"Kuchli jins"ning ojiz nuqtasi. Biz nimalarni yashiramiz?
"Kuchli jins"ning ojiz nuqtasi. Biz nimalarni yashiramiz?
Bugungi kunda tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, erkaklar bilan bog‘liq muammolar shunchaki individual xulq-atvor masalasi emas, balki chuqur strukturaviy, iqtisodiy va madaniy inqirozlar yig‘indisidir. Erkaklar va yosh yigitlarning jamiyatdan chetlanib qolishi sindromi bugungi kunning eng jiddiy sotsiologik muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda, u shunchaki "dangasalik" yoki shaxsiy tanlov emas, balki chuqur tizimli o‘zgarishlarning natijasidir. Tadqiqotlarga tayangan holda, erkaklar duch kelayotgan asosiy muammolarni quyidagi to‘rt yo‘nalishda tasniflash mumkin:
1. Iqtisodiy va ijtimoiy "o‘z o‘rnini yo‘qotish". Iqtisodiy nuqtayi nazardan, zamonaviy erkak, ayniqsa oliy ma‘lumotga ega bo‘lmagan qatlam vakillari, jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 1979-yildan beri kollej diplomiga ega bo‘lmagan erkaklarning ish haqi deyarli o‘zgarmagan. Bu iqtisodiy turg‘unlik erkaklarning oilaviy hayotdan uzoqlashishiga olib kelmoqda, 30-40 yoshli diplomsiz erkaklarning faqat yarmi o‘z farzandlari bilan yashamoqda. Erkaklar jamiyatda "langar" vazifasini o‘tovchi institutlardan — mehnat bozori, oila hamjamiyatdan uzilib qolmoqda. Ular o‘zlarini jamiyatga kerakmasdek, yo‘qolgan his qilmoqdalar va bu holat ularni ijtimoiy hayotdan chetlatib, yolg‘izlikka mahkum etmoqda.
2. Ruhiy salomatlik inqirozi. Erkaklar o‘rtasidagi ruhiy inqiroz statistik ma‘lumotlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. AQShda o‘z joniga qasd qilishlarning 80 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2010-yildan beri yosh yigitlar orasida suitsid holatlari keskin oshgan. Bundan tashqari, giyohvand moddalar va zaharli moddalardan vafot etish holatlari erkaklar orasida 2001-yildan beri olti baravar ko‘paygan. Bu muammoni chuqurlashtiruvchi omil shundaki, ruhiy salomatlik sohasi (psixologiya va terapiya) tobora "ayollarga moslanib" bormoqda, bu esa erkaklarning yordam so‘rashini qiyinlashtirmoqda, erkaklar o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etishga o‘rgatilmaganligi va jamiyat tomonidan "kuchsiz" deb tamg‘alanishdan qo‘rqishi ularning ichki dardlarini yana-da kuchaytirmoqda.
3. Ta‘lim tizimida orqada qolish. Ta‘lim sotsiologiyasi va PISA tahlillalari bo‘yicha ma‘lumotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘g‘il bolalar maktablarda qizlarga nisbatan yomonroq natijalar ko‘rsatmoqda. O‘rtacha maktablarda qizlar o‘qish va yozish (savodxonlik) bo‘yicha o‘g‘il bolalardan deyarli bir sinf oldinda yurishibdi. O‘g‘il bolalarning maktabni tashlab ketish ko‘rsatkichlari yuqori va eng past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning uchdan ikki qismini o‘g‘il bolalar tashkil qiladi. Buning sabablaridan biri ta‘lim tizimida erkak o‘qituvchilarning yetishmasligidir. O‘g‘il bolalar o‘zlariga namuna bo‘la oladigan erkak pedagoglarni ko‘rmayaptilar, bu esa ta‘limni "ayollar sohasi" deb qabul qilinishiga olib kelmoqda.
4. Zararli madaniy normalar va zo‘ravonlik. Jamiyat erkaklarga "erkaklik" (masculinity) haqidagi zararli tushunchalarni singdirmoqda. Ko‘pincha erkaklar muammolarni hal qilishning yagona yo‘li sifatida zo‘ravonlikka murojaat qilishga o‘rgatiladilar yoki majburlanadilar. Gender tengligi haqidagi bahslarda erkaklar ko‘pincha faqat muammoning sababchisi sifatida ko‘rilib, ular (ramziy ishtirokchi) darajasiga tushiriladi yoki ayblanadi.
Ko‘pincha gender tengligi haqida gapirilganda "nol yig‘indili o‘yin" (zero-sum game) tamoyiliga amal qilinadi, go‘yoki ayollarga e‘tibor berish uchun erkaklarni chetga surish kerakdek. Aslida esa, erkaklarning iqtisodiy va ruhiy inqirozi ayollar va bolalar hayotiga ham bevosita salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.
Jamiyat gender tengligiga erishish yo‘lida erkaklarni dushman yoki muammo manbai sifatida emas, balki bu jarayonning muhim ishtirokchisi sifatida ko‘rmasa, bu muammolar chuqurlashib boraveradi.
Ushbu mavzu bilan batafsil tadqiqotchi Richard Rivzning "The Big Think" ga began "The real reasons young men are checking out of society" (https://www.youtube.com/watch?v=gLIEpbLWWao) to‘liq intervyusi orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Рус
Eng



