Ilm-fanda gender tenglik masalalari
O‘zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifani ishlab chiqdi.

Beshinchi maqsadning vazifalariga (Gender tenglik) muvofiq, 2030-yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillarda gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishlarda olib borilmoqda, xususan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish, aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini taʼminlash uchun masʼul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy meʼyorlar asosida o‘qitish.
O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘rovonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 2019-yil 2-sentyabrdagi Qonunlarini qabul qilinishi va ularning ijrosini amalga oshirishda mamlakatda gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilash, mahalla va oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, shuningdek ayollar huquqiy madaniyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda qator amaliy ishlarni olib borishni talab etadi.
Bugun biz ayollarning o‘rni, uning ijtimoiy mavqei to‘g‘risida jamiyatning anʼanaviy qarashlari o‘zgarayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Tadbirkorlik, siyosiy rahbarlar, jamoat arboblari, yirik korxonalar rahbarlari lavozimida xotin-qizlar samarali ravishda faoliyat yuritmoqdalar. Shubhasiz, XX1 asrda ayollar huquqlari sezilarli darajada mustahkamlandi va uning jamiyatdagi o‘rni oshdi.
Shunga qaramay, nima uchun aniq va texnika fanlarida ayollarga qaraganda erkaklar ko‘pchilikni tashkil etadi? Buning sababi ularning qobiliyatsizligi bilan bog‘liq, deb o‘ylash uchun hech qanday sabab yo‘q. Buning asosiy sababi ko‘proq madaniy anʼanalar va boshqa ijtimoiy harakatlar bilan bog‘liqdir. Maʼlumki, har qanday yoshga u shakllangan muhit taʼsir qiladi. Bunga ota-ona va oilaning boshqa aʼzolari, maktabdagi o‘qituvchilar, universitetdagi o‘qituvchilar - yaʼni yoshi katta va tajribali kishilarning taʼsiri yaqqol namoyon bo‘ladi. Shuning uchun, agar maktabda bolaga qiz yoki o‘g‘il bo‘lgani uchun biron narsa qila olmasligini aytishsa, u juda kuchli ildiz otadi. Ayniqsa, yon atrofda hamma shunday, deb taʼkidlab tursa - qarshilik ko‘rsatish qiyin. Quyi sinflarda bola shunchaki aytilgan narsani tanqidiy baholay olmaydi: u kattalarga ishonadi, chunki u kattalar orqali dunyoni taniydi. Demak, taʼlim tizimida ishlaydigan mutaxassislarning nima deb o‘ylashlari va qanday harakat qilishlari muhim. Agar kimdir bir necha bor "Sen qiz bolasan, shuning uchun matematika, fizika yoki dasturlash haqida o‘ylashingiz kerak emas", deb takrorlab tursa albatta "men qiz bolaman, shuning uchun aniq yoki texnika fanlari bilan qiziqishim shart emas" fikri uning ongiga singib, ishonchga aylanadi. Aslida bu birinchidan, qiz bola shaxsiga nisabatan haqoratdir, ikkinchidan ijtimoiy muhit qiz bolalarning imkoniyatlarini cheklashidir. YUNESKO tashkilotining bergan maʼlumotlariga ko‘ra dunyo tadqiqotchilarining atigi 30 foizini ayollar tashkil etadi. Universitetlarga kiradigan ayollar soni tobora ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, ularning oz qismi tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishadi. Masalan, Shvetsiyada ayollar universitet talabalarining ko‘p qismini (60%) tashkil qiladi, ammo ularning soni universitetdan keyingi taʼlim bosqichlarida kamayadi: aspirantlar orasida ayollar ulushi 49%, olimlar orasida atigi 36%. Ushbu tendensiyani barcha mintaqalarda kuzatilishi ilmiy martaba bilan oilaviy majburiyatlarni birlashtirmoqchi bo‘lgan ayollar duch keladigan qiyin tanlov haqida o‘ylashga majbur qiladi. O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtiga 2019/2020 yy kunduzgi bo‘limga xotin-qizlar 78,1% erkaklar 83,2 % ni tashkil etgan bo‘lsa, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajargan tadqiqodchi mutaxassislar yaʼni fan doktorlari ayollar 27.1, erkaklar 72.9, fan nomzodlari ayollar 32.4% ni erkaklar 67.6 % ni tashkil etgan. Maʼlumki, ilm-fan bilan ish boshlagan ayollar ko‘pincha oilaviy sabablarga ko‘ra boshlagan tadqiqot ishlarini davom ettira olmaydilar va egallagan lavozimlarini tark etishadi. YUNESKO tashkiloti o‘zining yangi onlayn-resursi orqali qizlarni yoshligidan matematika, tabiiy fanlarni o‘rganishga ko‘maklashish va rag‘batlantirish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Dunyo miqyosida olib qarasak, fan, texnika, texnologiya va matematikada tadqiqotchi ayollar ozchilikni tashkil qiladi. Masalan, Koreya Respublikasida tadqiqotchilarning atigi 17 foizini ayollar, muhandislikdagi ayollarning ulushi atigi 9 foizni tashkil qilar ekan.
Xotin-qizlarni aniq, texnik va tabiiy fanlarda qiziqishlarini orttirish borasida Avstriya tajribasidan misol keltirish mumkin, xotin-qizlarni aniq fanlarga qiziqtirish uchun, ularga universitetda qisqa muddatli stajirovka o‘tash taklif etiladi, uzoq muddat uyda o‘tirgan va o‘z sohasida ishlamagan bo‘lsa, unda ularga kasblarini o‘zgartirish imkoniyati beriladi. Shotlandiya hukumati 11-14 o‘smirlarga mo‘ljallangan “Kim bo‘lishni hohlasang, o‘sha bo‘l” kompaniyasini ishga tushirdi. Ushbu kompaniya o‘smirlarni bo‘lajak kasblarini tanlashda streotiplarga umuman qaramaslikka chaqiradi. Lekin streotiplardan holi bo‘lishning eng maʼqul yo‘li bu jamiyatda xotin-qizlarning yangi namunaviy rolini - modellarini belgilaydigan STEM – (Science, Technology, Engineering, Mathematics) sohasida faoliyat yuritayotgan va katta yutuqlarga erishgan xotin-qizlar, ularning professional hayotlarini doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borishdir. Shuningdek bugungi kunda O‘zbekiston telekanallarida tez-tez ko‘rsatilayotgan reklamalardagi xotin-qizlarning rollarini ham tahlil qilish lozim. Ommaviy axborot vositalarida xotin-qizlarni faqatgina uy bekasi rolida emas (har hil margarinlar, pishiriqlar reklamalarida), balki ilm, fan, texnika, yangi texnologiyalar sohalarida ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Hududlarda ilm-fan va ilmiy lavozimlarga ko‘proq ayollarni jalb qilish, ayollarni ilmdan voz kechishga majbur qiladigan ijtimoiy streotiplar tizimini o‘zgartirishga qaratilgan chora- tadbirlarni ishlab chiqish lozim.
“Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti
“Oila huquqi va gender tengligi” bo‘limi boshlig‘i,
psixologiya fanlari nomzodi
Raʼno Ismaylova
Рус
Eng



