Aliment qarzdorligi ko‘p bo‘lgan hududlarda o‘tkazilgan so‘rov natijalari tahlili

09:53 - 29 Aprel Yangiliklar
76

Tadqiqot metodologiyasi. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan 13–22-aprel kunlari mamlakatimizning Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida aliment qarzdorligi holati va uning sabablarini o‘rganish maqsadida 588 nafar aliment oluvchi xotin-qiz ishtirokida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazildi.

So‘rovlar davomida faqat aliment oluvchi xotin-qizlar maqsadli ravishda tanlangani sababli hududlar bo‘yicha ularning sonini bir xil taqsimlashning imkoni bo‘lmadi. Tadqiqotda Andijon viloyatidan 109 nafar (18,5 %), Farg‘ona viloyatidan 132 nafar (22,4 %), Samarqand viloyatidan 69 nafar (11,7 %), Surxondaryo viloyatidan 70 ta (11,9 %), Buxoro viloyatidan 34 nafar (5,8 %) va Toshkent shahridan 174 nafar (29,5 %) respondent ishtirok etdi (1-rasm).

ness image

Shuningdek, xotin-qizlarning oilaviy holati respondentlar orasida nafaqat oilaviy ajralishdan so‘ng (327 nafar – 55,6 %), balki boshqa turdagi alimentlarni oluvchi respondentlar ham borligini ko‘rsatdi. Xususan, respondentlarning 70,5 foizini (425 nafar) sobiq turmush o‘rtog‘idan farzandlari uchun, 8,2 foizini (48 nafar) turmush o‘rtog‘idan o‘zi uchun, 1,5 foizini (9 nafar) farzandlaridan o‘zi uchun, 1,3 foizini (8 nafar) ota-onasidan o‘zi uchun, 3 foizini (18 nafar) boshqa qarindoshlaridan o‘zi uchun aliment oluvchi xotin-qizlar tashkil etdi (2-rasm).

Tahlil davomida aliment qarzdorligi masalasi aholining turli ijtimoiy-demografik xususiyatlari, xususan, ma‘lumoti, farzandlar soni, iqtisodiy holati va bandligi darajasi kabi bir qator ko‘rsatkichlar asosida qiyosiy ko‘rib chiqildi.

 ASOSIY NATIJALAR

Aliment puli uni oluvchi respondentlar uchun qay darajada muhimligini bilish maqsadida berilgan savollar tahlili aksariyat holatlarda onalar uchun mazkur mablag‘ – farzandlarini moddiy ta‘minlashning asosiy manbasi (50,7 foiz) ekani hamda farzandlar ta‘minoti uchun qilingan to‘lov (33,2 foiz) sifatida muhim ahamiyatga egaligi aniqlandi. Shu bilan birga, 8,2 foiz holatda sud tomonidan belgilangan majburiyat, 5,3 foiz holatda esa erini moddiy jihatdan jazolashning bir usuli hisoblanishi oydinlashdi. Oilalarning moddiy holatiga ko‘ra, guruh ichidagi tahlil davomida sezilarli farqlar kuzatilmadi. Onalarning o‘z iqtisodiy holatini baholashidan qat‘iy nazar har ikkinchi holatda aliment puli farzandlarni ta‘minlashning asosiy manbasi ekani e‘tirof etildi (3-rasm).

Shu bilan birga, iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘lmagan oilalar uchun aliment to‘lovlari ayniqsa hayotiy muhim ahamiyatga egaligi aniqlandi. Guruh ichidagi tahlil o‘z daromadlarini oziq-ovqatga ham yetkazish qiyin, deya baholagan respondentlarning 63,6 foizi, faqat oziq-ovqat sotib olish darajasida daromadga ega bo‘lganlarning 47 foizi hamda oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar qila oladiganlarning 37,2 foizi o‘z vaqtida aliment to‘lovlarini olmasliklari ochiqlandi.

Tomonlar o‘rtasida munosabatlarning yaxshi yoki yomonligi otalarning o‘z farzandlariga bo‘lgan munosabati hamda ulardan xabar olishida namoyon bo‘lishi yoqqol ko‘rindi.

Ota-onalarning o‘zaro munosabatlari juda yaxshi bo‘lgan holatlarda otalarning deyarli barchasi (92,4 foiz) farzandlari bilan ham ijobiy munosabatlarga ega. Salbiy munosabatlar esa farzandlar va otalar munosabatlariga ham salbiy ta‘sir ko‘rsatib, turmush o‘rtog‘i bilan juda yomon munosabatga ega bo‘lganlarining 62,9 foizi otalar va bolalar munosabatlarini juda yomon, 30 foizi ko‘p holatda yomon deya baholashgan.

Otalarning turmush o‘rtog‘i (ko‘p holatda sobiq) farzandlari bilan munosabatlarining yomonligi ularning o‘z farzandlaridan xabar olib turishiga ta‘sir ko‘rsatdi. Ijobiy munosabatlarga ega bo‘lgan otalarning har ikkinschisi (52,2 foiz) har hafta, har beshinchisi (19,9 foizi) har oy, 7,5 foizi esa bir oyda 2–3-marta farzandlari bilan ko‘rishishi aniqlandi. Juda yomon munosabatlarga ega bo‘lgan erkaklarning 92,5 foizi farzandlaridan umuman xabar olmaydi.

Tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarning holati aliment to‘lash jarayonida ham o‘z ifodasini topishi natijalarda namoyon bo‘ldi. Munosabatlarini juda yaxshi, deb belgilaganlarning aksariyati (75 foizdan yuqori) aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda to‘lashi aniqlandi. Xususan, ularning 55,1 foizi alimentlar to‘lovini har oyning belgilangan muddati va miqdorida, 25,4 foizi belgilangan miqdorda, ammo ba‘zida kechikib to‘lashi aniqlandi. Salbiy munosabatlarga ega bo‘lgan aliment to‘lovchilarning salmoqli qismi (66,2 foiz) vaqtidan kechikib, kam holatda esa belgilangan miqdordan kam to‘lashlari nisbatan ko‘proq kuzatildi. Bu holat alimentlar to‘lovi masalasida munosabatlarning salbiylik ko‘rsatkichidan tashqari boshqa omillar ham ta‘sir ko‘rsatishidan dalolat beradi.

Aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda to‘lamaslik holatlarining asosiy sabablari o‘rganilganida respondentlarning shaxsiy munosabatlari va xususiyatlari bilan birgalikda moddiy yetishmovchilik hamda ishsizlik holatlari muhim omillar ekani namoyon bo‘ldi. Shunga ko‘ra, aksariyat respondent mas‘uliyatdan qochish (mos ravishda 45,5 va 44,4 foiz), moddiy yetishmovchilik (20,7 va 20,6 foiz), ishsizlikka tushib qolish (9,5 va 10,2 foiz), shuningdek, munosabatlarning yomonlashuvi (7,3 va 8,7 foiz), qarindoshlar aralashuvi (11,9 va12,4 foiz) kabi sabablarni ko‘rsatdi.

Aliment qarzdorligi yuqori bo‘lgan hududlarda olib borilgan ekspress so‘rov natijalari tahlili tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarning salbiyligi (mas‘uliyatdan qochish), iqtisodiy omil (ishsizlik) va aliment to‘lamaganlik uchun tegishli idoralarga murojaat qilish holatlari ko‘pligi asosiy omil ekanini ko‘rsatdi. Ammo mazkur omillar statistik ko‘rsatkichlar tahlili, joylardagi o‘rganish va boshqa hududlardagi holatlarni qiyosiy tahlil qilish orqali qo‘shimcha asoslanishni talab qiladi.

 

Strategik tahlil va prognozlashtirish bo‘limi


Chop etish