“Oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos xususiyatlarini takomillashtirish” mavzusi bo‘yicha sotsiologik tadqiqot natijalari to‘g‘risida

11:08 - 6 декабр Янгиликлар
5568

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti vakillari tomonidan, oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishda har bir oila uchun zarur bo‘lgan, oila va nikohning mustahkamligini saqlash, oilada sog‘lom ijtimoiy muhitni yaratishga ko‘maklashish orqali oilaning psixologik barqarorligini ta’minlash maqsadida tadqiqot olib borildi.

Tadqiqotda quyidagi vazifalar belgilab olindi;

- oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash;

- aholining psixologik xizmatga bo‘lgan ehtiyoji va psixologik xizmat haqidagi tasavvurlarini o‘rganish;

- oilaviy psixologik xizmatni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etish; 

- psixologlar uchun oilaviy psixologik xizmatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.

So‘rov 2023-yilning iyul va avgust oylarida o‘tkazildi. Tadqiqotda Toshkent shahrida, jami 30 nafar psixologlar, professional mutaxassislar ishtirok etib, ularning 12 nafari oliy ta’lim muassasalarining psixolog o‘qituvchilar, 13 nafari aynan oilalar bilan ishlovchi malakali psixologlar hamda 5 nafari mahalladagi xotin-qizlar faollari, ijtimoiy ishchilar iborat.

Ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil etishda matematik statiska va turli statistik tartibdagi metodlardan foydalanildi.

Ma’lumotlarning yakuniy natijalari bo‘yicha statistik tahlil SPSS dasturidan foydalanilgan holda amalga oshirildi.

SO‘ROV NATIJALARI

 

Oila – ijtimoiy institut sifatida inson shaxsining dunyoga kelishi, voyaga yetishi, jamiyatga qo‘shilishi, insoniyatning istiqboldagi ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik rivojlanishini ta’minlovchi xamda jamiyat farovonligiga olib boruvchi asosiy hayotiy kadriyatlardan biri xisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 47/237-son Rezolyutsiyasi bilan 1993-yilda har yili 15-may sanasini “Xalqaro oila kuni” sifatida nishonlash e’lon qilinganligi oilaning dunyo miqyosida beqiyos va boqiy ijtimoiy tuzilma ekanligini ko‘rsatadi. Ammo jahonning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida oilaning barbod bo‘lishi, an’anaviy oilalar sonini tinimsiz kamayib borishi odatiy holga aylanmoqda. Bu holat axborotlashgan jamiyatda oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishni masalasini dolzarblashishiga olib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, oilaga psixologik xizmat tizimini rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlarni takomillashtirish, innovatsion natijalarni amaliyotga tatbiq etishga bo‘lgan zarurat tobora ortib bormoqda.

Dunyoning ilmiy tadqiqot institutlari va markazlarida oilaviy psixologik xizmatga oid ilmiy izlanishlar XX asrning ikkinchi yarmidan olib borilmoqda. Jumladan, AQSh psixologlar assotsiatsiyasi tomonidan oilalar psixologik salomatligini tiklash borasida dasturlar yaratilgan. Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Singapur, Turkiya, Rossiya kabi rivojlangan mamlakatlarda oilaviy psixologik xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan markazlar faoliyati tashkil etilgan. UNESKOning IUPsyS (International Union of Psichological Science) tashkiloti xulosalariga ko‘ra, psixologik xizmat masalasining keng ijtimoiy va ilmiy jamoatchilik diqqat markazida bo‘lishi bugungi kunda muhim ahamiyatga ega hamda professional darajada psixologik xizmatni olib boruvchi psixologlar faoliyatini tashkil etish hamda takomillashtirish muhimdir. 

O‘zbekistonda oilani muhim ijtimoiy institut sifatida mustahkamlash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida bobida qayd etilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatimizda oilalar soni 9,7 mlnni tashkil etadi, ularning 12-14 % ida nizoli vaziyatlar, noto‘liq, noqonuniy nikohlar sonining o‘sishi, ijtimoiy yetimlik, zo‘ravonlik, suitsid, deviant xulq-atvor ko‘rinishlari bilan xarakterlanadigan oilaviy muammolar yuzaga kelishi kuzatilmoqda. Bunday sharoitda oilaviy psixologik xizmatni rivojlantirish zarur vazifa bo‘lib, jamiyat taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu ma’noda O‘zbekiston uchun oila ijtimoiy institut sifatida oliy qadriyat bo‘lsada, bevosita oilaga psixologik xizmat ko‘rsatish muammosi yetarli darajada tashkil etilmagan. Bu esa oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etishga yo‘naltirilgan mazkur tadqiqotimizning ahamiyatini oshiradi.

“Oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos xususiyatlarini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy tadqiqotda oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishning oilalarni mustahkamlashdagi o‘rni va zarurati, oilaga psixologik xizmatda oila psixologi mutaxassisini tayyorlash, oiladagi psixologik muammolar va ularning motivlarini aniqlash, psixologik xizmatni ta’lim orqali tatbiq etish, oila ilmi bo‘yicha savodxonlikni oshirish istiqbollari tahlil qilinadi.

So‘rovnoma tahlillarida respondentlarning javoblari diagramma ko‘rinishida taqdim etiladi. 

ness image

1-rasm. Oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatish deganda nimani tushunasiz bo‘yicha fikrlari (foizda)

Respondentlarning oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatish deganda nimani tushunasiz deb berilgan savolga so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning javoblari quyidagi natijalarni ko‘rsatdi. 33,3 foiz respondentlarning fikricha, oilalarda bo‘ladigan vaziyat va jarayonlarga psixologik yordam deb hisoblashsa, ularning 26,7 foizi oilaviy psixologik xizmat ko‘rsatishni oilani mustahkamlashda muhim omil deb bilishadi, 20 foizi oila muammolariga psixologik yordam deb bilishsa va yana shuncha qismi esa oiladagi shaxslararo munosabatlarni mo‘tadillashtirish deb hisoblashadi.

2-rasm. “Bugungi kunda oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qanday tizimli muammolar bor?” savoli bo‘yichaekspertlarning fikrlari (foizda)

So‘rovnomada ishtirok etgan respondentlardan bugungi kunda oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qanday tizimli muammolar bor va bu to‘g‘risidagi fikrlarini bilish uchun savol berilganda, respondentlarning 50 foizi oilalar bilan ishlaydigan amaliyotchi psixolog yetishmasligini mazkur sohadagi asosiy muammo sifatida ko‘rsatishgan. 17 foiz ekspertlar mahallalarda oilalar bilan ishlaydigan psixolog shtatining yo‘qligini, 27 foizi nomutaxassiz psixologlarning ko‘payishi va 6 foizi esa hozirgi kunda psixologlarning shaxsiy ochilgan markazlarida olib borayotgan psixologik xizmatlari uchun yuqori narxlar belgilanganligini asosiy muammo sifatida qayd etishgan (2-rasm).

3-rasm. “Oilaviy psixologik xizmat qanday muammolarni hal qila oladi?” savoli bo‘yicha ekspertlarning fikrlari (foizda)

 

“Oilada psixologik xizmat ko‘rsatish qanday muammolarni hal qila oladi?” degan savolga javob berishda respondentlarning 26,6 foizi oiladagi psixologik muammolarini aniqlay oladi deb ta’kidlashsa, 16,6 foizi esa oilalarda psixologik sog‘lom muhitni yaratish orqali psixologik salomatlikni tiklaydi, deb hisoblaydi. 36,6 foiz ekspertlar oilaviy psixologik xizmatni oiladagi shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda kerak omil sifatida e’tirof etishadi, 13,6 foizi oilada bo‘ladigan turli muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tuta olish imkoniyatini shakllantirishini, 6,6 foiz respondentlar esa oilada shaxslararo munosabatda yuzaga keladigan nizolarni hal etishda to‘g‘ri yechim berishini qayd etishgan.

4-rasm. “Oilaviy psixologik xizmatni onlayn shaklda yo‘lga qo‘yish samarali bo‘ladi deb hisoblaysizmi?” savoliga ekspertlarning javoblari (foizda)

 

Respondentlardan oilaviy psixologik xizmatni onlayn yo‘lga qo‘yish samarali ekanligi yoki yo‘qligi bo‘yicha fikrlari so‘ralganda, ularning javoblarini tahlil qilib, shuni aytish mumkinki, onlayn shakldagi psixologik xizmatning samaradorligi masalasiga aksariyat mutaxassislar shubha bilan munosabatda bo‘lishgan. 77 foiz ekspertlar oilaviy psixologik xizmatni onlayn shaklda yo‘lga qo‘yish samarali bo‘lmasligini, 23 foizi esa onlayn psixologik xizmat ham samarali ekanligini ta’kidlashgan. Onlayn psixologik xizmatni samarasiz ekanligini ta’kidlagan respondentlarning fikricha, oilaviy psixologik xizmatni olib borish uchun, ob’ekt, ya’ni oilaning bir qator o‘ziga xos xususiyatlarini bilish, oiladagi muammoning mohiyatini atroflicha o‘rganish, oilaning ijtimoiy-demografik monitoringini ko‘rib chiqish, oilada muammoga duch kelgan oila a’zolarining yosh va psixologik hususiyatlaridan xabardor bo‘lish, oila bilan ishlash metod va psixologik usullarni qo‘llay olish, oila bilan ish olib boradigan psixolog kompetensiyalariga ega bo‘lish kabi jihatlar juda muhimdir. Bu ijtimoiy institutga psixologik xizmat ko‘rsatish uning turlari, vazifalari, bir qancha o‘ziga xos tomonlarini, ayniqsa, shaxslararo o‘zaro munosabatlarni bilish talab etiladi. Biroq onlayn ish olib borilganda bu omillar har doim ham inobatga olinmaydi, buning oqibatida kutilgan natijaga erishilmaydi. Bundan tashqari mutaxassislarning fikricha, bilim darajasi ham yetarlicha bo‘lmagan psixologlarni hozirgi kunda onlayn ish olib borishi natijasida onlayn psixologik xizmat haqida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanib kelmoqda. Ekspertlarning 23 foizining fikricha, aholining hamma qismi ham ma’lum oilaviy sharoiti sababli psixolog qabuliga to‘g‘ridan to‘g‘ri kela olmaydi, onlayn shakldagi psixologik xizmatning mavjudligi aholining aynan shu qatlamiga ma’lum darajada qulayliklar bo‘lishiga olib keladi.

 

5-rasm. “Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda psixologik xizmat qay darajada rivojlangan?” savoliga ekspertlarning javoblari (foizda)

 

Yuqoridagi savolning bevosita davomi sifatida respondentlardan “Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda psixologik xizmat qay darajada rivojlangan?” deb so‘raldi. Ushbu savollarga ekspertlar tomonidan berilgan javoblarni tahlil qilar ekanmiz, 65,4 foiz mutaxassislar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda psixologik xizmat ko‘rsatish deyarli rivojlanmagan, samarasiz va sifati past deb javob berishgan bo‘lsa, 34,6 foizi esa, aksincha, samarali deb ta’kidlashgan. Samarasiz deb ta’kidlagan mutaxassislarning fikricha suhbat bosqichida, bunda nizoli oilaning o‘rganilgan mavjud muammolari yuzasidan oila a’zolarining har biri bilan individual va oila a’zolari bilan umumiy bir tizim sifatida suhbatlashish lozim. Suhbat jarayonida eng kichik masaladan tortib, kattasigacha e’tibordan chetda qolmasligi va suhbat jarayoni samimiy o‘tishi talab etiladi. Bularning barchasi mijoz bilan yuzma-yuz gaplashgandagina yuz beradi. Onlayn shaklda olib borilgan psixologik xizmatda esa mijoz har doim ham asosiy muammosini ayta olmaydi, balki boshqa muammolarga e’tiborini qaratib ketadi.

6-rasm. Psixologik xizmat mahallarda joriy etilishi zarurati va bunga qanchalik ehtiyoj mavjudligi bo‘yicha ekspertlarning fikri (foizda)

 

Tadqiqotda ishtirok etgan respondentlarga “Psixologik xizmat mahallarda joriy etilishi kerakmi? Oilaviy psixolog xizmatiga mahallarda qanchalik ehtiyoj mavjud nima deb o‘ylaysiz?” degan savol berilganda, ekspertlarning 85,6 foizi “ha lozim, psixologik xizmatga mahallalardagi aholi o‘rtasida ehtiyoj yuqori, biroq buni amalga oshirishda ma’lum tizim mavjud emas” deb javob berishgan. Qolgan 14,4 foiz ishtirokchilar esa mahallarda psixologik xizmatga ehtiyoj bor va buni joriy etish kerak deb hisoblashadi. Biroq, hozirgi kunda aynan mahallalar kesimida aholiga psixologik xizmat ko‘rsatishdan ko‘ra, boshqa muqobil usullarda (onlayn psixologik xizmatlar kabi) psixologik xizmatlarni taqdim etish mumkinligini qayd etishgan.

 

7-rasm. “Oilalarda ko‘proq qanday psixologik muammolar uchraydi?” savoliga ekspertlarning javoblari (foizda)

 

Respondentlardan oilalarda ko‘proq qanday psixologik muammolar uchrashi haqida so‘ralganda, 13,3 foiz ekspertlar oilalarda ko‘proq er-xotin munosabatlari buzilishi oqibatida nizo kelib chiqishini bildirishgan. 20 foiz respondentlar oilada ko‘proq oila a’zolarining bir-biriga agressiyasi kuchayganligini ta’kidlashgan, 10 foiz esa oilada katta avlod va kichik avlod o‘rtasida qadriyatlar tizimining buzilganligini e’tirof etilgan, 16,6 foiz respondentlar oilada nizoli vaziyatlarning ko‘payishi, 23,5 foizi oila a’zolari o‘rtasida bo‘ladigan shaxslararo munosabatlarda samimiylik va iliqning yo‘qligi, 16,6 foizi esa oilada er va xotinning rollar taqsimotining to‘g‘ri taqsimlanmagani bois ular orasida nizoning yuzaga kelishi bilan yuzaga keladigan muammolarni sanab o‘tishgan.

Mamlakatimizda oilalarda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerakligi borasida ekspertlarning fikri so‘ralganda, quyidagi ahamiyatli mulohazalar taqdim etildi:

1. Oilaga psixologik xizmat har bir oila a’zosining ijtimoiy va hissiy qoniqish jarayonini tadqiq qilishga qaratilgan usullar va uslublar majmuasiga asoslanishi;

2. Oilaga psixologik xizmat shaxslarning (kaynona, kaynota, kelin, kuyov, er, xotin, farzand va x.k.) ijtimoiy jarayondagi o‘z-o‘ziga, o‘zgalarga munosabatlaridagi ierarxik tizim dinamikasini tadqiq qilish va shu tizim asosida ijtimoiy psixologik muhitning yaratilishiga zamin hozirlay olishi bilan bog‘liq izlanishlar ko‘lamini o‘z ichiga olishi;

3. Oilaga psixologik xizmat jarayoni oila a’zolari bilan bog‘liq muhim ijtimoiy ko‘rsatkichlarning tahlili hamda har bir shaxs uchun xarakterli bo‘lgan individual xususiyatlar va ijtimoiy ustanovkalarni qaror toptirilishini o‘rganish asosida amalga oshirilishi va boshqalar.

“Sizning fikringizcha, oilaviy psixologik xizmat qanday tartibda tashkil qilinsa samarali bo‘ladi?” savoli berilganda, ekspertlar quyidagi taklif va tavsiyalarni aytib o‘tishgan:

- Oilalarga professional darajada psixologik xizmatni olib borish uchun “oila psixologi” mutaxassisligini tayyorlashni oliy ta’limning bakalavr va magistratura bosqichlariga kiritish zarur;

- Oila a’zolarini yoshi, jinsi, ijtimoiy foydali mehnat faoliyatidan qat’iy nazar, oila ilmiga o‘rgatish ishini tizimli tashkil etish lozim;

- Oilada shaxslaro munosabatlarni yaxshilash va muomala madaniyatini o‘rgatish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish muhim;

- Oilada bola tarbiyasi va ularning ruhiy holatiga mos muloqot qilish madaniyatini ota-onalarga o‘rgatib borish, ularning psixologik bilimlarini oshirishda shaxsning yosh xususiyatlari xaqida batafsil ma’lumot berish ahamiyatli hisoblanadi;

- Farzandlarni yolg‘izlatib quymaslik, boladagi har bir o‘zgarishni ota-ona ilg‘ashi va oldini olish chorasini topishga, bolaning do‘st tanlashiga ko‘maklashish, farzandlarni bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishiga aniq maqsad va o‘z hayotiga nisbatan qiziqishi ortishini targ‘ib etib borish kerak;

- Oilalar bilan ishlashda oila a’zolarining yosh davri psixologiyasi, inqirozli yosh davrlari, o‘zaro munosabatlar psixologiyasiga oid bilimlar bilan qurollantirish, yosh oila qurganlarni psixolog maslahatiga yo‘naltirish muhimdir.

 “Oilalarga psixologik xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos xususiyatlarini takomillashtirish” mavzusidagi sotsiologik tadqiqot natijalarini tahlil qilib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:

1. Oilaga psixologik xizmat ko‘rsatishning dolzarbligi oiladagi muammoni to‘g‘ri hal etishda oila psixologi mutaxassisini tayyorlash, oila turlari va muammolarini kompetensiyaviy hal etishga o‘rgatish, bu borada tashkiliy, ta’limiy, huquqiy, ijtimoiy, moliyaviy tomonlarini barchasini yaxshilab tahlil etishni talab etadi.

2. Tadqiqot natijalari tahlilidan ko‘rinadiki, muammoli oilalarning barcha turida shaxsni tushunish, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, o‘rinli maslahat berish, uning yosh ko‘rsatkichi va muammo sabab, motiviga ahamiyat berish oila muammolarini bartaraf etishda zarurligini tasdiqladi.

3. Psixologik xizmat tashkil etilgan oilalarda o‘zini anglash, shaxslararo munosabatlarda psixologik bilimlarning zarurligi, kommunikativ hamda ishonch ko‘rsatkichlari bir muncha o‘sish dinamikasiga ega bo‘ladi. Jumladan, psixologik maslahat ko‘rsatilgandan keyin ruhiy tetiklik, ishonch mezonlarida dinamik o‘sish namoyon bo‘ladi.

4.Oilalarda shaxslararo munosabatlar bilan bog‘lik turli xil muammolarni hal etishda mutaxassis, oila psixologining yordami zarur.

5.Oilaviy psixologik xizmatni samarali tashkil etish va amalga oshirish psixologik xizmatning diagnostik, korreksion, targ‘ibot, maslahat shakllarini uzviy ketma-ketlikda amalga oshirish talab etiladi. Bu borada mutaxassis psixologlarni qayta tayyorlash ishini qo‘llash, oilalar bilan ishlash malakalarini oshirish zarurati namoyon bo‘ladi.

6.Oilalarga ko‘rsatiladigan psixologik xizmatni olib borish murakkab jarayon ekanligi bilan birga muammoli vaziyatlarda huquqiy maslahatlarni ko‘rsatish muhim, shunga ko‘ra oilaviy mediatsiyani qo‘llash (dual xizmat: psixologik va huquqiy) zarur.

Чоп этиш