Maʼnaviy qadriyatlar va taraqqiyot uyg‘unligi

04:03 - 15 Yanvar Yangiliklar
49

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida inson qadrini eʼzozlash, jamiyat barqarorligini taʼminlashni o‘z oldiga bosh maqsad qilib qo‘ygan.

ness image

Bu yo‘lda eng muhim tayanch – oila hisoblanadi. Chunki farovon jamiyat, avvalo, farovon oiladan boshlanadi. Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni milliy qadriyatlar asosida intellekti yuqori va vatanparvar qilib tarbiyalashda oilaviy qadriyatlarning o‘rni katta.

Yangi O‘zbekistonning farovon oilasi esa moddiy taʼminlanganlik bilan bir qatorda, yuksak maʼnaviyat, milliy qadriyatlar va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar bilan tavsiflanadi.

Farovon oilaning ruhiy poydevori

Aslida maʼnaviy qadriyatlar insonning ruhiy dunyosini boyitib, uning axloqiy qiyofasini shakllantiradi. Oila muhitida maʼnaviyat farzand qalbiga ilk bor singadi. Ota-onaning shaxsiy namunasi, so‘zi va amali orqali bolada insof, halollik, mehr-oqibat, sabr-toqat kabi fazilatlar qaror topadi.

Oila barqarorligining kafolati

Milliy qadriyatlar xalqning asrlar davomida shakllangan hayotiy tajribasi, maʼnaviy merosidir. Kattaga hurmat, kichikka izzat, mehmonnavozlik, qo‘shnichilik munosabatlari, ota-onani ulug‘lash kabi qadriyatlar o‘zbek oilalarida hamon muhim ahamiyatga ega. Bu esa globallashuv sharoitida ham milliy o‘zlikni asrashga xizmat qiladi. Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni milliy qadriyatlar asosida intellekti yuqori va vatanparvar qilib tarbiyalashga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Zero, har bir xalqning milliy qadriyatlarini uning tarixi, maʼnaviyati, madaniyati, o‘ziga xos urf-odatlari, anʼanalarisiz tasavvur qilish qiyin. Milliy qadriyatlarni farzandlar ongi va qalbiga singdirish oiladan boshlanadi.

Jumladan, yoshlar kattalardan: suvga tupurma, non ustiga narsa qo‘yma, nonning uvog‘i ham non, yoshi ulug‘larning yo‘lini kesib o‘tma, ota-onangning gapini ikkita qilma, ustozingni hurmat qil, atrofingga befarq bo‘lma kabi nasihatlarni eshitib, turli rivoyat, maqol, hikmatlarni tinglab, xotiralarida saqlab voyaga yetadilar. Yoshlar bizning kelajagimiz, ular ota-ona va ajdodlarimiz ishining davomchilari hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadimiz – milliy va maʼnaviy qadriyatlar asosida komil insonni tarbiyalashdir.

O‘zbek xalqi milliy, maʼnaviy qadriyatlar va axloq odobga bag‘ishlangan maxsus teran taʼlimotlarning merosxo‘ridir. Jumladan, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-xaqoyiq” asarlari, Kaykovusning “Qobusnoma”, Burhoniddin Marg‘inoniyning yetti kitobdan iborat “Hidoya”, Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” nomli odob-axloq meʼyorlarini batafsil yoritib bergan asarlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini, dolzarbligini yo‘qotmagan.

Yosh avlodni maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda esa, yuqorida nomlari zikr qilingan allomalarning o‘giti, dono so‘zlari, fikrlarini qadrlash, o‘rganish, hayotda qo‘llash yoshlarni fikr va dunyoqarashini kengaytiradi. Bugungi yoshlar – kelajagimizning mustahkam poydevori. Shunday ekan, ularni har tomonlama yetuk, komil, vatanparvar, yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida fidokor bo‘ladigan farzandlar qilib tarbiyalash zarur.

Milliy qadriyatlarning asosi bo‘lgan maʼnaviyatda esa, inson xulq-atvorining go‘zalligi, saxovatliligi, oliyjanobligi, vaʼdasiga vafodorligi, hayoliligi, bilim olishi, donoligi, bag‘rikengligi, odobliligi, ozoda va pokizaligi, qalbining beg‘uborligi, xushmuomalaligi va shu singari insoniy xislatlar tushuniladi

Ota-ona o‘z farzandlari bilan bevosita va bilvosita muloqotda bo‘lib, ularni maʼnan oziqlantirar ekan, eng avvalo, o‘zlari o‘zaro muomala jarayonida namuna bo‘lishlari hamda farzandlarini ko‘proq tinglab, nutqiy layoqatini oshirishga harakat qilishlari so‘ngra o‘z fikrlarini axloq meʼyorlariga rioya qilgan holda suhbatga oid hikmatlar, maqollar, hayotiy misollardan keltirib tushuntirishlari juda muhimdir.

Yangi O‘zbekistonning farovon oilasi axloqiy tarbiyaning asosiy maskani hisoblanadi. Oilada muhabbat va hurmat ustuvor bo‘lgan muhitda o‘sgan farzand jamiyatda ham masʼuliyatli, faol va vijdonli shaxs bo‘lib shakllanadi. Maʼnaviy sog‘lom oila, nizolarni murosa bilan hal etadi, zo‘ravonlik va tazyiqni inkor qiladi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga asoslanadi. Bunday oila muhiti nafaqat shaxs kamolotiga, balki jamiyat maʼnaviy barqarorligiga ham xizmat qiladi.

Davlat siyosati va farovon oila

“O‘zbekiston 2030” Taraqqiyot strategiyasida oilani qo‘llab-quvvatlash, maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Yosh oilalar uchun uy-joy, xotin-qizlar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar Yangi O‘zbekistonning farovon oila modelini shakllantirmoqda.

O‘zbekistonning Yangi farovon oilasi – bu maʼnaviy qadriyatlar, milliy anʼanalar va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashgan hayot maktabidir. Bunday oilada inson qadri ulug‘lanadi, muhabbat va hurmat ustuvor bo‘ladi, farzandlar maʼnaviy barkamol qilib tarbiyalanadi.

Shu maʼnoda, farovon oila – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng ishonchli tayanchi, kelajak avlod kamoloti va jamiyat barqarorligining mustahkam poydevoridir

Farida ABDURAHIMOVA,

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”,

pedagogika fanlari nomzodi,

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i

Chop etish