Ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

12:45 - 17 Mart Yangiliklar
116

Kuni kecha Toshkent moliya institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlisi deputatlari, oliy taʼlim tashkilotlari hamda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat olib borayotgan olima ayollar, shuningdek, xotin-qizlar jamoat tashkilotlari rahbarlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, institutning olima ayol o‘qituvchilari hamda iqtidorli talaba qizlari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida olima va oqila ayollarning o‘rni” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

ness image

Anjumanda so‘z olgan Toshkent moliya instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Teshabayev To‘lqin Zakirovich barcha tadbir ishtirokchilarini samimiy qutlagan holda bugungi kunda mamlakatimiz rivojida ayollarning o‘rni qanchalik muhim ekani borasida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tengligi qo‘mitasi raisi Qodirxonova Malika Akbarovna ham mazkur masalaga alohida to‘xtalib, olima ayollarning Uchinchi Rennesans qurilishidagi o‘rni, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, kasb va bilim egallashda duch kelayotgan to‘siqlar, ularni bartaraf etishda olib borilayotgan islohotlar, umumiy yutuq va kamchiliklar borasida hamda yurtimizda olib borilayotgan qizg‘in jarayon xususida so‘zladi.

Hozirgi kunda ayollarning ijtimoiy hayotdagi faolligi, ularning ilm va boshqa sohalarda erishayotgan muvaffaqiyatlari, o‘sib kelayotgan yosh avlodni munosib tarbiyalashdek dolzarb masalaga “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, Respublika “Oqila ayollar” yetakchisi, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmanova ham o‘z maʼruzasi bilan chiqish qildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan ayollar masalasiga berilayotgan eʼtibor, qator imtiyozlar, huquqiy va normativ hujjatlardagi islohotlar xususida anjuman ishtirokchilariga zaruriy maʼlumotlar berildi. Shu bilan birga, tadbir davomida “O‘zbekiston yosh olimalarining ilm-fanga qo‘shayotgan hissasi”, “Ilm-fanda gender tenglikni taʼminlash”, “Uzoq hududlarda yashovchi xotin-qizlarning ilm-fandagi faolligini oshirish”, “Oliy taʼlim tizimida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish”, “Fan va innovatsiyalar taraqqiyotida olima ayollar ilmiy salohiyatidan foydalanish” mavzulari ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ilmiy anjuman so‘ngida ko‘tarilgan masalalar va munozaralardan tegishli xulosalar chiqarildi hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshishida oqila va olima ayollar ulushini oshirish va o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilib, amalga oshirish vazifalari belgilab olindi.

Chop etish