Huquqiy-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasining “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1053-son Qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyatini yoritish bo‘yicha huquqiy-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti “Gender strategiya va baholash” bo‘limi kichik ilmiy xodimi Xurshidbek Abduazimov mazkur Qonunning mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib qilish hamda tushuntirish maqsadida qonunda belgilangan asosiy normalar mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish bilan bir qatorda, xodimlar tomonidan berilgan savollarga ham batafsil javob berdi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanadi. Xususan, Kodeksning 40-moddasiga “sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamaydi” degan normaning qo‘shilishi, zo‘ravonlik holatlarida jabrlanuvchining xavfsizligi, ruhiy holati va ijtimoiy himoyasi ustuvor ahamiyatga egaligi haqida alohida tushuntirishlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha ravishda fuqarolarning uy-joydan foydalanish bilan bog‘liq huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, ayniqsa, nizoli holatlarda ijtimoiy adolat va taraflar manfaatlarining muvozanatini ta’minlashga qaratilgan. Yangi norma sud tomonidan turar joydan foydalanish bo‘yicha nizolar ko‘rib chiqilayotgan vaqtda, agar tomonlar kelishuvga erishgan va bu tashabbus mulkdordan kelib chiqqan bo‘lsa, sud majburiy tartibda turar joyga kiritilayotgan shaxsni mulkdorga tegishli, yashash uchun mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga joylashtirish yoki boshqa bir turar joyni ijaraga olib, ijara haqini mulkdor zimmasiga yuklash huquqini berishi tushuntirildi.
Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi muvofiq avval “O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi” endilikda mustaqil tarzda “O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi” deb ko‘rsatilishi nazarda tutilgani haqida ma’lumot berildi.