Mahalla - tarixiy-ijtimoiy tuzilma hamda fuqarolik jamiyatining muhim elementi

11:06 - 13 Yanvar Yangiliklar
2447
ness image

Ona yurting omon bo‘lsa,

Rangi ro‘ying somon bo‘lmas.

Xalq maqoli


Mahalla - Sharq tamadduni, xususan, Markaziy Osiyo xalqlari turmush tarzi, tafakkuri va qadriyatlariga xos bo‘lgan jamiyat hayotini tashkil etadigan anʼanaviy ijtimoiy institut. 

“Mahalla” so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda “turar joy”, “lager”, “qo‘nalg‘a” degan maʼnolarni anglatadi.

Arab dunyosining barcha mamlakatlari, Turkiya, Ozarbayjon, Eron davlatlarida shaharlarning maʼmuriy birliklari “mahalla”, “guzar” deb ataladi. Shuningdek, ushbu atama Afg‘oniston, Pokiston, Bangladeshda, Hindistonning baʼzi shtatlarida, Xitoyda Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi uyg‘urlar va turkiy xalqlar tomonidan qo‘llaniladi.

Mahalla musulmon Sharqida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni amalga oshiruvchi tuzilma sifatida chuqur tarixiy ildizlarga ega.

Qadimda mahalla nafaqat ijtimoiy, balki maʼmuriy-hududiy tuzilma tarzida ham eʼtirof etilgan.

Ulug‘ mutafakkir Nosir Xisrav “Safarnoma” asarida “Qohira shahri 10 ta mahalladan iborat”, deya taʼkidlaydi.

Buxoro vohasining Narshax qishlog‘ida tavallud topgan tarixchi olim Abu Bakr Narshaxiy  arab tilida yozgan va Somoniylar davlati hukmdori Abu Muhammad ibn Ismoil Somoniyga bag‘ishlagan "Tarixi Buxoro" nomli nodir asarida bundan qariyb 1000-yil ilgari mahalla xalqning boshqaruv uslubi ekanligini qayd etgan.

Asarda Buxoro shahrining qad ko‘tarishi, Poykand, Afshona, Varaxsha, Romiton, Vardona kabi qadimiy qishloqlarning barpo bo‘lishi, Markaziy Osiyoda islom dinining tarqalishi, Somoniylar davridagi davlat idorasi, shaharning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotiga doir muhim tarixiy maʼlumotlar keltirilgan.

Xususan, Buxoroda yuksak tarzda rivojlangan hunarmandchilik haqida so‘z yuritilib, har bir qishloq o‘z mahsuloti bilan shuhrat topgani, masalan, Zandana qishlog‘ida to‘qiladigan ipak matolar “zandaniy matolar” nomi bilan butun Sharqqa mashhur bo‘lgani, mahsulotlar Fors, Hindiston, Iroq, Shom, Misr kabi o‘lkalarga olib borilgani, savdo munosabatlari keng yoyilganligi sababli Buxoro shahriga “Madinatut-tujjor” (Savdogarlar shahri) deb nom berilgani taʼkidlanadi [1].


Alisher Navoiyning "Hayrat ul-abror" (Yaxshi insonlarning hayrati) asarida quyidagi bayt mavjud:

Shaharlar otini mahalot etib,

Bo‘ldi chu yuz shahar Hiri ot etib.


Ushbu satrlarda mahalla "shahar ichidagi shaharcha" deya eʼtirof etiladi.

Darhaqiqat, o‘rta asrlarda Hiri (Hirot) yuzta kichik "shaharcha" - mahallalardan tashkil topgan.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-turk" (Turk tillari devoni) asarida savdo va hunarmandchilik kvartallarini bildiruvchi arabcha ibora sifatida “mahalla” so‘zi qo‘llanilgan.

Qadimgi davrlarda, odamlar kasb-koriga ko‘ra shaharlarga joylashgan, bu ko‘plab mahallalarning nomlari bilan tasdiqlanadi.

Masalan, Toshkent, Buxoro, Kesh, Samarqand, Nasaf shaharlarida kulollar, temirchilar, chilangarlar, savdogarlar, to‘quvchilar, zargarlar, qurolsozlar, sovunchilar, poyabzalchilar, maxsido‘zlar mahallalari mavjud bo‘lgan.

Ushbu muassasaning asosiy ahamiyati qo‘shni jamoalar doirasida aholining uy-ro‘zg‘or ishlarini ijtimoiy-hududiy tashkil etishida edi.

Ulug‘ mutafakkir Abu Nasr Forobiy “Fozil shahar aholisi haqidagi mulohazalar” asarida odamlar sonining ko‘payishi sababli inson jamoalariga bo‘lgan ehtiyoj g‘oyasini ochib beradi:

Har bir inson tabiiy ravishda shu tarzda joylashtirilgan, yashash va obodonlashtirishga intilish uchun unga ko‘p narsalar kerak, ammo u yolg‘iz o‘zi ularni o‘zlashtira olmaydi, bunga erishish uchun insoniyat hamjamiyatiga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Jamiyat aʼzolarining birgalikdagi faoliyati ularga o‘sha narsalarga erishish va o‘zlashtirish imkoniyatini beradi”.

Qomusiy olim Abu Ali ibn Sino “Uy-ro‘zg‘or to‘g‘risida” nomli risolasida “Insonlar bir-birlarining ehtiyojlarini qondirish uchun ularga umumiy intilish va maqsadlar kerak”, deya taʼkidlaydi.

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida maʼmuriy-hududiy boshqaruvning eng quyi qismini anglatuvchi tushuncha sifatida taʼrifida “mahalla” atamasidan foydalanadi.

Movarounnahrning Samarqand, Kesh (Shahrisabz) kabi shaharlari tasvirlashda u shunday yozadi: “Qalʼa atrofi mahallalar tomonidan to‘liq qurshovga olingan”, “O‘sh mahallalari orqali o‘tib, Andijonga kirib boradi”.

Mahalla — xalqimizning turmush tarzi, ruhiy-maʼnaviy ehtiyoji, mafkurasi, tafakkuri, insonlarning o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari, oilaviy munosabatlarni shakllantiruvchi maʼnaviy-maʼrifiy maskan, kengash, maslahat, xashar kabi milliy udumlar, xalq sayillari, bayramlar uyushtiriladigan, qo‘ni-qo‘shnichilik, quda-andachilik kabi masalalar hal etiladigan serqirra ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.

Xalqimiz dunyoqarashi, feʼl-atvori, milliy mentaliteti haqida gap ketganda, shaxsning ijtimoiylashuvida jamoatchilikning o‘rni alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlash zarur. “Sharqlik inson o‘z hayotini jamoatchilikning tajribasi, ahloqiy meʼyorlari va moddiy ko‘magisiz tasavvur etmaydi”[2].

Mahallalar maʼlum bir kichik hududda yashovchi odamlar uyushmasi sifatida mavjud bo‘lib, ularda insonlar nafaqat yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, balki asrlar davomida shakllangan xulq-atvor qoidalari, maʼnaviy-axloqiy meʼyorlar, urf-odatlar va anʼanalar bilan bog‘langan.

Toshkent shahri ham qadimdan mahallalarga bo‘lingan.

Misol sifatida, Shayxontohur dahasining aksariyat aholisi to‘qimachilik, kosibchilik bilan shug‘ullangan Govkush, Xo‘ja Ro‘shnoyi, Balandmasjid, Degrez, Beshyog‘och dahasidagi hunarmandchilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik, baqqollik bilan shug‘ullangan Yalangqar, Murod, Zevak, Qoratosh, Shayxontohur dahasidagi Qoshg‘ar, Turk, Ila, Tojik mahallalarini keltirish mumkin. [3].

Demokratik davlatda mahalla fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida katta ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda mahalla instituti mohiyati va ahamiyatini ilmiy tadqiq qilgan Xanyang universiteti (Janubiy Koreya) qoshidagi Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari instituti professori Kan Bong Ku “Mahalla ishida eng muhimi bu davlat idoralari bilan yaqin hamkorlik va sheriklikdir. Mahalla qonun hujjatlari yurisdiksiyasiga kirmaydigan ko‘pgina masalalarni insonparvarlik, qo‘shnichilik tamoyillari asosida hal qiladi. Anʼanaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va avloddan avlodga yetkazish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish mahallaning eng muhim vazifalaridan biridir”.

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 10 mingga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolarga davlat boshqaruvida ishtirok etish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, yosh avlodni jismonan va maʼnan yetuk qilib tarbiyalash, tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, mahallaning obodligi va xavfsizligini taʼminlash, mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalar totuvligini taʼminlash kabi keng qamrovli masalalarni hal etishda ko‘maklashmoqda.

Mahalla institutining o‘ziga xosligi asosida fuqarolik jamiyatining shaffoflik, jamoatchilik nazorati mexanizmini joriy etish, demokratiyani mustahkamlash, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, fuqarolarning siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillarini samarali rivojlantirish mumkin.

Shu o‘rinda xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi tarixiy va zamonaviy tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlash lozim.


Foydalanilgan adabiyotlar:


1.    Abu Bakr Muhammad Narshaxiy. Buxoro tarixi. 1993-y.  

2.    Z.Orifxanova. Toshkent mahallalari. Toshkent. 2005-y.

3.    "Toshkent" ensiklopediyasi. 2009-y.



MOHIRA XOLIQOVA,

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti

katta ilmiy xodimi

falsafa doktori, dotsent



Chop etish