Ilmiy kutubxona

“Zamonaviy oilada, farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish masalalari”
“ZAMONAVIY OILADA, FARZAND TARBIYASIDA MILLIY VA UMUMINSONIY QADRIYATLARNI SHAKLLANTIRISH MASALALARI” MAVZUSIDAGI RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI MATERIALLARI TO‘PLAMI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 367-qarori asosida mamlakatimizda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilindi. Mazkur qarorda mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar tashkil etish vazifalari belgilab berildi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 78-F-sonli farmoyishi asosida respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasiga binoan “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida 2021-yil 30-sentyabr kuni “Zamonaviy oilada, farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Mazkur to‘plam konferensiyada qilingan maʼruzalar materiallarini o‘zida jamlaydi.
Mazkur to‘plam materiallaridan foydalanilganda mualliflik huquqini eʼtiborga olgan holda konferensiya to‘plamiga havola berilishi shart.
To‘plamga kiritilgan maʼruzalar materiallari mazmuni mualliflarning shaxsiy ilmiy-nazariy yondashuvi va qarashi sifatida talqin qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kengashining 2021-yil 6-oktabrdagi 10-son majlisida muhokama qilingan va nashrga tavsiya etilgan.