Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari bo‘yicha Singapur tajribasi

09:32 - 30 Noyabr Yangiliklar
1025

Alimov Sardor Komil o‘g‘li,

"Oila va xotin-qizlar" ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

ness image

Singapur Janubiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan, iqtisodiy jihatdan rivojlangan, ijtimoiy jihatdan barqaror tizimga ega bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Singapurda kuchli ijtimoiy himoya tizimi yaratilgan. Xususan, oilaviy-maishiy tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar hamda ularning farzandlari bilan ishlash, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirish tizimi mazkur yo‘nalishdagi jahondagi eng yetakchi tizimlardan biri hisoblanadi. Singapur AQSHning Jordjtaun instituti tomonidan tayyorlanadigan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksi – 2021/2022” (Women, Peace and Security Index – 2021/2022) ning “Jinsiy sherik tomonidan zo‘ravonlik” indikatori bo‘yicha eng yaxshi natija qayd etgan[1] (Shveysariya bilan birgalikda).

Tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha qonunchilik tizimi. Singapur Respublikasi Parlamenti tomonidan 1961-yil 15-sentyabr kuni qabul qilingan “Xotin-qizlar xartiyasi”ning 7 qism, 64-67 moddalari “Oila himoyasi” deb nomlangan. Xartiyada oilaviy zo‘ravonlik tushunchasiga izoh berib o‘tilgan. Qonunning 64-moddasiga ko‘ra, quyidagi xatti-harakatlar oilaviy zo‘ravonlik hisoblanadi:

a) qasddan yoki bilib turib zarar yetkazish maqsadida oila aʼzosini ko‘chirish yoki ko‘chirishga urinish;

b) zarar yetkazishi maʼlum bo‘lgan xatti-harakat bilan oila aʼzosiga shikast yetkazish;

c) oila aʼzosini uning istagiga qarshi holatda ushlab turish yoki harakatlanishini cheklash;

d) oila aʼzosini bezovta bo‘lishini bilgan holda yoki bezovtalik uyg‘otish maqsadida doimiy taʼqib qilish[2].

Xartiyaning 65-moddasida zo‘ravonlik holatida sud tomonidan himoya orderi berish tartibi belgilab berilgan. Zaruriyat tug‘ilganda sud bir kun ichida qisqa muddatli (28 kun) himoya orderi berishi tizimi ishlab chiqilgan (66- modda).

Tazyiq va zo‘ravonlik holatlarida javobgarlik belgilash masalasi bir nechta normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan. Xususan, “Xotin-qizlar xartiyasi”ga ko‘ra, himoya orderi talablarini buzganlik uchun quyidagi javobgarlik belgilangan (65 modda, 8 qism):

a) 2000 AQSH dollarigacha jarima, 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish yoki har ikkalasi ham;

b) mazkur holat takroriy sodir etilganda, 5000 AQSH dollarigacha jarima, 12 oygacha ozodlikdan mahrum qilish yoki har ikkalasi ham.

Agarda holat zaif kishilar (2018-yilgi “Zaif kattalar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, aqliy va jismoniy zaif, nogironligi yoki qobliyatsizligi sababli o‘zini himoya qilishga qodir bo‘lmagan 18 yoshdan katta shaxslar[3]) ga nisbatan sodir etilsa (65 modda, 10 qism):

a) 5000 AQSH dollarigacha jarima, 12 oygacha ozodlikdan mahrum qilish yoki har ikkalasi ham;

b) takroriy sodir etilganda, 8000 AQSH dollarigacha jarima, 18 oygacha ozodlikdan mahrum qilish yoki har ikkalasi ham;

Mazkur huquqbuzarlik 2010-yilda qabul qilingan Jinoyat-protsessual kodeksga ko‘ra, jinoyat sifatida tasniflanadi[4].

1871-yilda qabul qilingan Singapur Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ayolning homilasini tushirish (312 modda), ayolni nikohiga olish yoki jinsiy ehtiyojini qondirish uchun o‘g‘irlash (366 modda), fohishalik qilish uchun xotin-qizlarni mamlakatga olib kirish (373A modda) kabi zo‘ravonlik holatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilangan[5]. Jinoyat kodeksining 375 moddasiga ko‘ra, agarda xotin rozi bo‘lmasa, er uni jinsiy aloqaga majburlagani (nikohdagi zo‘rlash) uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi[6].

2014-yil 15-noyabr kuni “Taʼqib qilishdan himoya qilishi to‘g‘risida” qonun qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra shaxslarni, xususan xotin-qizlarni taʼqib qilish, noqonuniy va yolg‘on bayonotlardan himoya qilish, taʼqiblarga nisbatan sudda himoya qilish belgilab qo‘yilgan[7].

Masʼul davlat tashkiloti. Singapurda oilaviy hamda xotin-qizlarga taalluqli masalalar, xususan, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish, zo‘ravonlik qurbonlarini himoya hamda reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq davlat siyosatini Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi amalga oshiradi.

Singapurda 2019-yilda 4 224 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, 2 452 holatda oila aʼzolariga nisbatan himoya orderlari berilgan. Zo‘ravonlik holatlari 2016-yilga nisbatan 21 foizga ortgan (2016-yilda 3 497 holat). Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi asosiy 4 ta inqirozli boshpana markazlari (Star Shelter, Casa Raudha Women Home, Anglican family centre va Good Shepherd Centre in Singapore) har yili o‘rtacha zo‘ravonlikka uchragan 180 ga yaqin xotin-qizlar va ularning farzandlarini qabul qiladi[8].

Umuman olib qaraganda, Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi yoki boshqa davlat tashkiloti inqiroz markazlariga murojaat qilgan va joylashtirilgan xotin-qizlarning aniq sonini hisoblamaydi, har bir reabilitatsiya markazi nodavlat tashkilot sifatida mustaqil faoliyat olib boradi davlat tashkilotlari esa ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi, maʼlum darajada moliyalashtiradi va qo‘llab-quvvatlaydi.

Reabilitatsiya markazlarida ayollarning qolish davomiyligi bo‘yicha qatʼiy qoida yo‘q. Har bir markaz ichki tartibni o‘zi belgilaydi. Ayollarning reabilitatsiya markazlarida qolish muddati yildan yilga kamayib borayotganligini kuzatish mumkin:

Odatda reabilitatsiya markazlaridan ayollar muqobil xavfsiz joy topganlaridan so‘ng chiqariladi. Aksariyat holatlarda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar oilalari, do‘stlari oldiga yoki shaxsiy uylariga ketishadi. Maʼlum qismi esa ijtimoiy uylarga ijara asosida yashay boshlashadi yoki vaqtinchalik boshpanalarda yashashni davom ettirishadi:

2022-yil Singapurda “Singapur oilalari yili” deb nomlangan bo‘lib, 2025-yilgacha mo‘ljallangan “Oilalar uchun Singapur - 2025” (A Singapore Made For Families 2025) Milliy dasturi qabul qilingan[10]. Mazkur Milliy dasturga ko‘ra, “Oilalarning xavfsizligini taʼminlash” yo‘nalishi belgilangan. Zo‘ravonlik va jinsiy tazyiqqa qarshi milliy ishonch telefoni tashkil etilgan - 1800-777-0000.

2023-yilda oilaviy zo‘ravonlikdan qonuniy himoyalash tizimini kuchaytirish, zo‘ravonlar uchun javobgarlik va reabilitatsiya tizimini yaxshilash belgilangan. Mamlakat bo‘ylab turli yo‘nalishlardagi 48 ta oilaga xizmat ko‘rsatish markazlari, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha 2 ta maxsus markazlar (TRANS SAFE markazi va Care Corner Project Start) faoliyati yaxshilanishi qayd etilgan.

Zo‘ravonlikni oldini olishda tashkilotlarning o‘zaro hamkorlik tizimi. Singapurda tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, reablitatsiya qilish bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlarining hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Oilaviy sudlar, oilaga xizmat ko‘rsatish markazlari, politsiya, kasalxonalar, taʼlim muassasalari, ijtimoiy xizmat agentliklari birgalikda zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash doirasida hamkorlik qilib kelishadi.

Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi tarkibida Adult Protective Service - APS yaʼni “Kattalar uchun himoya xizmati” joriy etilgan bo‘lib[11], mazkur tuzulma ikki yo‘nalishda faoliyat olib boradi:

1) Ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy zo‘ravonlikka duch kelgan shaxslarga yordam beruvchi tashkilotlarni nazorat qiladi, bunday shaxslarning tegishli xizmatlarga yo‘naltirilishi, ularning xavfsizligini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiradi;

2) zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha strategik hamkor tashkilotlar – politsiya, shifoxona, ijtimoiy xizmat agentliklari, oilaviy sudlarning birgalikdagi faoliyatini nazorat qiladi, umumiy strategiyasini ishlab chiqadi. APS, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan shaxslar bilan ishlovchi mutaxassislarning kasbiy malakasini oshiradi.  

Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari. Singapurda ayollar uchun reablitatsiya markazlari nodavlat notijorat tashkilotlari sifatida faoliyat olib boradi. Aksariyat vaqtinchalik boshpanalar diniy tashkilotlar (xristian, islom diniga tegishli) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, xayriya yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

Star Shelter - “Yulduzli boshpana”. Ushbu markaz Singapurdagi yagona diniy mazmunda bo‘lmagan reablitatsiya markazi hisoblanadi[12]. Mazkur shelter Singapur ayollar tashkilotlari kengashi (The Singapore Council of Women‘s Organisations – SCWO) ning tarkibiga kiradi. Markaz davlat grantlari, SCWO tomonidan mablag‘ yig‘ish loyihalaridan va individual homiylik mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Markazda jami 28 ta joy mavjud bo‘lib, quyidagi vazifalarni bajaradi:

• Murojaat qiluvchilarni turar-joy, kiyim va ovqat bilan taʼminlash;

• Ijtimoiy ishchilar bilan birgalikda jabrlangan ayollarning ishga joylashishiga yordam berish;

• Ish izlash, ishga borish, farzandlarini maktabga olib borishdagi transport xarajatlarini to‘lashda ko‘maklashish;

• Foizsiz uy-joy kreditini olish uchun bir martalik moliyaviy yordam berish;

• Bolalarni parvarish qilish;

• Tibbiy yordam berish;

• Huquqiy va psixologik maslahatlar berish, terapevtik muolajalar, art-terapiya va boshqalar.

Casa Raudha Women Home - “Osoyishtalik maskani” ayollar uyi[13]. Casa Raudha markazining faoliyati uchun Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi tomonidan moliyaviy yordam ajratiladi. Qolaversa, markaz hayriya mablag‘lari yig‘ish orqali ham o‘zini moliyalashtiradi.

Markaz quyidagi vazifalarni bajaradi:

• Murojaat qiluvchilarni turar-joy, kiyim va ovqat bilan taʼminlash;

• Tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganlarni tegishli organlarga yo‘naltirish;

• Himoya orderi olishga ko‘maklashish;

• Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish;

• Tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish maqsadida ijtimoiy profilaktika ishlarini olib borish, keng jamoatchilikni ogohlikka daʼvat qilish;

• Oilalar uchun korreksiya dasturlarini amalga oshirish va boshqalar.

Anglican family centre - “Anglikan oila markazi”. Mazkur markaz Singapur Anglikan jamoat xizmatlari (SACS) diniy tashkiloti tarkibiga kirib, markazda 100 ta joy mavjud[14]. Markazning vazifalari quyidagilardan iborat:

• Psixologik maslahatlar berish;

• Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni jamiyatga qayta integratsiya qilish uchun yo‘naltirish;

• Turar joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan taʼminlash va boshqalar.

Markaz Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi tomonidan ajratiladigan davlat mablag‘lari va hayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Good Shepherd Centre in Singapore - Singapurdagi “Yaxshi cho‘pon” markazi. Ushbu reabilitatsiya markazi “Good Shepherd Asia Pacific” xalqaro diniy tashkilot tarkibidagi loyiha sifatida faoliyat yuritadi[15]. Good Shepherd jami 40 nafar ayollar va ularning bolalarini qabul qila oladi. Markazning boshqa reabilitatsiya markazlaridan asosiy farqli jihati unda xorijdan kelgan migrant ayollarning soni ko‘proq, markaz oilaviy zo‘ravonlikka uchragan, ish beruvchi tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan, fohishalik maqsadida Singapurga olib kelib sotib yuborilgan ayollar va ularning bolalari uchun boshpana vazifasini o‘taydi. Shu tufayli markaz migrant ayollarga alohida tartibda yordam berishga harakat qiladi. Good Shepherd Centre asosan Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi tomonidan ajratiladigan davlat mablag‘lari va hayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Good Shepherd Centre quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:

• Migrant ayollarning imigratsiyaga oid hujjatlarini rasmiylashtirishga ko‘maklashish;

• Zo‘ravonlikka uchragan ayollarni turar joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan taʼminlash;

• Ularga psixologik yordam berish;

• Ayollar va ularning bolalari uchun to‘garaklar hamda o‘quv kurslar tashkil etadi (masalan, ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha) va boshqalar.

PERTAPIS CENTRE FOR WOMEN AND GIRLS va PERTAPIS CHILDREN‘S HOME – PERTAPIS xotin-qizlar markazi va PERTAPIS bolalar uyi[16]. Mazkur markazlar islomiy xarakaterdagi PERTAPIS diniy xayriya tashkiloti tarkibiga kiradi. PERTAPIS xotin-qizlar markazida 14 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar ayollarni qabul qila oladi. PERTAPIS bolalar uyi esa tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan 4 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 80 nafar bolalar va o‘smirlarni qila oladi. Markazlarda xotin-qizlar va bolalarni boshpana, himoya va g‘amxo‘rlik bilan taʼminlaydi. Markazlar davlat mablag‘lari (Ijtimoiy va oila rivojlanishi vazirligi tomonidan ajratiladi) va hayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.  

Singapur tajribasini o‘rganish asosida quyidagi takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

1.  Milliy qonunchilikka “oilaviy zo‘ravonlik” tushunchasini kiritish. Jinoyat huquqida oilaviy zo‘ravonlikni alohida jinoyat sifatida tasniflash;

2.  Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish. Masalan, Singapurda nomusga tegish jinoyati uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bizda esa ushbu holatda javobgarlik uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksi 118-modda, 2-xatboshi). Yoki himoya orderini buzganlik uchun O‘zbekistonda maʼmuriy javobgarlik belgilangan bo‘lsa (O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 2061-moddasiga ko‘ra), Singapurda har qanday holatda himoya orderini buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

3.  Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurash bilan bog‘liq faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda bitta tashkilot zimmasiga yuklash;

4.  Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoya qilish, ularning reablitatsiyasini amalga oshirishda faqatgina davlatga bo‘ysunuvchi reablitatsiya markazlaridan tashqari nodavlat notijorat shaklidagi inqiroz markazlari, vaqtinchalik boshpanalar tashkil etish. Bu bir tomondan markazlar va ulardagi joylar sonining ortishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan raqobat tufayli soha mutaxassislarida professionalizm kuchayadi;

5.  Markazlar, shelter xodimlari, ijtimoiy ishchilar, psixologlar, tibbiyot xodimlari, sotsiologlar, huquqshunoslarning doimiy ravishda malakasini oshirish tizimini yaratish;

6.  Tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarni reablitatsiya markazlarida bo‘lish muddatini uzaytirish;

7.  Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun javobgarlik va reabilitatsiya tizimini yaxshilash, huquqiy asoslarini ishlab chiqish;

8.  Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ularning bolalari uchun reablitatsiya markazlarida to‘garaklar va o‘quv kurslari, mehnat yarmarkalarini tashkil etiladi.


[1] https://giwps.georgetown.edu/wp-content/uploads/2021/11/WPS-Index-2021.pdf

[2] Women‘s Charter 1961 https://sso.agc.gov.sg/act/wc1961?ProvIds=P17-#P17-

[3] VULNERABLE ADULTS ACT 2018 https://sso.agc.gov.sg/Act/VAA2018?WholeDoc=1

[4] CRIMINAL PROCEDURE CODE 2010 https://sso.agc.gov.sg/Act/CPC2010

[5] PENAL CODE 1871 https://sso.agc.gov.sg/act/pc1871

[6] https://www.pave.org.sg/legal-definitions-of-violence

[7] PROTECTION FROM HARASSMENT ACT 2014 https://sso.agc.gov.sg/Act/PHA2014

[8] https://www.straitstimes.com/lifestyle/crisis-shelters-a-safe-haven-for-battered-women-especially-during-the-covid-19-outbreak?close=true

[9] https://www.msf.gov.sg/media-room/Pages/Number-of-Women-and-Children-Seeking-Help-Family-Service-Centres-and-Family-Violence-Specialist-Centres.aspx

[10] A Singapore Made For Families 2025. Our National Plan For A Family-Friendly Society https://www.msf.gov.sg/Documents/MFF%202025%20Plan.pdf

[11] https://www.msf.gov.sg/about-MSF/our-people/Divisions-at-MSF/Social-Development-and-Support/Rehabilitation-and-Protection-Group/Adult-Protective-Service/Pages/default.aspx

[12] https://www.scwo.org.sg/what-we-do/services/star-shelter/

[13] www.casaraudha.org/

[14] https://sacs.org.sg/family-children-services/temporary-refuge-for-women-and-their-children.html

[15] https://www.goodshepherd-asiapacific.org.au/project/443

[16] https://www.pertapis.org.sg/

Chop etish