# “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotlari

03:34 - 29 Oktabr Yangiliklar
134
O‘zbekistonning faol keksayish indeksi

2050-yilga borib, yer yuzida 65 va undan katta yoshdagi keksalar soni ikki barobarga oshib, 1,5 milliardga yetishi prognoz qilinmoqda. 2050-yilda dunyoda har olti kishidan biri 65 va undan katta yoshdagilar toifasida bo‘ladi. 2012-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan barcha mamlakatlarda aholining faol va sog‘lom keksayishi uchun ularning foydalanilmagan salohiyatini baholash maqsadida faol keksayish indeksi joriy qilindi. Bu indeks keksa avlod vakillarining mustaqil hayot kechirishi, haq to‘lanadigan mehnat va ijtimoiy faoliyatda ishtirok etish darajasi hamda ularning faol keksayish imkoniyatini o‘lchaydi. O‘zbekistonda faol keksayish indeksi bo‘yicha tadqiqot BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning ekspert va moliyaviy ko‘magida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamda Moldova iqtisodiy tadqiqotlar milliy instituti mutaxassislari hamkorligida amalga oshirildi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston faol keksayish indeksi reytingida 34,9 ball bilan Yevropa Ittifoqining 28 davlatlari bilan taqqoslanganda 17-o‘rinni egallab turibdi.  Tadqiqotda O‘zbekistonlik keksalarning ijtimoiy faollik bo‘yicha (44,9 bal) yuqori ko‘rsatkichga egaligi qayd etilgan bo‘lsa, faol keksayish imkoniyatlari uchun nisbatan qulay muhit (56,5 bal) mavjudligi ko‘rsatildi. O‘zbekiston 2023-yildagi faol keksayish indeksi 34,9 ball bilan Qozog‘istondan (38,4) pastroq, ammo Ozarbayjon (32,6) va Rossiya (29,6) davlatlaridan yuqoriroq ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu esa O‘zbekistonning mazkur davlatlar orasida faol keksayish imkoniyatlari bo‘yicha o‘rta darajadagi ko‘rsatkichlarga ega ekanidan dalolat beradi.

ness image


Otalarning oilaviy hayotdagi o‘rni va farzand tarbiyasidagi ishtiroki qanday?

Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan otalarning oilaviy hayotdagi o‘rni va farzand tarbiyasidagi ishtiroki mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot respublikamizning 9 ta hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan 1024 nafar turmush qurgan, farzandli erkaklar va ayollar o‘rtasida olib borildi.

Tadqiqotda ishtirok etgan respondentlarning 511 nafarini ayollar (49,9 %), 513 nafarini erkaklar (50,1%) tashkil etdi.  Tadqiqot ishtirokchilarining qariyb yarmi bugungi kunda otalarning asosiy vazifasi oilani boqish (49,2%) va oilani boshqarish (49,3%) deb hisoblaydi, to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i (27,5%) oiladagi tartibni belgilash va oilani himoya qilish (26,5%) ekanligini taʼkidlashgan, shuningdek, qariyb beshdan bir qismi (18,3%) otalarni farzand tarbiyasidagi asosiy inson deb bilishadi. Otalarning asosiy qismi (75,6%) bo‘sh vaqtini oilasi bilan o‘tkazishni afzal ko‘rishadi. Shuningdek, tadqiqotda ishtirok etgan onalar asosan farzandlari (onalar – 55,6%, otalar – 27,3%), otalar esa do‘stlari (otalar – 36,3%, onalar – 4,7%) bilan bo‘sh vaqtini o‘tkazgan.

Oilada otalarning farzand tarbiyasida ishtirok etish darajasi 4 ballik Laykert shkalasi bo‘yicha 2,12 ballga baholanib, “o‘rtacha” darajani tashkil etdi. Xususan mazkur indikatorda otalar farzandining muammolarini hal qilishda va zarur yordam ko‘rsatishda faol ishtirok etish darajasi “yuqori” (3,03 ball), farzandlari bilan ularning sevimli mashg‘ulotlari va qiziqishlari bilan shug‘ullanish darajasi “o‘rtacha” (1,86 ball), farzandlari bilan ularning his-tuyg‘ulari va boshidan kechirganlari haqida gaplashib turish (1,68 ball) hamda farzandining uy vazifalarini o‘rganishdagi ishtiroki (1,87 ball) “past” darajani qayd etdi;

Otalarning farzandlari bilan birgalikda vaqt o‘tkazishi “o‘rtacha” (1,93 ball) darajani tashkil etdi. Mazkur indikatorda otalarning muntazam ravishda oilaviy tadbirlarni va dam olish kunlarini birgalikda rejalashtirishda ishtiroki (2,25 ball), farzandlari bilan muloqot qilish uchun vaqt topish (2,13 ball), farzandining sevimli mashg‘ulotlari va qiziqishlari bilan faol shug‘ullanish darajasi (1,8 ball) “o‘rtacha”, otalarning farzandlariga kitob yoki ertak o‘qishga ajratgan vaqti “past” (1,55 ball) darajada baholangan.

 

Zamonaviy otalarning ijtimoiy-psixologik portreti

"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan zamonaviy otalarning ijtimoiy-psixologik portretini yaratish maqsadida 156 nafar otalardan ijtimoiy-psixologik so‘rovnoma o‘tkazildi. Psixodiagnostik metodikalarning natijalar aprobatsiyasi orqali quyidagi xulosalarga kelindi. Unga ko‘ra, shahar hududida uy ro‘zg‘or tashvishlarining ko‘pligi hisobidan otalar asosiy eʼtiborni moliyaviy savodxonlik darajasiga qaratishgan (moliyaviy savodxonlik – 28%,  mustaqillik – 22%, masʼuliyatlilik – 18%, xatti-harakati uchun javobgarlik – 18%, o‘ziga ishonch – 14%). Tadqiqotda masʼuliyatlilik hamda xatti-harakati uchun javobgarlik kabi sifatlar qishloq hududida yashovchi otalarning qadriyatlar tizimida ustuvorlik kasb etishi aniqlandi (xatti-harakat uchun javobgarlik – 22%, masʼuliyatlilik – 20%, o‘ziga ishonch – 18%, moliyaviy savodxonlik – 18%). G‘amxo‘rlik, moliyaviy mustaqillik hamda oilasiga eʼtiborlilik faoliyat turidan qatʼiy nazar otalarda ustuvor sifat tariqasida qadrlanadi. Zamonaviy otalarda bolaga o‘z fikrini aytishga imkon berish, bolani qiyinchiliklardan asrash, bola faolligini rag‘batlantirish orqali do‘st pozitsiyasini tanlash yuqori ko‘rinishda ekani maʼlum bo‘ldi. Shuningdek, ularda o‘ziga ishonch yuqori bo‘lishi bilan birga har bir elementdan shubhalanishga moyillik ham balandroq ko‘rinish olishi maʼlum bo‘ldi. Davlat tashkilotlarida ishlovchi otalarda o‘ziga talabchanlik, javobgarlikni his qilish, qatʼiylik, rejalar bilan to‘lib-toshishlik, quvnoq odamlar davrasida vijdonan ishlashni maʼqul ko‘rish ko‘proq darajada namoyon bo‘ldi.

Chop etish