“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston qahramon ayollari va olimalari” nomli ensiklopediya nashr ettirilish arafasida
“Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish, bu – igna bilan quduq qazish bilan barobar. Men o‘zim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman”.
Shavkat Mirziyoyev

Ayol – yorug‘ olamda betakror fazilatlar bilan siylangan mo‘tabar zot. Uning mushtdek yuragida dunyolarga tatiydigan mehr-muhabbat, guldan nozik jussasida esa hayotning zalvorli yukini ko‘targuvchi kuch bor. Ayol – ona, opa yoxud singil bo‘lsin, uning nomini eshitgan inson borki, yuziga mayinlik, qalbiga samimiylik qalqiydi. Agar u hayotda olima bo‘lsa-chi?
“Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir[1].
“Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz shaʼniga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir. Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz”[2], – dedi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, ayol agarda oqila bo‘lsa, nur ustiga aʼlo nur bo‘ladi. Sababi – oqila ayolgina ham ilmni, ham oilani, ham ishni o‘z o‘rniga qo‘ya oladi. Bunday ayollarning farzandlari ham jamiyat uchun kerakli bo‘lgan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadilar. Bugungi kunda yurtimizda ayollarni har tomonlama olima bo‘lib yetishishlari uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-87-sonli Farmoni hamda 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4235-sonli qarori qabul qilingani buning yorqin ifodasidir.
Mazkur farmon va qarorlarning ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq byudjet hisobidan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Doktorantura yo‘nalishida esa xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 dan ziyod maqsadli kvota ajratilishi ziyoli ayollarning ko‘payishiga zamin yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi xotin-qizlar vakilasi ekanligi, tumanlarda ayol hokimlar faoliyat boshlayotgani nafaqat mintaqamizda, balki xalqaro miqyosda ham eʼtiborga molik hodisa. 2020-yilning dekabr oyida mamlakatimiz Parlamenti va mahalliy kengashlarida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini, Senatda va mahalliy kengashlarda esa 25 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston tarixida birinchi marta Milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetganidan dalolatdir.
Aytib o‘tilganlarni eʼtirof etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 06-06/1-410-sonli majlisining 2023-yilning 31-iyulida “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” hamda “XXII asr ayoli” shiori ostida bo‘lib o‘tgan xotin-qizlar festivalini respublika va hududlar miqyosida tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 34-son bayonining 7-bandida “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda akademik ayollar hamda ilm-fan yo‘nalishida “O‘zbekiston Qahramoni” bo‘lgan ayollar, shuningdek, jahon ilm-fan sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan (fan doktori ilmiy darajasini olgan) o‘zbekistonlik olimalar haqidagi to‘plamni tayyorlash va nashr ishlarini yakuniga yetkazish” maqsadida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan xalqimiz orasida maʼrifat tarqatishda munosib hissa qo‘shgan hamda bugungi kun qahramonlari haqida maʼlumotlar jamlangan “O‘zbekiston qahramon ayollari va olimalari” nomli to‘plamni nashr etish vazifasi belgilandi.
“O‘zbekiston qahramon ayollari va olimalari” nomli to‘plam nashri bu, avvalo, mamlakatimizda ayolga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom, oila, jamiyat kelajagiga hamda Vatan ravnaqiga bo‘lgan cheksiz eʼtibor namunasidir. Ushbu qo‘llanmada 1992–2023-yillar davomida “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga ega bo‘lgan ayollar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademik ayollari hamda ilm-fanda fan doktori ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan jami 1200 nafardan ziyod olimalar haqida qisqa maʼlumotlar beriladi.
[1] https://daryo.uz/2018/03/08/shavkat-mirziyoyev-xotin-qizlarni-ezozlash-borasidagi-ishlarimizning-barchasi-katta-yoldagi-dastlabki-qadamlar
[2] https://president.uz/oz/lists/view/6014