Hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

06:05 - 21 Oktabr Yangiliklar
476

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi masʼul vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv institutning jamg‘arma bilan hamkorlik rejasi doirasida o‘tkazilib, uni Institut direktori Nodira Egamberdiyeva ochib berdi. BMT Aholishunoslik fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasining masʼul vakili, “Aholini rivojlantirish” dasturi koordinatori Aʼzam Toshpulatov mazkur uchrashuv uchun o‘z ehtiromi va minnatdorchiligini bildirdi. 

ness image

Shundan so‘ng institut direktori o‘rinbosari, iqtisod fanlari doktori, professor X.Abduramanov o‘z nutqida 2022-yilda hamkorlikni amalga oshirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar yuzasidan fikr bildirdi. Jumladan:

  1. “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tarkibida Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Aholishunoslik” ilmiy-o‘quv laboratoriyasini tashkil etish.
  2. O‘zbekiston Respublikasida aholining “demografik keksayishi” masalasi bo‘yicha tahliliy maʼlumotnoma tayyorlash.
  3. O‘zbekiston Respublikasida keksalarning ehtiyojlari va ijtimoiy-iqtisodiy holatini kompleks baholash bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazish.
  4. “Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholishunoslik holatining tahlili” nomli kitob tayyorlash va uni nashr etish.
  5. Aholishunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan “Yozgi maktab” tashkil etish.
  6. BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida institutga xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslari va xalqaro konferensiyalarni o‘tkazish.

Uchrashuvda tomonlar bir qator masalalar, jumladan, Institut tomonidan ishlab chiqilayotgan “O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan demografik barqarorlik Konsepsiyasi”ning variantini xorijiy mutahassislar tomonidan o‘rganib chiqilishi bo‘yicha fikr va tavsiyalar berishi, ko‘maklashishi mumkinligi, mo‘ljallangan konferensiyalarning ro‘yxati, Institut xodimlarining xorijiy stajirovkalarga taklif etilishi va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, UNFPA bilan hamkorlik o‘rnatish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash borasida birgalikda loyihalar, dasturlar amalga oshirish, xorijiy olimlar, magistr va doktorantlar o‘rtasida tajriba almashish, konferensiya, seminar, qishki va yozgi maktablar tashkil etish bo‘yicha Institut tomonidan maʼlumot taqdim etilish kerakligi aytib o‘tildi.

Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga ko‘proq eʼtibor qaratish va sohaga oid maʼlumotlarni almashishga va ishchi uchrashuvlarni o‘tkazib borishga kelishib oldilar.

Chop etish