Xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari o‘zgardimi?

07:57 - 6 Fevral Yangiliklar
100
ness image

Bugungi kunda xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari va qadriyatlari tizimi jamiyat, madaniyat, shaxsiy tajriba, zamonaviy tendensiyalar va mavjud shart-sharoitlar taʼsirida shaklan yangi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti jamoasi tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida ularning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari va muammolarini o‘rganish maqsadida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazildi. Ularda mamlakatning 8 ta hududida istiqomat qiluvchi 547 nafar xotin-qiz qatnashdi. Xotin-qizlarning bandligi shahar va qishloq hududlari kesimida o‘rganilganida har beshinchi xotin-qiz davlat tashkilotlarida faoliyat olib borishi va shahar hududida yashovchilar orasida ularning ulushi biroz ko‘pligi (23 foiz) aniqlandi. Uy bekalari orasida esa ko‘pchilikni qishloq hududlarida yashovchi ayollar (30,8 foiz)dan iborat bo‘ldi. 

So‘nggi yillarda mamlakatda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tengligi masalalariga tobora ko‘proq eʼtibor qaratilmoqda. Tadqiqot natijalarida jamiyatda erkak va ayolning teng huquqliligini taʼminlash dolzarb masala ekanligini qo‘llab-quvvatlovchi xotin-qizlar ulushi o‘rtacha 49,8 foizni tashkil etdi. 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, jamiyatdagi aksariyat ayollar (80,6 foiz) taʼlim olish va uni davom ettirishni muhim deb hisoblaydi. Xususan, ularning 62,6 foizi oliy maʼlumotga ega bo‘lishni o‘ta muhim, har beshinchisi esa (18 foizi) ko‘p jihatdan muhimligini taʼkidladi. 

So‘rovda ishtirok etganlarning 72 foizga yaqini iqtisodiy farovonlik ular uchun o‘ta muhimligini, beshtadan bittasi (19,4 foiz) ko‘p jihatdan muhimligini taʼkidlashgan. Xotin-qizlarning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi ularning inson salomatligini qay darajada qadrlashi masalasi bilan uzviy bog‘liq. Olingan maʼlumotlarga ko‘ra, ayollarning aksariyati sog‘lom hayot kechirish har bir inson uchun o‘ta muhim ekanligiga ishonadi.

Chop etish