Mustahkam oila – milliy-g‘oyaviy tarbiya o‘chog‘i

12:18 - 21 Oktabr Yangiliklar
1671
ness image

Oila jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy va demografik rivojlanishiga poydevor bo‘ladigan asosiy institutdir. O‘zbekistonda oilaning mavqei yuqori bo‘lib, respublika aholisining mutlaq ko‘pchiligi oila muhitida va oila aʼzosi bo‘lib yashashi oilaning respublika taraqqiyotidagi o‘rnini belgilab beradi. Respublikamizda jami 8871 412 ta oilalar mavjud[1]. Bu oilalarda qanchadan-qancha bolalar tetapoya bo‘lib, tarbiya topib, voyaga yetib jamiyat uchun kerakli shaxsga aylanadi.

Jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼnaviy jihatdan rivojlanishi har tomonlama kamolga yetgan shaxsning shakllanishiga, uning siyosiy, maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetukligiga bog‘liq. Qachonki, inson vatani va unda mavjud bo‘lgan oilalar va undagi tarbiya tarixini chuqur bilib, qanday buyuk ajdodlar avlodi ekanligini bilsa va his etsa, u o‘zligini anglaydi va yuragida shu yurt, shu millat farzandi ekanidan chuqur milliy g‘ururni, faxrni tuyib yashay boshlaydi.

Inson o‘zligini bilishi, o‘z ajdodlariga sodiq bo‘lishi, komil farzand tarbiyasi – jamiyatning kichik bo‘g‘ini bo‘lgan oiladan boshlanadi. “Oila – kishilar hayotining eng muhim qismi, fuqarolik jamiyatining tayanch nuqtasidir. Bu muqaddas maskanda inson dunyoga keladi, aynan mana shu yerda u maʼnaviy va axloqiy jihatdan kamol topadi. Oila institutini yana-da mustahkamlash, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish alohida jihatdan kamol topadi. Oila mustahkamligi – bu jamiyat mustahkamligi va demak, davlat barqarorligining asosidir”[2].

Bugungi kunda oilaga taalluqli boy va sermazmun milliy anʼanalarni avaylab-asrash, ularni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish, oila va nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘li bilan oilalarning mustahkamligini taʼminlash, oila aʼzolarining g‘oyaviy, huquqiy savodxonliklarini oshirish ilmiy va tajribaviy izlanishlarni talab etadi.

Shaxs maʼnaviyatini oilada shakllantirish orqali barkamollikka, xalqimiz hayoti va turmush farovonligiga, hamda mamlakat taraqqiyoti muvaffaqiyatlariga erishish mumkin. Islohotlarimizning birinchi bosqichida milliy maʼnaviyatni yuksaltirish yo‘lida ko‘zlangan maqsad to‘la amalga oshirildi va ikkinchi bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga zamin hozirlandi. Maʼnaviy-axloqiy, g‘oyaviy, mafkuraviy parokandalikka milliy g‘oyamizga tayanilgan holda barham berildi. Natijada ijtimoiy hodisalar bilan birga milliy maʼnaviyatimiz uyg‘unligi yuksalib, hamda maʼnaviy sog‘lom, kuchli adolatli qonun ustuvor bo‘lgan jamiyat oilalarida yashayotgan insonlar ushbu islohotlarga tayyor bo‘lib, o‘ziga xos va o‘ziga mos demokratik jamiyatda yashash ko‘nikmalariga ega bo‘la boshladilar.

Aynan mana shunday har tomonlama yetuk avlodgina bugun hayot oldimizga qo‘yayotgan o‘ta murakkab og‘ir sinov va qiyinchiliklarni yengish, biz ko‘zlagan yuksak marralarni egallashning eng asosiy sharti ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Shuni qayd etish kerakki, barkamol avlodni shakllantirishda o‘tmish qadriyatlarimizning o‘rni kattadir. Sababi, ota-bobolarimiz buyuk mutafakkirlarimizning asosiy g‘oyalari ham mamlakatning tinchligi, shon -shuhrati uchun kurashadigan, kerak bo‘lsa ona yurt uchun o‘z jonini ham baxshida etadigan avlodni shakllantirishni hamma orzu qilib kelgan. Bu sohada qadimgi dinlarimizdan biri zardushtiylik, uning muqaddas kitobi "Avesto"ning tub maʼno - mohiyatini belgilab beradigan uning bosh g‘oyasi "Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal" degan tamoyilni oladigan bo‘lsak, unda hozirgi kundagi barkamol avlodni yetishtirish uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ibratli saboqlar borligini ko‘ramiz.

Azizuddin Nasafiy "Komil inson" nomli kitobida yozadi: "Bilgilki, komil inson quyidagi to‘rt narsaga mukammal shaklda ega bo‘lgan insondir. Ularning birinchisi, yaxshi so‘z, ikkinchisi ezgu faoliyat, uchinchisi go‘zal axloq, to‘rtinchisi ilm. Bu to‘rt narsaga erishgan kishi komil bo‘lishi mumkin”.[3]

Sharqda maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga birinchi darajali ahamiyat berishimiz, tarbiya sohasida sog‘lom avlod, maʼnaviy barkamol inson, komil inson kabi tushunchalarga izoh berishni, ularning mohiyatini ochib berishni taqozo etmoqda. Yuqorida aytganimizdek, ular mohiyati birday tushunchalar. Insonni to‘g‘rilikka, halollikka, poklikka, vatanparvarlik va insonparvarlikka, ezgulikka va qo‘yingki, yuksak axloqlilikka yo‘llash bu tushunchalarning mohiyati va mazmunini tashkil etadi. Hozirgi kunda bu masalalarga birinchi darajali ahamiyat berishimizning boisi - iymoni, eʼtiqodi va axloqiy fazilatlari - qo‘yingchi, maʼnaviyati kuchli, milliy masʼuliyat tuyg‘usi qalbida chuqur ildiz otgan, maʼnaviy barkamol fuqarolarga ega mamlakatgina mustaqil va barqaror rivojlana oladi.

Buyuk kelajak maʼnaviy barkamol insonlarga tayangandagina yaratiladi, qad ko‘taradi. Boshqacha aytganda, maʼnaviy barkamol insonlargina buyuk kelajakni yarata oladilar. Shuning uchun maʼnaviy barkamol insonni, sog‘lom avlodni tarbiyalash muhim va dolzarb masala hisoblanadi. Sharqona odob-axloq va umumbashariy g‘oyalarni ongiga singdirib olgan kishi yuksak maʼnaviyatli, yaʼni maʼnaviy barkamol, komil inson hisoblanadi. Maʼnaviy barkamollik insonning dunyoqarashi, eʼtiqodi, ruhiyati, hulq-atvor normalari, axloq-odobi bilan bevosita aloqadorligi bilan ajralib turadi. Maʼnaviy barkamol kishilar xalq taqdiri va farovonligi, vatan taqdiri va uning ravnaqini o‘ylaydilar. Sog‘lom deganda, biz faqatgina jisman baquvvat farzandlarimizni emas, balki maʼnaviy boy avlodni, aqliy rivojlangan, axloqiy pok, maʼrifatli farzandlarni, avlodni tushunmog‘imiz kerak.

Darhaqiqat, oilalarning mustahkam bo‘lishi, ularning totuvlik va farovonlikka erishuvi u mansub bo‘lgan ijtimoiy tuzumning iqtisodiy, maʼnaviy rivoji, jamiyatda amal qilinayotgan maʼnaviy-axloqiy meʼyorlar, olib borilayotgan davlat siyosati mazmuni bilan belgilanadi. O‘z navbatida jamiyat maʼnaviy qiyofasi oilalarda tashkil etilayotgan g‘oyaviy tarbiyaning natijasi, samarasiga bog‘liqdir.

Oilaning maʼnaviy olami serqirra hodisa bo‘lib, nainki oilaning jamiyatdagi siyosiy-ijtimoiy mavqeini, tarixiy taraqqiyotiga xos xususiyatlari, shuningdek, iqtisodiy imkoniyatlarini, demografik va etnografik, etnopedagogik va etnopsixologik anʼanalarni ham qamrab oladi. Oila - tarixiy kategoriya. Uning shakllari va funksiyalari mavjud ijtimoiy munosabatlar xarakteriga, shuningdek, jamiyatning madaniy taraqqiyoti darajasiga bog‘liq. Ayni vaqtda, oila jamiyat hayotiga ham kuchli taʼsir ko‘rsatadi va u qator funksiyalar (bola tug‘ish, uy-ro‘zg‘orda mehnat qilish, xo‘jalik yuritish, o‘z aʼzolarining jismoniy ehtiyojlarini qondirish, yosh avlodni tarbiyalash maʼnaviy va axloqiy-estetik kamolotiga taʼsir ko‘rsatish)ni bajaradi.

Maʼnaviyat oila va jamiyat hayotining shunday bir nozik, ahamiyatli sohasiki, bu borada ko‘zbo‘yamachilik qilish iqtisodiy va siyosiy, hattoki boshqa sohalarda ham inqirozlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yoshlar qalbida maʼnaviyatning zamonga mos yangi turlarini shakllantirish va moslashtirishda madaniy, maʼrifiy, tarixiy, g‘oyaviy, tarbiyaviy ishlarni ko‘proq amalga oshirish talab etiladi.

Inson bu yorug‘ dunyoga yomon odam bo‘lib tug‘ilmaydi, uning yomon yoki yaxshi odam bo‘lib shakllanishiga oila tarbiyasi, mahalla, lo‘nda qilib aytganda, jamiyatdagi mavjud muhit tufayli yuzaga keladi. Avval boshdan bolani to‘g‘ri tarbiya qilib voyaga yetkazish kerak. Xalqimiz hayotidagi turli tadbirlar, rasm-rusumlar, anʼanalarning tashkil etilishiga chuqurroq razm solsak, ishontirish, isbotlash, namuna ko‘rsatish, taʼsir etish, tasdiqlash kabi pedagogik usullar orqali barkamol insonni tarbiyalashni pirovard maqsad qilib olinganiga ishonch hosil qilamiz. Hatto ana shunday turli-tuman tadbir va to‘y-hashamlarda ko‘pchilik bilan qilinadigan duo-yu fotihalarda ham katta tarbiyaviy maqsadlarga yo‘naltirilgan xohish-iroda borki, ularning taʼsir kuchi g‘oyat kattaligini alohida taʼkidlash zarur bo‘ladi.

Bugungi zamonaviy o‘zbek oilasi jahonda sodir bo‘layotgan barcha ijobiy o‘zgarishu yangiliklardan o‘z vaqtida boxabar bo‘lib borayotgan, taraqqiy topgan mamlakatlar oilalari tarbiyasiga aloqador bo‘lgan ilg‘or tendensiyalar xususida o‘z vaqtida eshitib, anglab tushunib olayotgan oila ekanligini taʼkidlash joiz. Hozirgi zamon aloqa vositalarining o‘ta takomillashuvi, aloqa kommunikatsiyalarining haddan ziyod kengayishi natijasida yuksak rivojlanish yo‘liga tushib olgan mamlakatlar oilalarining madaniyati, ichki maʼnaviy muhiti, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, xorijiy mamlakatlar jamiyatida ayollarning tutgan o‘rni va mavqeiga aloqador muhim dalil, lavha, tadqiqot, kuzatish va safar xotiralari respublikamiz ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda, ular haqidagi fikr-mulohazalar ko‘pchilik diqqat-eʼtiborini tortmoqda.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, oilaning katta avlod vakillari bilan birga yoki alohida, ajratilgan holda yashashiga qarab tarbiyaviy taʼsir darajalari ham bir-biridan farqlanadi. Katta avlod vakillari ishtirokidagi oilalarda bolalarga ko‘rsatiladigan tarbiyaviy taʼsir izchil, bir butunlikda tashkil topadi. O‘zaro munosabatlar ham oila aʼzolar uchun umumiy bir butunlik asosida bo‘ladi. Katta yoshdagi kishilarning tajribasi, yaʼni ularning ota-onasi, bobo va buvisi, yaqin va uzoq qarindoshlarining namunasi bolalar uchun tarbiya vositasi xizmatini o‘taydi.

Katta avlod vakillari bo‘lmagan, ajralgan yoki alohida yashovchi oilalarda bolalarga ko‘rsatiladigan tarbiyaviy taʼsir yo‘llari qisman farqlanadi. Chunki birinchidan, ota yoki onasi yo‘qligi, ikkinchidan, bobo yoki buvisining yo‘qligi bolalarning ruhiy kamolotiga albatta, u yoki bu darajada salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Bu masala hozirgi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki yosh ota-onalarning ajralishi ko‘payib bormoqda. 2022-yilning 1-iyun holatiga FHDY organlari tomonidan respublika bo‘yicha 20 798 ta ajrim qayd etilgan. Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 4 700 taga ko‘paygan[4].

Shuningdek, er-xotinning yaxshi odobi oiladagi farzandlarga ham taʼsir qiladi. Natijada bolalarda sharqona fazilatlar, obodu-axloq kabi xislatlar mujassamlashadi. Odobli bo‘lish, el o‘rtasida odob saqlash, nasihatlarga amal qilish insof va imonli bo‘lishning asosiy omillaridir.

Farzandlarni ota-onaga nisbatan odob, axloq va maʼnaviyat doirasida muomala qilishga o‘rgatish milliy tarbiyaning eng asosiy tamoyillaridan biridir. Sharq pedagogikasi anʼanalari rivojiga katta hissa qo‘shgan donolardan biri Muhammad Jomiy ota-onaga munosabatning maʼnaviy-axloqiy asoslari ustida to‘xtab quyidagilarni aytgan: “Farzandning ota-ona oldidagi odoblari shundayki, farzand ota-ona nima desa diqqat bilan quloq soladi, ularning oldiga tushib yurmaydi, nimaniki buyursalar va buyurgan narsalari gunoh va hiyonat bo‘lmasa jonu dil bilan bajaradi. Ular o‘tirgan joylaridan tursalar u ham irg‘ib turadi, chaqirsalar labbay, deb javob beradi, ularni xursand qilishga hamisha orzumand bo‘ladi, ularni oldida taʼzim bilan turadi, qilgan ishlarini minnat qilmaydi, ota-onaning qilgan ishlari uchun achchiqlanib, ularga xo‘mrayib qaramaydi, ruxsatisiz safarga ketmaydi”[5].  

Oilada farzandga beriladigan maʼnaviy tarbiyaning quyidagi ko‘rinishlari mavjud:

-        Har qanday sharoitda ota-onaning holidan xabar olib turish, ishga ketishdan oldin ularning oldiga kirib xayrlashish, ishdan kelgach yana bir bor iliq salomlashish, safarga borganda ularning duosini olish, sovg‘ani avval ota-onaga olish. Shariatda farzandlar ota-onadan uzoq joyda yashaganida ham ular bilan har haftada ko‘rishib, duolarini olib turishi imon va insoflilikning asosiy ko‘rinishlaridan biri sifatida berilgan.

-        Insoniylik, insoflilik, halollik, iymonlilik, mehr-muruvvatlilik, oilaparvarlik, rahm-shavqatlilik, tadbirkorlik, ishbilarmonlik bilan elda obro‘ orttirish ham farzandning ota-ona oldidagi vazifasi sanalib, undan ota-ona quvonadi, farzandining yaxshi, oqil, oqibatli bo‘lib ulg‘ayganligidan sevinadi.

-        Ota-ona qariydi, farzandlarining yoshi ham ulg‘ayadi, ular oila quradi, bola-chaqali bo‘ladi. Lekin ota-onalar nazaridan farzandlar hamisha yosh boladek bo‘lib qoladi. Ota-ona nazarida farzandlari doim ularning yordamiga, yo‘l-yo‘rig‘iga muhtojdek bo‘lib ko‘rinadi. Bu ham har bir oilada o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘ladigan insoniy fazilat, maʼnaviyatdir. Agar ota-onaning so‘ziga har doim quloq solsak, bu ish farzandlarimiz uchun ham ibrat bo‘ladi, ular ham bizning gapimizga quloq solishga odatlanadilar.

-        Har bir oilaning ro‘zg‘or yuritish, mehmon kutish, qo‘ni-qo‘shnilar bilan munosabatda bo‘lish, mehnat qilish, dam olish, bola tarbiyalash, kasb tanlash va tejamkorlik borasida o‘ziga xos anʼanalari bor. Farzandlar bu anʼanalarga ham rioya qilishi kerak. Yaxshi oilaviy anʼanalar meros sifatida avloddan-avlodga o‘tib, katta hayotiy maktab va maʼnaviy tarbiya omili bo‘lib qoladi.

-        Oilada bamaslahat ish qilish, yaʼni, aka-ukalar, opa-singillar, qarindosh-urug‘lar o‘zaro ahil va inoq, hamjihat bo‘lishi ota-onalar orzusidir. Ota-ona bir farzandini emas, balki barchasining baxtini, tinchligini o‘ylaydi. Shu sababli ham ota-onalar ko‘zi ochiq vaqtida bolalari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, qarindosh-urug‘lar bilan ham aloqani yaxshilashga harakat qilishadi.

-        Ota do‘stligi merosgina emas, balki davom etishi lozim bo‘lgan anʼana hamda qadriyatdir. Vafot etgan otaning do‘stlari bilan bordi-keldini uzmaslik, ularning bolalari bilan do‘stlashish oilaviy anʼanalarni davom ettirishdir. Bu ota-onalar tiriklik chog‘idayoq orzu qilgan umid, niyatdir. Baʼzan, ota vafot etgach uning do‘stlari, yaqinlari bilan bo‘lgan aloqalar uzilib ketadi. Bu esa atrofingizda ishonchli, mehr-oqibatli kishilar doirasi torayishiga sabab bo‘ladi. Marhum otaning do‘stlari, yaqinlari bilan aloqalarni mustahkamlash jamiyatdagi hamkorlik, hamdardlik, hamjihatlikning tarkibiy qismidir.

-        Ota-onani rozi qiladigan axloqiy fazilatlardan biri farzandlarning samimiyligi va to‘g‘riligidir. Samimiylik, to‘g‘rilik yaxshi tarbiyaning belgisi va natijasi bo‘lib, u inson qalbi sofligini, beg‘arazligi va beg‘uborligini bildiradi. Samimiylik, to‘g‘rilik keng qalbli bo‘lish hamdir. Sabrlilik esa imonlilikning belgilaridan biri hisoblanadi. Buyuk faylasuf Deni Didro ham samimiylik haqiqatning, insoniyatga xos bo‘lgan maʼnaviy kamolotining belgisidir, deb aytgan edi. Samimiylik ochiq ko‘ngillikdir. Birovga yaxshilik qilib, uni minnat qilmaslikdir. To‘g‘rilik – halollikdir, haromdan xazar qilish, o‘zgalarga beminnat, holisona yordam qilishga intilishdir. Halol odamlar haqiqatgo‘y bo‘ladilar, doim yaxshilikka intiladilar.

-        Farzandlarni maʼnaviyatli, odobli qilib tarbiyalash oiladagi vaziyatga bog‘liq deymiz. Biroq, oilada vaziyat yaxshi bo‘lsa-yu, farzand ko‘chaga chiqib, beadab yoshlar davrasiga kirib qolsa bu hol ota-ona bergan tarbiyaning taʼsirini puchga chiqaradi. Shu sababli ham har bir ota-ona farzandlari qanday odamlar bilan bog‘lanib, muloqotda, munosabatda bo‘lib yurganini bilishi ham ahamiyatlidir. Baʼzi ota-onalar farzandlarining tarbiyasiga befarq qaraydi. Men ish bilan bandman, bolamni bog‘chadagi murabbiylar, maktabdagi muallimlar tarbiyalasin, degan fikr ayrim ota-onalarda yo‘q emas. Ota-onalar nazoratining kuchi shundaki, ular bola yo‘l qo‘ygan xato yoki nojo‘ya ishni ko‘rib, uni o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qilishlaridir.

Xullas, farzandning el-yurtga munosib bo‘lib yetishishi ota-onaga bog‘liq. Agar farzand tarbiyasiz bo‘lsa ota ham, ona ham javobgardir. Chunki farzandsiz istiqbol yo‘q, insonsiz Vatan. “Qurʼoni karim”, Hadisu sharifda farzand uzluksiz ota-ona xizmatida bo‘lishi, ularning roziligi asosida o‘z hayoti va faoliyatini yo‘naltirilishi taʼkidlanadi. Ota-onaning qadr-qimmatini na boylik, na zebu-ziynat bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Har bir ota-ona farzandi kamolini o‘ylar ekan, uni jamiyat va xalqqa zarur va munosib qilib voyaga yetkazish uchun jon fido qiladi. Ota-ona o‘z farzandidan rozi bo‘lgandagina uning ishlari jadal rivojlanadi. Shuning uchun ham farzandlar umr bo‘yi o‘z ota-onalari huzurida qarzdordirlar.

 

H.Norqulov – pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.

[1] O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, 2021-yil 1-yanvar holati.

[2] Oila va barkamol avlod tarbiyasi. –T.: Ijtimoiy fikr. 2012-y. 35-b.

[3] Ibrohim Haqkul. “Navoiyga qaytish”. “Fan” nashriyoti, 2007-yil 13 bet.

[4] Kun.uz. xabarlari. “Oilaviy ajrimlar soni 23 foizga oshdi”. 13.06.2022.

[5] Odob bo‘stoni va axloq gulistoni, -T.: “Fan” 1994. 29-bet.

Chop etish