XXI asr va umumbashariy qadriyatlar kontekstida Alisher Navoiy ijodiga nazar

O‘zidan mangu xotira qoldiradigan insonlar uchun
tug‘ilish chinakam baxtdir.
Perikl
Yer yuzidagi barcha xalqlar uchun
eng umumiy,
umuminsoniy manfaatlarni amalga oshirishga xizmat qiladigan,
ezgulik, global tafakkur, gumanizm tamoyillariga asoslangan,
milliy madaniyatlar uchun mutloq andoza bo‘lgan,
universal va o‘zgarmas ideallar tizimi
sifatida umumbashariy qadriyatlar insoniyatning yaxlit tarixiy-maʼnaviy tajribasini o‘zida aks ettiradi.
Ushbu qadriyatlar Ona-zamindagi barcha millatlar va elatlar uchun birday muhim bo‘lib, insoniyatning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Tinchlik, ozodlik, ijtimoiy adolat, millatlararo birdamlik, inson huquqlariga hurmat, hayotning daxlsizligi, qonun ustuvorligi, demokratiya, tolerantlik, ezgulik, do‘stlik, mehnatsevarlik, halollik umumbashariy qadriyatlar sirasiga kiradi.
Insoniyatning daho shoiri Alisher Navoiy asarlarida tarannum etilgan maʼnaviy tamoyillar, ezgu g‘oyalar barcha xalqlar uchun birday ahamiyatlidir.
Ulug‘ mutafakkir XXI asr insoniyat va tamaddun oldida turgan barcha muammolarni tafakkur kuchi, o‘zaro hurmat va kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi lozimligini uqtiradi. Bu yo‘l barcha xalqlar va millatlar o‘rtasidagi totuvlik, bahamjihatlik va teng huquqlilikka asoslangan, shuningdek, umuminsoniy havfsizlikka tahdid solayotgan kuchlarni bartaraf etish, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlarini taʼminlaydigan istiqbol yo‘lidir.
Bu haqida Navoiyda o‘qiymiz:
Olam ahli, bilingiz, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizga - erur yorlig‘ ish.
Navoiy asarlari qahramonlari - turli millat vakillaridir. Bu Chin xoqonining o‘g‘li Farxod, arman malikasi Shirin, arab qabila boshliqlari farzandlari Layli va Majnun, yunonlik Iskandar, forslik Doro.
Insonparvarlikni buyuk shoir o‘zgalar g‘amini o‘zinikidek bilishda deb tushunadi.
Shoir taʼbiricha insonning bu dunyoda yashashdan asl maqsadi insonlarga, el-yurtga nafi tegishi, jamiyat taraqqiyoti uchun mehnat qilish, mehr-muruvvat ko‘rsatish, o‘zgalarning mushkulini oson qilishni o‘zining hayotdagi asosiy maslagi deb bilishdan iborat.
Insonparvarlik yuksak maʼnaviyat egalariga xos insoniy fazilatdir.
"Hayrat-ul abror" dostonidan o‘rin olgan
Odami ersang demagil odami,
Oni kim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim Kaʼba vayron bo‘lsa, obod aylagay.
misralari o‘zgalarga, xalqqa foydasi tegadigan shaxs bo‘lishga daʼvatdir.
Tolerantlik umumbashariy qadriyat sifatida xalqlarning, millatlarning, o‘zaro bahamjihat, tinch-totuv hayot kechirishi, bir-birlarining urf-odatlari, tarixi, sanʼati, tili, tafakkuriga bo‘lgan hurmatni anglatadi.
Adolatli jamiyat, adolatli hukmdor g‘oyasi azaldan millatlar orzusi bo‘lib kelgan.
Insoniyatning buyuk vakillari Platon, Aristotel, Suqrot, Erazm Rotterdamskiy, Abu Nasr Forobiy, Tomas Mor, Volter, Nikkolo Makkiavelli, Tommazo Kampanella o‘z shoh asarlarini aynan shu g‘oyaga bag‘ishlaganlar.
Qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatga tayangan fuqarolik jamiyati asoslari bundan besh asr ilgari ulug‘ bobomiz tomonidan yorqin ifodalab berilgan. Navoiy yaratgan ideal jamiyat bashariyatning asrlar davomida ruhiy evrilishlar jarayonida erishgan maʼnaviy kamolot holatidir. Bu jamiyatda bahamjihatlik, do‘stlik, samimiyat, mehr-oqibat tamoyillari hukmron, maʼnaviy muhit yuksak darajada rivojlangan. Jamiyatning har bir aʼzosi eʼtiqodli, masʼuliyatli, o‘zini idora eta oladi, insonlarda borliqning buyuk qonuniyatlarini anglash hissi bor.
To xirsu xavas xirmani barbod o‘lmas,
To nafsu havas qasri baraftod o‘lmas.
To zulmu sitam ko‘ngliga bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
Ideal jamiyat timsoli adolatli hukmdor obrazi bilan chambarchas bog‘liq. Iskandar, Bahromshoh, Xisrav timsollari orqali adolatli hukmdor, odil shoh, odilona boshqaruv tamoyillari, hukmdorning maʼnaviy qiyofasi, jamiyat hayotiga oid ijtimoiy, axloqiy munosabatlar
Shohki, ish adl birla bunyod etar,
Adli buzuq mulkni obod etar shaklida tarannum etilgan.
Yoshlar ongida hayotga ongli munosabatni shakllantirish, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tug‘diruvchi mafkuraviy xurujlarga qarshi turadigan qilib tarbiyalash taʼlim-tarbiyaning muhim vazifasidir.
Bugun yer yuzida iqtisodiy integratsiya, globallashuv, millatlarning keng qamrovli migratsiyasi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy jarayonlar keskin tus olgan bir paytda Navoiyning insonlarni ogohlikka chaqirgan “Agar ogoh sen – shohsen” satrlari yana-da dolzarb jaranglaydi.
Navoiy falsafiy taʼlimotida komil inson g‘oyasi markaziy o‘rinni egallaydi. Unga asosan davlatning ideal darajasiga bu davlatda yashovchi kishilarning komil maʼnaviyati orqali erishiladi.
Bu gulshan aro yo‘qdir baqo guliga sabot.
Ajab saodat erur gar yaxshilik birla qolsa ot.
Komil inson g‘oyasi azaldan millatlar orzusi, umumbashariy maʼnaviyatining uzviy bir qismi bo‘lib kelgan. Bu g‘oya odamzotga xos eng yuksak maʼnaviy fazilatlarni o‘zida mujassam etadi.
Ushbu g‘oya kishilik jamiyati tarixining barcha bosqichida xalqlarni yuksak taraqqiyot sari yetaklagan, ularni maʼnaviyat va maʼrifat sohasida tengsiz yutuqlarga ilhomlantirgan. Komillikni orzu qilmagan, barkamol avlodlarni voyaga yetkazish haqida qayg‘urmagan xalqning, millatning kelajagi yo‘q.
Navoiy adolatli jamiyat konsepsiyasini ilgari surar ekan, shaxsning maʼnaviy kamolotini adolatli jamiyat qurishning asosiy sharti deb biladi.
Hazrat Navoiy uchun komil inson timsoli – Farxod obrazi. U aqliy va jismoniy kamolot egasi. Farxod naqshbandiya taʼlimotining “Dil ba yoru, dast ba kor”, “Safar dar Vatan, xilvat dar anjuman” ruknlarini o‘zida mujassam etgan timsol.
Strategik maqsadimiz bo‘lgan erkin va farovon jamiyatni barkamol, ezgu g‘oyalarni hayotiy eʼtiqodiga aylantirgan insonlargina barpo etadi.
Shuni alohida taʼkidlash zarurki, millatparvarlik, mintaqamizdagi turkiy olam birligi g‘oyalari biz uchun aslida maʼnaviy-siyosiy mulkdir.
Mazkur g‘oyalarni birinchilardan bo‘lib turklarning, turk tiliniig jahondagi alohida o‘rni, vazifasini ishlab chiqqan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlari bo‘ladilar.
Buyuk alloma o‘zining “Hamsa”, “Muhokamat-ul lug‘atayn” kabi shoh asarlarida turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasidagi tutgan o‘rni va olamshumul vazifasi haqidagi taʼlimotni yaratib, turkiy tilimizni avaylab-asrash, takomilga yetkazish, uni yuksak adabiyot, sanʼat, ilm-fan va siyosat darajasiga ko‘tarish borasida sayʼ-harakatlar qilish zarurligini uqtirgan holda, o‘zi bunga butun faoliyati davomida to‘la rioya qilgan.
Shoir bu muammoni hal qilishdagi tarixiy vazifasini qiyomiga yetkazib bajarganidan faxrlanib, shunday yozgan edi:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Sivilizatsiyaning bundan keyingi taraqqiyoti va hayotiyligi, insoniyat oldida turgan umumbashariy ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ekologik, maʼnaviy-ahloqiy muammolarni hal etilishi hamda insonning maʼnaviyati, maʼrifati va sog‘lom fikri bilan bevosita bog‘liq.
Buyuk bobomizning insoniyat baxt-saodati yo‘lida yaratilgan ilmiy-maʼnaviy merosining bugungi kun uchun qanchalik ahamiyatli ekanligiga eʼtibor qaratar ekanmiz, umumbashariy muammolarni hal etishga umumbashariy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish orqali erishilishini, har tomonlama uyg‘un rivojlangan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxslarni kamol toptirish insoniyat taraqqiyotining muhim omili ekanini yaxshi tasavvur etamiz.
Mohira Xoliqova
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti
katta ilmiy xodimi,
falsafa doktori, dotsent
Adabiyotlar ro‘yxati
1. Alisher Navoiy. Hayratul-abror. T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1989.
2. Ye.Bertels. Izbranniye trudi. Moskva: Nauka, 1965.
3. N.Komilov. Faqr nuri porlagan qalb. T.: Maʼnaviyat, 2001.
Рус
Eng



