyo bilan Yevropa o‘rtasida diplomatik ko‘prik qurgan birinchi hukmdor edi.
Amir Temur faoliyati jahon tarixida ulkan burilish yasagani eʼtirof etiladi. Shu bois sohibqiron haqida mingdan ortiq ilmiy va badiiy asarlar chop etilgan. Ular orasida Sharafaddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma", Ispaniya va Kastiliya qirolligi elchisi Ruy Gonsales Klavixoning "Samarqandga - Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi", italiyalik tadqiqotchi Petro Perondinoning "Skifiyalik Temurbekning ulug‘vorligi", Sultoniya arxiyepiskopi Ioanning xotiralari, nemis tarixshunosi Ioann Shiltbergerning "Yevropa, Osiyo va Afrika bo‘ylab sayohat", fransuz sharqshunosi Lui-Matye Lyanglening “Temur hayoti” [2], ingliz shoiri va dramaturgi Kristofer Marloning “Buyuk Temurlang”, Sergey Borodinning “Samarqand osmonida yulduzlar” nomli asarlari, shuningdek, temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiasiyasi (Parij) rahbari, professor Lyusyen Keren tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar salmoqli o‘rin egallaydi. Parijda “La Timuride” nomli maxsus va yagona jurnal nashr etiladi.
Bugungi kunda Amir Temur va temuriylar tarixiga oid noyob va raritet asarlar Viktoriya va Albert (London), Britaniya muzeyi (London), Milliy muzey (Kopengagen), Luvr (Parij), Metropoliten (Nyu-York), Sharq madaniyati muzeyi (San-Fransisko), To‘pkapi saroyi (Istanbul), Ermitaj (Sankt-Peterburg), Amaliy sanʼat muzeyi (Berlin) kabi yirik muzeylarda saqlanmoqda [5].
O‘zbek davlatchiligi tarixida buyuk maktab yaratgan, o‘zlikni anglash yo‘lida tarixiy tayanch vazifasini bajarib bergan ulug‘ sohibqiron nafaqat o‘z davrida, balki bugungi globallashayotgan dunyoning siyosiy-diplomatik, madaniy-ijtimoiy omillarini, yangilanayotgan O‘zbekistonning taraqqiyot tamoyillarini shakllantirishda juda katta ahamiyatga egaligini eʼtirof etamiz.
Adabiyotlar
1. Veber G. Vseobschaya istoriya. – M., 1887. T. VIII. – S. 541-549.
2. Lyangle L. Jizn Timura / Per. s frans. N. Suvorov. 1890.
3. Shlosser F. Vsemirnaya istoriya. – SPb., 1876. T. III. – S. 503-504.
4. http://testhistory.ru/history.php?id=his_3_153
5. http://old.adolatnashr.uz/ru/page/l-keren-saidov-amir-temur-i-franciya-rezyume