25-noyabr — Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni

01:12 - 25 Noyabr Yangiliklar
562

Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari butun dunyoda, tizimli va madaniy urf-odatlarga singib ketgan. BMTning 1999-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasiga binoan qator davlatlarda bir necha yillardan buyon “16 kun zo‘ravonliksiz!”, deb nomlangan aksiya o‘tkazilmoqda. Bizning yurtimizda ham ohirgi 5 yil davomida mazkur aksiya keng tarqalib, turli tadbirlar shaklida tashkillashtirilmoqda. Maqsad ushbu muammoga davlat va jamoatchilikning eʼtiborini tortish, mazkur yo‘nalishda mavjud bo‘lgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishdir.

ness image

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun “Inson haq-huquqlari va gender tengligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva ham ishtirok etib, talabalarga ularning huquq va manfaatlari, taziyq va zo‘ravonlik holatlarni aniqlash, ularga nisbatan chora ko‘rish yo‘llari haqida maʼruza qildi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 35 foiz xotin-qizlar hayoti davomida yaqin sherik yoki boshqa shaxs tomonidan jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Dunyoda ayollarga nisbatan qotilliklarining 38 foiziga yaqini erkak sheriklari tomonidan sodir etiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining taʼkidlashicha, zo‘ravonlik xotin-qizlarning jismoniy, ruhiy, jinsiy va reproduktiv salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi hamda OIV infeksiyasi xavfini oshirishi mumkin.

Zo‘ravonlik nafaqat jabrdiydalar va ularning oilalari hayoti va sog‘lig‘ida salbiy oqibatlarga, balki jamiyatni sezilarli ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlar qilishiga olib keladi. Ayrim mamlakatlar gender zo‘ravonlik natijasida yalpi ichki mahsulotning 3,7 foizini yo‘qotadi. Bu aksariyat hukumatlar taʼlim tizimiga sarflaydigan mablag‘dan 2 barobar ko‘p.

Alohida taʼkidlash lozim, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning siyosiy-ijtimoiy faolligini yana-da oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini taʼminlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahalla va oila institutini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Chop etish