Xotin-qizlarning axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishdagi ulushi qanday?
#Ilmiy_loyihalar

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Raqamlashtirish sharoitida xotin-qizlarning axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan faol foydalanishini oshirish va gender tengligini ta‘minlash muammolari” mavzusida ilmiy loyiha bajarildi. Loyihada Xotin-qizlarning axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan faol foydalanishi va gender tengligini ta‘minlashning huquqiy maqomi, ularni Internet va mobil uyali aloqadan foydalanishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta‘lim olayotgan xotin-qizlar, ayni yo‘nalishda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar, ularning faolligi hamda malakasini oshirish kabi qator yo‘nalishlarda tahlillar o‘tkazilib, natijalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda Internetdan foydalanuvchi 10 yosh va undan katta yoshdagi xotin-qizlar ulushi 92,2% ni (2024-yil 1-oktyabr) tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich hozirgi kunda avvalgi yillarga nisbatan o‘sganligi kuzatilgan.
Ma‘lumot uchun: 2021-yilda – 72,6%, 2022-yilda – 81%, 2023-yilda – 87,3%.
Davlat soliq xizmati organlaridan 2 mln 533 ming 905 nafar
(2024-yil 1-yanvar) shaxs o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 43,6% – xotin-qizlar (1 105 366 nafar) 56,4% – erkaklar (1 428 539 nafar) hisoblanadi.
Mazkur o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi faoliyat turlariga ko‘ra tahlil qilinganida, xotin-qizlar va erkaklarning ulushi bir-biridan farq qiladi.
Xususan, jismoniy shaxslarga kompyuterlarni ta‘mirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy ta‘minot o‘rnatish faoliyat yo‘nalishida xotin-qizlarning ulushi 21,4% ni tashkil qilsa, matn yaratish va ishlov berish (kopirayter, rerayter, SEO-kopirayter, SEO-rerayter, musahhih, kontent-menejer, muharrir, e-mail orqali xatlarni jo‘natish bo‘yicha mutaxassis, spichrayter, transkriber va boshqalar) faoliyat yo‘nalishida 53,6% ni, multimedia, dizayn va san‘at materiallarini yaratish va ishlov berish faoliyat yo‘nalishida ularning ulushi 37,3% ni, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM) faoliyat yo‘nalishida 39,3% ni tashkil qilmoqda.