Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi o‘limining gender jihatlari

12:53 - 24 Mart Yangiliklar
252

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sezilarli darajada demografik o‘sish kuzatilmoqda. O‘sishning asosiy sababi tug‘ilish darajasi bilan bog‘liq. Hozirda O‘zbekistonda o‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan ko‘proq tug‘ilish tendensiyasi qayd etilmoqda.

Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda o‘g‘il bolalar tug‘ilishi va qiz bolalar tug‘ilishi soni o‘rtasidagi tafovut ortib bormoqda (1-rasm).

ness image

 

1-rasm. Tug‘ilganlar soni (kishi)

 

Tahlillarga tayangan holda shuni taʼkidlash mumkinki, o‘g‘il bolalar tug‘ilish soni ko‘payishining asosiy sabablaridan biri xalqimiz ongida asrlar davomida shakllangan erkaklar kuchli jins vakili ekanligi, o‘g‘il farzand nasl davomchisi sifatida ko‘rilishi, qiz farzand tug‘ilgan oilalarga esa yaqin qarindoshlari tomonidan “chaqaloqqa o‘g‘il ukalar nasib qilsin” deb tilak bildirilishi kabi omillar turtki bo‘lmoqda.

Ko‘plab davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi erkaklarnikiga qaraganda ko‘proq. Bu ayol organizmining chidamliroqligi, erkaklarning esa xulq-atvori va boshqa genetik faktorlar bilan bog‘liq ekanligi bilan izohlanadi.

2021-yil holatiga ko‘ra, respublikamizda erkaklarning umr davomiyligi o‘rtacha 71,7 yosh bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich 75,8 yoshni tashkil qiladi (2-rasm).

   

2-rasm. 2021-yilda tug‘ilishda kutilayotgan umr davomiyligi

ko‘rsatkichi (yosh)

 

Shuni alohida taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda erkaklarning erta o‘lim holati ayollarnikiga nisbatan ko‘payib bormoqda (3-rasm).

3-rasm. O‘lganlar soni (kishi)

 

Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, erkaklar orasida o‘lim holatining ko‘pligi sababli o‘rtacha qirq yoshdan keyin mamlakatda ayollar soni erkaklarnikiga nisbatan ortib boradi (4-rasm).

4-rasm. Jinslar o‘rtasidagi nisbat

 

O‘zbekistonda erkaklar erta o‘lim holatlarining turli sabablari mavjud bo‘lib, ular orasida qon aylanish tizimi kasalliklari birinchi o‘rinda turadi (5-rasm). Ushbu kasalliklar natijasida yuz beradigan o‘lim holatlarining uchdan ikki qismi yurak ishemik kasalligi hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

5-rasm. 2021-yilda vafot etgan erkaklarning o‘lim sabablariga

ko‘ra taqsimlanishi (foizda)

 

Respublikamizda o‘limga olib keluvchi sabablardan yana biri turli jarohatlar (travmalar) olish bo‘lib, uning natijasida vafot etganlar orasida ham erkaklar ko‘proq uchrashi aniqlangan. Turli jarohatlar oqibatida erkaklar ayollarga nisbatan 3 barobar ko‘p vafot etganini raqamlar isbotlagan.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, bugungi kunda gender tengligini taʼminlash hamda ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan bir qatorda, erkaklar salomatligiga eʼtibor qaratish, ularning erta o‘limining oldini olish choralarini ko‘rish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shuni taʼkidlash joizki, erkaklar erta o‘limining ko‘payishi mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy hamda maʼnaviy sohalaridagi xavfsizligiga jiddiy tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan, jamiyatda noto‘liq oilalarning ko‘payishi evaziga ular boquvchisidan ajralib, kambag‘allik holatiga tushib qolishi, uysiz oilalarning ko‘payishi sababli uy-joyga bo‘lgan talabning ortishi, erta o‘lim natijasida ayrim sohalarda kadrlar taqchilligi muammosi vujudga kelishi (maʼlumot uchun: vafot etganlar sonining o‘rtacha yillik 28 foizi mehnatga layoqatli shaxslar hisoblanadi), oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning buzilishi kabi bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Xalqaro tajribaga muvofiq, erkaklarning erta o‘lim holatlarini kamaytirish imkoniyati mavjud va buning uchun zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, MDH davlatlarida erkaklar va ayollarning erta o‘limi orasidagi tafovut Yevropa Ittifoqi davlatlariga nisbatan ancha yuqori hisoblanadi (6-rasm). Tashkilot bu holatni mamlakatlar o‘rtasidagi aholining ijtimoiy-iqtisodiy holati, ilm-fan, texnika va tibbiyotning rivojlanish darajasi turlicha ekanligi bilan izohlaydi.

Shuningdek, rivojlangan Yevropa mamlakatlari va AQSH kabi davlatlarda erkaklar salomatligini taʼminlash, ularda uchraydigan hamda erta o‘limga olib keluvchi kasalliklar profilaktikasi bilan shug‘ullanuvchi alohida mutaxassislar mavjud. Ularning taʼkidlashicha, postsovet mamlakatlarining aksariyatida erkaklar kasalligi deganda, ularda uchraydigan erektil disfunksiya va prostata bezi bilan bog‘liq kasalliklar tushuniladi, ularning qon aylanish tizimi va ruhiy holati hisobga olinmaydi.

 

6-rasm. Erkaklar va ayollarning erta o‘limi orasidagi tafovut

 

Erkaklar erta o‘limiga taʼsir etuvchi omillardan biri bu ularning oilasidagi muhit hamda ayol maqomi hisoblanadi. Yaʼni o‘zaro totuv, munosabati yaxshi bo‘lgan oila boshliqlari, yaʼni erkaklari tengdoshlariga nisbatan ko‘proq umr ko‘radi. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, oila qurmagan va yolg‘iz yashayotgan erkaklar o‘z oilasi bilan yashovchi tengqurlariga qaraganda uch barobar ko‘proq umr ko‘radilar.

Ammo masalaning ikkinchi tarafi ham mavjud bo‘lib, bu oila qurgan erkaklarning o‘z ayoli bilan munosabati hisoblanadi.

The Times of Israil nashrining maʼlum qilishicha, Tel-Aviv universiteti psixologlari oilaviy hayotdan norozilikni turmush qurgan erkaklar erta vafot etishining sabablaridan biri ekanligini taʼkidladilar.

Tadqiqotchilar tomonidan 10 000 erkak ishtirokida 32 yil davomida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, nikohdan norozilik sabab chekish va jismoniy harakatsizlik kabilarni erkaklar erta o‘limiga taʼsir o‘tkazuvchi omillar bilan tenglashtirish mumkin.

Tadqiqot davomida nikohdan norozi bo‘lgan erkaklar ayoli bilan o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lgan tengdoshlariga nisbatan 19 foiz holatda ertaroq vafot etgan.

Buning asosiy sababi – erkak ayoli bilan doimiy ravishda kelisha olmasligi, o‘zaro janjallar hamda ayolning o‘z eri ustidan qiladigan doimiy shikoyati erkakning g‘azablanishiga va doimiy stressga olib keladi.

Xususan, britaniyalik olimlarning taʼkidlashicha, salbiy his-tuyg‘ular insonning umr ko‘rish davomiyligiga bevostia taʼsir qiladi. G‘azab va doimiy stress inson sog‘ligi uchun eng xavfli his-tuyg‘ular sifatida tan olingan. Chunki surunkali stress tananing kasalliklarga chidamliligini sezilarli darajada kamaytiradi.

Xalqaro tajribadan va mamlakatimizdagi mavjud vaziyatdan kelib chiqib, erkaklarning erta o‘limini kamaytirish uchun quyidagi choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi:

Birinchidan, erkaklar o‘limiga sabab bo‘luvchi yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqishining oldini olish uchun, avvalo, jahon tajribasiga muvofiq tibbiyotning ushbu sohasiga keng eʼtibor qaratish va malakali kadrlar, xususan, ayol shifokorlar sonini ko‘paytirish masalasini ijobiy hal etish choralarini ko‘rish lozim.

Maʼlumot uchun: AQSHlik psixologlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zini kuchli deb biladigan aksariyat erkaklar o‘z jinsi vakili bo‘lgan shifokorlarga o‘zlarining zaif tomonini ko‘rsatishni istamasligi aniqlangan.

Shuningdek, erkaklarning kundalik isteʼmolidagi mahsulotlarning xolesteringa boy bo‘lishi (asosan, uy hayvonlaridan olingan yog‘lar) hamda tuz mahsulotlarining ko‘p isteʼmol qilinishi insonlarda yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan hisoblanadi. Erkaklar tomonidan ushbu mahsulotlarning isteʼmol qilinishini kamaytirish orqali ularning yuqorida keltirilgan kasalliklarga chalinishini kamaytirish mumkin.

Bu borada Avstraliya tajribasini qo‘llash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Avstraliyalik olimlar erkaklarga haftada bir yoki ikki marta baliq mahsulotlarini isteʼmol qilishni tavsiya etadilar. Tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, haftasiga 100 gr baliq mahsuloti, masalan, qizil ikra isteʼmol qilish yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim xavfini 34 foizga kamaytiradi.

Shu bilan birga, Finlyandiya tajribasini qo‘llagan holda, hududlarda saunalar sonini ko‘paytirish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq. Sharqiy Finlyandiya universiteti olimlari 21 yil davomida o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, haftasiga bir yoki ikki marta saunaga borgan erkaklarning yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘limi soni 2 barobarga kamayadi. Shu sababli rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu mamlakatda 3 milliondan ortiq saunalar mavjud. Hozirgi kunda Finlyandiya aholisi sonini, taxminan, 6 millionga yaqin deb olsak, ushbu mamlakatda har bir oilaga bittadan sauna to‘g‘ri kelmoqda.

Ikkinchidan, bugungi kunda texnologiyalar rivojlangani sayin inson mehnati orqali bajariladigan faoliyat turlarining aksariyati kompyuter, avtomatlashtirilgan qurilmalar orqali amalga oshirilmoqda. Natijada erkaklarning ko‘p qismi o‘z ish faoliyatini kuni bilan kursida o‘tirgan holda amalga oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ular orasida harakatsizlik oqibatida sog‘lik uchun xavfli bo‘lgan ortiqcha vazn to‘plashga olib kelmoqda. Bu salbiy holat, asosan, mamlakatimizning shahar hududlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ortiqcha vaznning oldini olishning eng oddiy usuli – kuniga 30 daqiqalik jismoniy mashqlar bajarish.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi tavsiyasiga ko‘ra, erkakning erta o‘limiga olib keluvchi aksariyat kasalliklarning oldini olish mumkin. Buning uchun erkaklarga kun tartibini to‘g‘ri tashkil qilish, sog‘lom ovqatlanish, muntazam ravishda mashq qilish, chekishni tashlash va stressni boshqarish yo‘llari haqida tushuntirish hamda targ‘ibot ishlarini olib borish zarur. Bunda turli xil ko‘rsatuvlar, kinofilmlar va ijtimoiy videoroliklardan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Uchinchidan, soha mutaxassislarining tadqiqotlariga asosan erkaklarning kasalliklar oqibatida erta o‘lishlarining asosiy sababi “erkaklik” tushunchasi mavjudligidir. Yaʼni ular aksariyat hollarda sog‘ligi yomonlashganiga eʼtibor bermaydilar yoki shifoxonaga murojaat qilib davolanishni kechga suradilar.

Ushbu holatni hisobga olgan holda, yurak-qon tomir va asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklarni aniqlash maqsadida hududlarda erkaklar uchun mavsumiy bepul tibbiy ko‘riklarni tashkil etish va ularda ishtirok etishga undash lozim.

Shuningdek, erta o‘limga sabab bo‘luvchi yurak-qon tomir kasalliklari irsiy bo‘lib, avloddan avlodga o‘tishi mumkin. Ko‘p holatlarda erkaklar bundan bexabar bo‘lishadi va kasallikning oldini olish choralarini ko‘rmaydi. Yaʼni erkaklarda ushbu kasallik mavjudligi oldindan aniqlansa, uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish imkoniyati tug‘iladi.

Buning uchun mamlakatimizda aksariyat erkaklarning rasmiy nikohdan o‘tishini hisobga olgan holda, nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik jarayonida tekshirilayotgan kasalliklar ro‘yxatiga ushbu kasallikning mavjud yoki mavjud emasligini aniqlashni ham kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Chop etish