Ota-onaga maslahat
G.U.To‘ychiyeva
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining Oilaviy qadriyatlarni
mustahkamlash va oila psixologiyasi bo‘limi boshlig‘i
Filologiya fanlari doktori (DSc)
Islomning buyuk nazariyotchilaridan biri Imom Muhammad al-G‘azzoliydan “Taqvo” nimadir?”, deb so‘raganlarida, moʻtabar zot javob beribdilarki, “Taqvo” – bu ko‘zni yomon manzaradan, quloqni yomon gapdan, tilni yomon so‘zlashdan, oyoqni yomon joyga borishdan, qo‘lni yomon narsalarga cho‘zishdan saqlashdir”.
Farzand tarbiyasi mo‘min kishi uchun eng ulug‘ amaldir, ota-onaning xizmatini sidqidildan qilish ham mo‘minning oliy sifatidir.
Islom qadriyatlarini shakllantirish jarayoni masalasi bola kim, uni qanday tarbiya qilish zarur kabi dolzarb muammolarning yechimini kutib qoladi. Aynan bolani eʼtiqodli qilib tarbiyalashda bola va uning ijtimoiy mavqei kuydagicha belgilanadi:
1. Farzand Allohning neʼmati, Yaratgan hadiyasi, uning inoyatidir. Bola Allohning bergan qazoyu qadaridir. Bola Allohning qaroridir. Bola – yaratilishiga ko‘ra muqaddasdir. Bolalar Allohning yerdagi farishtalari sifatdir. Bu sifat va o‘xshatish bola qalbining farishtadek pokligi bilan belgilanadi. Allohga tegishli bo‘lgan mavjudot sifatida farzandni yaxshi ko‘rish, uni mehr bilan tarbiya qilish joyish. Farzandni yaxshi ko‘rish uchun mehr qudrati ham Alloh tomonidan inʼom etiladi. Ota farzand tarbiyasi uchun masʼul. Ota farzand boquvchisidir. Shu bois, otaga Alloh bola uchun rizq inʼom etadi. Ota va ona o‘z duolari bilan farzand rizqini yaxshilashi va ko‘paytirib berishi mumkin. Ayyub ibn Muso (r.a.), u kishi otasidan, u kishi bobosidan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v.): “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi”, dedilar”. (Termiziy rivoyati.) Shuningdek, Qurʼoni karimning Baqara surasi, 233-oyatida shunday deyilgan: “Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir”[1].
2. Har bir farzand o‘z qazoyu qadariga ega bo‘lib dunyoga keladi. Har bir bolaning yashashda o‘z missiyasi bo‘ladi. Shu bois uning rizqi ham, uning hayotdagi o‘rni ham faqat uniki bo‘ladi. Bu hayot, rizq, mavqe va missiya ham Allohdan beriladi. Shunga ko‘ra, Allohning farzandga bergan aqlu idroki, isteʼdodi, missiyasi va rizqini o‘z vaqtida to‘g‘ri anglash, bolani mana shu taqdiru qadar yo‘nalishida, mana shu missiya tomon tarbiya qilish zarur. Bolaning missiyasini hurmat qilish, eʼzozlash va uni Alloh tomonidan bola taqdiriga boylanganligini anglash zurur. Hadislarda aytilishiga ko‘ra, "Kimning yosh bolasi bo‘lsa, u uchun o‘zini bolalarcha tutsin".
3. Bolaning muhofazasi, rizqi, hayoti Allohning qo‘lidadir. Alloh bola to‘g‘risida qayg‘uradi, unga o‘z mehrini ayamaydi, balolardan asraydi. Bolaning mana shunday muhofazasi uning qonuniy yo‘l bilan, yoki noqonuniy, yaʼni nikohsiz bunyod bo‘lgani bilan belgilanmaydi. Qonuniy tug‘ilgan va noqonuniy tug‘ilgan chaqaloqlar o‘z erklari va huquqlarida tengdirlar. Noqonuniy tug‘ilgan chaqaloqlarga jazo berilmaydi, jazo ularning ota-onalariga tegishlidir. Agar chaqaloq noqonuniy tug‘ilgan bo‘lsayu, keyin uning ota-onasi nikoh o‘qigan bo‘lsa, bu farzand qonuniy maqomga ega bo‘ladi. Noqonuniy bolaning tug‘ilishi bu bolaga gunoh sifatida yozilmaydi.
4. Islom dini talablari bo‘yicha bolaning tug‘ilishi bilanoq baʼzi bir huquqlari amalga kiradi. Bu bolaning chiroyli ismga ega bo‘lish huquqidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) baʼzi odamlarning ularning o‘zlariga yoqmagan ismlarini boshqa chiroyli ismlarga o‘zgartirib berganlar. Shu jumladan, ismi urush (xarb) bo‘lgan odamning otini Silm (tinchlik) ga o‘zgartirib berganlar. Bir viloyatning nomi iflos (afira) bo‘lgan, bu nom Xadira (yashnab gullagan) vodiy nomiga o‘zgartirilgan.
5. Bolaga nisbatan mehr-oqibatli munosabat ko‘rsatish, bola bilan bolalarcha muloqot olib borish, bolaning bolalik davrini hurmat qilish va unga turli o‘yinlar, xususan koptok, bekinmachoq, quvlashmachoq, kim birinchi yetib keladi, yugurish, kamon otish kabilarda ular bilan musobaqalashmoq buyurilgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Farzandlaringizga suzish va kamon otishni, qizlarga ip yigirishni o‘rgatinglar”, deganlar.
6. Bolani og‘ir mehnatdan muhofaza qilmoq, bola taʼlimi jarayonini mehr asosiga qurish zarurligi va sabr bilan, jazo choralarini ko‘rmay tarbiya qilish kerakligi uqtirilgan. Payg‘ambar (s.a.v.) minbarda xutba kilgan choqlarida, nevaralari Hasan va Husaynni qo‘llariga olish uchun minbardan tushib, keyin yana xutbani davom ettirganlar. Payg‘ambar (s.a.v.) namozda sadja kilib turganlarida nevaralari Hasan u kishining ustilariga, yelkalariga chiqib olgan. Payg‘ambar bolaga ehtirom ko‘rsatib, uni avaylab, sajdalarini buzmaganlar, sajdada qolganlar va sajda qilishni davom ettirib, bolaning ustilarida o‘ynashlari uchun imkon berganlar. Bolani haydamanganlar, ularni “Mening namozimni buzdinglar” deb qoyimaganlar. Ular uylariga kirsalar, sertabassum, xushchakchak bo‘lardilar. Ular aytardilarki: "Farzandlaringizga yaxshilik qilib, odoblarini go‘zal qiling".
7. Har doim bola bilan muloqot qilganda bolaning qalbiga murojaat qilish zarurligi aytilgan. Tarbiyada faqat bolaning qalbiga murojaat qilish orqaligina samaraga erishishi mumkinligi va bolani yaxshi amallarga undash, uni rag‘batlantirish mumkinligi taʼkidlangan.
8. Islom dinida embrion to‘laqonli odam deb baholanadi. Islom dinida embrion o‘zining homilasi paydo bo‘lganidan keyingi 120 kunidan boshlab inson sifatida baholanadi. Shunga ko‘ra, ona qornidagi bola, xuddi shuningdek tug‘ilgandagi bola, yaʼni ularning ikkalasi ham shaxs sifatida hurmat va eʼtiborga loyiqligi aytiladi. Mana shu bolaning ona qornidagi davridayoq u faqat unga xos xarakter, isteʼdod, layoqat, maʼlum bir ovoz, tana tuzilishiga ega bo‘ladi. Yaʼni shaxsning maʼlum shaxsiy ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan holda bunyod bo‘ladi va tug‘iladiBinobarin, bola ona qornida bo‘lganidayoq unga nisbatan tug‘ilgan chaqaloqqa bo‘lgani kabi uning barcha ehtiyojlarini qondirish yo‘lidan bormoq zarur. Bola tug‘ilishi islom dini asosida aslida bunyod bo‘lgan insonning tashqi olamga chiqishi bilan tenglashtiriladi.
9. O‘z bolasini, xususan qizlarni, va o‘zgalar bolasini o‘ldirish qatʼiyan man qilinadi. Umuman biror bir bolaga, ayniqsa yetimlarga zarar yetkazishlik qoralanadi va Alloh tomonidan jazolanadi. Bolaga xatto qambag‘allikdan qo‘rqib, yaʼni uni boqishdan qo‘rqib, undan voz kechish qatʼiyan man qilinadi. Chunki mana shu bolaning rizqi Allohning qo‘lidadir. Rizqni Alloh beradi, bandasi, yaʼni bolaning ota-onasi emas. Agar neʼmatlar va nasiba nuqtayi nazardan qiyinchilik vujudga kelgan bo‘lsa, boladan voz kechish emas, balki Allohdan chiroyli nasiba so‘rash va bolani duo qilish zarur. Shunda Alloh oilani ham, uning kattalarini ham, ularning qo‘lidagi farzandlarni ham muhofaza qiladi.
10. Bolani aldab bo‘lmasligi Qurʼonda ham, hadislarda ham taʼkidlanadi. Bolani yolg‘ondan ham aldab bo‘lmaydi. Agar ona yoki ota og‘zidan biror bir vaʼda berildimi, uni bajarish joyiz. Bu bolaga kattalar tomonidan ko‘rsatilgan chin insoniy munosabat va adaolatli munosabat belgisi sanaladi.
11. Bolani hayotga tayyorlash tarbiyaning asosi sifatida belgilanadi. Hayotda bola o‘z xislatlari, avvalo Allohni taniganligi, to‘g‘ri so‘zligi, adolatpeshaligi, mehnatkashligi bois, shuningdek kabu kori, halolligi va eʼtiqodining butunligi bois turli neʼmatlarga sazovor bo‘ladi. Bolani avvalo Allohga tavakkal qilib yashashga o‘rgatish joyiz. Allohga tavakkal esa, barcha neʼmatlarning egasi Alloh ekanligini tan olishdan va Unga umidvor bo‘lishdan boshlanadi.
12. Bolaning xayotdagi barcha yutuq va kamchiliklariga ham sabrli munosabat ko‘rsatish kerakligi islom dinida taʼkidlanadi. Bolaga adolatli munosabat ko‘rsatish insonning bezagidir. Bolani har kuni quchoqlash va o‘pish bu sunnat. Abu Hurayra (r.a.) dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) o‘z huzurlarida al-Aqraʼ ibn Hobis Taymiy o‘tirganida Hasan ibn Alini o‘ptilar. Shunda u: “Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q”, dedi. Bas, Rasululloh (s.a.v.) unga nazar soldilar va: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, dedilar”. (Buxoriy rivoyati.).
13. Oiladagi barcha bolalarni o‘zaro teng ko‘rish, ularni ayrmaslik, birini ikkinchisidan ustun qo‘ymaslik, toparman bolaga yaxshi munosabat ko‘rsatib, topa olmayotgan bolanining ko‘ksini cho‘ktirish, uning xato va kamchiliklarini ochiq aytib, haqorat qilish mumkin emas. Agar bolaning ishi yurishmayotgan bo‘lsa, buni Allohning sinovi sifatida qabul qilish va bolani yaxshi duolar bilan sidqidildan Alloh oldida duo qilish zarur. Otaning duosi va onaning duosi bolaning taqdirini o‘zgartirishi mumkin. Har bir ota va ona mehri bir xilda munosib bo‘lib, birining ikkinchisi oldida ustunligi yo‘qdir. Ota-ona o‘z bolasining yaxshi taqdiriga ishonishi zarur, bu narsa aslida ularning Allohning mehriga ishonishlarini anglatadi va Allohning neʼmatlaridan bahra olishlariga ishonishlarini anglatadi.
14. Islom dinida, “agar ota farzandlaridan biriga biror narsa tortiq qilsa, toki bo‘lak farzandlariga ham adolat qilib, o‘shancha tortiq qilmas ekan, joiz bo‘lmay, unga guvohlik qilinmas”, deb taʼkidlanadi. Rasululloh (s.a.v.): “Farzandlaringizni teng ko‘ringizlar!”, deb taʼkidlaganlar. Agar ota o‘z farzandlaridan biriga tortiq bergan bo‘lsa-yu, qolganlariga bermagan bo‘lsa, adolat uchun o‘shal tortig‘ini qaytarib olish unga joyiz qilingan. Ota o‘z farzandi molidan insofu adolat bilan isteʼmol qilishi mumkin, chunki bola ham, uning moli ham otaniki hisoblanadi. Rasululloh (s.a.v.) Hazrat Umardan bir tuyani sotib olib, uni hazrat Umarning o‘g‘illari Abdullohga tortiq qildilar-da, unga: “Buni ne qilsang qilaver!”, dedilar. Yaʼni, Rasululloh (s.a.v.) Hazrat Umarga: “O‘g‘ling Abdullohga tuyalaringdan birini tortiq qilgil!”, desalaru, ular tortiq qilsalar, boshqa farzandlariga nisbatan adolat qilmagan, barcha farzandlarni o‘zaro teng ko‘rmagan bo‘lar edilar. Shunga ko‘ra, Rasululloh (s.a.v.) Hazrat Umardan bir tuyani sotib olib, uni hazrat Umarning boshqa o‘g‘illariga tortiq qildilar. (Buxoriy rivoyati.)
Qurʼon oyatlari va hadislarda keltirilgan mana bu qadriyatlar farzand va uni tarbiya qilinishi tartiblariga bevosita aloqadordir. Biz mana shu insoniy qadriyatlarni bilishimiz va chin musulmon sifatida ularga o‘z hayot tartibimiz va sharoitimizda itoat etishimiz zarur. Biroq afsuski, ko‘pchilik zamon yoshlar va kattalari mana shu ilohiy daʼvat va ilmlardan bebahra bo‘lib, ularni bilmaydilar va ularga itoat etmaydilar.
Hatto payg‘ambarlar ham yaxshi farzand so‘rab duo qilishgan. Masalan, payg‘ambarlardan Zakariyo Allohga iltijo qilib, “Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan”, deb Yaratgandan o‘ziga avlod berishni so‘rayd. (Oli Imron surasi, 38- oyat).
[1] Tafsiri hilol. Birinchi juz. –Toshkent: “Hilol-nashr”, 2018. - B. 224; Bahodir Rahmatulloh. Ota bo‘lish osonmi? . –Toshkent: “Hilol-nashr”, 2019. - 255 b.