Huquqiy maslahat
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga asosan ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta‘lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Voyaga yetmagan bolalariga ta‘minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan aliment undiriladi.
Oila Kodeksining 99-moddasida ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori belgilab berilgan. Agar voyaga yetmagan bolalariga ta‘minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta‘minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining
- bir bola uchun – to‘rtdan bir qismi;
- ikki bola uchun – uchdan bir qismi;
- uch va undan ortiq bola uchun – yarmi miqdorida undiriladi.
Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa e‘tiborga loyiq holatlarni inobatga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Bugungi kunda bu miqdor 1 050 000 so‘m, uning 26,5 % esa 278 250 so‘mdan kam bo‘lmasligi lozim.
Aliment bola voyaga yetgunga qadar, ya‘ni 18 yoshgacha to‘lanadi. Agar bolaning voyaga yetmasdan turib to‘liq muomala layoqatiga ega ekanligi (mustaqil mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi) sud qarori bilan tasdiqlansa yoki ayolning boshqa nikohga o‘tishi munosabati bilan bolaning nasabi o‘zgartirilsa (bunda bola yangi oilasidagilar tarafidan farzandlikka olingan hisoblanadi), aliment to‘lash harakatlari tugatilishi mumkin.
Aliment to‘lovchi sobiq turmush o‘rtog‘ining boshqa shaxs bilan qonuniy nikohni rasmiylashtirganligi munosabati bilan alimentni tugatish talabi bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Agar sud tomonidan rad javobi berilgan taqdirda aliment to‘lovchining boshqa farzandlarining kam ta‘minlanib qolayotganligini asos qilib aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha da‘vo arizasi kiritish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-yanvarda qabul qilingan 3-sonli "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq himoya orderining amal qilishi quyidagi holatlarda tugatiladi:
· jabrlanuvchi himoya orderini tugatishni so‘rab murojaat qilganda;
· himoya orderida belgilangan muddat (uzaytirilgan muddat) tugaganda;
· jabrlanuvchi yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsdan biri sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
· sodir etgan jinoyati uchun jabrlanuvchi yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanganda;
· jabrlanuvchilar yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilganda;
· jabrlanuvchilar yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning biri majburiy davolanishga yuborilganda;
· jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning biri qonun xujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan uzoq muddatga boshqa mamlakatga chiqib ketganda;
· jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslardan biri vafot etganda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-yanvarda qabul qilingan 3-sonli "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq himoya orderi quyidagi uch qismdan iborat :
· birinchi qismi (asli) to‘ldirilgandan so‘ng jabrlanuvchilarga beriladi;
· kkinchi qismi (nusxasi) zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga beriladi;
· uchinchi qismi profilaktika inspektorida qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-yanvarda qabul qilingan 3-sonli "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq quyidagi holatlar himoya orderi berish uchun asos bo‘ladi:
· tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
· jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
· tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
· davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan O‘RQ-561-sonli “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);
tazyiq o‘tkazilgan va zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga bo‘lishini taqiqlash;
tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash, shuningdek, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklatish;
tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda ko‘rsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek, qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan O‘RQ-561-sonli “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi tartibda himoya orderi beriladi:
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organi ularning nomidan himoya orderini berish hamda uni uzaytirish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar himoya orderini olish to‘g‘risidagi ariza bilan shaxsan murojaat qilishga haqli.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish hamda uni uzaytirish to‘g‘risidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida ko‘rib chiqiladi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi ularning qonuniy vakiliga yoki vasiylik va homiylik organiga beriladi.
Himoya orderi berilganligi va uzaytirilganligi to‘g‘risidagi axborot vasiylik va homiylik organiga, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga 24 soat ichida yuboriladi.
1146 qisqa raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish orqali ilk psixologik va huquqiy yordamni olishingiz mumkin.
Markazlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari,o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar joylashtiriladi.
Markazlarga quyidagi vazifalar belgilab berildi:
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish;
- og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarining kafolatlarini taʼminlashga ko‘maklashish;
- davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining xotin-qizlarning o‘z joniga qasd va suiqasd qilish holatlarini o‘rganish, bunday holatlarning oldini olish, shuningdek, o‘z joniga suiqasd qilgan xotin-qizlarni normal hayotga qaytarish bo‘yicha faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish.
- "Ayollar daftari"ga kiritilgan psixologik va huquqiy maslahatga muhtoj xotin-qizlarni (tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar) har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni "Ayollar daftari"dan chiqarish choralarini ko‘rish;
- nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilish, umumlashtirish va ularga barham berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki o‘z joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar bilan profilaktik tadbirlarni o‘tkazish;
- og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirishga ko‘maklashish;
- dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida jamoatchilik fikrini o‘rganish va ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish;
- zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, ushbu maqsadlarda ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlaridan keng foydalanish.
Mavjud 197 ta Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari optimallashtirilib 29 ta Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlar, shu jumladan, 1 ta Respublika markazi, 14 ta hududiy markazlar va 14 ta tumanlararo namunali markazlar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-5116-sonli Qarori bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi (keyingi o‘rinlarda — Respublika markazi) va uning hududiy bo‘limlarini tashkil etildi.
Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri”axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi Hukumat qarori (654-son, 21.10.2021-y.)
Mazkur hujjatga ko‘ra, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi – idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda kam taʼminlangan oilalarni aniqlash, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar va oluvchilar to‘g‘risida yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish amalga oshiriladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimidir.
Ishlovchi onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (byudjet tashkilotlarida ishlaydigan onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bundan mustasno) bola 2 yoshga yetguncha uni parvarishlash uchun beriladigan har oylik nafaqani olish muddati tugaganidan so‘ng bolalar nafaqasini olishi mumkin.
Bolalar nafaqasi oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha 18 yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta oilalarga va yakka-yolg‘iz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi.
Oila:
2021-yil 1-sentyabrdan – oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad 440 ming so‘mdan oshmaganda;
2022-yildan boshlab – oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam taʼminlangan deb eʼtirof etiladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tegishli arizalarga asosan “Yagona reestr” AT orqali kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etilgandan so‘ng tayinlanadi.
Har bir oila tomonidan ariza topshirish va "Yagona reestr” ATga kiritish bir oyda bir marta amalga oshiriladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanadi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yil martgacha jismoniy shaxslarning dala tomorqa yer maydonlari ro‘yxati shakllantirilib, tegishli maʼlumotlar “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga taqdim etib boriladi.
Mazkur axborot tizimidan kam taʼminlangan oila sifatida ro‘yxatga oilngan oilalar quyidagi ijtimoiy xizmatlardan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanishlari mumkin:
- davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish;
- maktabgacha taʼlim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash;
- umumiy o‘rta taʼlim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish;
- umumiy o‘rta taʼlim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;
- ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
- sanʼat maktablari, musiqa maktablari, "Barkamol avlod" markazlari va boshqa maktabdan tashqari taʼlim muassasalarida o‘qish xarajatlaridan ozod etish;
- kam taʼminlangan oilalarning nogironligi bo‘lgan aʼzolarini protez — ortopediya buyumlari bilan taʼminlash;
- ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘llanma (order) olish.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etib, unga bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoxud moddiy yordam yashash joyi bo‘yicha oilaning muomalaga layoqatli aʼzosining yozma arizasiga asosan tayinlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoxud moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi.
Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftariga qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili, shuningdek, olish istagini bildirgan nafaqa yoki moddiy yordam turi ko‘rsatiladi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘ining nomiga ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ariza beruvchi oila aʼzolarining O‘zbekiston Respublikasi pasporti nusxalari yoki ID-kartalari;
chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida qayd varag‘i nusxasi;
bolalari vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organining qarori nusxasi;
oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to‘g‘risida maʼlumot;
ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan maʼlumotlarni Markaziy bank tomonidan "Yagona reestr" ATga taqdim etish to‘g‘risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila aʼzolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza.
Bunda birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila aʼzolari imzolarining haqqoniyligi bo‘yicha ariza beruvchi javobgar bo‘ladi. Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlarning to‘liq taqdim etilganligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tekshiriladi.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish unga va bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash uchun arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istagan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etiladi. Bunda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muddatdan keyin berilgan arizalar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ariza beruvchiga qo‘shimcha ravishda qaysi hujjatlar taqdim etilishi kerakligi haqida xabar qiladi. Ushbu holatlarda ariza beruvchi tomonidan taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar qo‘shimcha besh kun ichida, biroq ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istagan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etilishi zarur.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi arizada ko‘rsatilgan ariza beruvchi va uning oila aʼzolari tarkibini, oilaning tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaliklarining maydoni va arizada ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yashayotganligini ariza berilgan sanadan boshlab ikki ish kuni mobaynida, biroq oila bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam olishni istagan oydan oldingi oyning 18-sanasiga qadar o‘rganib chiqadi.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan arizalar Pensiya jamg‘armasi bo‘limining masʼul xodimlari tomonidan har kuni, biroq ariza berilgan oyning 26-sanasiga qadar "Yagona reestr" ATga kiritiladi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan arizalar va unga ilova qilingan hujjatlar Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limlarida saqlanadi.
Oilaning bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oygacha bo‘lgan oxirgi uch oyi uchun hisoblab chiqilgan barcha oila aʼzolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila aʼzolari soniga va uchga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohi qayd etilgan er-xotin (yoki ularning biri) va ular bilan birga yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar (shu jumladan, vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar), shuningdek, ota-onalari bilan birga yashaydigan va o‘z oilasiga ega bo‘lmagan 18 yoshdan katta bolalar (shu jumladan, vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar), yolg‘iz onalar (otalar) kiritiladi.
Bunda to‘liq davlat taʼminotidagi bolalar, tarbiyalash uchun oilaga qabul qilingan (patronat) bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslar oila tarkibiga kiritilmaydi.
Bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga oila tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
- mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
- mulkiy daromadlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
- pul tushumlari, shu jumladan, chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzolaridan pul o‘tkazmalari summasi;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashganlik uchun shaxsga to‘langan mehnat haqi;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shu jumladan, shtamplar va muhrlar olish, elektron raqamli imzo olish, tadbirkorlikka o‘qish xarajatlarini to‘lash va kreditni olish chog‘ida sug‘urta polisi haqini to‘lash hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish, urug‘liklar, ko‘chatlar, sug‘orish vositalari olish uchun mehnat organlari tomonidan ajratilgan subsidiyalarni olgan jismoniy shaxslarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
- pensiyalar va nafaqalar;
- tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;
- chorva mollari va parrandalari mavjud bo‘lgan fuqarolarga hisoblanadigan normativ daromadlar;
- O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.
- Mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar hisoblangan summa bo‘yicha hisobga olinadi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar chegirib tashlanguniga qadar).
- "Har bir oila — tadbirkor" dasturi doirasida mikrokredit olingan sanadan boshlab oxirgi 12 oy mobaynida oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirishdan olingan daromadlar oilaning daromadi tarkibiga kiritilmaydi.
- Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadni aniqlashda (yakka tartibdagi faoliyat maʼlum muddatga to‘xtatilgan davr bundan mustasno) daromad aniqlanayotgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qatʼiy belgilangan bir oylik summasining o‘n baravari miqdoriga teng bo‘lgan, biroq mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
- O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning daromadlari miqdorini aniqlashda daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
- Agar elektron axborot almashinuvi orqali olingan maʼlumotlarda chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzolaridan pul o‘tkazmalari miqdori aniqlanmasa, u holda oilaning bir oylik o‘rtacha jami daromadini aniqlash uchun oilaning chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila aʼzosiga daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoriga teng bo‘lgan bir oylik o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
- Fuqaro bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash hamda boshqa maqsadlar uchun mehnat organlari tomonidan ajratilgan subsidiyalar va grantlarni olgan ariza beruvchi va/yoki uning oila aʼzosiga daromad aniqlanayotgan davrda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdoriga teng bo‘lgan o‘rtacha normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
- Ushbu bandda ko‘rsatilgan oila aʼzosi (aʼzolari) ning bir oylik o‘rtacha normativ daromadi oilaning bir oylik o‘rtacha oylik daromadini aniqlash uchun uch oyga ko‘paytirilgan holda hisob-kitob qilinadi.
- Tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad miqdori sifatida ushbu bandda belgilangan tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olinadigan bir oylik daromadning normativ miqdori qabul qilinadi.
- ‹