Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi – farovon hayot va barqaror kelajak maskani

04:38 - 20 Iyun Yangiliklar
1070
ness image

O‘zi ibratli oila deganda qanday oila nazarda tutiladi? Ibratli oila, birinchi navbatda, oila a‘zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan bo‘lib,  bunday oilaning har bir a‘zosi bir-birini qadrlaydi, hurmat qiladi va o‘zaro ishonchni asraydi. Bu munosabatlar oila ichidagi tinchlik va osoyishtalikning kafolatidir. O‘zaro hurmat va ishonch oilada sog‘lom muhitni shakllantiradi va farzandlar tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi.

Jumladan, oilalarda ma‘naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yilning 21-fevraldagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son Farmoni ham shular jumlasidan bo‘lib, unda oila institutini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida alohida vazifalar belgilangani muhim ahamiyat va mazmun kasb etadi.

Mazkur farmonga ko‘ra, yurtimizda oilalar mustahkamligini ta‘minlash, oila a‘zolarining farzand tarbiyasi borasidagi mas‘uliyatini oshirish, ularni Vatanga muhabbat, ezgulik, halollik, mehnatsevarlik, tadbirkorlik va fidoyilik singari tamoyillarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda oilaning tutgan o‘rnini targ‘ib qilish maqsadida 15-may – “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan Respublikaning barcha shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlov yurtimizdagi barcha mahallalardagi oilalarni qamrab olishga mo‘ljallangan bo‘lib, uch bosqichda bo‘lib o‘tkazildi:

birinchi bosqich – mahallalararo (saralash);

– ikkinchi bosqich – tuman (shahar);

– uchinchi (yakuniy) bosqich – hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar).

Tanlovda butun Respublika bo‘ylab farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ibratli oilalar ishtirok etdi.

Mazkur ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish hisoblanadi. O‘tkazilgan ko‘rik-tanlov davomida ishtirokchi oilalarning har tomonlama tanlov shartlari asosida tayyorgarlik ko‘rganiga, oilaviy qadriyatlarni aks ettirganiga alohida e‘tibor berildi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi farovon hayot va barqaror kelajak maskani hisoblanadi. Ibratli oilalarning yuksak ma‘naviyatli, bilimdon va intiluvchan avlodlarni tarbiyalashdagi o‘rni beqiyosdir. Shu bois, oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish Yangi O‘zbekistonning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolaveradi.

Chop etish