21-fevral - xalqaro ona tili kuni (International Mother Language Day)
Til bilgan el biladi.
Xalq naqli
Muayyan tilning takrorlanmas hayoti
va ichki tuzilishini tushunish
milliy ruhning o‘ziga xosligini
ko‘rish qobiliyatiga bog‘liq.
Vilgelm fon Gumboldt
Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on
oyinai hayoti tili va adabiyotidur.
Abdulla Avloniy

Har yili 21-fevral kuni butun dunyoda Xalqaro ona tili kuni (International Mother Language Day) nishonlanadi. Xalqaro ona tili kuni 1999-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasida qabul qilingan va til va madaniy xilma-xillik hamda ko‘p tillilikni rivojlantirish maqsadida 2000-yildan buyon butun dunyoda nishonlanib kelinmoqda.
Til insoniyat tamadduni uchun cheksiz ahamiyatga ega bo‘lgan eng buyuk ixtirolardan biri. Til – millatning ruhi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi.
Til – konseptual tarkibga ega murakkab belgilar tizimi.
Tilning bazaviy funksiyalari orasida kommunikatsiya (muloqot), kognitiv (tafakkur), kumulyativ (bilimlarni to‘plash va saqlash), nominativ (narsa va obyektlarni nomlash), emotiv-ekspressiv (emotsiyani namoyon qilish, munosabat bildirish) kabilarni keltirish zarur.
Tadqiqotchilar tomonidan tilning madaniy hodisa, ijtimoiy interaksiya hosilasi ekanligi taʼkidlanadi.[1]
Nazariy lingvistikaning asoschisi baron Vilgelm fon Gumboldt (Wilhelm von Humboldt) til va milliy ruhning yaxlitligini, milliy tafakkurning determinantligini eʼtirof etadi. Gumboldt tomonidan ilgari surilgan lingvistik konsepsiyada til o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi organizm sifatida taʼriflanadi.[2]
Dunyoda 7000ga yaqin til bor.[3] Ona tilida muloqot hajmiga ko‘ra xitoy, xind, ingliz, ispan, arab, portugal, rus tillarining miqyosi baland.
Til mavjudligining asosiy shartlaridan biri yozuvdir. Yozuv tilning fonetik, grammatik, sintaktik, semiotik tizimi, yozma belgilari (grafema, iyeroglif, piktogramma) to‘plami. Yozuv tilni tartibga solish, cheksiz hajmdagi maʼlumotlarni saqlash, ko‘paytirish va tarqatish vositasidir. Ilk yozuvlar eramizdan oldingi to‘rtinchi mingyillikda (Mesopotamiya, Shumerlar davlati, Elam) vujudga kelgan.[4]
Har bir til shu tilda so‘zlashuvchi millat, etnosning bebaho boyligi, iftixori, najoti. Til millatning maʼnaviyati, madaniyati, kognitiv tasavvurlari, milliy mentaliteti, o‘ziga xosligi, turmush tarzi, urf-odati, etnopsixologiyasi, feʼl-atvorini anglatadi. Folklor, hikmatli so‘zlar, maqollar, dostonlar, qo‘shiqlar, ilmiy va badiiy asarlar millatning ona tilida dunyoga keladi.
Har bir milliy til etnik mentalitetni, dunyoqarashni, bu tilda so‘zlovchi etnosning, insonlarning feʼl-atvorini ifodalaydi. Amerikalik sotsiolingvist, antropolog, “lingvistik nisbiylik” gipotezasi muallifi Eduard Sepir (Edward Sapir) mazkur muammoga munosabatini shunday talqin qilgan edi: “Har bir til jamoaviy ifoda sanʼatidir. U boshqa tillarda mavjud bo‘lgan unsurlarga to‘liq mos kelmaydigan bir qator estetik omillar fonetik, ritmik, ramziy, mifologik) to‘plamini o‘z ichiga oladi. Tilning fonetik tizimini va, birinchi navbatda, uning dinamik xususiyatlarini sinchkovlik bilan o‘rganing, shunda siz unda qanday sheʼriy vaznlar rivojlanganligini yoki agar tarix uning psixologiyasini masxara qilgan bo‘lsa, qanday sheʼriy vaznlar bo‘lishi yoki ertami-kechmi ishlab chiqilishini ayta olasiz”.[5]
Globallashuv, axborot jamiyati, texnogen taraqqiyot tillarning mavjudligiga ham jiddiy tahdid solmoqda.
Forsayt-tahlillarga ko‘ra, sayyoramizda mavjud tillarning 90 %i yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Ularga nisbatan fanda yendangered languages (yo‘qolib ketayotgan tillar) degan maxsus atama qabul qilingan.
Tilning yo‘qolishi umuminsoniy tamaddun uchun mislsiz katta yo‘qotishdir. Zero har bir til ushbu tilda so‘zlashuvchi millat, elat, etnosning madaniy merosining yaxlit bo‘lagidir.
Dunyoda mavjud tillarning 96% da atigi 3% dunyo aholisi muloqot qiladi. Papuas guruhiga mansub iteri tilida 400ga yaqin so‘zlashuvchi qolgan. 360 tilda 50 nafardan kam so‘zlashuvchi qolgan. Masalan, g‘arbiy chad tili zangval (zangwal) da 40 ga yaqin so‘zlashuvchi qolgan.
Avstraliya aborigenlarining tili bo‘lmish tivalida oxirgi so‘zlashuvchi Djek Batler qolgan. Fanni Kokreyn Smit Tasmaniyaning so‘nggi aborigenlaridan biri.
Grizelda Kristin liv tilini to‘liq o‘zlashtirgan yagona vakili edi. Uning vafotidan so‘ng yer yuzida liv tilida to‘laqonli so‘zlasha oladigan inson qolmadi.[6]
Iteri, karaim, ayn, karux, kexi, eyak, aleut, atna, seri, siua, tmessa, tuat, tyapukay, uichita, xayda, uru, mansi, ngvaba, yuchi, ongota, nixali, gorora, virangu, ritx, orok,[7] puma tillarida so‘nggi so‘zlashuvchilar qolgan.
YUNESKO tomonidan yaratilgan yo‘qolib borayotgan tillarning Qizil kitobi (Red Book of Endangered Languages)[8] jahon hamjamiyati eʼtiborini umumbashariy tamaddun, tillar, madaniy hilma-hillikni saqlab qolishga qaratilgan.
Dunyo tillari orasida areali (tarqalish hududi) juda keng bo‘lgan turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining o‘z o‘rni va maqomi bor.
O‘zbek tili O‘zbekiston hududidan tashqari Tojikiston, Qirg‘izston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya, Turkiyada keng tarqalgan. O‘zbek tili leksik-grammatik jihatdan uyg‘ur tili hamda chig‘atoy guruhiga yaqin turadi. O‘zbek tilining leksik-grammatik qatlamiga arab va fors tilining kuchli taʼsiri mavjud. Tilning genezisida qarluq, qipchoq, o‘g‘uz dialektlari ishtirok etgan.
Turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirish yo‘lida Yusuf Hos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Shayxzoda Atoyi, mavlono Lutfiy, Sakkokiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Mahmud Qoshg‘ariy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Munis Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Zaxiriddin Bobur, Xofiz Xorazmiy, Xusayn Voiz Koshifiy, Avaz O‘tar, Furqat, Muqimiy kabi mutafakkirlar beqiyos hissa qo‘shdilar.
Bu yo‘lda qutlug‘ harakat buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodida olamshumul g‘alaba bilan yakunlandi. Ulug‘ alloma o‘zining “Hamsa”, “Muhokamat-ul lug‘atayn” kabi shoh asarlarida turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasidagi tutgan o‘rni va olamshumul vazifasi haqidagi taʼlimotni yarata turib, turkiy tilimizning butun Turonzaminga sochilib ketgan so‘z, lahjalari boyliklarini to‘plash, avaylab-asrash, takomilga yetkazish, uni yuksak adabiyot, sanʼat, ilm-fan va siyosat darajasiga ko‘tarish borasida sayʼ-harakatlar qilish zarurligini uqtirgan holda, o‘zi bunga butun ijodi davomida to‘la rioya qilgan.
Shoir “turkiy va sort lug‘ati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam qilib bitdim”, deya o‘zining bu muammoni hal qilishdagi tarixiy vazifani yuksak bajarganidan faxrlanib, shunday yozgan edi:
Turk nazmida chu tortib men aʼlam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Davlat tili - siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda maʼlum bir davlatda integratsiya (birlashtiruvchi) vazifasini amalga oshiradigan, shuningdek ushbu davlatning ramzi sanaladigan tildir (YUNESKO).
“Davlat tili” tushunchasi davlatning tarixiy taraqqiyotini anglatib, mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millatlarning yakdil davlat va davlatlararo muloqot vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat tili jamiyat hayotining barcha sohalarida qo‘llanishi shart, deb eʼlon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan. Ushbu Qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekanligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlanishi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi hamda fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar. O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat tillariga hurmat ko‘rsatiladi va ularning rivoji uchun sharoitlar yaratadi.
Taʼkidlash lozimki, sayyoramizdagi 7000 ga yaqin tilning har bir til ham davlat tili maqomiga ega emas, 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan.
Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Tillarni saqlab qolish xalqning maʼnaviyati, madaniyati, milliy tafakkuri, urf-odati, tarixining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq.
Til mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi.
Mazkur kontekstda tilimizning nufuzi va mavqeini yuksaltirish, fuqarolarda davlat tiliga nisbatan ijtimoiy faollik, masʼuliyat hissini kuchaytirish muhimdir.
Shuningdek, tilning kelgusi ravnaqiga oid konseptual va pragmatik muammolarning yechimiga qaratilgan fundamental, amaliy tadqiqotlar dolzarb ahamiyatga ega:
- til genezisi, taksonlar;
- dialektologiya;
- tarixiy tilshunoslik;
- komparativistika;
- tarjimashunoslik;
- diaxronik-deskriptiv tahlillar;
- lingvistik lokal kartalar, atlaslar;
- tezaurus, glossariy, lug‘atlar yaratish;
- leksik qatlamdagi neologizmlar, internatsional leksika;
- idiolektlar, idiomalar, pidjinlar, substratlar muammosi;
- tillar konvergensiyasi;
- globallashuv kontekstida madaniyatlararo muloqot kompetensiyalari;
- kiberlingvistika;
- rahbarning nutq madaniyati;
- shaxslararo munosabatlarda muomala etikasi;
- shaxs ijtimoiylashuvida nutq ko‘nikmalarining o‘rni.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy, maʼnaviy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir. Shuning uchun uni avaylab-asrash uchun hammamiz masʼulmiz.
[1] Ulbaek, Ib. The Origin of Language and Cognition // Approaches to the Evolution of Language: Social and Cognitive Bases / Ed. by J. R. Hurford, M. Studdert-Kennedy, C. Knight. — Cambridge: Cambridge University Press, 1998. — 456 p. — ISBN 0-521-63964-6.
[2] Vilgelm fon Gumboldt. Izbranniye trudi po yazikoznaniyu. M.: Progress, 2000. - 400 s.
[3] Burlak S. A., Starostin S. A. Sravnitelno-istoricheskoye yazikoznaniye. — M.: Izdat. sentr "Akademiya", 2005. — 432 s. — ISBN 5-7695-1445-0.
[4] Rudik, Nadejda. Mir v ravnovesii: drevneyshiye shumerskiye zaklinaniya // Troiskiy variant : jurn.. — 2019. — № 1(270) (15-yanvarya). — S. 10–11, 13.
[5] Sepir E. Izbranniye trudi po yazikoznaniyu i kulturologii / E. Sepir. Per. s angl. - M.: Izd. Gruppa "Progress", 2001. — 656 s.
[6]https://ru.wikipedia.org/wiki
[7]https://ru.wikipedia.org/wiki/Kategoriya:Vimirayuschiye_yaziki.
[8]Mozli, Kristofer, izd. 2010, Atlas yazikov mira pod ugrozoy ischeznoveniya, Parij, Izdatelstvo Yunesko. Elektronnaya versiya: http://www.unesco.org/languages-atlas/en/atlasmap.html
Рус
Eng



