Qonunchilik tizimida islohotlar amalga oshirilmoqda

04:57 - 13 Aprel Yangiliklar
121

Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil saʼy-harakatlar alohida eʼtiborga loyiq.

ness image


Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Prezident tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targanini taʼkidlash lozim. 

Ushbu Qonunga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish), 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), 141-3-modda (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) bilan to‘ldirildi.

2024-yilning 1-choragida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 343 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1 999 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Chop etish