Shaxs maʼnaviy-ahloqiy tarbiyasida ijobiy ota-onalik ko‘nikmalarining ahamiyati masalalari

Hech bir ota o‘z farzandiga xulqu-odobdan
buyukroq meros bera olmaydi
Hadis
Xalqning baxt-saodati
bolalarni to‘g‘ri tarbiyalashga bog‘liq.
Djon Lokk
Har bir ota - ona o‘z farzandini dunyodagi eng tolei baland, maʼrifatli va saodatli bo‘lishini istaydi va bunga erishish yo‘lida harakat qiladi.
Bolaparvarlik xalqimizning qalbiga singib ketgan fazilatdir. Farzand Alloh tomonidan ato etilgan ulug‘ neʼmat bo‘lishi bilan birga, u ota – onaga topshirilgan masʼuliyat hamda omonat hamdir.
Bu borada ota-onalarning oilada farzand tarbiyasi va maʼnaviy-ahloqiy, ruhiy va jismoniy kamoloti uchun zarur bo‘lgan ijobiy ota-onalik ko‘nikmalarini o‘zlashtirib borishi katta ahamiyatga ega.
Farzandlar oila mustahkamligini taʼminlovchi muhim omillardan biridir. Oilada ulg‘ayadigan bolaning qanday inson bo‘lib shakllanishi eng avvalo ota-onaga bog‘liq. Tarbiya shaxsning maʼnaviy va aqliy qiyofasini, qolaversa, butun taqdirini belgilovchi omil. Oiladagi maʼnaviy muhit, shaxslararo munosabatlar, bolaning tarbiyasida juda katta rol o‘ynaydi. Ulug‘ mutafakkir Abdulla Avloniy "Turkiy Guliston yoxud axloq" kitobida "Alloh taolo insonlarni asl xilqatda isteʼdod va qobiliyatli, yaxshi bilan yomonni, foyda bilan zararni, oq bilan qorani ajratadigan qilib yaratgan. Lekin insondagi bu qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan bo‘lur. Qush uyasida ko‘rganini qilar", deydi.
Farzand tarbiyasida ularning yoshi, jinsi, xarakter hususiyatlari, qiziqishlari kabi omillar eʼtiborga olinadi. Tarbiya chuqur hissiyotlarni yuzaga keltiradigan mavzu bo‘lib, muhim masalalarni ko‘taradi hamda har bir oila uchun o‘ziga xos sanaladi. Turli insonlar uchun bolalar tarbiyasi turli narsalarni anglatadi.
1. Farzandingizning xulqiga eʼtibor bering
Ota-onalar o‘z farzandlarining ijobiy fazilatlarini oldindan ko‘ra olishlari kerak. “Odamga bolalikdan singdirilgan odatlar yosh daraxt tanasiga o‘yib yozilgan harflarga o‘xshaydiki, ular daraxt bilan birga o‘sadi, voyaga yetadi daraxtning tarkibiy qismiga aylanib qoladi”, deydi Viktor Gyugo.
Ota-onalar qancha ko‘p tanbeh bersalar, yomon axloq shuncha ko‘p takrorlanadi. Ular ko‘plab tanbeh olishganda bolalar o‘zini yomon tutishi kerak bo‘lgan yomon bola sifatida tushinishni boshlaydilar. Shunday tarzda ular o‘z xulqlarini tuzatish uchun motivatsiyani his qilmaydilar.
Ota-onalar bilishadiki, eng samarali yondashuv o‘z bolalarining yaxshi sifatlarini tan olish va eʼtirof etish hisoblanadi. Buni bajarish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga to‘g‘ri keladi, ammo tezda farzandlaringiz xulqi yaxshilanganligini sezasiz.
2. Bolani jamiyat ehtiyojlariga yo‘naltirishga o‘rgating
Agar Siz farzandlaringiz xursand, to‘laqonli hayot kechirishini istasangiz boshqalarga xizmat qilish va o‘z hissangizni qo‘shishni o‘rganing. Ularni faoliyatga jalb qiling, bunda ular boshqalarga yordam berishi va ijobiy taʼsir ko‘rsatishi kerak. Farzandlaringiz ko‘proq hissa to‘g‘risida, kamroq shaxsiy manfaat haqida o‘ylasalar, ular ongli hayot qurishni o‘rganadi.
Robert Ouen “Muntazam taraqqiy etadigan, gullab-yashnaydigan va hamisha baxt-saodatli jamiyat bunyodkorlari bo‘lgan shaxslarda yaxshi xarakterlarni shakllantirmoq uchun har biri yoshlikdanoq kuchli va qobiliyatiga qarab kundalik foydali ishga o‘rgatilmog‘i kerak” ligini eʼtirof etadi.
3. Farzandingizga ovozingizni ko‘tarmang
Tadqiqot natijalari siz farzandingizga qancha ko‘p baqirsangiz ularning xulqi shuncha yomon bo‘lishidan dalolat bermoqda.
Shu bilan birga o‘z farzandlaringiz xulqini nazorat qilish uchun ularning qarashlari va hissiyotlarini tushunish kerak. Bunda mantiqiy muhokamalardan foydalaning.
O‘z g‘azabingizni nazorat qiling. Agar xavfsizlik masalasiga tegishli bo‘lmasa farzandlaringizga baqirmaslikka qatʼiy qaror qiling. Tahdid ishlatishdan saqlaning.
Ziddiyatda siz qanday rol o‘ynashingizni tahlil qiling.
Muammoning mohiyatini tushunish uchun farzandingizda qanday qondirilmagan ehtiyojlar borligi to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring, masalan u o‘z hayotini nazorat qila olmayotgandek o‘zini his qilishi mumkin.
4. Uyda bolangizga majburiyatlar bering
Farzandlaringizga mehnat qilishga, uy yumushlarida kattalarga yordam berishni o‘rgating. Shu yo‘sinda bolalarda ijtimoiylashuv shakllanadi va ular mustaqil hayotga qadam qo‘yishni o‘rganadilar. Uy majburiyatlari masʼuliyat, burch, hamkorlik, mehnatsevarlik bilan bog‘liq muhim hayotiy darslarni bolalarga o‘rgatadi. Bunday darslarni erta yoshda o‘rganadigan insonlar katta ehtimollik bilan layoqatli insonlar bo‘lib yetishadilar. Agar bolalar mehnat qilishga undalmaganlarida na savodxonlikka, na muzika, na gimnastikaga, hattoki insonda ezgulikni mustahkamlovchi nomusga ham o‘rganmagan bo‘lur edilar. Odatda nomus ana shu mashg‘ulotlarning yetarligidan dunyoga keladi. Buyuk faylasuf Demokritning ushbu fikrida mehnat barcha ezgu fazilatlarning asosi ekanligi taʼkidlangan.
5. Uyda bolalar uchun komfort ruhiy holatni yarating
Bola ota-onasining doimo bahslashayotganini ko‘rsa, u shunga o‘rganadi. Ota-ona o‘rtasidagi ziddiyatlar farzandlarda kuchli stress holatini yuzaga keltiradi, bolaning kayfiyati va xulqiga kuchli taʼsir qiladi. Psixologlarning taʼkidlashicha, bu bolada kuchli ijtimoiy tanglik va agressiyani shakllantiradi.
Oila muhiti mehr-muxabbat, o‘zaro tushunish, hamkorlikka asoslangan bo‘lishi kerak. Agar bahs-munozarali vaziyatlar yuzaga kelsa, bolaning suhbatga qo‘shilishi va tushunishi uchun imkon bering.
Eng yaxshi usul bu uzr so‘rash va keyingi safar xatoga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Yodda tutish kerakki, munosabatlar qoidalarga qaraganda muhimroqdir.
6. Farzandingizga eʼtiborli va g‘amxo‘r bo‘ling
Barcha bolalarga eʼtibor kerak. Eʼtibor esa hech qachon ko‘plik qilmaydi. Farzandlar barcha eʼtiborni o‘zlariga qaratish uchun injiqlik qilishadi va buning uchun barcha imkoniyatdan foydalanishadi. Bu holat bolalarda instinktiv ro‘y beradi. Ota-onaning eʼtibor berishi ular uchun xavfsizlikni anglatadi.
Hozirgi global dunyoda bola tarbiyasi katta eʼtiborni talab qiladi. Ota-ona sifatida biz farzandlarga eʼtibor qaratishimiz, ularning qayerda ekanliklarini bilishimiz, ularning istak, ehtiyojlarini qondirishimiz, ularning xavfsizliklarini taʼminlashimiz kerak.
Shunday tarzda biz ularning samarali hayot kechirishi uchun imkoniyat beramiz.
Bolalar g‘amxo‘rlikka muhtoj, g‘amxo‘rlik ruhiy salomatlik va himoyalanganlik, ertangi kunga ishonch hissini rivojlantiradi.
Bolalarning ijobiy ruhiyati ularni stress holatlariga tushishining oldini oladi, qo‘rquvni bartaraf qiladi. Ota-onalar tomonidan yordam ko‘rsatish vahima va depressiya bilan bog‘liq xulq og‘ishi riskini minimallashtiradi, bolaning uyda va jamiyat hayotiga moslashishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
7. Bolangizga o‘z hissiyotlarini namoyon qilishga o‘rgating
Bolani o‘z hissiyotlarini namoyon qilishga o‘rgatish juda muhimdir. Bola uni eshitishlarini va tushunishlarini anglashi zarur. Farzandingiz Siz bilan o‘zini qiziqtirayotgan, o‘ylantirayotgan his-tuyg‘ular bilan bo‘lisha olishi hamda uni tushunishlarini his etishi kerak.
Kichik bolalar o‘zini o‘rab turgan olamni teran his qiladilar. Aynan shu davrda bolalarda atrof-muhitga nisbatan to‘g‘ri munosabatni, qadriyatlarni shakllantirgan holda dunyoni qabul qilishni o‘rgatish zarur.
8. Farzandingiz ko‘z o‘ngida boshqalarga yordam bering
Bolalar ko‘pincha ota-onalari xulqidan nusxa oladilar. Siz bolangiz taqlid qilish uchun yaxshi namuna bo‘ladigan inson bo‘lishingiz kerak.
Ota-onalar o‘z hatti-harakati bilan shaxsiy namuna ko‘rsatadilar. Bolalar o‘ta kuzatuvchan bo‘lishadi.
Ota-onalarning jamiyat hayotida ishtiroki, muayyan kasbda faoliyat olib borishi, atrofdagilarga yordam qo‘lini cho‘zishi bolalarda altruizm, hamkorlik, jamiyat uchun hizmat qilish kabi fazilatlarni shakllanishiga yordam beradi. Yordam qo‘lini cho‘zish turlicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: keksa insonlarga yordam berish, hasharda ishtirok etish va h.
Bizning barcha harakatlarimiz bizga qaytishini bolaga tushuntiring.
9. So‘zsiz muhabbatni namoyon qiling
Bolaga doimo uni yaxshi ko‘rishingizni ayting. Bola qandaydir yaxshi ishni qilganda unga bu haqida ayting. Agar u xatoga yo‘l qo‘ysa ham Siz buning uchun koyimang, samimiy gaplashing. “Eʼtiboringizni bolalardagi qusur va illatlarga barham berishgagina emas, ularda hayotbaxsh muhabbat uyg‘otishga qarating. Muhabbat bor joyda axloq bolaga tuyg‘u sifatida singdirib yuborilmog‘i kerak”, deb yozgan edi G. Gegel.
Bola bilan muloqotda quyidagi iboralardan foydalaning: "men sen bilan faxrlanaman", "seni borliging men uchun ulkan baxt", "sen o‘z ishingni aʼlo darajada bajarding", "sen buni uddalaysan" va h.
Farzandlaringizga extirom ko‘rsating, Payg‘ambarimiz minbarda xutba kilarkan, nevaralari Xasan va Xusaynni qo‘llariga olish uchun minbardan tushib, keyin yana xutbani davom ettirgan ekanlar.
10. Bolaning qarorini hurmat qiling
Agar farzandingiz Sizni va Sizning fikrlaringizni hurmat qilishini istasangiz uni ham hurmat qiling. Bolaga hurmatni namoyon qilishning bir nechta usullari mavjud:
Bola bilan qarorlarni muhokama qiling.
Farzandlar uchun oqilona qoidalarni belgilang va har safar ularni izohlamang.
Bolaga nimanidir mustaqil bajarish imkonini bering. Bu shuningdek, bolaga ishonayotganligingizni ko‘rsatadi.
Farzandlaringizga o‘z so‘zlaringiz mohiyatini tushuntiring va muloqot qiling. Zarur bo‘lsa o‘z pozitsiyangizni tushuntiring.
Biz ko‘pincha shunchalik band bo‘lamizki, o‘z ishimiz yagona muhim narsa deb o‘ylaymiz. Agar bola bizga nimanidir aytmoqchi bo‘lsa, buning uchun vaqt topa olmaymiz.
Ota-onalar doimo nima muhimligini o‘zlari hal qiladilar, bolalarning fikri bilan hisoblashmaydilar. Ammo bolalar ham qaror qabul qilishni istaydilar. Hurmatni namoyon qilish uchun ota-onalar ushbu ko‘nikmani rivojlantirishlari kerak.
11. Bola bilan do‘stlashing
Bolalar juda taʼsirchan bo‘ladilar. Shuning uchun bolaga gapirganda ovozingiz ohangi, ishoralarni kuzating. Bola siz bilan o‘zini noqulay his qilsa o‘zini himoya qilish uchun barcha narsani ishga soladi: nizolashish, agressiya va h..
Farzandingiz bilan muloqotni hurmat asosida quring. Bolaga nimani qilishni ko‘rsatmasdan u bilan birgalikda bajarish yaxshi natija beradi.
Quyidagi iboralardan foydalaning: "qani urinib ko‘ramiz, «qanday qilamiz?", "men istaymanki sen..." va h.
Bolada rag‘bat uyg‘otish uchun qiziqarli mashg‘ulotlardan foydalaning. Masalan, agar o‘yinchoqlarni yig‘ishtirishini istasangiz buni o‘zingiz boshlang, bolani esa yordamchingiz etib belgilang.
Yodda tuting, barcha harakatlarning asosiy maqsadi farzandingizni yaxshi xulq egasi bo‘lishidir.
12. Bolani to‘g‘ri ovqatlantirishga o‘rgating
Baʼzan bolalar juda injiq bo‘ladilar. Bu ovqatlanishga ham tegishlidir. Bolani to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatishning eng yaxshi usuli ushbu jarayonni qiziqarli tashkil qilishdir.
Bola organizmi foydali moddalarga tanqislik sezmasligi uchun xilma-xil ovqat zarur. Bolalar ratsioniga meva, sabzavot, sut, baliq va go‘sht mahsulotlarini kiritish zarur. Bola organizmi oson ko‘nikuvchan bo‘ladi. Shuning uchun uni bir xil ovqatga o‘rganib qolishidan ehtiyot bo‘ling.
Bolalarning ovqat ratsionida vitaminlar va mikroelementlarning mavjudligiga eʼtibor bering. Bolalarda kichik yoshdan taʼm retseptorlarida sho‘r, achchiq yoki shirin ovqatga mayl paydo bo‘lishining oldini oling.
Dasturxonni to‘g‘ri bezash ham juda muhim rol o‘ynaydi. Bolalar chiroyli va o‘ziga tortadigan narsalarni yoqtirishadi. Shuning uchun dasturxon tuzashga ham katta eʼtibor berish lozim. Bola ovqatlanayotgan paytda uni yaxshi odatlarga o‘rgatish zarur. Iloji boricha farzandlaringiz bilan birgalikda ovqatlaning.
Ovqat tayyorlashda ijodkorlikni namoyon qiling.
Bolaga ovqat tayyorlash, stol bezatishda qatnashish uchun imkon bering.
Ispaniyalik pediatr, 3 nafar farzandning otasi Karlos Gonsales "Mening farzandim yeyishni xohlamaydi" nomli bestsellerida “ovqatlanish vaqtida multfilmlar, qo‘shiq, raqslar kabi ko‘ngil ochar o‘yinlarni tomosha qilish qo‘pol pedagogik xato” deb ataydi. Buning ustiga ovqatlarni "avtomatik" ravishda yeyish katta bo‘lganda stresslar va semirib ketishning shakllanishiga olib kelishi mumkin.
13. Bolaning fikriga quloq soling
Bolaning o‘ziga ishonchsizligi sabablaridan biri oilada uning fikri qadrlanmasligidir. Agar Siz bolani ijobiy muhitda tarbiyalashni istasangiz uning fikriga quloq soling. Farzandingiz hali kichik bo‘lsa u oilaviy masalalarda qaror qabul qila olmaydi. Ammo oilaviy muammolar bo‘yicha uning fikrini eshitish kerak. Shunda bola o‘z fikrini ifodalashga o‘rganadi va o‘ziga ishonchli ortadi.
Farzandingiz bilan dialoglar qiling va monologlardan saqlaning. Farzandlaringizni bezovta qilayotgan qo‘rquv, shubhalarni eshiting va tushunishga harakat qiling. Shu tarzda agar siz bolaga haqiqiy g‘amxo‘rlikni namoyon qilsangiz, u o‘z muammolarini sizga ishonadi.
Rimlik notiq va shoir Yuvenal bolalikka buyuk hurmat-ehtirom bilan qarash lozimligini uqtirgan edi.
14. O‘z xatolaridan xulosa chiqarish va mustaqil qaror qabul qilishga imkon bering
Biz yo‘l qo‘yilgan xatoliklardan saboq chiqaramiz. Ota-onalarning majburiyati noto‘g‘ri xatolardan bolani himoyalashdir. Ammo ota-onalar ko‘pincha uning xatolardan saboq chiqarishga imkon bermaydilar. Xatolarni sodir qilish va ularni to‘g‘rilash bolani mustaqil va o‘z kuchiga ishonuvchan qiladi.
Bolaga tanlovni mustaqil amalga oshirish va unga tegishli masalalarda qabul qilishga imkon bering. Bola sizning ko‘magingizni his qilishi va o‘zini xavfsizlikda sezishi uchun uning barcha qarorlarida bolani qo‘llab quvvatlang. Ko‘pincha ota-onalar farzandlari uchun qaror qabul qiladilar, uni to‘g‘ri qaror qilishga layoqatsiz hisoblaydilar.
Bolani mustaqil qaror qabul qilishiga imkon bering – hattoki u xato bo‘lsa ham, bunda o‘z xatosidan saboq oladi.
Bolaning mustaqilligini rag‘batlantiring. Bolangizda mustaqillik namoyon bo‘lishini doimo mukofotlash kerak. Masalan, u o‘z xonasini yig‘ishtirish yoki o‘z qo‘li bilan nimadir qilishni istasa, unga bu mashg‘ulot bilan mustaqil shug‘ullanishini ayting. Bu bolaga ishonishingizni ko‘rsatadi. Bolaning imkoniyatiga qancha ko‘p ishonishingizni ko‘rsatsangiz unda shuncha ko‘p o‘ziga ishonch rivojlanadi.
Unga xato qilish va xatolardan to‘g‘ri hulosa qilishga imkon bering. Uning uchun qaror qabul qilmang, bolaning o‘zi taqdim qilingan variantlardan birini tanlasin va uning oqibatlarini ko‘rsin. Maʼlum yoshga yetganda bola mustaqil bo‘lishi shart. U shu bilan birga bu davr kelguncha erta yoshda mustaqil bo‘lishga o‘rgating.
15. Bolani optimizmni tarbiyalang
Bolada rivojlantirishda kerak bo‘lgan sifatlardan biri bu - optimizm. Bolalarni hayotiy ko‘nikmalarga kichiklikdan o‘rgatish kerak. Bolani ijobiy ruhda tarbiyalang. Unda o‘ziga ishonch, optimizm kabi sifatlarni rivojlantiring. Bu butun hayoti mobaynida foydali bo‘ladi. Bolani optimizmga o‘rgatishdan oldin Sizning o‘zingiz pozitiv kayfiyatda bo‘lishingiz kerak. Oddiy iboralardan foydalaning: «xavotirlanma, barchasi yaxshi bo‘ladi. Bolani ezgu maqsadlarga erishishga rag‘batlantiring.
Siz farzandingizga nimanidir o‘rgatsangiz u bunga butun hayotida amal qiladi. Taqlid qilish uchun yaxshi namuna va o‘z bolangiz uchun ustoz bo‘ling.
Tarbiya mahorati – bu ota-onaning ijobiy ota-onalik ko‘nikmalariga ega bo‘lishdir. Bu borada muayyan qoidalar, rasmiy qo‘llanma, maxsus kurslar mavjud emasligiga qaramasdan, bu mahoratni o‘zlashtirish mumkin. Ushbu jarayon farzandingiz tug‘ilgandan boshlanadi. Bu borada Sizning eng yaxshi o‘qituvchingiz - sizning har kunlik tajribangizdir. Ko‘plab ota-onalar bola tarbiyasi katta sabr, ishonch, mahorat, yumor va qatʼiyatni talab qilishini anglaydilar. Ammo bu mahoratni qo‘llashga kelganda aksariyat ota-onalar amalda o‘rgana olmaydilar. Ota-onalik ko‘nikmalarining ayrimlari juda innovatsion bo‘lsa, boshqalari anʼanaviy sanaladi. Shuni bilish muhimki, ota-onalik ko‘nikmalari bir bola uchun mos kelsa, boshqasiga taʼsir qilmasligi mumkin, chunki har bir bola o‘ziga xos bo‘lib, kayfiyat va holatlar har kuni o‘zgaradi. Xavotirga o‘rin yo‘q. Tarbiya mahorat va vaqt talab qiladi. Farzandingiz ulg‘aygani sari u bilan muloqot qilib Siz ham o‘sasiz.
Farzandlarimiz kamoloti va baxt-saodati yo‘lida ushbu ko‘nikmalarni o‘zlashtirib, ulardan maksimal foydalanib, muvaffaqiyatga erishish mumkin.
Mohira Xoliqova,
falsafa doktori, dotsent
Dildora Po‘latova, PhD
Foydalanilgan adabiyot
1. Imom Buxoriy. Al-Adab al-mufrad. – T.: O‘zbekiston, 1990.
2. Shavkat Mirziyoyev. Vatanimiz taqdiri va kelajagi yo‘lida yana-da hamjihat bo‘lib, qatʼiyat bilan harakat qilaylik. – T.: O‘zbekiston, 2017.
3. Abu Homid G‘azzoliy. “Ihyou ulumid-din”. Toshkent. 1997.
Karlos Gonsales. Mening farzandim yeyishni xohlamaydi. 2001.