“Konfliktlar va ularning yechimlari” mavzusidagi seminar-trening

08:47 - 11 Iyun Yangiliklar
1473

2021-yil 29-may kuni Toshkent shahri  Yakkasaroy tumanida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun “Konfliktlar va ularning yechimlari” mavzusida kasbiy malaka, bilim va kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi.  

ness image

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va oila psixologiyasi” bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori Gulxumor Tuychiyeva konflikt va uning kelib chiqish sabablari, emotsiyalarni boshqarish, oilaviy nizolar, ularning kelib chiqish sabablari va turlari, oilaviy nizolarni hal etishda mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda oiladagi kattalarning, oilaviy nizolarni hal etishda mahalla va oila hamkorligining o‘rni kabi mavzular xaqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, islom aqidalari asosida nikoh, mahr, nikohda ayol kishining roziligi ahamiyati, ayolning ajrim huquqi, taloq, migratsiya hamda nikoh muammolari, poligamiya, ayol huquqi va erki, er va xotin majburiyatlari, oilada erning mavqei, ayol kishini “urib” bo‘ladimi, bolalar tarbiyasi kabi qator muammolarga islom aqidasi va demokratik davlat tamoyillari asosida javoblar berildi.

Ishtirokchilar treningda faol ishtirok etdilar. Kun turtibiga qo‘yilgan masalalar dolzarbligi, ayniqsa oilaviy nizolar oldini olish bo‘yicha kutilmagan yechimlar borligi, oiladagi ko‘pchilik muammolarni yechimga olib kelish imkoniyati mavjudligi ular faoliyatida amaliy yordam berishi qayd etildi. “Konfliktlar yechimi” bo‘yicha namoyon etilgan metodikaning haqiqatan bizning milliy mentalitetga moslab qayta ishlab berilganligi, oilaviy ajrimlar va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda zarurligi taʼkidlandi

O‘quv kurslarini olib borishda ishtirokchilar bir qator metodik ishlanmalar bilan, xususan: “Ziddiyatlarsiz hayot” o‘quv qo‘llanmasi (204 b.), “Nizo va ziddiyatlar borasidagi Sharq allomalarining qarashlari” (30 b.), xotin-qizlar va erkaklar oilaviy psixologiyasining o‘ziga xos tomonlari yoritilgan AQSH lik dunyoga tanilgan ekspert Jon Greyning “Mujchini s marsa, jenschini s veneri” kitobi, tarqatma va video materiallar, 57 rukndan iborat mualliflik slaydlari bilan qurollantirildi. Mazkur metodik taʼminot ishtirokchilarning mustaqil tarzda o‘z faoliyatida “Konfliktlar yechimi” bo‘yicha mustaqil tarzda trenerlar bo‘lib ish faoliyatlarini tashkil qilishda foydali bo‘lishi aytildi. Har bir ishtirokchi mustaqil tarzda o‘z mahallasida yosh kelinlar, qaynonalar uchun mana shunday seminar-trening o‘tkazishi zarurligi qayd etildi.

Ishtirokchilar tomonidan kuyidagi takliflar berildi:

1.    “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish uchun mediatsiya va konfliktologiya, psixologiya bo‘yicha master-klasslarni tashkil etish;

2.    Xodimlarning kasbiy ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borish maqsadida turli yo‘nalish va mavzularda master-klasslar, treninglar tashkil qilish.

3.    Mutaxassislarni sohaga oid ilmiy adabiyotlar, qo‘llanmalar bilan taʼminlash.

4.    “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot huzurida mahalla raislari, o‘rinbosarlari va mutaxassislari uchun konsultativ markaz tashkil etish.

 

Chop etish