Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti talqinida

01:35 - 5 Yanvar Yangiliklar
1876
ness image

“Mahalla – yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusi”

Shavkat Mirziyoyev


Yurtimizdagi yuz berayotgan tub burilishlar ijobiy o‘zgarishlar sari qadam qo‘yilayotganidan dalolat bermoqda. Mamlakat aholisining turmush darajasini yaxshilash maqsadida yoshlarni va ayollarni fikr-mulohazalari inobatga olgan holda ularni qo‘llab-quvvatlash va ko‘maklashish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olinib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi.

Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda bu borada ko‘plab cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi.

Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.

Yakunlanayotgan yilda markazlashgan ichimlik suv taʼminotini yaxshilash uchun 3 trillion so‘m yoki 2016-yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Natijada aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 73 foizga yetdi.

Birgina 2020-yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobarga oshirilib, 1 million 200 ming nafarga yetkazildi. Ushbu maqsadlarga byudjetdan 2016-yilgiga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.

Kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bog‘chalar soni esa 3 barobarga ko‘payib, 14 mingdan oshdi. Bu o‘z navbatida, ayollarning ijtimoiy faolligiga ijobiy tasirini o‘tkazadi.

Bu yil oliy taʼlimga qabul parametrlari 2016-yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sdi, yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi.

Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilindi.

O‘zbekiston “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston fuqarolari qayerda bo‘lmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilinmoqda. “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdig‘idir.

Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida, O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda.

Xalqaro maydondagi qatʼiy saʼy-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi va obro‘-eʼtibori tobora yuksalmoqda. Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo etib saylandi.

2020-yilning 7-dekabr kuni AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha matbuot uchun bayonot berdi. Unda so‘nggi bir yil ichida O‘zbekistonning erishgan muhim, aniq yutuqlari asosida diniy erkinlik bo‘yicha “maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”dan chiqarilganini qayd etdi. AQSH davlat kotibi Toshkentning dadil islohotlari boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishini taʼkidladi[1]. Mamlakatimizda olib borilayotgan demakratik islohotlarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinganligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti zimmasiga ulkan va masʼuliyatli vazifalar yukladi.

“Mahalla va oila” institut tomonidan bajarilishi belgilangan islohotlar va ilmiy loyihalar xalqimizning kundalik hayotida o‘z ifodasini topishi, kutgan natijalarimizga erishish ko‘p jihatdan Institutning missiyasiga bevosita bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev “2021-yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirish va tashkil etish”ni belgilab qo‘ydi. 2021-yilda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining pirovard maqsadi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar va ularning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida quyi bo‘g‘indagi muammolarni hal qilishda mahala institutiga alohida urg‘u qaratdi. Unda, Mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga aholi muammolarini bevosita hal qilish imkonini yaratishimiz kerakligi to‘g‘risida fikr bildirildi. Bunda, mahalla raisiga mahalliy kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish huquqini berish lozimligi. Bu orqali muammolarni tezkor hal qilishga erishish imkoniyati yaratili taʼkidlab o‘tildi. Mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni, davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2021-yildan boshlab har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirishi va tashkil etishi belgilab berildi. Unda:

- barcha darajadagi rahbarlar o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natija qilishi shart va zarurligi;

- mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon bo‘lishi;

- mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini oshirish, xodimlarining moddiy taʼminotini yaxshilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish zarurligi belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Qonunchilik palatasi va Senat, Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021-yil 1-aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish belgilab qo‘yilgan.

Prezidentimiz tomonidan mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga berilgan imkoniyat “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti missiyasida tom maʼnodagi ijobiy burilishdir. Ushbu hujjatlarda hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funksiyalari aniq belgilanishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yana-da mustahkamlash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Shu jumladan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganilganligi natijasida birinchi marta joylardagi ayollarimiz dardu-hasratlariga to‘la bo‘lgan adolatli haqiqat yuzaga chiqgani aytib o‘tildi. Shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilishi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilayotganligi, qolaversa, mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan ko‘mak berayotganligi ahamiyatlidir. Shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ni shakllantirishda ijtimoiy shartnoma mexanizmini joriy etilishi aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga sotsial-adolat tamoyilini o‘rnatishga sabab bo‘ladi. 

Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borgan islohotlarimiz natijasida Parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat bo‘ldi[2].

Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida, hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor ayollardan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifi bildirildi. Xotin-qizlar jamoatchilik kengashiga rahbar etib Senat Raisi Tanzila Kamolovna Norboyeva tayinlandi.

Joylardagi xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga esa hokimlarning ushbu masalalar bo‘yicha maslahatchilari rahbarlik qilishi belgilandi. Bu borada Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida 2021-yil 4-yanvardan “Xotin-qizlarni turmushga, oilaga, jamiyatga tayyorlashning amaliy-metodologik asoslari o‘quv kursi” tashkil etildi. Kurs dasturida “O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tenglik tamoyillarini joriy etish” mavzusi ham belgilandi. Mazkur kurs ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning oiladagi, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘rganishga qaratilgan masalalarni qamrab olgan. Qolaversa, ayollarga nisbatan tazyiq, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan “Ayollar maslahat kengashlari” negizida treninglar va o‘quv kurslar tashkil etildi. Bu o‘tkazilgan trening va o‘quv kurslar ayollarning jamiyatdagi o‘rni va mavqiini oshirishga hizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida aholining ijtimoiy qatlamini yaxshilash, oilada gender tengligi, ayollarni jamiyatdagi o‘rni, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishni qamrab olganligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining tom maʼnodagi “Yo‘l xaritasi” bo‘ldi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor berilayotganligi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning mamlakat manfaatlari­ yo‘lida erkin ijtimoiylashuvi va o‘zini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi sifatida 2021-2022-yillarda O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, Diniy erkinlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferensiyalarni o‘tkazish belgilanganligi yoshlarga, tabir joiz bo‘lsa, yosh ilmiy-intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yosh kadrlar oldiga qo‘yilgan ulkan imkoniyatlar eshigidir, qolaversa, biz yoshlarga ko‘ndalang qo‘yilayotgan ijobiy talabdir. Bu masala Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining yosh ilmiy kadrlariga berilayotgan imkoniyat va ularning oldiga qo‘yilayotgan dolzarb maslalardan biri deb hisoblaymiz. Bu orqali xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni o‘rnatish yoshlarning xalqaro reytingdagi ilmiy salohiyati ortishida dasturul amal bo‘libgina qolmay, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytirishga asos bo‘ladi.


Egamberdiyeva Nodira Melibayevna,

pedagogika fanlari doktori, professor.

 “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori.


[1] https://www.xabar.uz/post/ozbekiston-diniy-erkinlik

[2] Mirziyoyev Sh. Oliy Majlisga Murojaatnoma. – Toshkent, 2020-yil 29-dekabr.

Chop etish